XO‘JALIK MUDIRI EKANIMDAN FAXRLANAMAN! yoxud shu maoshga roziman!
Erta tongdan biror jadval to‘ldirishni buyurishsa, juda quvonamiz! Oilaviy kelishimsizlik, maktab bolalarining suroni, piyodalar yo‘lkasini qo‘rib yo‘l chetida turishdek mazmunsiz, beo‘xshov, tussiz hayotimizga ayni yetmay turgani shu – yuqoridan yuborilgan, zudlik bilan to‘ldirilib, ham elektron shaklda, ham qog‘ozga chop etilib imzolangan, muhrlangan holda topshirilishi so‘raladigan, xilma-xil, shakl-u shamoyili turlicha bo‘lgan, benaf-u benazir – jadvallar!
Maktab xoʻjalik mudirining ishi nimalardan iboratligi haqida oʻylab: “Uch qorovul, uch farroshga ish buyurish ham ishmi?” deydigan noinsof, ichiqoralar ham chiqadi. Maqtanishga yoʻymasangiz, xoʻjalik mudiri – “zavxoz”siz maktabning biror kuni oʻtmagan, oʻtmaydi ham! Isbot dedingizmi, hozirda!
Xoʻjalik mudiri rahbar o‘rinbosari degani! Bir million ikki yuz ellik ikki ming olti yuz soʻm maosh oladigan, shunga yana 32,5 foiz kassirlik yuklamasi bilan bir million olti yuz ellik toʻqqiz ming olti yuz toʻqson besh soʻm oylik yoziladigan va qoʻliga bir million toʻrt yuz yigirma yetti ming uch yuz oʻttiz yetti soʻm tegadigan yana boshqa birorta “amaldor” bormikan? Nolimaymiz! Qorovul va farroshnikidan koʻproq hartugul!
Maktabda kam maosh oladigan oʻzi laborant, psixolog, kutubxonachi, qorovul va farrosh hamda kamina edik. Bu ne koʻrgilikki, laborant ham, psixolog ham qisqartirishga tushishdi. Endi nima boʻladi? Kimyo oʻqituvchisi bir qoʻlida boʻr bilan doskaga yozadi, ikkinchisi bilan ishqor aralashtiradi, uchinchisi bilan oʻquvchilarga tarqatadi, toʻrtinchisi bilan oʻrgatadi, bilmadim, yana qanday qilib chayqatadi, bugʻlatadi, sovutadi, qorishtiradi, chogʻishtiradi, toʻkadi va darsdan keyin, besh daqiqalik tanaffus payti hammasini yuvib tashlaydi hamda keyingi darsga taxt qilib, tayyorgarligini koʻradi? Hammasiga ulguradi, sababi oyligiga qoʻshimcha besh yuz ming soʻm pul toʻlanadi-ku!
Psixolog ham oʻzi umuman ishlaganmas! Nuqul bolalarga rasm chizdirgan, test ishlatgan, bitiruvchi oʻquvchilarga ish topadimi-yey, oʻqishga kirgan-kirmaganlarni surishtiradimi-yey.
Endigi navbat qorovulga yetganini hamma bilib boʻldi. Tunov kuni yuqoridan topshiriq bo‘lgani sabab “Yangiobod” bozoridan toʻrtta maxsus ust-bosh olib kelmoqchi edik, pulimiz bittaga yetdi xolos. Azamat sotuvchilar talab va taklif qonuniyatlarini qayerdan oʻrganganiga qoyilmiz, narxlar ham toʻrt karra oshirilgan. Ittifoqo, bir qarorga kelindiki, maxsus ust-boshni qorovullar galma-gal, navbat kunlari kiyishadi. Yetmish yashar Eshmat bova kiyimni yuvish qanday boʻladi, deb soʻrab qolsa deng. Yana boboyga bu kiyimlar sigʻmasmish.
Shu qorovullarni ham tezroq qisqartirishga tushirsangizlar yaxshiydi. Oʻzi maktabda nimani oʻgʻirlash mumkin, hayronsiz. Oʻgʻri tushsa ham manovi Eshmat bova na yurib, na yugurib yetolsa, na oʻqishni, na yozishni bilsa, hech boʻlmasa biror kimga qoʻngiroq qilishni ham bilmaydi.
Xullasi, qorovullardan keyin kutubxonachilarni qisqartiringlar! Kutubxonada nima bor? Bulturdan boshlab ota-onalarga majburiy qilib kitob yigʻishganini aytmasa, tayinli ish qilinmadi. Bolalar kirmay qoʻyganiga ancha boʻlgan.
Kutubxonachi ham ketsa, keyin navbat farroshlarga! Tayinli ish qilmaydi-yu, noligani-noligan bular! Oylik kam, naqd pul berasanmi? Kunora chelak, supurgi, yergezak, sovun, soda, qoʻlqop, xlor olib beraveraman, bular soʻrayveradi. Oʻzlariga xalat tiktirib kiyishmaydi. Bularga qolsa pollattani ham men olib bersam!
Farroshlarsiz nima boʻladi, deysizmi? Yapon tajribasini qoʻllaymiz-da! Televizorda aytishdi. Yapon maktablarida farrosh yoʻq ekan. Xonalarni bolalarning oʻzlari tozalashar ekan. Biz ham bir-ikki yil qiynalib, shunday qilaylik!
Kaminaga kelsak, lavozimim qisqartirilishini notoʻgʻri deb hisoblayman. Bu maktabning eng kerakli lavozimlaridan. Tushunaman, qisqartirish asosida pul yotadi. Mayli, roziman, kassirlik yuklamasi uchun toʻlanadigan 32,5 foizni olib tashlanglar. Lekin mabodo ertaga kassir oyligimdan besh ming kam berdi, deganga oʻxshash gap-soʻzlar koʻpaymasin-chun, oyliklarni toʻliq plastik kartalarga tushadigan qilib qoʻyinglar!
Yana aytaman, eng kerakli lavozim – xoʻjalik mudiri! Masalan, sanitariya-epidemiologiya nazorati boʻlimi tekshirishga keladi, jarima qoʻymasa boshligʻidan gap eshitadi, kamida bazaviy miqdorning ikki baravaricha jarima soladi. Xoʻp, deyman, oʻn kunda toʻlayman, shunda kamroq toʻlanadi. O‘tgan yili xonada chiroqlar kam deb jarima qilgandi. Avvalgi yil hojatxona ochkosi kam deb jarima qilgan.
Keyin favqulodda vaziyatlar boʻlimidan kelib tekshirishadi, oʻt oʻchirgichlar yoʻq, azaldan boʻlmagan ham, maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi bermaydi, pul yo‘q deydi, maktabning hisobidagi puldan ham olib boʻlmaydi (Hisobda pul bor-yoʻqligini ham bilmayman). Yonimdan olavermayman-ku, hadeb. U ham ikki baravar qo‘yadi. Yana oʻn kunda toʻlayman. Talashib-tortishib bo‘lmasa! Bunoq yili suv saqlash inshooti yo‘q deb qo‘ygandi, bultur tomga yong‘inga qarshi modda sepilmagan deb qo‘ygan. Bularga biror javob qilish imkonsiz.
Keyin gazdan kelishadi, gaz asboblarini texnik koʻrikdan oʻtkazish kerak deb. Pul yoʻq-ku, qanday qilib? Gazni oʻchiramiz deyishadi, keyin rozi boʻlaman, hech qayerni koʻrmay, biror ish qilmay patta yozib ketishadi.
Keyin elektr. Yoʻq, “elektroset”dan hech kim kelmaydi. Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimidagi kommunal toʻlovlar boʻyicha inspektorga elektr hisoblagich koʻrsatkichini qogʻozga yozib, direktorga tasdiqlatib, muhr bostirib, oyning oxirida olib boraman. Beshinchi sanadan keyin gaz hisoblagichnikini. Oʻninchi sanadan keyin suvnikini.
Keyin ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boʻlimidan kelib tekshirishadi. Chiqindilar olib ketilmagan (Buning uchun SES ham jarima solgandi, toʻlab kelgandim). Sira gap tushunmaydi. Chiqindilarni olib ketadigan tashkilotga pul oʻtmagani uchun olib ketmayapti, pul oʻtkazish mening qoʻlimda emas, deb aytaman, qani tushunsa? Har kuni qoʻngʻiroq qilib chaqirib ham chiqindilarni oldirolmaganim uchun aybni boʻynimga olaman. Bir barobar. Xoʻp! Endi daraxt sanash boshlanadi. Bir ming toʻrt yuzdan keyin adashib ketaman, oʻzingiz sanang! Xazon yoqilgan? Qayerda? Qachon? Bu xazon kuli emas, koʻmir kukuni. Oʻtgan yili he-yoʻq, be-yoʻq oʻttiz toʻrt tonna koʻmirni shundoqqina hovliga toʻkib ketishgandi. Ustini yopib, amallab qishni oʻtkazib, bu yil duradgorlik ustaxonasiga olib kirib joylaganimizdan qolgan kukun bu!
Keyin yongʻinga qarshi koʻngilli jamiyatdan bir ayol keladi. Dudburonga pul soʻraydi. Dalolatnoma tuzadi. Ellik yetti mingdan toʻrtta moʻriga.
Keyin maktabning kuz-qish mavsumiga tayyorligi toʻgʻrisida barcha tashkilotlar ishtirokida dalolatnoma tuzdirib, rahbariyat imzolarini qoʻydirish boshlanadi. Bu har holda oson ish. Pulini berasiz, tamom. Maktabning oʻquv yiliga tayyorgarligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma ham shunday tuziladi.
Mabodo maktab oʻquv yiliga tayyor boʻlmasa bormi? Masalan, bu yil hech qanaqa emulsiya, boʻyoq berilmadi (Maktab hisobida ham pul yoʻq ekan shekilli). Oʻtgan yillarda qorovullar, farroshlar bilan xonama-xona taʼmirlab, oqlab, boʻyoqlab chiqilardi. Bu yil unday boʻlmadi. Rahbarimizga rahbariyat topshirigʻi boʻldi shekilli, ota-onalardan farzandlari uchun xayriya sifatida homiylik qilish soʻraldi. Harqalay, sinfxonalar ota-onalar tomonidan taʼmirlandi. Lekin yoʻlaklar, bino old tomoni va atrofi taʼmirsiz qoldi. Shunday toʻpolon boʻldi, shunday janjal boʻldi! Direktorni “rayono”da hammaning oldida izza qilishibdi. Meni ham chaqirishgandi, bormadim. Shunda ham tilxat yozdirib olishdi. Oʻquv yiliga tayyorgarlikni oʻz boʻynimga olaman, deb. Yana toʻrt chelak emulsiya. Xoʻp!
Maktabning ishi sira tugamaydi. Kim boʻlmasin, kelib aql oʻrgataveradi. Oʻzining aytganini oʻtkazmoqchi boʻladi. Mana, maktab hojatxonasining ochkolari kam bo‘lsa ham, o‘g‘il bolalar xonasida betondan pissuar qilingandi. Hokim kelib olib tashla dedi. Olib tashladik, devorni to‘g‘irlab kafel yopishtirdik. Pulini direktor bilan o‘rtada qildik. Kafelni qorovulga qildirdik. Shu bilan o‘g‘il bolalar xonasida uchtagina ochko bo‘lib qoldi, shu bo‘yi qolib ketdi. Qizig‘i, ta’mir bitgach hokim allaqaysi amaldorni boshlab keldi. Amaldor ham binoda ayb topolmay hojatxona tomonga bordi. Yo‘lak qolib loydan yursa deng. Hokimga yo‘lak qilishga pul yo‘qmi degani-chi? Shundan keyin hokim yo‘lak qilishni “rayono” boshlig‘iga, boshliq mutaxassisga, mutaxassis direktorga, direktor menga buyurdi. Mening ortiqcha pulim yo‘q. Shu alfoz yo‘lak yangilanmay qolaverdi.
Lekin kelgan odam kamchilik topaman desa topadi, albatta. O‘tgan yili “rayono”dan kelishdi. Hamma xonalarni tekshirdi. Laboratoriya jihozlarini birma-bir tekshirdi. Kamchlik topolmay ancha diqqat bo‘lib yurdi. Daf’atan o‘qituvchi stoli tumbasiga egilgan ko‘yi bolalarcha shodlanganiga o‘zim guvohman. Birdan do‘q-po‘pisa qilib ketdi. “Maktabda sovuq qurol saqlashga nima haqqing bor, oqibati haqida o‘ylaganmisan?” deydi. Birpasda direktorni, ma’naviyatchi bosh hamma o‘qituvchilarni terib qo‘yib ma’ruza qila ketdi. Direktor oqibati yaxshi bo‘lmasligini tushunib, imi-jimida ishni yopish payida bo‘ldi. Men esa hayron edim. Kimlargadir qo‘ng‘iroq qilindi, talashib-tortishildi. O‘ylab o‘yimga yetolmadim, qaysidir o‘quvchi maktabga pichoq olib kelgani aqlimga sig‘madi. O‘sha o‘quvchidan biror o‘qituvchi olib qo‘ygan desam, hech kim tan olmadi. Unda qaysi o‘quvchi maktabga pichoq olib kelib, o‘qituvchi stoliga qo‘yib ketadi? Ichki ishlar aralashsa, oxiri voy! Taqdirga tan berib, e’tiborlizligim – gunohimni bo‘ynimga olib, tekshiruvchi nima desa ko‘ndim. Plastik kartasiga olti yuz ming so‘m tashlab berdik. Qiziqishim ortib, xayrlashuv vaqti tekshiruvchiga yalinib-yolvorib, “ashyoviy dalil”ni olib qoldim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, sovuq qurol – deraza tokchasida turgan gullar tagini yumshatish uchun ishlatiladigan eski, yarmi siniq qalamtarosh bo‘lib chiqdi...
Maktabning bulardan tashqari boshqa xarajatlari ham kamina zimmasida. Ayniqsa, uzum pishgan pallada ikki yashik u yoqqa, ikki yashik bu yoqqa, ikki yashik naryoqqa. Olma pishganda ham, anjir pishganda ham shunday.
Ayniqsa, yuqoridan keladigan jadvallarni mensiz to‘ldirish mumkinmas. Bino quvvati, o‘quvchilar soni, yer maydoni, shundan bino osti maydoni, yo‘lak qismi, bog‘ maydoni, tom sathi, oynalar kvadrati, eshiklar soni, chiroqlar soni va hokazo va hokazolarni mendan bo‘lak kim sanab o‘tiradi?
Yilda olti marta davlat aktivlari hisobotini kiritish kerak. Chorakliklar, yarimyillik, yillik. Buni ham “rayono”dagi mutaxassis kiritib beradi. Bu ham pulda!
Mana, qishki mavsum yaqinlashib qoldi. O‘t yoquvchi lavozimiga odam topish, undan “o‘qitish” uchun pulini “rayono”dagi mutaxassisga yetkazib berishim kerak. Yana eshiklarga prujina o‘rnatish, derazalarga plyonka qoqish boshlanadi. Xo‘jalik mudiri lavozimi qisqartirilsa, bu xarajatlar kimning hisobidan bo‘ladi?
Gapni muxtasar qilib aytganda, bir million ikki yuz ellik ikki ming olti yuz soʻm maoshga ko‘nib ishlovchi kamina – xo‘jalik mudiri ekanimdan faxrlanaman!
Dostonbek SHARIPOV
yozib oldi.
Shu kecha va kunduzda
SUN’IY INTELLEKT: TILSHUNOSLAR ENDI NIMA QILADI?
GENERAL VA YOSHLAR UCHRASHUVI
Robot fikrlay oladimi? Yoxud fizikadan 2024-yilgi Nobel mukofoti neyroto‘r kashfiyotchilariga berilgani haqida
XO‘JALIK MUDIRI EKANIMDAN FAXRLANAMAN! yoxud shu maoshga roziman!
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank