Til o‘rganishda mutafakkirlarimiz ibrati

Moziydan sado Til o‘rganishda mutafakkirlarimiz ibrati
263

Ulug‘ siymolarimiz Muhammad Muso Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, ibn Sino, Yusuf xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy kabi ulug‘larning so‘nmas merosi bilan har qancha faxrlansak arziydi. Ular falsafa, geografiya, matematika, astronomiya, tibbiyot, psixologiya, adabiyot, tarix va boshqa fanlarni o‘zlarining ulug‘  kashfiyotlari bilan boyitdilar, jahon ma’naviyati xazinasiga so‘nmas asarlar armug‘on etdilar. Bu buyuk mutafakkirlar hayoti va ijodini o‘rganar ekanmiz, ular tillarga ham e’tiborli bo‘lganining guvohi bo‘lamiz.


Buyuk qomusiy olim Muhammad al-Xorazmiy o‘z ona tili bilan bir qatorda turk, arab, fors, sanskrit, yahudiy tillarini puxta egallagan. Chunki ma’lum bir xalqning ilmini o‘rganishda bevosita shu xalq tilini bilish katta ahamiyatga ega, deb hisob­lagan. Ilmiy adabiyotlarni tarjima qilishga ham o‘z hissasini qo‘shgan. Masalan, kalendarga taalluqli bo‘lgan yahudiylar­ning eralari va bayramlari haqida risola (Risola fi istihroj ta rix al-yahud va a yodihim) kitobi, Surati-l-arz kitobi (Kitob surati-l-ard), “Xorazmiy geografiyasi” asarlari muallif tomonidan tarjima qilingan. Olimning “Vasiyatlar kitobi” va Arifmetika kitobiga yozilgan izohlardan quyi­dagi ma’lumotlarni o‘qishimiz mumkin: “Hindlarning yangi hisob sistemasini bayon qilganliklari haqidagi ilk ma’lumot Frot bo‘yidagi Dayr Qinnasrin­da yashagan suriyalik ruhoniy Sever Seboxtning qo‘lyozmasida keltirilgan. 622-yili yozilgan bu asarida Seboxt yunon tilidan foydalanmaydigan olimlarga past nazar bilan qarovchilarga e’tiroz bildirib, bunday olimlarning katta ilmiy yutuqlariga misol tariqasida hindlarning hisoblash sistemasini eslatadi: “Men suryoniylardan farq qiladigan hindlarning fani haqida, ular­ning yunonlar va bobilliklar­ning kashfiyotlariga qaraganda chuqurroq bo‘lgan astronomiyadagi ajoyib ixtirolari haqida va ularning barcha tavsifdan ham ortadigan hisob sistemalari haqida aytmoqchi emasman. Balki men faqat ular hisobni to‘qqizta belgi yordamida bajarishlari haqida gapirmoq­chiman. Agar faqat yunoncha so‘zlashishning o‘zi bilan fanning barcha nihoyalariga yetdim deb o‘ylaydiganlar bu haqda bilganlarida edi, ular biror narsani biluvchi boshqalar ham borligini bilgan bo‘lardilar”. 


Bu fikrlardan ko‘rinadiki, yangi kashfiyotlar, zamonaviy yangiliklar dunyoning istalgan qismida insonlar tomonidan yaratilishi mumkin. Shu­ning uchun kishi biron-bir ilmiy yangilik yoki kashfiyot,  ixtiro qilar ekan, o‘zini dunyo ilmini o‘rga­nishga safarbar qilishi lozim. Bu o‘rinda til o‘rganishning qadr-qimmati beqiyosligiga yana bir karra guvoh bo‘lamiz. O‘zining arifmetik asarida Xorazmiy arab tilida birinchi bo‘lib o‘nlik pozitsion hisoblash sistemasini va unga asoslangan amallarning bayonini keltiradi. Sonlarning hind raqamlari bilan o‘nlik pozitsion sistemada yozili­shini va “O ga o‘xshash kichik doiracha” ishlatilishi haqida mufassal so‘zlagandan so‘ng Xorazmiy katta sonlarni aytishni o‘rgatadi va bunda u faqat birlar, o‘nlar, yuzlar va minglarning nomlaridan foydalanadi.           

Xorazmiy butun sonlar ustida amallarni tugatgach, kasr sonlar ustidagi amallarga o‘tadi. Kasr sonlar risolaning lotincha tarjimasida fractcones deyilgan bo‘lib, bu so‘z arabcha “kasr” – bo‘lak (“kasara” – sindirmoq, maydalamoq) so‘zining tarjimasidir. Keyinchalik barcha Ovro‘po tillaridagi “kasr” ma’nosini anglatuvchi so‘zlar shu lotincha nomdan tarqaladi. Xorazmiy arifmetikaga oid risolasining lotincha tarjimasida ham kasr­larning atalishida arab tiliga xos bo‘lgan xususiyat saqlangan. Bundan ko‘rinadiki, tillar orasidagi o‘zaro bog‘liqlik ilmning yanada takomillashuviga olib keladi, bu esa Xorazmiy ijodida o‘z aksini topadi. Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, Xorazmiy qaysi sohada qalam tebratmasin, o‘sha soha­ning albatta til bilan bog‘liqligini e’tirof etib, unga diqqat-e’tiborini qaratgan.


Mashhur qadimiy yunon faylasufi Arastudan keyin ikkinchi muallim unvoniga ega bo‘lgan, O‘rta asr Sharqining mashhur mutafakkiri Abu Nasr Forobiy xuddi Arastu kabi ilm olami­ning deyarli barcha jabhalariga oid qarashlarini bayon etgan bo‘lib, riyoziyot, falakiyot, tibbiyot, alxi­miya, arab grammatikasi, mantiq sohalarini o‘zining noyob bilimlari bilan boyitib, o‘z davrining qomusiy olimiga aylangan. Turli ilm sohalarini o‘rganish va o‘zlashtirish bir qancha tilni bilishni talab etgani bois Forobiy ham turli tillarni o‘rganish bilan shug‘ullandi. Uning yunon tilini o‘rganib olishi yunonlarning boy ilmi va falsafasining mohiyatini tushunish imkoniyatini berdi. Forobiy musulmon olamida yunon tilidagi falsafiy asarlarni  arab tiliga tarjima qilgan birinchi olim hisoblanadi. Shuningdek, Forobiy inson ruhiyatini o‘rganib, uni tabiatning boshqa mavjudotlaridan ajratib turuvchi xususiyatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan ilg‘or g‘oyalarni ilgari surdi. Uning bu boradagi psixologik qarashlari alohida ahamiyatga egadir. Forobiy psixologiya, mantiq va bilish nazariyasining rivojlanishiga asos soluvchilardan biri sifatida tan olindi. 


Yana bir buyuk qomusiy olim Beruniy ham yoshligidan ilmga berilib, tabiiy va ijtimoiy fanlarni o‘rgandi, til o‘rganishga katta ahamiyat berganligi ilmiy manbalardan ma’lum. Bu holni Beruniy quyidagicha bayon qilgan edi: “Men bolalik chog‘imdanoq yoshim va sharoitimga qarab, imkon boricha ko‘proq bilim olishga chanqoq edim. Buning dalili sifatida quyidagilarni keltirish kifoya: biz turadigan joyga bir yunon ko‘chib kelgan edi. Men har xil donlar, urug‘lar, mevalar va hokazolarni olib borib, unga ko‘rsatar va bu narsalar uning tilida qanday atalishini so‘rab olib, nomini yozib qo‘yar edim”.


Yirik hind arbobi Javoharla’l Neru Beruniy asarlarini o‘qib, shunday yozgan: “Beruniy yunon falsafasini o‘rganib, hind falsafasini mutolaa qilmoq uchun sanskrit(qadimgi hind tili)ni o‘rgana boshladi. U hind va yunon falsafasini bir-biriga solishtirib, ularda mavjud umumiylikni ko‘rib, hayratda qoldi. Beruniyning kitobi daliliy materialni qamrab olish bilan birga, u urush, talon-toroj, ommaviy qirg‘inlar bo‘lishiga qaramay, fan ahllari o‘z ishlarini davom ettirganliklarini ko‘rsatib berdi. Ikki orani nafrat va xudbinlik kayfiyatlari buzib turgan paytlarda ham Beruniy begona odam bo‘laturib, bu o‘lka kishilari ahvolini tushuntirishga harakat qildi”. 

Sharq allomalari faoliyatida bo‘lganidek, til masalasida Beruniy ham ko‘pgina ma’lumotlar bergan. O‘zining uchinchi katta asari “Hindiston”ni yaratar ekan, u hind xalqiga hurmat va ehtirom bilan qaradi. Chatterji fikricha, Beruniy dastlab G‘arbiy Panjob va afg‘on hindularining tilini o‘rgangan. Beruniy hind tilini dastlab G‘aznada yashagan hindlardan o‘rgana boshlab, so‘ngra Hindiston yerlariga safar qilganida davom ettirgan. U qadimgi hind tili – sanskritni ham o‘rganadi va unda yozilgan ilmiy-tarixiy obidalar mutafakkirning ko‘z o‘ngidan o‘ta boshlaydi. Natijada, zamonasining hech qaysi olimi muyassar bo‘lmagan yutuqlarga erishishga muvaffaq bo‘ladi. Beruniy Hindistonni bilish uchun sansk­rit tilini o‘rgangan bo‘lsa, ikki xalq orasidagi qarashlarning yaqinligini yana ham chuqurroq bilish uchun o‘ziga kerakli yunon manbalarini o‘rganadi. Muta­xassislarning yozishlaricha, Beruniy yunon tilini yaxshi bilgan. Akademik I.Krachkovskiy ulug‘ olim­ning “Hindiston” asarini mutolaa qilar ekan, u yunon tilini bilganligi shubhasizligini, keyingi yillar­dagi tekshirishlar buni tasdiqlashga asoslar berganligini ko‘rsatib o‘tgan edi. Krachkovskiy M.Meyerxofga havola qilib, uning Beruniy “Sanskrit, yunon, ibroniy, sur­yoniy tillarda o‘qib, o‘ziga kerakli narsalarni arab harfi bilan yoza olganini” qayd qilgandi.


Alloma “Hindiston” asari­ning birinchi bobidayoq hind tili­ning o‘ziga xos xususiyatlarini ochib bergan. Unda yozilishicha, hind tilida boshqa xalqlardagi kabi avvalo lug‘at-tilda o‘zgalik bor. Bu o‘zgalikni hech bir kishi osonlik bilan ketkizolmaydi. Chunki ularning tili [so‘zga] boy va keng; arab tili kabi ma’lum bir narsa biron o‘zakdan olinib, o‘ziga xos qilib belgilangan birmuncha nomlar bilan ataladi. Bu fikrlar hozirgi zamon chet tili o‘rgatish metodikasida talaffuzni o‘rgatishda chet tilidagi, masalan ingliz tilidagi tovushni noto‘g‘ri talaffuz qilish oqibatida butun so‘z(yoki jumla)ning ma’nosi o‘zgarib ketadi, degan fikrga juda yaqindir. Bundan ko‘rinadiki, to‘g‘ri talaffuz qilish­ning ahamiyatini Beruniy o‘n asr oldin ta’kidlab o‘tgan.

Beruniy o‘z asarining 16-bobida ham tilga oid fikrlarni bayon etgan: “Til, so‘zlovchi istagini eshituvchiga yetkazuvchi tarjimondir. Shuning uchun til zamonning biron turg‘un qismi bilan cheklanib qoladi. Agar insondagi so‘zlash quvvati hamma joyga shamol singari yoyiluvchi bo‘lmaganda edi va zamonlardan zamonlarga nafaslar singari o‘tuvchi xat yozish san’atini kel­tirib chiqarmaganda edi, o‘tmish zamonning xabarini, ayniqsa, uzoq zamonlar o‘tganda  hozirgi zamon tillariga qanday ko‘chirib bo‘lar edi?”.  Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, shuni aytish joizki, dunyo tan olgan bobokalonlarimiz ko‘plab fanlar qatori tilshunoslik va til o‘rganish nazariyasi bo‘yicha ham bebaho meros qoldirganki, bu durdonalar hozirgi kunda ham o‘z qadrini yo‘qotmagan. 

Vasila MAMADAYUPOVA,

TDYU “Xorijiy tillar” kafedrasi 

katta o‘qituvchisi

Maqola muallifi

Vasila MAMADAYUPOVA

Vasila MAMADAYUPOVA

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Sport

Ulashish