Robot fikrlay oladimi? Yoxud fizikadan 2024-yilgi Nobel mukofoti neyroto‘r kashfiyotchilariga berilgani haqida

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari Robot fikrlay oladimi? Yoxud fizikadan 2024-yilgi Nobel mukofoti neyroto‘r kashfiyotchilariga berilgani haqida
181

Robot fikrlay oladimi?

Bu savolni angliyalik matematik va mantiqchi olim Anri Tyuring “Mind” nomli jurnalda 1950-yili chop etilgan “Mashina fikrlay oladimi?” degan maqolasida qoʻygan. U “asr oxirida fikrlovchi mashinalar haqida gapirish mumkin” deb yozgan.

Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning bu mav­zudagi “Temir odam” she’ridan misralarni keltiramiz:


Bir haykal turibdi,

U Robot emish.

Temirdan yasalgan, odam timsoli,

Ilmda eng soʻnggi kashfiyot emish.

Aqlli zot emish, qusurdan xoli.

Shaxmat ham oʻynarmish,

Yer ham qazirmish.

Rosmana yuvarmish yuz-u qoʻlini,

Hadis-u hisobdan adashmas emish,

Hattoki sanarmish Somon yoʻlini.


Inson miyasida 86 mlrd neyron(nerv hujayralari) mavjud. Neyronlar bir-birlari bilan 10 mingtagacha sinaps aloqa tolalari orqali bogʻlangan. Har bir kishining neyronlari va sinaps tolalari individual, boshqalarniki bilan mos kelmaydi. Oʻz paytida A.Tyuring mashinani fikrlashga oʻrgatish uchun inson faoliyatining algoritmini tuzib, uni bajara oladigan mashinani yaratishni tavsiya etgan edi. Robotlar ham insonlardek fikrlashi uchun aynan inson miyasida roʻy beradigan jarayonlarning dasturini, ya’ni “algoritmini” tuzish lozim(Algoritm soʻzi buyuk bobomiz al-Xorazmiy nomidan olingan. “Algeb­ra” – toʻldirish degan ma’noni anglatadi).

Bu bo‘yicha eng katta kashfiyotni fiziklar John Hopfield va Geoffrey Hintonlar qilishgan. Ularga “Sun’iy neyron tarmoqlarining mashina oʻquvini amalga oshirish imkonini beruvchi fundamental ixtirolari va kashfiyotlari” uchun fizikadan 2024-yilning Nobel mukofoti berildi. Bu kashfiyotga asoslanib fikrlaydigan robotlarni yasash mumkin. G.Hinton: “Kashfiyotimdan xursandman, lekin kelgusida u bizdan koʻra intellektualroq sistemalar paydo boʻlishiga olib kelib, boshqaruvni oʻz qo‘liga olishi mumkinligidan xavotirdaman”, degan.

Neyrotarmoq – inson miyasidagi neyronlararo aloqalar modelining dasturi(neyronlararo aloqaga taqlid). U yordamida robotlar ma’lumotlarni tanishi, matematik masa­lalarni yechishi, matn tuzishi, matnlarni suratga, audio va video materiallarga aylantirishi, soʻralgan ma’lumotlarni izlab topib berishi, mexanik topshiriqlarni bajarishi, dasturlash mumkin boʻlgan barcha ishlarni bajarishi, ya’ni standart fikrlashi mumkin. Bugungi kunda robot standart fikrlay oladi! Ular tez orada kundalik hamrohimizga aylansa ajab emas. Amerikalik ixtirochi va futurist Rey Kursveylning bashoratlariga koʻra:

  •   2027-yili qiyin vazifalarni bajara oladigan robotlar kundalik ehtiyoj mahsulotlariga (televizor, muz­latkichlar kabi) aylanadi;
  • 2029-yili ta’lim olishda, tushunishda va javob berishda odamlardan qolishmaydigan robotlar paydo boʻladi;
  •  2033-yili koʻchalar oʻzini-oʻzi boshqaradigan robotlarga toʻlib ketadi.


Dunyoning eng boy odami, “Tesla” kompaniyasining asoschisi I.Mask 2040-yilgacha 10 mlrd.dan kam boʻlmagan (Yer sharining aholisidan ham koʻp) “Robot optimas” odamsimon robotlarni ishlab chiqarmoqchi. 

U robotlarni sotish bilan oʻz boyligini 25 trln dollarga yetkazishni rejalashtirgan. Bu Oʻzbekiston bir yilda ishlab chiqaradigan umumiy mahsulot qimmatidan ikki yuz ellik marta koʻpdir. Unga koʻra sun’iy intellektli bunday robotlar odamlarga qariyb ish qoldirmaydi. Lekin “Temir odam” she’rida yozilganidek: 

Ustoz, qalbi yoʻqdir uning ham, hayhot,

Na nafrat, na ishqni tanlamas u ham.

Uning ham koʻzida chaqnamas hayot,

Munis boqishlarni anglamas u ham.

U ham toʻlgʻanolmas, ingramas, kulmas,

Yigʻlagan goʻdakni yupatolmas ul.

U ham yulduzlarning hidini bilmas,

Bagʻrini tirnamas soʻlayotgan gul.


Oʻz paytida A.Tyuringga ham shunday e’tirozlar boʻlgan. Bugungi kunda sun’iy intellektli robotlarni yaratish yoʻlidagi izlanishlar mislsiz katta tezlikda olib borilayotgan ekan bu hol insoniyat, jumladan oʻzbek xalqi oldiga ham muayyan muammolarni qoʻyadi.

Biz standart fikrlovchi robotlar bilan yonma-yon yashashga tayyormizmi? Odamsimon robotlarni boshqara olish uchun qanday koʻnikmalarga ega boʻlishimiz lozim? Robotlar davrida odamlar fikrlash koʻnikmalariga koʻra turli guruhlarga ajralib ketadi.

Robotlar dasturlashning iloji boʻlmagan, ya’ni nostandart fikrlash taqozo qilinadigan ishlarni bajara olmaydi. Chunki tabiiy va sun’iy neyronlar bir xil emas. Inson miyasidagi neyronlarda egasining hayotiy tajribasi va bolalikdan olgan bilimlari ham iz qoldirgan boʻladi. Nobel mukofoti laureati Richard Feynman iborasi bilan aytganda – matematika, fizika fanlaridan birorta ham ulkan kashfiyot nostandart fikrlashsiz boʻlmagan.

Demak, nostandart fikrlash koʻnikmalariga ega kishilar robotlardan ancha aqlliroq boʻlib, ularni boshqaradilar. Aniqrogʻi, robotlar ularning koʻrsatmalarini bajaradi. Bunday odamlar ilm-u fan bilan shugʻullanib, jamiyat farovonligi uchun munosib hissa qoʻshadi hamda robotlar yordamida insonlarning tinch va farovon yashash­larini ta’minlay oladi.

Algoritmga koʻra standart fikrlaydigan yoki umuman fikrlashni bilmaydigan odamlar guruhi: ularni robotlar boshqaradi va ular robotlarning xizmatini bajaradilar. Hozir ham ular oʻzgalarning xizmatida, ya’ni boshqalarning koʻrsatmasiga koʻra ish tutadilar xolos. Quyi­dagi satrlar ular toʻgʻrisida:


Hayotning poyonsiz ummoni ichra,

Bor shunday gʻariblar, temirlar hissiz!

Va lekin oʻzlarin temirmas sira,

Muhtaram inson deb atarlar, essiz...

Shundaylar boʻlmasa, azaldan tuproq,

Yashnardi tagʻin ham goʻzal-u mumtoz.

Temir odam yasab yurguncha, koʻproq,

“Jonli temir”larni oʻylangiz, ustoz...


Haqiqatan ham, “oʻylamaslik” va loqaydlik boshqa bir oʻta xavfli qatlamning paydo boʻlishiga olib kelgan. Loqaydlik jamiyatning eng katta dushmani deb bejiz aytilmagan. Ular ham xuddi robotlar kabi – or-nomus, sadoqat, gʻurur kabi insoniy fazilatlarga ega emas. Ular doimo nafs uchun yashaydilar va robotlar ham ega boʻlmagan – laganbardorlik, poraxoʻrlik, ochkoʻzlik, oqibatsizlik, xiyonatkorlik, yolgʻonchilik kabi salbiy sifatlarni kasb-korga aylantirishgan. Bu tili va dili bir xil boʻlmagan odamlar qatlamidir. Ular mansabdor akalariga lagan­bardorlik qilib oʻzgalarga qarata mavlono Rumiyning:


Yo asling kabi koʻrin,

Yo koʻringaning kabi boʻl –


degan ibratli soʻzlarni ayta oladi. Ilojsizlikdan olingan bir-ikkita daraxt uchun yuz millionlab jarima soladilar-u, boshqa holda minglab kesib tashlangan kundalarni koʻrmay qolishadi. Sadoqat haqida qasamyodlar qiladilar-u, bir boʻlak “goʻshtni” koʻproq tashlaganning orqasidan ergashib ketaveradilar. Har kuni vijdon va adolatdan lof uradilar-u, yeng ichidan “pora” olaveradilar. Garchi hamma ularni qoʻli bilan koʻrsatsa-da, hech narsani bilmaganday, beparvo tulkidek yashayveradilar.

Abdulla Oripovning “Tulki falsafasi” she’ri ularga atalgandek:


 “Ustoz” debdi bir kun tulki tulkiga,

 Nechun biz nishonmiz doim kulgiga.

Oʻrmonda boʻri ham, hatto janob sher,

Bir-birin turtishib “tulkisan-a?” – der,

Boshqalar ustidan kulmaslar nechun?

Bu hol qorongʻidir biz yoshlar uchun.

“Uka” dedi shunda tulkiga tulki,

Bunday hodisotning sababi shulki,

Kasbini eplolmay qolsa aksari,

Tulkilik qiladi hayvonlar bari.

Ukam, sen bu holdan aslo oʻkinma,

Boshqalar singari chetda bekinma.

Tulkisan, doimo tulkilik qilgan,

Tulki deb kulsalar, qoʻshilib kulgin!


Insoniyatning barcha mushkullarini yechib bera olgan ilm-u fan bu qatlamning kirdikorlarini ham ochib bera oladi. Tez orada insonlar miyasiga neyrorobotlar oʻrnatila boshlanadi. Neyrorobotlar har qanday kishi­ning miyasidagi rejalari, makkorliklari haqida ma’lumot berib ularni oshkor qiladi. 

Yashashdan maqsad nima? Oʻzidan yaxshi xotira qoldirish, yoshlar, kelgusi avlod farovon yashashlari uchun xizmat qilish. Buning uchun ularni ezgu ishlarga yoʻnaltirib, kelajakni koʻra bilishga oʻrgatish lozim. Oʻz paytida jadid bobolarimiz kelajak ilm-fan rivojiga bogʻliqligi, buning uchun ta’limga e’tibor berish zarur­ligi haqida yozib qoldirganlar. Bu oʻgitlar va zamon biz­dan robotlar davrida yashash koʻnikmalariga ega avlodni tarbiyalashni taqozo qilmoqda.

Fikrlash koʻnikmalariga ega robotlar bilan uygʻunlikda yashash yaxshi. Lekin insoniyat har qanday xavf-xatarga va uning oqibatlariga tayyor boʻlishi lozim. Yoshlarning hayoti biznikidan koʻproq ilm-u fanga bogʻliq boʻladi va demak bizdan koʻra koʻproq ilmiy bilimlarga ega boʻlishlari lozim. Chunki sun’iy intellektli robotlarning oʻz hayotiy rejalari paydo boʻlishi va bu rejalar bizning rejalarimizdan farq qilishi mumkin. Stiven Hoking iborasi bilan aytganda – biz ekologik toza ener­giya olamiz deb toʻg‘on qurganimizda chumolilarning uyalari buzilganini va qanchasi qirilib ketishini e’tiborga olmagandek, robotlar ham bizning xavfsizligimizni inobatga olmay qoʻyishi mumkin. Shuning uchun oldindan aniq reja tuzib olishimiz va kelajak avlodni bunga tayyorlashimiz lozim.

Buning uchun real holatni baholab ta’lim tizimini oʻzgartirishimiz, ta’limga “nostandart fikrlash” koʻnikmalarini joriy qilish va “nostandart fikrlash” koʻnikmalariga ega avlodni tarbiyalash haqida oʻylashimiz kerak. Aks holda avlodlarimiz robotlarga xizmatkor boʻlib qolishlari mumkin. Oʻshanda ular “tadbirboz”likka va “maqtov”larga berilib ketib ularni toʻgʻri yoʻlga solib yubormaganimiz uchun bizni kechirmaydi.


Abduqahhor G‘ANIYEV,

Shahrisabz DPI “Tabiiy fanlar”kafedrasi professori, 

fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent,

pedagogika fanlari doktori(DSc)

Maqola muallifi

Abduqahhor G‘ANIYEV

Abduqahhor G‘ANIYEV

Pedagogika fanlari doktori

Teglar

  • #Zamon va makon
  • #Ta'lim
  • #AT markazi
  • #Millat

Ulashish