Andijon viloyati hokimligi: “Ma’rifat”ni qayerdan topsak bo‘ladi?

“Ma’rifat” gazetasining shu yil 2-iyuldagi 26-sonida “Andijonga grossmeyster kerak emasmi?” nomli maqola chop etilgan edi. 10-iyul kuni tahririyat tomonidan maqolada ko‘tarilgan muammolarga yechim izlab Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov nomiga xat jo‘natildi. Biroz vaqt o‘tgach Andijon viloyati hokimi yordamchisi tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib, “Ma’rifat” gazetasini qayerdan topish mumkinligini so‘radi. Uning gap-so‘zidan butun boshli viloyat hokimligi (kutubxonasi ham) aqalli bir nusxa “Ma’rifat” olmasligi ma’lum bo‘ldi. Biz esa “Ma’rifat” gazetasi viloyatdagi ta’lim muassasalari kutubxonasiga borishi kerakligi, hatto bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida belgilab qo‘yilganligini aytdik.
Oradan vaqt o‘tsa-da, qonunchilikda belgilangan muddatda viloyat hokimligidan tahririyat xatiga nisbatan belgilangan tartibda javob berilmadi. Shundan so‘ng viloyat hokimligi Murojaatlar bo‘limining (74) 225-80-00 raqamli telefoniga qo‘ng‘iroq qildik. “Assalomu alaykum, Andijon viloyati hokimligining murojaatlar markaziga xush kelibsiz! Ish sifatini oshirish uchun telefon so‘zlari yozib boriladi. Operator bilan bog‘lanish uchun birni (1) bosing!” degan (uch tilda jaranglagan) so‘zlarni sabr bilan eshitdik. Ammo “birni” bosgan zahoti aloqa uzilib qolaverdi.
Bu so‘zlarni o‘n martalab erinmay uch tilda eshitsak-da, ahvol o‘zgarmadi. Shu tobda turli muammolarga najot izlab, uzoq va yaqin tumanlardan qo‘ngiroq qilayotgan viloyat aholisi ahvoli ko‘z oldimizga keldi. Ehtimol ular ham umid bilan tinmay hokimlikning Murojaatlar bo‘limi raqamini terib charchagandir… Bu urinish zoye ketgach Andijon shahar telefon bog‘lanmasi boshlig‘i Elmurod Madaminov bilan bog‘lanib, vaziyatni tushintirdik.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Otabek Ne’matjonov nomli shaxs “Men Andijon viloyati hokimligi Murojaatlar bo‘limi mutaxassisi bo‘laman”, deb qo‘ng‘iroq qildi. Unga murojaatlar bo‘limi raqamiga qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz zoye ketganini, viloyat hokimligini aholi bilan bog‘lashga xizmat qiluvchi telefon raqamida muammo mavjudligi achinarli holat ekanini, bunday e’tiborsizlik, mas’uliyatsizlik oqibatida xalqning hukumatga bo‘lgan ishonchi barbod bo‘lishini aytganimizda aholi murojaatlari bilan ishlaydigan mas’ul xodimning javobi quyidagicha bo‘ldi:
– Uzr, aka, topshiriq bilan dalaga ketgan edik. Bu (74) 225-80-00 raqamli telefon, mobil telefonimga qayta ulanish (pereadresatsiya) qilingan edi. Afsus, telefonim quvvati tugab qolibdi. Endi qaytarilmaydi.
Viloyat hokimligida ahvol shu bo‘lsa, tuman va shahar hokimliklaridagi vaziyat kishini yanada tashvishga solar ekan.
Shundan so‘ng viloyat hokimi o‘rinbosari Komiljon Komilov kotibiyatidan Ahror, Fazliddin, Oyatulla deya o‘zini tanishtirgan mas’ul xodimlar qo‘ng‘iroq qilishdi. Ular ham asosan “Ma’rifat” gazetasini qayerdan topishni so‘rab, masalaga yaqindan yordam berishlarini aytishdi, lekin hamon rasmiy javob yo‘q...
Viloyat hokimligi devonxona mas’ul xodimi Alisher Xalilovga ham ko‘p marotaba qo‘ng‘iroq qilib, gaplashdik. Vaqt o‘tyapti, ammo muddatidan o‘tib ketsa-da, bir enlik bo‘lsa-da murojaat xatimizga javob kelmadi. 25-avgust kuni o‘zini viloyat sport boshqarmasi yuristiman deb tanishtirgan Nodirbek Naumanov qo‘ng‘iroq qildi, u ham gapni boshqalar kabi “Ma’rifat” gazetasini qayerdan topsak bo‘ladi?”dan boshladi. Unga ham avvalgidek tushuntirdik. Hatto gazetaning 2025-yil 2-iyul kungi 26-sonining elektron nusxasini tashlab ham berdik. Ertasiga javob xati tayyor bo‘lib qoldimi, degan mazmunda qo‘ng‘iroq qilsak, u kishi “bizga kelganiga uch kun bo‘ldi. Muddatimiz hali bor...” degancha “qonuniy javob” qaytardi...
Viloyat hokimligiga qayta-qayta qilingan murojaatlarimizdan so‘ng, va nihoyat, ikki oy-u o‘n besh kunda – 25-sentabr kuni Andijon viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Komiljon Komilov imzosi bilan tahririyatga javob xati keldi.
Javob xatini oldik. Biroq natija biz kutgandek emas. Yana takrorlaymiz, “Andijonga grossmeyster kerak emasmi?” nomli tanqidiy, tahliliy maqola shunchaki ermakka yozilmagan. Unda ko‘tarilgan masala millatimiz ertangi kuniga, uning jahon uzra namoyon bo‘lishiga borib taqaladi. Yana baralla aytamiz: “Andijonga grossmeyster kerak emasmi?”.
Jamiyatda odamlar uchun erkin fikr bildirish va axborot olish imkoniyati kengayib borayotgan bo‘lsa-da, negadir ko‘pchilik ommaviy axborot vositalaridan o‘zini olib qochishga harakat qiladi. Davlat idoralarining ayrim xodimlari tanqidni rivojlanish omili emas, bosim deb tushunishmoqda. Xo‘sh, nega? Andijon viloyati hokimligi bilan bog‘liq bunday holat ham birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q. Masalan, 2024-yil 19-noyabrdagi 134-raqamli, 2022-yil 4-oktabrdagi 115-raqamli “Ma’rifat” gazetasi tahririyati tomonidan yuborilgan xatlarga ham javob berilmagan. Bundan qanday xulosa chiqarish mumkin?
Bu hududda ma’naviyat, ma’rifat, inson omiliga bo‘lgan e’tibor qay darajada ekanligini ko‘rsatmaydimi? Matbuot millatning yuzi, oynasi ekanligini qachon anglab yetamiz? Mas’ul idoralarda faoliyat yuritayotgan ba’zi kimsalar o‘z kasbiy mas’uliyatiga rioya etmaslik bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim ta’sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko‘makchisi va hamdardiga, demokratiya ko‘zgusiga aylanishi zarur” degan so‘zlariga zid ravishda ish olib borayotganini tushunib yetarmikan?
Ma’murjon QIYOMOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
Shu kecha va kunduzda
Malaka sinovi va “Yil o‘qituvchisi” tanlovi haqida
Yo‘qolgan bolalik
Andijon viloyati hokimligi: “Ma’rifat”ni qayerdan topsak bo‘ladi?
ATTESTATSIYA: mas’uliyat, hayajon va yangi bosqich sari qadam
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank