Televideniyening ayanchli ahvoli

Munosabat Televideniyening ayanchli ahvoli
238

Hozirgi kunda televideniyeda foydali, tomoshabin uchun nafi tegadigan dasturlardan ko‘ra son-sanoqsiz reklamalar, bema’ni ko‘rsatuvlar, sifatsiz seriallar bir talay. Statistik ma’lumotlarning ko‘rsatishicha, televizor ko‘ruvchilarning ko‘p qismi uy bekalari, bolalar va qariyalardir. Sizningcha, hozir efirga uzatilayotgan dasturlar, seriallarni oila davrasida ko‘rish mumkinmi? Misol qilib keltiradigan bo‘lsak, “Yor-yor”, “Millar”, “Ilk uchrashuv”, “Aldama meni”, “Lady shou”... sanasak oxiri yo‘q. “Yor-yor”, “Ilk uchrashuv” ko‘rsatuvlarining o‘xshashligi, hattoki chet el televideniyesidan olinishi ham bir xil. 



Koʻngilochar dasturlarda ham bachkanalik avjiga chiqqan: “Qalpoq”, “Qah­qaha”,  “Lady  shou”, “Aldama meni”, “Birgalikda”, “Ertalabdan salom”, “Boriga baraka”... “Ertalabdan salom” koʻrsatuvining ijtimoiy tarmoqdagi obunachilari tomonidan deyarli bir xil fikrlar kelgan: “Iltimos, koʻrsatuv boshlovchilari orasidan Shukrullo Isroilovni chiqarib tashlang. Bu koʻrsatuvni oila davrasida koʻrib boʻlmaydi, Shukrullo Isroilovning bachkana qiliqlari-yu uyatsiz gaplari farzandlarimiz ongiga salbiy taʼsir koʻrsatadi”. Shukrullo Isroilovning “Oshxona qirollari’ koʻrsatuvida ham koʻpgina shou-biznes vakillari, mashhur yulduzlarning oshxonaga kirib olishi hammaga ham yoqavermaydi. Yana bir koʻrsatuv borki, jurnalist sifatida oxirigacha asabni buzmay koʻrish mumkin emas. “Millar” informatsion dasturi no­odatiy tarzda omma eʼtiborini tortaman deb, jurnalist etikasi, auditoriya oldiga chiqishning mauayyan tartib-qoidalari­ni buzishmayaptimi? Oʻzbek hayotini boricha koʻrsatyapmiz, deya taʼkidlana­yotgan telenovellalarning ham mavzusi tor doira bilan cheklanib qolgan.


Keling, “Alha­zar”, “Iqror”, “Otalar soʻzi”, “Buni hayot deydilar” orqali koʻtarilgan mavzularga eʼtibor qarata­miz: oila mojarolari, qaynona-kelin munosabatlari, yomon qoʻshni, zoʻravon qaynota, ota, qayinaka-yu ukalar, tarbiyasiz xotin-qizlar. Masalan, birgina “Iqror”da efirga uzatilgan qismlar shunday nomlangan:

Ikkinchi xotin;

Bokira chiqmagan kelin; 

Qoʻshnimning xotinini sevib qoldim; 

Dubayga sotilgan qiz;

Qarib quyilmagan kampirning nay­rangi;

Uch yigit bir qizni zoʻrladi;

Chimildiqdan quvilgan kelin;

Zino.

Bunday telenovellalarning sarlavhasidanoq insonning hafsalasi pir boʻladi. Oʻzbek seriallari haqida gap ochilsa ham maqtana oladigan tomonimiz yoʻq. Barcha serial senariysi, syujeti deyarli bir xil ko‘rinishda. Hattoki, baʼzi aktyorlar ham oʻsha-oʻsha, bir obraz, bir xil koʻrinishda. “Subyektiv” loyihasi­­ning asoschilaridan biri Jamshidxon Isoxonov aytganidek: “Oʻzbek kino va seriallarini koʻrgan xorijliklar bizni gʻamga botgan xalq ekan deb oʻylaydi. Deyarli barcha kino va seriallarga tanlangan nom ham agressiv kayfiyatni beradi. Bundan tashqari, ulardagi beoʻxshov kadrlar ham eʼtibordan chetda qolmoqda. Televideniye – ommaviy ongsizlantirishga aylanib bormoqda!”. Oʻzbek seriallari nomlari sayoz tanlangan, masalan: “Nomus”, “Bepusht”, “Tugʻmas”, “Oʻjar homilador”, “Qora beva”, “Alfons”. Bu nomlarni yosh bolalar yoki katta yoshlilar oldida aytish noqulay. Masalan, kelin hovlida qay­notasining yonida: “Oyijon, keling “Tugʻmas” boshlandi” deb qaynonasini chaqira oladimi?! Mentalitetimizga bunday holatlar toʻgʻri kelmaydi-ku, nahot shu haqida oʻylanmagan boʻlsa?


Darhaqiqat, aktyorlarning mahora­ti borgan sari pastlamoqda. Albatta, oʻta kuchli bilim-salohiyatga, qobiliyatga ega aktyor va aktrisalar ham yoʻq emas, lekin sanoqda bor, sifatda yoʻq aktyorlar koʻproq. Oʻzbek kinosida yomon obraz – boʻrttirib pardozlangan, zamonaviy kiyin­gan, yaxshi obraz esa sipo, odmi kiyingan, roʻmol oʻragan, doim bechorahol koʻrinishda boʻladi. Jahon kino olamiga oʻzbek kinosini solishtiradigan boʻlsak, hali oʻrganadigan, oʻzgartiradigan jihatlar judayam koʻp. Amerikaning mashhur kinostudiyalaridan biri – “Edison” kinostudiyasida suratga olingan eng mashhur kinolar: “Poyezd oʻgʻirlani­shi”, “Faust”, “Alisa ajoyibotlar mamlakatida”. Ularda rol o‘ynagan aktyorlar bergan intervyularida: “Oʻzimga berilgan rolni oʻynash davomida oʻta qiy­naldim, baʼzi joylarida mazza qildim, kutgan natijaga erishganimdan soʻng oʻz-oʻzimdan faxrlandim”,  deyi­shadi. Bu misolning keltirilishidan maq­sad oʻzbek kinosida ham shunday sifati baland, koʻrishga arziydigan, xalqaro mukofotlarga sazovor boʻla oladigan filmlarning koʻpayishi, bizda ham shunday jon-jahdi bilan, bor qobiliyatini ishga solgan holda rol ijro etadigan aktyor va aktrisalar faqatgina sonda emas sifat­da ham boʻlishi, televideniyemizning, kinosanoatimizning yaxshilanishiga boʻl­gan istakdir. Dalil sifatida, oddiy xalq: uy bekalari, yoshlar va keksalar hamda talaba va oʻqituvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomani koʻzdan kechira­miz. Soʻrovnoma natijasiga koʻra, birinchi guruh(uy bekalari, yoshlar, keksalar) “Televizorda efirga uzatilayotgan koʻrsatuv va seriallarga sizning bahongiz qanday?” degan savolga oʻrtacha deya javob berishgan; ikkinchi guruh (oʻqituv­chi va talabalar) xuddi shu savolga “yomon, koʻrishga arzimaydi” deya javob bergan. Bundan koʻrinib turibdiki, ilm orasida yurgan insonlar televideniyeda qoʻyilayotgan dasturlarning sifati past ekanligi, koʻrishga arzimasligini taʼkidlashgan. 


Televideniyemizning ogʻriqli nuqtalaridan yana biri bu teleboshlovchilar­ning, koʻrsatuvlarga chaqirilgan muta­xassislarning, aktyor va aktrisalarning shevadan, koʻcha tilidan, chet el soʻzlari­dan foydalanishi. Ayniqsa, koʻngilochar dasturlarda shevadan foydalanish, soʻzlarni buzib gapirishning meʼyordan ortishi tomoshabinlarni yoʻqotishga olib keladi. Yana bir katta masala reklama mavzusidir. “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunga qanchalik amal qilinyapti? Ushbu qonunning 16-moddasida reklamaga doir asosiy talablar toʻgʻrisida maʼlumot berilgan. Unga koʻra quyi­dagilar taqiqlangan:

• milliy va oilaviy anʼanalarga, shuning­dek, umum qabul qilingan normalarga zid boʻlgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish;

• ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish;

• bolalar va ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi mahsulotlari reklama qilish;

• energetik ichimliklarning reklamasini soat 7:00 dan soat 22:00 gacha televi­deniye va radio orqali reklama

qilish.


Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslar­ning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi koʻrinishi shifokorlarning tashqi koʻrini­shiga oʻxshash shaxslarning ishtirok etishi ham taqiqlanadi. Dorilar rekla­masida oʻta ehtiyotkorlik muhimdir. Dori vositalari har bir organizmga turlicha taʼsir qilishiga, allergik holatlarga va ogʻir kasalliklarni chaqirmasligiga eʼtibor bergan holda shifokor bilan maslahatlashib reklama qilingani maʼqul. Reklamalarning haddan ziyod ortishi kanal tomoshabinlarining kamayishiga olib kelmaydimi? Reklama orqali qoʻlga kiritilgan mablagʻ sifatsiz kino va serial­larga sarflanaversa, xalq ongini o‘stirishga, dunyoqarashini kengaytirishga qaratilgan maqsadlarimiz qachon amalga oshadi? Televideniyemizda qachon yangi, yetarlicha bilimga ega boʻlgan mutaxassislar paydo boʻladi? Har bir millatning televideniyesi uning koʻzgusidir. Xoʻsh, bugun biz koʻzguda kimni koʻryapmiz?

Muxlisa  ORIPOVA,

O‘zDJTU talabasi

Maqola muallifi

Muxlisa  ORIPOVA

Muxlisa ORIPOVA

Talaba

Teglar

  • #Maktab
  • #Zamon va makon

Ulashish