“TILLA BALIQCHA”NI MAKTABDA O‘RGANISH METODIKASI
Umumta’lim maktablarining 5-sinf o‘quvchilari uchun yangilangan “Adabiyot” darsligida O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov ijodidan to‘rtta she’r: “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?”, “Miltiraydi mitti yulduz”, “Burgut” va “Tilla baliqcha” o‘rganish uchun taqdim etilgan. Dasturda buning uchun uch soat ajratilgan.
Umumiy o‘rta ta’limning adabiyot o‘quv fani dasturi loyihasida adabiyot o‘qitishning asosiy maqsadi quyidagilardan iborat etib belgilangan:
– o‘quvchilarni badiiy so‘zdan ta’sirlanish, uning jozibasini his etishga o‘rgatish;
– milliy hamda jahon adabiyotining janr, mazmun, davr jihatidan rang-barang yetuk namunalari vositasida badiiy matnni tahlil qilish, asarning o‘z talqinini
(interpretatsiyasini) yaratish va asardan xulosalar chiqarish ko‘nikmalarini shakllantirish;
– fikrlarini yozma va og‘zaki tarzda, auditoriya va maqsadni hisobga olgan holda ifodalash ko‘nikmalarini rivojlantirish;
– o‘zi va o‘zgalarning fikr va tuyg‘ularini anglaydigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘ladigan shaxsni shakllantirish. Dasturda mazkur she’rlarni o‘rganishga yondashuv talqini taqdim etilmagan. O‘rni kelganda shuni aytish joizki, maktabda o‘qitiladigan barcha o‘quv fanlari ta’limida, ularning dasturlarini yaratishda talqinga deyarli murojaat qilinmaydi. Bunga hojat ham yo‘q. Chunki ular maktabda o‘quv fani sifatida o‘rganiladi va darslar fanda aniq belgilab qo‘yilgan bilimlarni o‘zlashtirish asosida tashkil etiladi. Hatto ona tili va chet tili darslarida ham xuddi shunday.
Lekin adabiy ta’lim dasturini tuzishda, barcha o‘quv fanlaridan mustasno tarzida, badiiy asarlarga adabiy ta’limning maqsadidan kelib chiqqan holda yondashuv talqini bo‘lishi shart! Chunki bitta badiiy asarga har xil rakursdan yondashish mumkin. Ya’ni o‘z maqsadidan kelib chiqqan holda asardan kimdir ijtimoiy haqiqatlarni qidiradi, kimdir ma’naviy asos topishga urinadi. Kimdir mantiqiy, yana kimdir islomiy-tasavvufiy haqiqatlar qidiradi matndan va topadi ham. Qolaversa, maktabda adabiyot o‘quv fanidan dars berayotgan o‘qituvchilarning saviyasi ham, bilimlilik darajasi ham har xil. Bir asarda bir o‘qituvchi siyosiy haqiqatlarni ko‘rsa, ikkinchisi badiiy haqiqatlarni ilg‘ashi mumkin. Bu o‘rinda hamma gap tahlilchining maqsadiga borib taqaladi. Adabiyot darslari jarayonida asarga yondashuv mezonini o‘qituvchining shaxs sifatidagi nuqtayi nazari belgilaydi. Talqinsiz taqdim etilgan asarga bir sinfda o‘qituvchi boshqa rakursdan qarasa, parallel sinfda ikkinchi bir o‘qituvchi butunlay boshqa nuqtayi nazardan yondashishi va tahlil qilishi mumkin. Bir asar bir sinfda o‘tilganda badiiy-filologik(amaldagi darsliklarda asarlarga shunday yondashuv ustuvorlik qilyapti. Bunday tahlil umumta’lim maktablari adabiy ta’limi maqsadiga muvofiq kelmaydi) tahlil ustuvorlik qilsa, ikkinchi bir sinfda uning o‘quv-didaktik tahlili amalga oshirilyapti. Buning sababi dasturda asarga yondashuv talqinining berilmaganidir. Qolaversa, adabiyot darslarida asarlarning badiiy-filologik tahlilini amalga oshirish umumta’lim maktablari adabiy ta’limi maqsadiga monand emas. Asarlarning bunday tahlili filologik yo‘nalishga ixtisoslashgan yoki ijod maktablari adabiy ta’limi maqsadiga muvofiq keladi. Shu ma’noda, bugun badiiy asarga yondashuv talqinini belgilashda maktablarning xususiyatlarini ham inobatga olish to‘g‘ri bo‘ladi.
Masalan, Abdulla Oripovning “Tilla baliqcha” she’riga ham kimdir siyosiy tus bersa, kimdir uning mazmuni asosidagi tahlilga ijtimoiy yuk ortadi. Aslida, har qanday badiiy asar maktabda o‘rganilarkan, unga badiiy matn sifatida yondashish, uni adabiy ta’limning maqsadidan kelib chiqqan holda o‘quv-didaktik tahlilga tortish, asarda badiiy so‘z o‘rni, matnda qo‘llanilishida muallifning mahorati, so‘z mazmun-mohiyatiga singdirilgan haqiqatlar o‘quvchilarning ma’naviy kamoliga qay darajada xizmat qilishi nuqtayi nazaridan o‘rganilishi kerak. Har bir badiiy asar, u qaysi davrda va qanday maqsadda yaratilganidan qat’i nazar, maktabda adabiy ta’lim maqsadiga xizmat qildirilishi shart.
Shu ma’noda, “Tilla baliqcha” she’rining dasturiy talqinini adabiy ta’limning maqsadidan kelib chiqqan holda quyidagicha: “Tilla baliqcha” she’ri yaratilgan ijtimoiy muhit va buning shoir nazaridagi talqini. She’rdagi tilla baliq va sassiq hovuz timsoli. Tilla baliqcha nazdidagi vatan timsoli va uning inson qo‘li bilan bog‘liq ravnaqi. She’rda baliqcha taqdirining tasviri” tarzida belgilash mumkin. Shunda hamma o‘qituvchilar har xil texnologiya, metod va usullardan foydalangan holda she’rni adabiy ta’limning maqsadiga xizmat qildirishadi. Kechagi jamiyat adabiyotshunoslik ilmida Matyoqub Qo‘shjonov tilla baliqchaga salbiy tip sifatida qaragan bo‘lsa, Yashar Qosimov uni yovuzlik va razolat qurboni, deb baholagan. Suvon Meli bu tadqiqotchilar she’rning bosh qahramoniga birtomonlama yondashganini ta’kidlab, tilla baliqcha va sassiq hovuzni bir-biriga ziddiyatda ko‘radi va she’rni shu asosda tahlil qiladi. Adabiyotshunoslik ilmi nuqtayi nazaridan har uchala sinchi ham o‘z talqinida o‘zicha haq, albatta.
Abdulla Oripovning o‘zi bu she’rining mazmuniga to‘xtalib: “Odamga alam qiladigan joyi shuki, baliqcha bor dunyoni o‘zi yashayotgan sassiq hovuzdan iborat deb biladi. Holbuki, dunyo – sassiq hovuz emas, ancha kattakon, go‘zal, mo‘jizakor bir olam. Lekin shu baliqni sassiq hovuzga keltirib tashlaydilar, bunga baliq aybdor emas. Nima qilsin, tilla baliqning aybi yo‘q bunda. Hovuz shunday bir suvi aynigan hovuz ekan, uning ichidagi baliq, u tillami, durmi, ilohiy baliqmi, Pushkinning o‘sha mo‘jizakor oltin balig‘i bo‘ladimi, shunga tushgandan keyin nima bo‘ladi, boshqa yer yuzini ko‘rmagandan keyin dunyo shu ekan, deydi-da”, tarzidagi fikrni aytadi.
She’rning yozilish tarixi haqida gapirib, muallif yana shunday deydi: “Ishxonamiz yonida bir sassiq hovuz bo‘lib, unda uch-to‘rtta tilla baliq og‘zini kappa-kappa ochgancha o‘lar holda kun o‘tkazardi. Boshqa shoirlar qatori o‘sha baliqlarning holiga achinib, men ham “Tilla baliqcha” degan she’r yozib, baloga qolganman. Emishki, sassiq hovuz deganda men sovet tuzumini nazarda tutganman. Demakkim, haqiqatdan ham bir gap bor ekanki, arqon ularning ko‘ziga ilon bo‘lib ko‘rinibdi”.
Ko‘rinadiki, har qanday badiiy asar yuzasidan yozuvchining maqsadi boshqa, sinchi-mutaxassislarning nuqtayi nazari o‘ziga xos bo‘lishi mumkin va bu adabiyotshunoslikda tabiiy ham. Gap shundaki, har kimning o‘z nuqtayi nazari, dunyoqarashi, talqini va tahlili mavjud. Ularning barchasidan qat’i nazar, maktab adabiyot darslarida badiiy asarga adabiy matn sifatida yondashilmog‘i va u ta’limning maqsadiga xizmat qildirilmog‘i lozim. Ya’ni bu darslarda har qanday badiiy bitik o‘quvchilarning ma’naviy kamolotiga, ularda mustaqil, mantiqiy va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildirilmog‘i maqsadga muvofiq. Shu ma’noda, A.Oripov qalamiga mansub “Tilla baliqcha” she’rini adabiyot darsida o‘rganish metodikasi quyidagicha mazmun kasb etadi:
Tilla baliqcha
Tuxumdan chiqdi-yu keltirib uni,
Shu loyqa hovuzcha tomon otdilar.
Tashlandiq ushoq yeb o‘tadi kuni,
Xor-u xas, xazonlar ustin yopdilar.
Dunyoda ko‘rgani shu tor hovuzcha
Va gavjum tollarning achchiq xazoni.
Menga alam qilar, tilla baliqcha
Bir ko‘lmak hovuz deb
bilar dunyoni...
“Keling, suhbatlashamiz”
Darslikdagi shu nomli ruknda she’rning mazmuni asosida o‘quvchilarga quyidagi savollar bilan murojaat qilingan:
1. Siz o‘qigan ertaklar yoki tomosha qilgan multfilmlaringizdagi tilla baliqcha bilan she’rdagi tilla baliqchaning qanday farqli tomonlari bor?
2. Tilla baliqchaning joyi aslida
qayer? Nega uni “ko‘lmak hovuz”ga keltirishgan deb o‘ylaysiz?
3. Sizningcha, baliqchani hovuzga otganlar kimlar?
4. Siz qanday insonlarni tilla baliqchaga o‘xshatgan bo‘lardingiz? Nima uchun?
Maktab “Adabiyot” darsliklarida o‘rganish uchun taqdim etilgan adabiy materiallarning mazmun-mohiyati bilan bog‘liq savol va topshiriqlar hajmi ma’lum darajada toraytirib beriladi. Darslikning hajmiga qo‘yilgan talablar ularni kengaytirishga imkon bermaydi. Shu bois “O‘qituvchi kitobi”da – o‘qituvchilar uchun yaratilgan metodik qo‘llanmalarda muallimlar uchun qo‘shimcha didaktik ashyolarni taqdim etish maqsadga muvofiq. Toki o‘qituvchi sinfdagi o‘quvchilarning umumiy intellektual imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lsin.
O‘qituvchi bu she’rni o‘rganish uchun qanday texnologiya, taksonomiya, metod va usullardan foydalanmasin, darsni qanday shaklda olib bormasin, ularning barchasi zamirida yo‘naltiruvchi savol va topshiriqlar yotadi. Shu savol va topshiriqlar o‘z mazmun-mohiyati bilan shakllanib kelayotgan shaxslarning ma’naviy kamolotini ta’minlashga, ular orqali millat va mamlakatning ertangi taqdirini belgilashga xizmat qiladi. Chunki shu bugungi yosh avlod ertaga millat vakiliga aylanadi va ularning saviyasi millat taqdirining o‘zgarishiga xizmat qiladi. Shu millat, mamlakat taqdirini hal etadi. Uni bugun to‘g‘ri yo‘naltirish va shakllantirish o‘qituvchi-tarbiyachining zimmasida.
Shu jumladan, “Tilla baliqcha” she’rining mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda o‘quvchilarni mustaqil, mantiqiy va tanqidiy mulohaza yuritishga yo‘naltiruvchi quyidagi savol va topshiriqlardan qo‘shimcha tarzda foydalanish maktab adabiy ta’limining maqsadiga muvofiq bo‘ladi:
1. She’rdagi: “Tashlandiq ushoq yeb o‘tadi kuni” misrasiga diqqat qiling. Unga kim beryapti tashlandiq ushoqni? Sizningcha, bu nimadan dalolat beradi?
2. Birinchi bandning oxirgi misrasini qayta o‘qing: “Xor-u xas, xazonlar ustin yopdilar”. Bu xazonlar qachon va qayoqdan kelgan bo‘lishi mumkin?
3. Nima deb o‘ylaysiz, xazonlar baliqning ustini yopganmi yoki hovuzning yuzasinimi? Fikringizni nima bilan asoslaysiz?
4. Hovuz ustining xazonlar bilan yopilganidan baliqqa qanday zarar bo‘lishi mumkin, nima deb o‘ylaysiz?
5. Ikkinchi bandning ikkinchi misrasidagi: “gavjum tollar” sizningcha qayerdan paydo bo‘lib qoldi? Ularning joyi qayerda?
6. “Gavjum tollarning achchiq xazoni” qachon, qanday va nima sababdan bino bo‘ladi? Shu holatni hech kuzatganmisiz tabiatda? Xazonning “achchiq”-
ligini qanday tushunish mumkin, siz-
ningcha?
7. Shoirning “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” she’rida ilgari surilgan bosh g‘oya bilan tilla baliqchaning bilganini taqqoslab ko‘ring. Nima deb o‘ylaysiz, tilla baliqcha ham shu hovuzni vatan deb bilishi va uni daryo, dengiz va okeanlardan afzal bilishi mumkinmi? Nega shunday deb o‘ylaysiz?
8. Bu manzilni shoir ko‘lmak hovuzcha deb hisoblasa, shoir ta’biri bilan aytganda, baliq uni vatan deb bilyapti. Shu ikki fikrni qiyoslang va bu haqda mulohaza yuriting. Qarashlaringizni asoslang.
9. Bir ko‘lmak hovuzchaga ikki xil yondashuvning sabablari haqida o‘ylab ko‘ring. Har ikkala yondashuvning asoslarini aniqlang. Kim qaysi rakursdan qarayapti hodisaga?
10. Tilla baliqchaning ko‘lmak hovuzni dunyo deb bilishi, sizningcha, nega muallifga alam qilyapti? Bu alamning mohiyatida qanday haqiqat bor? O‘ylab ko‘rib javob bering.
11. Sizda ham tilla baliqchaning ahvoliga achinish hissi bormi yoki siz boshqacha fikrdamisiz? Xulosangizni asoslang.
12. Fantaziyangizni ishga soling: tilla baliqcha o‘zining ertaklardagi imkoniyatini ishga sola bilsa, u nimalar
qilishi mumkin hovuzcha bilan?
13. Tasavvur qiling, sassiq hovuzchadagi tilla baliq “Baliqchi va baliq haqida ertak”dagi sherigiga aylanib qolsa, undan nimalarni so‘ragan bo‘lardingiz? Nima uchun?
14. Nilufar guli haqida bilasizmi? Internet orqali uning o‘sadigan joyini aniqlang. Sassiq hovuzda yashayotgan tilla baliqcha bilan go‘zal nilufar o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor? Fikringizni asoslang.
15. Nilufar go‘zal gul, baliq esa tilla. Botqoqlik va sassiq hovuz – makonning yetishtirgan mahsuli odamlar va jamiyat uchun nimasi bilan qanchalik foydali, sizningcha? O‘ylab ko‘rib javob bering va h.k.
O‘qituvchi sinfdagi o‘quvchilarning umumiy intellektual imkoniyatlaridan kelib chiqib bu faoliyat turini yana ham kengaytirishi yoki toraytirishi mumkin, albatta. Muallim shu savol va topshiriqlar ko‘magida o‘quvchilari bilan birgalikda “Tilla baliqcha” she’rining o‘quv-didaktik tahlilini amalga oshirib bo‘lgach, ularga darslikdagi ijodiy ishni uy vazifasi sifatida topshirishi mumkin:
“Faraz qiling, yuqorida o‘qilgan uchala she’r qahramonlarining biri bilan suhbat qurish imkoniyati bor. Siz unga qanday savol va maslahatlar bergan bo‘lar edingiz?
Savollar tuzing va qahramon nomidan javoblarni yozing. Uning ham sizga beradigan savollari, maslahatlari bo‘lishi mumkin. Ularni ham yozing. Ijodiy matnga mos sarlavha qo‘ying”. O‘qituvchi o‘quvchilariga uy vazifasini tanlash imkoniyati bilan bergani durust. Ya’ni, kimdir tilla baliqchaning suratini chizsin, kimdir uni tutib olsin va istaklarini izhor qilsin. Istaganlar tilla baliqcha bilan go‘zal nilufar haqida she’r yozsin yoki ertak to‘qisin. Bolalarning fantaziya olami keng. O‘qituvchi ularga xos bo‘lgan bu fazilatdan ularning o‘zlari uchun oqilona foydalana bilsa, o‘zi ham, o‘quvchilari ham anglab-anglamay ma’naviy komillik sari yuz burib boraveradilar.
Qunduzxon HUSANBOYEVA,
pedagogika fanlari doktori,
professor
Shu kecha va kunduzda
SUN’IY INTELLEKT: TILSHUNOSLAR ENDI NIMA QILADI?
GENERAL VA YOSHLAR UCHRASHUVI
Robot fikrlay oladimi? Yoxud fizikadan 2024-yilgi Nobel mukofoti neyroto‘r kashfiyotchilariga berilgani haqida
XO‘JALIK MUDIRI EKANIMDAN FAXRLANAMAN! yoxud shu maoshga roziman!
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank