“Mezonlarga asoslangan baholash tizimi”… mezonlarga asoslanganmi?
“Ma’rifat” gazetasining 2024-yil 16-oktabrdagi 42-sonida “Bizga aniq mezonlarga asoslangan baholash tizimi zarur edi!” nomli maqola e’lon qilindi. Unda “mezonlarga asoslangan” deya nom berilgan baholash tizimini joriy qilayotgan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi direktori Dilrabo Davidova bu tizimning bir qancha “afzalliklari”ni sanab o‘tadi. Bu “afzalliklar”ni ko‘rib chiqishdan oldin, keling, “mezonga asoslangan baholash o‘zi nima?” degan savolga javob izlab ko‘raylik.
Testologiya ilmi nuqtayi nazaridan baholash – bu baholanuvchining(o‘quvchi, talabaning) ma’lum bir xususiyatini(bilimi, ko‘nikmalarini) o‘lchash va o‘lchov natijalari asosida xulosalar chiqarishdir. Bu xulosalar esa ma’lum bir qarorlar qabul qilish(masalan, o‘quvchiga o‘zlashtirishdagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga yordam berish, uni keyingi sinfga o‘tkazish yoki sinfida qoldirish, unga maktab shahodatnomasini berish yoki bermaslik va hokazo) uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Xulosa chiqarish uchun o‘lchov natijalari nima bilandir solishtiriladi. O‘lchov natijalarini nima bilan
solishtirishga qarab baholash uch xil bo‘lishi mumkin:
- Normaga asoslangan. Bunda baholanuvchining natijalari u mansub bo‘lgan kategoriya (masalan, shu yoshdagi boshqa o‘quvchilar) natijalari bilan solishtiriladi va shu asosda baholanuvchining bu kategoriyadagi boshqa baholanuvchilarga nisbatan o‘rni aniqlanadi.
- Mezon(kriteriy)ga asoslangan. Bunda baholanuvchining natijalari boshqa baholanuvchilarning natijalari bilan emas, oldindan belgilab qo‘yilgan mezonlar bilan solishtiriladi. Bu mezonlar, masalan, biror-bir fan sohasini(testologiyada bu “domen” deyiladi) bilish darajalari bo‘lishi mumkin.
- Ipsativ baholash. Bunda baholanuvchining natijalari o‘zining oldingi natijalari bilan solishtiriladi va shu asosda uning bilim yoki ko‘nikmalarida oldingiga nisbatan qay darajada o‘sish bo‘lgani haqida xulosa qilinadi.
Yana ham tushunarliroq bo‘lishi uchun yuqoridagi uch baholash turini yugurish musobaqasi misolida ko‘rib chiqaylik. Deylik, siz musobaqa o‘tkazyapsiz va uning sharti – ishtirokchilar muayyan masofani yugurib bosib o‘tishlari kerak. Agar siz normaga asoslangan baholashdan foydalansangiz, kim birinchi, kim ikkinchi va hokazo marraga kelganiga e’tibor berasiz, ya’ni musobaqa ishtirokchilarining natijalarini bir-biri bilan solishtirasiz. Agar siz mezonga asoslangan baholashni qo‘llamoqchi bo‘lsangiz, oldindan ma’lum bir mezonlarni belgilaysiz va e’lon qilasiz: masalan, musobaqada g‘olib bo‘lish uchun shu masofani ma’lum bir vaqt ichida bosib o‘tish kerak. Shunda siz belgilagan mezonga mos kelganlarning barchasi g‘olib bo‘ladi, bu talabga hech kim javob bera olmasa, hech kim g‘olib deb e’lon qilinmaydi. Agar ipsativ baholash asos qilib olinsa, musobaqa ishtirokchilari natijalarini o‘zlarining oldingi musobaqalardagi natijalari bilan solishtirib, qaysi ishtirokchi o‘z natijalarini ko‘proq yaxshilagani bilan qiziqasiz. Albatta, yuqoridagi misol juda soddalashtirilgan bo‘lib, unda baholash ilmiy nuqtayi nazardan o‘z vazifalarini to‘g‘ri bajarishi uchun kerak bo‘lgan bir qancha jarayon va tamoyillar hisobga olinmagan. Bu jarayon va tamoyillarni tushunish uchun testologiyaga chuqurroq kirish lozim bo‘ladiki, ayni maqola doirasida buning imkoni mavjud emas.
Shuni ham hisobga olish kerakki, baholashning yuqorida keltirilgan qaysidir turi yaxshiroq, qaysisidir yomonroq degan tushuncha yo‘q. Baholashning har uch turi teng ravishda valid(asosli) bo‘lib, qaysi turiga murojaat qilish baholash(o‘lchash) natijasida chiqariladigan xulosalarning qanday maqsadda ishlatilishiga bog‘liq. Endi mezonga asoslangan baholash to‘g‘ri ishlashi uchun qanday talablar bajarilishi lozimligini ko‘rsak. Bunda birinchi qadam – baholanuvchilar natijalari solishtiriladigan mezonlar ishlab chiqiladi. Buning uchun baholanadigan fan sohasi(domen)ning chegaralari, baholanuvchilar namoyish qilishi lozim bo‘lgan xususiyatlar, ya’ni bajara olishi lozim bo‘lgan xatti-harakatlar(testologiyada bular “konstrukt” deyiladi) hamda ularni baholash mezonlari aniqlanadi.
Masalan, 7-sinf adabiyot fanini olaylik. Adabiyot bu yerda domen bo‘lsa, biz bu domenning 7-sinf uchun chegaralarini aniqlashimiz kerak bo‘ladi. Deylik, 7-sinfda o‘quvchilar o‘xshatish, sifatlash, ramz kabi tushunchalar bilan tanishadi. Demak, o‘quvchilar badiiy matndagi o‘xshatish, sifatlash, ramzlarni topa olishi va ularning asarda nimaga xizmat qilayotganini tahlil qila olishlari kerak. Bular – konstruktlar. Endi shu konstruktlarni baholash mezonlarini aniqlashimiz kerak: o‘quvchi bu harakatni qaysi darajada bajarsa, uni 7-sinf adabiyot fanini “a’lo”ga o‘zlashtirgan deya olamiz, qaysi daraja esa “qoniqarli” yoki “qoniqarsiz” deb olinadi – bular aniqlanishi lozim. Va albatta, bu – domen, konstruktlar, mezonlar belgilangan hujjat ochiqlanishi, baholanuvchilar undan xabardor bo‘lishlari kerak. Zero, baholashning muhim tamoyillaridan biri – shaffoflik shuni taqozo qiladi. Demak, birinchi savol: Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi shunday hujjat yaratganmi, uni biron-bir ochiq manbada e’lon qilganmi?
Har bir fan va sinf kesimida baholanadigan domen, konstruktlar va ularni baholash mezonlarini belgilaydigan hujjat ishlab chiqilgandan keyingi qadam – bu standartlar belgilash. Testologiyada standartlar belgilash deganda baholanuvchilar test topshiriqlarining qancha qismini bajarsa, qaysi darajadagi o‘zlashtirishni namoyish qilganliklarini aniqlash tushuniladi. Masalan, 7-sinf o‘quvchilariga adabiyot fanidan 10 ta test topshirig‘idan iborat test varianti berildi. Shu topshiriqlardan nechtasini ular bajarsa, “a’lo” baho qo‘yamiz? Nechtasi uchun “qoniqarli” yoki “qoniqarsiz” qo‘yamiz? Bu jarayon shunchaki kimdir “testni falon foizga yechsa 5, falon foizga 4 yoki 3 qo‘yamiz” deb belgilab qo‘yishi bilan amalga oshirilmaydi. Standartlarni belgilashning testologiyada qabul qilingan metodikalari mavjud va bu metodikalar har test topshirig‘i o‘lchayotgan konstruktning chuqur tahlilini taqozo qiladi. Muhimi, standartlarni belgilash jarayoni har bir test varianti uchun alohida o‘tkazilishi lozim, zero, misol uchun, hamma test variantlari uchun umumiy qilib “80% yechsa 5 baho” deb belgilash mezonlarning ishlamasligiga olib keladi. Demak, ikkinchi savol: Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi testologiyaning ilmiy talablariga amal qilgan holda har bir test varianti uchun standartlarni belgilash jarayonini o‘tkazmoqdami?
Agar yuqoridagi ikki savolga “ha” deb javob berishning imkoni bo‘lmasa, markaz joriy qilayotgan tizimni “mezonga asoslangan” deyish mumkin emas. Hali mezonga asoslangan baholash tizimini joriy qilishning boshqa ilmiy talablari haqida indamadik. Masalan, markaz test topshiriqlarining validligini tekshirmoqdami? Axir, validlik har qanday testning yaroqliligini belgilovchi asosiy mezon-ku! Markaz bu test topshiriqlarining tizim joriy qilingan hamma maktablarda baholanuvchilar, ya’ni o‘quvchilar tomonidan bir xil shart-sharoitlarda ishlanishini ta’minlamoqdami? Buning uchun test topshirish protokollari, test payti nazoratchilar(o‘qituvchilar) va baholanuvchilar(o‘quvchilar) rioya qilishi kerak bo‘lgan yo‘riqnomalar ishlab chiqilganmi, ularga rioya qilinishi nazorat qilinmoqdami? Test materiallarining testdan oldingi, test paytidagi va testdan keyingi(test natijalarini qayta ishlash paytidagi) xavfsizligi ta’minlanmoqdami? Zero, bularsiz markaz iddao qilgan “o‘quvchining o‘zlashtirish darajasiga qo‘yiladigan bahoning obyektivligi, aniqligini ta’minlash” mumkin emas-ku! Formativ baholash ta’lim tizimi ishtirokchilarini(o‘quvchilar va o‘qituvchilarni) ta’lim jarayonidagi keyingi qadamlarini belgilash uchun kerakli ma’lumot bilan ta’minlayaptimi, zero uning asosiy vazifasi shu-ku!
Testologiya(baholash) – bu ilm. Shunchaki o‘quvchilar darslikning har bir bobi va o‘quv yilining har bir choragi oxirida BSB va CHSB topshirish qoidasi va bu BSB va CHSBlarga qancha ball berilishini belgilab qo‘yish “mezonga asoslangan baholash tizimi joriy qilindi” deya olishimiz uchun yetarli asos emas. Bunday deya olish uchun baholash tizimi testologiyaning yuqorida keltirilgan va boshqa bir qator ilmiy talablariga javob berishi kerak. Aks holda, “mezonga asoslangan” deyilgan baholash tizimi ko‘zbo‘yamachilik hamda o‘qituvchilar va o‘quvchilarni bekorga ovora qilishdan boshqa narsa bo‘lmay qoladi. Endi markaz joriy qilayotgan va “mezonlarga asoslangan” deb nomlangan baholash tizimining afzalliklari haqidagi iddaolarni ko‘rib chiqsak.
“O‘quvchi o‘z imkoniyatlari va bo‘shliqlarini aniq ko‘ra oladi”. Buning uchun, birinchidan, yuqorida yozilganidek, har bir fan va sinf kesimida baholanadigan domen, konstruktlar, ularni baholash mezonlari e’lon qilinishi, ikkinchidan, har bir baholashdan(BSB-CHSBlardan keyin) o‘quvchiga uning ishi tahlil qilib berilishi, o‘quvchiga qaysi konstruktlarni qaysi darajada egallagani ko‘rsatib berilishi kerak. Bular qilinyaptimi?
“O‘qituvchi ... individiual trayektoriyani belgilab olish va har bir o‘quvchini uning individual qobiliyatini hisobga olgan holda o‘qitish, sinfdagi har bir o‘quvchining o‘zlashtira olmaslik muammosi nimada ekanligini aniq diagnostika qilish imkonini beradi”. O‘quvchilarning o‘zlashtirishdagi muammolari va individual trayektoriyasini belgilash uchun o‘qituvchining qo‘lida ham har bir fan va sinf kesimida baholanadigan domen, konstruktlar, ularni baholash mezonlarini belgilaydigan hujjat bo‘lishi kerak. Zero, o‘qituvchi har bir o‘quvchining test natijalarini shunday hujjat bilan solishtira olsagina o‘zlashtirishdagi bo‘shliqlarni aniqlay oladi. O‘qituvchilar qo‘lida bunday hujjat bormi, ular har bir o‘quvchining test natijalarini shu hujjat asosida tahlil qila oladilarmi? Yana bir muhim narsa: o‘zlashtirishdagi muammolarni aniqlash va shu asosda keyingi qadamlarni belgilash summativ emas, formativ baholashning vazifasi emasmi, axir bo‘shliqlar summativ baholash orqali aniqlanganda qandaydir qadamlar qo‘yishga anchagina kech bo‘ladi-ku? “Ota-onalarga farzandining ta’lim olish va o‘zlashtirish darajasi dalillarini olish, ta’limdagi yutuqlarini kuzatish, ta’lim olish jarayoniga yordam berish... imkonini beradi”. Yana o‘sha gap. Ota-ona farzandiga yordam bera olishi uchun uning qo‘lida shunchaki farzandining baholari (ballari) haqidagi ma’lumot emas, farzandi aynan qaysi konstruktlarni qay darajada egallaganligi (sodda qilib aytganda, nimani qay darajada qila olishi) tahlillari bo‘lishi kerak. Ota-onaga bunday tahlillarni yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yilganmi?
Haqiqatda mezonga asoslangan baholash tizimi o‘z vazifalarini bajara olishi uchun u testologiyaning
ilmiy talablariga javob berishi, ta’lim tizimi ishtirokchilari va manfaatdor tomonlarga(o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ota-onalar, maktab ma’muriyati, vazirlik) o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlari va muammolarini haqiqatda tahlil qilish imkonini beradigan valid ma’lumotlar bilan ta’minlay olishi kerak. Hozircha esa bir o‘qituvchi yozganidek, tizim faqat o‘qituvchilarni “baxtiyor” qilayotganini ko‘ryapmiz, xolos: “Bu yil summativ baholashga o‘tdik. Qog‘ozlar, BSB va CHSBlar orasida shunaqa baxtlimanki, baxtdan har kuni boshim yorilay deydi”.
Komil JALILOV,
mustaqil tadqiqotchi
Shu kecha va kunduzda
SUN’IY INTELLEKT: TILSHUNOSLAR ENDI NIMA QILADI?
GENERAL VA YOSHLAR UCHRASHUVI
Robot fikrlay oladimi? Yoxud fizikadan 2024-yilgi Nobel mukofoti neyroto‘r kashfiyotchilariga berilgani haqida
XO‘JALIK MUDIRI EKANIMDAN FAXRLANAMAN! yoxud shu maoshga roziman!
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank