JAHONNING BIRINCHI LEDISI

Siz nima deysiz? JAHONNING BIRINCHI LEDISI
310
1921-yilning avgustida 39 yashar Franklin Ruzvelt poliomielit kasaliga chalinib, oyoqlari shol bo‘lib qoladi. Shu sababli onasi undan jamoat ishidan uzoqlashishini talab qila boshlaydi. Lekin xotini Eleonora bunga qat’iyan qarshilik qiladi. Xotinining qo‘llab-quvvatlashi bilan Franklin kasallik bilan kurasha boshlaydi, lekin umrining oxirigacha u faqat kolyaska yordamidagina harakatlana olardi. Ko‘p yillar o‘tgach, Eleonora o‘z xotiralarida “erimning kasali meni mutlaqo o‘z oyoqlarim ustida uxlashimga majbur qilar edi...“ deya eslaydi. 1921-1922-yillarning qishini o‘z “hayotidagi eng og‘ir sinov yillari“ sifatida eslaydi. O‘sha payt Franklin Delano Ruzvelt siyosat bilan astoydil shug‘ullana boshlagan yillar bo‘lib, Eleonora ham siyosatga qiziqa boshlaydi. “Erining qiziqishi bilan yashamoqlik har bir ayolning burchidir“, der edi u. Doimo xotini Eleonoraning e’tibori cho‘qqisida, mehrining alangasida bo‘lgan kasalmand Ruzvelt 1932-yilgi AQSH prezidenti saylovida mamlakatni iqtisodiy krizisdan (“Buyuk depressiya“) olib chiqa olmagan o‘z raqibi, amaldagi prezident G. Guver ustidan katta g‘alabaga erishadi. Nyu Yorkda chiqadigan mashhur jurnal bu voqeaga bag‘ishlagan maqolasida jumladan “Ushbu daqiqadan boshlab odamlar tiz cho‘kib turadilar hamda Franklin Ruzvelt Oq Uyga kelgani uchun Xudoga hamd-u sanolar aytadilar“ deb yozadi.

Axir u yillarda Amerikada Buyuk dep­ressiya bo‘layotgan edi hamda Amerika fuqarolari, ayniqsa ishsiz hamda qashshoq bo‘lib qolganlar qan­day yashayotgani haqida prezident ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘lishi katta ahamiyatga ega edi. Prezident asosiy mazmuni yangi ijtimoiy va iqtisodiy islohot bo‘lgan “Yangi yo‘nalish dasturi”ni ishlab chiqadi. Lekin toki aholi hayotda o‘zgarish bo‘lishi shartligiga ishonmagunicha bu dasturni hayotga tatbiq etib bo‘lmas edi. Shuning uchun ham prezidentning xotini kasalmand eri bora olmaydigan shaxtalarga, xarob kulbalarga, kasalxonalarga, yetimxonalarga, fabrikalarga bora boshladi. U turli toifadagi odamlar bilan suhbatlashar, ularga hayotni islohotsiz yaxshilash mumkin emasligini uqtirar edi. O‘sha yillari “Nyu-Yorker“ nomli sati­rik jurnalda karikatura bosilib,  unda yer ostida ishlayotgan shaxtyorlardan biri o‘zining kaylosini orqasiga tashlar ekan, lampani balandroq ko‘tarib boshqasiga “Voy Xudoyim-ey, biz tomon missis Ruzvelt kelayotir“ deyayotgan bo‘ladi. Chunki Amerika aristokratiyasi, traditsionalistlari, rasistlari va turli toifadagi konservatorlari Eleonora­ning “bunday qalang‘i-qasang‘ilar bilan bo‘lgan umumiylik”ni kechira olmas edilar. Amerika fuqarolari qanday yashayotganini ko‘rgan Eleonora Ruzvelt ular­ning qayg‘u-g‘amlarini, tashvish­larini yuragiga yaqin oladi hamda ko‘pam o‘tmay kambag‘al-nochorlar hamda kamsitilganlar, qora tanlilar va ayollar­ning mashhur himoyachisiga aylanadi. U shol eri­ning to‘rt marotaba AQSH prezidenti bo‘lib saylanishida o‘zi­ning ulkan hissasini qo‘shadi. Eri vafot etib ketgach ham o‘zining umuminson baxt-saodati yo‘lida boshlagan ezgu ishini davom ettiraveradi. 1946-yili eri boshchiligida tuzilgan hamda uning tuzilishida o‘zi ham faol ishtirok etgan BMTning Shaxs huquqlari komissiyasi raisi etib saylanadi. Ushbu lavozimda ham uning faoliyati nihoyatda muvaffaqiyatli bo‘ladi: 48 mamlakatning inson huquqlarini kafillab turadigan Deklarat­siyaga qo‘shilishini tashkil etishning uddasidan chiqadi hamda har bir odam ma’lumot, tibiiy yordam olish, ish bilan ta’minlanish hamda erkin ravishda o‘ziga ma’qul dinni tanlash huquqiga ega ekanligini BMTning yuqori minbaridan turib gapiradi va Deklaratsiyaga kirittiradi. Shu bilan birga Inson huquqlari deklaratsiyasi faqat qog‘ozda qolib ketmasdan uning hayotga amalda joriy eti­lishiga ko‘p o‘rinlarda erishadi hamda hayotining qolgan qismini ushbu ezgu ish yo‘liga bag‘ishlaydi. Ruzveltdan so‘ng prezident bo‘lgan Garri Trumen Eleonora­ning inson huquqlari himoyasi borasidagi erishgan yutuqlari haqida gapirar ekan unga “Jahonning birinchi ledisi“ deya baho beradi. 1999-yili Gellap instituti o‘tkazgan tanlovga binoan Eleo­nora Ruzvelt XX asrning eng e’zozli odamlari o‘nligidan joy oladi. Quyida biz Eleonora Ruzveltdan inso­niyatga qimmatli meros bo‘lib qolgan hikmatli so‘zlardan bir nechtasini kel­tiramiz:
•  Erining qiziqishi bilan yashamoqlik har bir ayolning burchidir.
•  Kelajak o‘z orzu-havaslarining go‘zalligiga ishonganlarnikidir.
•  O‘zingizning roziligingizsiz hech kim sizni noraso odamman deya o‘ylanib qolishingizga majburlay olmaydi.
•  Kishining fe’l-atvori bolaligidan boshlab toki o‘lgunicha shakl­lanib boradi.
•  Ayol kishi xuddi quruq choy kabidir. Toki u qaynoq suvda damlanmagunicha hech qachon uning naqadar o‘tkir-quyuq bo‘la olishini bilib bo‘lmaydi.
•  Siz o‘zingiz qaror topgan hamda o‘z qo‘rqinchlaringiz yuziga dadil qaray olgan har bir hayotiy tajriba­ngizdan o‘zingizga kuch, mardlik va ishonch
topasiz.
•  Buyuk aqllar g‘oyalarni muhokama qiladi. O‘rtacha aqllar voqea­larni muhokama qiladi. Yuza aqllar esa odamlarni muhokama qiladi.
•  Kecha bu — tarix, erta  bu – sir, bugun esa – taqdir taqozosi, sovg‘asi.
•  Mabodo siz rostakamiga biror narsa bilan qiziqa boshlasangiz, bu albatta sizni boshqa bir narsaga olib keladi.
•  Qo‘rqinchning ko‘ziga dadil qaralganida kuch, jasurlik hamda ishonch­ga ega bo‘linadi. Qilishingiz mumkin emasdek bo‘lib ko‘ringan narsalarni qilish kerak.
•  Mabodo hayotni bashorat qilish mumkin bo‘lganida edi, u hayotligini hamda o‘z lazzatini yo‘qotar edi.
•  Xafa bo‘lib qolishdan qo‘rqqan­liklari uchun juda ham ko‘plab odamlar yolg‘izlanib qolishadi. Boshqalar biz­larga g‘amxo‘rlik qilishmaydi, hamdard bo‘lishmaydi degan xayol bilan, biz odamlarga g‘amxo‘rlik qilishdan qo‘rqamiz.
•  Biror-bir bajargan ishimni to‘g‘ri deb hisoblagan bo‘lsam doimo dalil, asos, izoh ko‘rsatishga tayyor bo‘lganman, lekin hech qachon kechirim so‘ramaganman.
•  Har kuni senga vahima bo‘lib ko‘rinadigan ishni bajarish kerak.
•  Mabodo o‘zingiz yo‘l qo‘ymasangiz hech kim sizga o‘zingizni yomon his qildira olmaydi.
•  Hayotiy tajriba bizlarga ko‘rsatishicha, doimo kutilmagan voqealar sodir bo‘ladi.
•  Bolalar doimo ularga qaratilmagan suhbatlarni diqqat qilib eshitishadi.
•  Kimki pulini yo‘qotsa ko‘p narsa yo‘qotadi; kimki do‘stini yo‘qotsa undan ham ko‘proq narsani yo‘qotadi; kimki iymonini yo‘qotsa barini yo‘qotadi.
•  Nimaniki ko‘ngling tusasa, shuni qilgin. Chunki seni baribir g‘iybat qiladilar. Buni qilganing uchun seni so‘kadilar, buni qilmaganing uchun ham baribir so‘kadilar.
•  O‘zgalar ushbu siz qilgan ishni ahyon-ahyonda qilishlarini bilganingizda edi, ular siz haqingizda nimalar deb o‘ylayotganlari bilan tashvishlanmagan bo‘lardingiz.
•  Uyg‘onganidan so‘ng o‘rnidan turishga uzoq vaqt sarflovchi odam hamda o‘rnidan turganidan so‘ng uyg‘o­nishiga uzoq vaqt sarflovchi odam hech narsaga erisholmaydi.
•  Qo‘rquvning ko‘ziga tik qaray olinganidagina kuch, mardlik va o‘ziga ishonchga erishiladi. Ko‘zingiz yetmagan ishni qilish kerak.
•  Baxt – bu maqsad emas, balki uchrab qoladigan samara.
•  O‘zingiz o‘zingiz bilan do‘st bo‘lishingiz juda ham ahamiyatlidir, chunki busiz siz bu olamda hech kim bilan do‘st tutina olmaysiz.
•  Yangi kun bilan yangi kuch va yangi fikrlar keladi.
•  Mabodo ona farishtadan eng foydali xususiyatni tug‘ilayotgan farzandiga tilashi mumkin bo‘lganida edi, ushbu tilanadigan in’om bilimga inti­lish, olamga qiziqish bo‘lar edi.
•  Mabodo kimdir sizni sotgan bo‘lsa, bu ularning aybi; mabodo
ular sizni ikkinchi bora ham sotgan bo‘lishsa – endi bunda siz o‘zingiz aybdorsiz.
•  Fahmlash bu ikki taraflama harakatdir.
•  Tarixni, aytaylik Yevropa tari­xi­ni biluvchilar biror-bir dinning ta’limda yoki davlat boshqaruvida ustun bo‘lmoqligi hech qachon biror-bir xalqda omadli bo‘lmaganligi haqida menimcha men bilan hamfikrdirlar.
•  Saylov kampaniyasi bo‘layotgan davrda ayol kishining xulqi: hech qachon kechikib qolma; inson uchun mumkin bo‘lgan darajada juda kamgap bo‘l; avtomobilda suyanchiqqa suyan­ginki, hamma prezidentni ko‘rsin.
•  Men qorong‘ilikni la’natlab o‘tirishdan ko‘ra shamni yoqishni afzal bilaman.
Mansurxon TOIROV,
O‘zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a’zosi,
fizika-matematika fanlari doktori,
professor

Maqola muallifi

Mansurxon TOIROV

Mansurxon TOIROV

Professor

Teglar

  • #Sport

Ulashish