SO‘ZDAGI SEHR VA DILDAGI MEHR (Nobel mukofoti laureati pokistonlik Janna D’ark – Malala Yusufzayning mashhur nutqi haqida mulohazalar)
Bashariyat o‘tmishida shunday tarixiy nutqlar bo‘lganki, ular insoniyat tafakkurini o‘zgartirib yuborishga qodir. Bu nutq sohibining qalb rozi va mahorati bilan bog‘liq, albatta. Nutqdagi joziba va sehr hech kimni befarq qoldirmaydi. Imonning jinsi bo‘lmagani kabi nutqning ham jinsi yo‘q. Uni manzur ayollar ham, mashhur erkaklar ham o‘z chiqishlari bilan joyiga qo‘ya olgan, maromiga yetkazgan. Tarix bunga shohid. Ta’sirchan va mantiqiy qudratga ega bo‘lgan nutq, shubhasiz, omivaga ta’sir qilgan. Omiva – keng auditoriyaga murojaat qilish, fikrlarni ifoda etish va muhim masalalarni muhokama qilish uchun mo‘ljallangan nutq bo‘lib, u ta’lim, siyosat yoki ijtimoiy masalalar bo‘yicha fikrlarni tarqatish, yangilash, ilhomlantirish va odamlarni birlashtirishda muhim rol o‘ynaydi. Shu masala xususida so‘z ketsa, beixtiyor Malala Yusufzayning BMTdagi nutqi yodga keladi.
Tasavvur qiling, BMTning oliy minbari tomon yaqinlashyapsiz. Sizni qandaydir qo‘rquv va hayajon chulg‘ab oladi. Minbarga ko‘tarilarkansiz, sizni “Buning o‘zi kim, so‘zi nima?” degan savolomuz nazarlar bilan kuzatib turgan nigohlarga ko‘zingiz tushadi. Biroz tin olib nafasni rostlaysiz. Demoqchi bo‘lgan fikrlaringiz sadafdek terilib kela boshlaydi. Tabiiyki, Malala Yusufzay ham ana shunday holatga tushgan. Unga kuch bergan quvvat manbayi – bolalikdagi iztiroblar, tolibonlar yetkazgan jarohatlar edi. U o‘z nutqini dastavval ohista boshlab, so‘ngra baralla ovozda irod eta boshlaydi. Shunchaki ma’ruza o‘qimas, balki o‘z boshidan kechirganlari, qiyinchilik damlarini o‘z yaqinlariga so‘zlayotganday, bo‘zlayotganday edi. Uning nutqidagi ta’sir natijasida tinglayotganlarning aksariyati dong qotib qolgan, biri kiprik qoqmay, ikkinchisi og‘zini ochgancha, yana biri barmog‘ini tishlagancha tinglardi. Uning nutqida bayondan ko‘ra, hikoya uslubi ustuvorlik qilardi. Bunday nutq, odatda, shunchaki quloq bilan emas, balki yurak bilan qabul qilinadi. Chunki yurakdan chiqqan nutqqina yuraklarga yetib borishini u bilardi. Ommaviy nutqlar ko‘pincha his-tuyg‘ularni uyg‘otadi, bu esa odamlarning fikrlarini o‘zgartirishga yordam beradi.
“Bu ekstremistlar kitob va qalamdan qo‘rqadilar, ular ayollardan qo‘rqadilar. Ular ta’limdan cho‘chiydilar, chunki ommaning savodxon bo‘lishi ular uchun katta xavf”, deydi Malala o‘z nutqida. Har qanday nutq mantiqiy asoslar bilan mohiyatli. Yaxshi tuzilgan argumentlar va dalillar auditoriyaning fikrlarini o‘zgartirishi mumkinligini u chuqur anglaydi, nutqida esa bunga to‘la amal qiladi. Otasi Ziyovuddinning maktab ochish uchun qilgan harakatlari, unga qarshi zo‘ravonlik va masxaraomuz harakatlarni tilga oladi. Har qanday davlatni ilm-u ma’rifatgina yorug‘likka olib chiqishiga ishonadi, zulmatdan ziyo sari talpinadi.
Jonli nutq muammolarni ko‘rsatish bilan izohlanadi. U nutq orqali muhim ijtimoiy masalalarga e’tibor qaratish va ularni hal qilish uchun yechimlar taklif etish mumkinligini bilib keng jamoatchilikka murojaat qiladi. O‘z nutqiga jangovar ohang beradi: “Kelinglar, qo‘lga qalam va kitob olaylik, ular bizning ishonchli va umidbaxsh qurolimizdir. Birgina bola, birgina o‘qituvchi, birgina kitob va birgina qalam butun dunyoni o‘zgartira oladi. Bilim keng ravishdagi maqsadlarimizning ifodasidir”.
U ta’sirchan so‘zlar va qiziqarli uslublardan ham nutqida keng foydalanadi: “Men o‘g‘il tug‘ilsa, quvonchdan osmonga o‘qlar yog‘diriladigan, qiz tug‘ilsa, esini tanishi bilan paranji ortiga yashiriladigan mamlakatda tug‘ildim. Bu yerda ayollarning vazifasi faqat ovqat tayyorlash va farzand dunyoga keltirishdan iborat”, deya kuyunchaklik bilan so‘zlaydi. Albatta, bunday (17) yoshda yuqori minbardan turib dadil gapirish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Bu haqda u keyinchalik “Men Malalaman” nomli kitobida ham so‘z yuritadi. Shunday qilib, u nutqi davomida omiva orqali fikr va qarashlarni o‘zgartirish mumkin bo‘lgan uslublarni qo‘llaydi. Bundan tashqari, tolibonlarning u oilasi bilan yashaydigan Svat vodiysida hukmronlik o‘rnatib, “ojiza”larning maktabga qatnashini taqiqlab qo‘ygani, iztiroblar iskanjasidagi kunlari ko‘z o‘ngidan bir-bir o‘ta boshlagan bo‘lsa, ajab emas.
Malala “qayg‘uga botgan“ degan ma’noni ifodalaydi. Uning otasi muallim Ziyovuddin Yusufzay Afg‘oniston qahramoni Malalaga havas-la qiziga shu ismni qo‘ygan. Dilida g‘am-alami borning qo‘lida qalami bo‘ladi. Uning qalbidagi ana shu tuyg‘u xalqining g‘amlarini yetkazish uchun nutqiga ko‘chgan bo‘lsa ajab emas. U xalqi manfaati yo‘lida jonini qurbon qilishga ham tayyor bo‘lgan. 2012-yili Malala va uning oilasi hayotini tamoman o‘zgartirib yuborgan voqea sodir bo‘ladi. Gap shundaki, aynan shu yili tolibonlar uning hayotiga nuqta qo‘yishga urinadi. O‘quvchilar to‘la maktab avtobusi to‘xtatilib, Malala kimligini so‘ragan jangari “Solt-45” markali to‘pponchadan uch marta o‘q uzadi. O‘qlardan biri Yusufzayning chap ko‘zi chanog‘ini yalab o‘tib, chap yelkasining pastki qismiga tegadi. Hujum oqibatida dugonasi ham yaralanadi. Tolibonlar bir o‘q bilan ikki quyonni urmoqchi: Malalani o‘ldirib, otasining ovozini abadiy o‘chirmoqchi bo‘lgandi.
Malalaning “Terrorchilar minglab odamlarni o‘ldirdi, millionlab kishilarni yaraladi. Men jabrlanuvchilardan bittasiman, xolos. Mana, qarshingizda turibman. Mana, qoshingizdaman: ko‘pchilik orasidagi yolg‘iz bir qizcha. Men o‘zim haqimda gapirayotganim yo‘q, mening ovozim tinch yashash huquqi uchun, insoniy haqlari uchun – ularga odamdek munosabatda bo‘lishlari uchun, hammaga teng imkoniyat berilishi uchun, ta’lim olish huquqi uchun kurashganlarning ovozidir”, degan gaplaridan so‘ng barcha beixtiyor qarsak chalib yuboradi. Malala Yusufzay 2013-yildagi BMTning Yoshlar assambleyasidagi nutqi orqali quyidagi natijalarga erishdi:
1. Ta’limning ahamiyati. Malala ta’limni har bir insonning asosiy huquqi deb atadi va bu huquqni himoya qilish zarurligini ta’kidladi.
2. Qizlar va o‘g‘il bolalar tengligi. U qizlarning ta’lim olish imkoniyatlaridan mahrum bo‘lishi muammosini ko‘rsatib, tenglikka chaqirdi.
3. Tinchlik va sevgi: Malala urush va nizolar o‘rniga tinchlik va sevgi tarqatish kerakligini ta’kidladi.
4. Shaxsiy tajriba. U o‘z hayoti va hujumga uchraganida qanday kurashganini, bu voqea uning ta’lim haqidagi qat’iyatini yanada kuchaytirganini aytdi.
Malala nutqi orqali ayollar va butun insoniyatni ta’lim olishga undadi. Shuningdek, Malala tug‘ilgan kun – 12-iyul ‒ BMT qarori bilan “Malala kuni – bolalarning ta’lim olishi uchun kurash kuni” deb belgilangan.
Aql-idrok, sabot va matonat, jur’at va jasorat jo bo‘lgan notiq nutqi qanday qudratga ega ekanligini tasavvur qilgandirsiz?!
Rahimboy JUMANIYOZOV,
professor,
Notiqlik san’ati akademiyasi rahbari
Shu kecha va kunduzda
SUN’IY INTELLEKT: TILSHUNOSLAR ENDI NIMA QILADI?
GENERAL VA YOSHLAR UCHRASHUVI
Robot fikrlay oladimi? Yoxud fizikadan 2024-yilgi Nobel mukofoti neyroto‘r kashfiyotchilariga berilgani haqida
XO‘JALIK MUDIRI EKANIMDAN FAXRLANAMAN! yoxud shu maoshga roziman!
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank