ATTESTATSIYA: mas’uliyat, hayajon va yangi bosqich sari qadam

Poytaxtimizdagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazida Toshkent shahar va Toshkent viloyati ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar uchun attestatsiya sinovi bo‘lib o‘tmoqda.
Markaz binosi atrofiga tong saharlab yig‘ilgan o‘qituvchilarning yuzida hayajon, ishonch va mas’uliyatni bir paytning o‘zida ko‘rish mumkin. Kimdir kitoblarni takroran ko‘zdan kechirmoqda, kimdir esa hamkasblari bilan suhbatlashib, o‘zini ruhlantirmoqda. Ularning barchasini bir maqsad – o‘z kasbiy darajasini tasdiqlash, ustozlik sha’nini yanada yuksaltirish istagi birlashtirib turadi.
Sinov jarayonlari shaffof va adolatli o‘tilshi uchun tartib va nazorat mustahkam yo‘lga qo‘yilgan. Yaratilgan qulay sharoitlar o‘qituvchilarga o‘z bilimlarini xolis namoyon etish imkonini bermoqda.
– O‘qituvchilar uchun malaka toifalarini oshirish attestatsiyasini bir yilda ikki marta tashkil etilishi an’anaga aylangan, deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bosh mutaxassisi Safarali HAMROYEV. – Har bir bosqich kuchli tahlillar orqali yo‘lga qo‘yilib, savollarnning mazmun va mohiyati, saviya darajasi o‘rganiladi. Navbatdagi attestatsiyada bir qancha jarayonlar unifikatsiya qilindi. Xususan, bir imtiyozlari bor o‘qituvchilarni sinovlardan ozod qildik, aytaylik “Yilning eng yaxshi o‘qituvchilari”ni yoki Vazir ustamasini olgan pedagoglar imtihon topshirmaydilar. Avvallari bunday o‘qituvchilar uchun alohida imtihon joriy qilinardi. Bunga alohida vaqt, tayyorgarlik talab qilinardi.
Attestatsiya – bu shunchaki test sinovi emas. Bu o‘qituvchining yillik mehnatini, bilim va malakasini, pedagogik yondashuvini baholaydigan jarayondir. Shu bois, sinov jarayonida har bir ishtirokchining mas’uliyati va tayyorgarligi yaqqol sezilib turadi.
Sinovlarni topshirib chiqayotgan o‘qituvchilarni kuzatarkanmiz, kimdir quvonch va mamnun qiyofada, kimlarningdir esa xorg‘in qiyofada chiqib kelayotganini ko‘ramiz.
– Oliy toifa uchun topshirgan edim, 72 ball oldim, oliy toifaga o‘tolmagan bo‘lsam-da 1-toifani saqlab qoldim, – deydi Olmaliq shahridagi 9-maktabning biologiya fani o‘qituvchisi Husan Musayev . – Savollar qiyin emas, menimcha, avvalgi attestatsiya savollaridan farq qiladi, osonroq tuyildi. Laboratoriya mashg‘ulotlari bo‘yicha savollar qiziqarli, menga ma’qul bo‘ldi. Kasbiy mahorat bo‘yicha tushgan savollarning 10 tasidan 8 tasini yechdim.
– Savollar murakkablashgandek, – deydi o‘rtachiqchiqlik o‘qituvchi. – 44 ball oldim, o‘tolmadim. Pedagogik mahorat bo‘yicha berilgan savollar qiyinlik qildi.
– O‘tgan yilgi bilan solishtirganda savollar ancha oson, pedagogik mahorat bo‘yicha savollar biroz murakkablik qildi, lekin fanim bo‘yicha tushgan savollarni qiynalmay yechdim, – deydi Toshkent shahridagi 46-maktab o‘qituvchisi Yulduz Rahimova. – Magistraturani tugatganman, ilmiy ishimni davom ettirayotganim uchun imtiyozdan foydalanib, sertifikatga hujjatlarimni topshirdim. 15 kun ichida beriladi. Aslida attestatsiyaga imtihon topshirmasam ham imtiyoz bilan sertifikat olishim mumkin, lekin testlarni o‘rganish, bilimimni sinovdan o‘tkazish maqsadida sinovlarda qatnashib ko‘rdim. Bu yilgi imkoniyatlardan mamnunmiz.
O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, sinovlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda mutaxassislik fanidan pedagoglarning bilimi (bilish, qo‘llash, mulohaza qilish ko‘nikmalari), ikkinchi bosqichda ularning pedagogik mahoratlari baholanadi. Bunda pedagoglarga mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savollari beriladi.
Ikkinchi bosqichda pedagogik mahorati baholanadi. Bunda pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida 10 ta savol-topshiriq beriladi.
Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) o‘tkaziladi. Buning natijasida tashqi aralashuvning oldi olinib, inson omili aralashuviga barham beriladi.
Joriy sinovlarda 40 dan ortiq fanlardan dars beruvchi 180 mingga yaqin pedagoglar qatnashishi kutilmoqda, deb xabar beradi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati.
Attestatsiya natijalariga doir elektron shakldagi sertifikatlar pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi.
Attestatsiya natijalari nafaqat o‘qituvchilarning malaka toifasini belgilaydi, balki ularning kelajakdagi faoliyatiga ham yangi turtki beradi. Bu sinovlardan o‘tgan pedagoglar o‘z ustida tinimsiz ishlash, o‘quvchilarga yanada sifatli bilim berish, dars jarayonida innovatsion metodlarni qo‘llash borasida yangi bosqichga qadam qo‘yadilar. Barcha pedagoglarga sinovlarda omad tilaymiz!
Shu kecha va kunduzda
ATTESTATSIYA: mas’uliyat, hayajon va yangi bosqich sari qadam
PEDAGOGIKA: FAN TAQDIRI HALOKAT YOQASIDA (fan va ta’lim dialektikasi haqida mulohazalar)
TIL – MILLAT KO‘ZGUSI
“Yaponiya maktab ta’limi” va “Yaponiyada axloqiy tarbiya”
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank