O‘ZBEK TILIDA XORIJIY SO‘ZLAR

Aks sado O‘ZBEK TILIDA XORIJIY  SO‘ZLAR
298



Hech bir til o‘z qobig‘iga o‘ralib olib rivojlangan emas. Chunki har qanday til ham o‘z ichki imkoniyatlari orqali ham  xorijiy tillardan foydalanib taraqqiy etadi. Ammo xorijiy tilning har qanday ta’siri milliy tilning o‘zligiga putur yetkazmagan holda amalga oshishi kerak. Xo‘sh, shu nuqtayi nazardan qaraganda, bugungi o‘zbek tili chet so‘z yoki shakllarning ta’sirida shikast topmayapti, deb ayta olamizmi?


Bu savolga muayyan misollar va ularning tahlilisiz to‘liq javob  berish qiyin, albatta. O‘zbek tili tarixan tojik va arab tillaridan ko‘p so‘z olgan. XX asrda esa rus tilining ta’siri keskin kuchaydi. Boshqa G‘arb tillarining ta’siri ham, asosan, rus tili orqali kechdi. Ammo o‘tgan asrning oxirgi o‘n yilligidan boshlab tilimizga ingliz va o‘zga G‘arb tillarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri  ta’sirida ham so‘zlar kirib kelyapti.


So‘z bir tildan ikkinchisiga shundayicha, ya’ni sof holda o‘tmaydi. U  ba’zan o‘zining turli  shakllari bilan kirib keladi. Shuning uchun har bir so‘zning bir tildan ikkinchi tilga o‘tishi muayyan muammolarni paydo qiladi.   Bu muammolar esa ikki tilning o‘zaro “kelishuvi” asosida hal qilinadi. Unaqasiga ham, bunaqasiga ham masala so‘zni chetdan qabul qilayotgan til zarariga hal etilmasligi zarur.


Ommaviy axborot vositalari materiallarini tahlil etgan holda aytish mumkinki, tilimizda aynan ana shu xorijiy lisonlardan kirib kelgan so‘zlar va ular bilan bog‘liq shakllarni ishlatishda ko‘pdan-ko‘p xatolarga ham yo‘l qo‘yilyapti.  “Fan nomzodi”, “fan doktori” tushunchalari o‘zbek tilida ruschaning ta’sirida paydo bo‘lgan. Rus tilida “кандидат филологических наук”, “кандидат юридических наук” bir qolipdagi birikmalar hisoblanadi. Bunda “филологических” va “юридических” so‘zlari sifat tarzida kelgan. Ammo o‘zbekchaga bu ikki tushunchani ikki xil qoidaga asosan tarjima qilganmiz:

a) “филологических наук” birikmasi aslidagidek sifatlovchi-sifatlanmishga emas,  “filologiya fanlari” degan aniqlovchi-aniqlanmishga aylantirilgan, nazariy jihatdan “filologik fanlar nomzodi” deyish ham mumkin edi;

b) “юридических наук” birikmasi aslidagidek “yuridik fanlar” degan sifatlovchi-sifatlanmish tarzida tarjima qilingan, chunki “yuridika fanlari” deyishning imkoni yo‘q.


Ammo ko‘pchilik tayyor qoliplarni o‘zlashtirishga, imkon qadar shakllarda birxillik bo‘lishiga moyil.  Shuning uchun ham xatoga yo‘l qo‘yilaveradi. Matbuotda “yuridik fanlari nomzodi” degandek bir ortiqcha “i” bilan yozishlarga duch kelaveramiz. “Milliy akademik teatrida” birikmasida ham xuddi shunday xatoga yo‘l qo‘yilgan, undagi egalik qo‘shimchasi (-i) ham ortiqcha;

Tilimizda “haqiqatan” degan kirish so‘zi bor. Lekin shunga ma’nodosh “chindan”, “rostdan” degan shakllari­miz ham mavjud-da. Keyingi ikki so‘zda o‘zbek tilidagi chiqish kelishigi qo‘shimchasi qo‘shilgan. “Haqiqatan” desak, so‘zi ham, qo‘shimchasi ham tamoman arabchadan aynan o‘tgan bo‘ladi. Kelishib olinganki,  “haqiqatan”   shakli ma’qul.  Chunki “tabiatan”, “daf’atan”, “mohiyatan”, “zotan”, “aslan”  degan ko‘plab shu  shakldagi so‘zlarimiz  ham yo‘q emas-da. Shunga qaramasdan,  “haqiqatdan ham” deb xato ishlatish davom etayotibdi. Tabiatda bo‘lgani kabi tilda ham zararkunandalar uchraydi. “Zararkunanda” so‘zi “zarar yetkazuvchi”, “xalaqit qiluvchi”, “ziyon keltiruvchi” degan ma’nolarni anglatadi. Til amaliyotida ana shunday zararkunandalarga  ko‘p duch kelayotganimiz kishini tashvishga soladi.


“Tilimizning zararkunandalari” deganda adabiy til me’yorlarining turli shakllardagi buzilishini ko‘zda tuta­miz. Tilimizdagi zararkunandalar ommaviy axborot vositalari materiallari, shuningdek, diniy mutaxassislar­ning yozma va og‘zaki nutqida ko‘proq uchrayapti.  Bu zararkunandalarni, shartli ravishda, quyidagi toifalarga bo‘lish mumkin:
– talaffuz me’yorlarining buzilishi;
– so‘z yasovchi yoki so‘z o‘zgartiruvchi qo‘shimchalarning buzib ishlatilishi;
– so‘zlarni asl ma’nosidan kelib chiqmagan holda qo‘llash;
– hozir ishlatilmay, eskirib qolgan so‘zlarni iste’molga kiritish orqali odamlarni chalg‘itish;
– muayyan so‘zni tagmatn (kontekst) mazmuniga mos kelmaydigan ma’nodoshi (sinonimi) bilan almashtirgan holda ishlatish;
– o‘zbek tilida faqat ibora tarkibidagina keladigan so‘zni mustaqil so‘z sifatida buzib qo‘llash;
– so‘zlarni tegishli shaxs qo‘shimchasini buzgan holda ishlatish va hokazo.


Tilimizning ommaviy axborot vositalari orqali chi­qishlardagi buzilishlari ko‘payib boryapti. Bu buzilishlar­ning bir qismi bevosita xorijiy tillardan kirib kelgan so‘z va shakllarni qo‘llashda ro‘y berayotir. 


Hozir tilimizda “maorif” so‘zi – yo‘q, chunki bunday tizim rasman “ta’lim” yoki “xalq ta’limi” deyiladigan bo‘lgan. Hozir, “maktabgacha ta’lim”  va “maktab ta’limi” ifodalari ommalashdi. Hatto, hozirgi paytda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashkil etilgan. Ammo ayrim gazetalar ba’zan “maorif” so‘zini qo‘lla­yapti. Bu – xato. “Gap bo‘lishi mumkin emas” degan  ibora, aslida, “нет слов” (yoki “не может быть слов”) iborasi­ning kalkasi, ya’ni so‘zma-so‘z tarjimasi sifatida paydo bo‘lgan. Biroq ifodalaydigan ma’nosi jihatidan u bilan  o‘zimizdagi “gap-so‘z bo‘lmoq” iborasi o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Ko‘plar birinchisi o‘rniga ham ikkinchisini ishlataveradi: “Tamom!” degan fikr o‘tdi yigitning xayolidan. Gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Mahzuna bu! Ammo...” (Abdunabi Hamro. Vaqt daryosi. Hikoyalar. T.: “O‘zbekiston” nashriyoti. 2009. 130-bet).  “Gap bo‘lishi mumkin emas” degani – “bo‘ldi”, “tamom”, “shubhasiz” degani. “Gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas” degani “bu haqda mayda-chuyda g‘iybat-ig‘vo gaplar tarqalmaydi”  degani. Ma’no jihatidan bu ikkisi o‘rtasida juda katta farq borligi ko‘rinib turibdi.


 Turkiy tilning “temir” qonuniga binoan, dona sondan keyingi ot, albatta,  birlikda keladi: “10 ta maktab”, “500 ta traktor”, “40.000 ta quti”, “100 nafar o‘quvchi”, “50 bosh qo‘y”... O‘rinsiz ravishda shu otlarga  “-lar” ko‘plik qo‘shimchasini qo‘shish – xato. Afsuski, bunday xatoga yo‘l qo‘yadiganlar bunday xatoga yo‘l qo‘ymaydiganlardan ko‘ra ko‘p. Bu aslida, hind-evropa oilasiga mansub tillardan tarjima oqibatida paydo bo‘lgan. Masalan, rus tilida 1, 2, 3 va 4 va ular bilan tugaydigan dona sonlar birlikda (“1 рубль”, “2 рубля”, “3 рубля”, “4 рубля”), 5 dan 20 gacha bo‘lgan dona sonlar ko‘plikda va родительний падежда (“5 рублей”, ... “20 рублей” va hokazo) ifodalanadi. “Yurak”, “qalb”, “dil”,  “ko‘ngil” so‘zlari – o‘zaro ma’nodosh (ya’ni sinonim). Bu qatordagi “qalb” so‘zi – arabchadan,  “dil” esa tojikchadan bizga o‘tgan.  Lekin bu to‘rt so‘zdagi o‘zaro ma’nodoshlik zinhor-bazinhor biri­ning o‘rniga ikkinchisini qo‘llayverish imkonini bermaydi. Binobarin, “Ko‘nglim qonatding” deb bo‘lmaydi.  Yurak qonashi mumkin, ko‘ngil qonamaydi-ku. Dil – og‘riydi; ko‘ngil – qoladi, cho‘kadi; yurak – dosh bermaydi, o‘ynaydi, qonaydi; qalb – darz ketadi, larzaga keladi va hokazo. Bilish kerakki, chet tilidan kirgan so‘z shu tilning o‘zidagi ma’nodoshining barcha vazifalarini bajarishni bo‘yniga olavermaydi. 


“Ona tili” so‘z birikmasi ham tilimizda ruscha “родной язык” birikmasini tarjima qilish orqali XX asrda paydo bo‘lgan. Chunki ungacha bo‘lgan davrdagi o‘zbek adabiyoti namunalarida “ona tili” ifodasini uchratmaymiz. “Родной” sifatining o‘zagi – “родить”. Agar so‘zma-so‘z o‘girsak, bundan “tug‘ishgan til”, “tug‘ilgandagi til” degan ma’no chiqadi. Kimdir yuz yilcha muqaddam tarjimaga ijodiy yondashib, to‘g‘ri yechim topgan va buni “ona tili” deb o‘girgan. Baraka topsin. Ammo bu endi birlikdagi uchinchi shaxsda turibdi. Shuning uchun,  o‘zbek tili tabiatiga ko‘ra, unga birlikdagi birinchi  shaxsning qo‘shimchasini qo‘shib, “ona tilim” deyish xato. Chunki “ona tili” deganda qaratqich kelishigining “-ning” qo‘shimchasi bor, faqat u aks  etmayapti, xolos. Chunki turkiy tillarning shunday imkoniyati borki, “-ning”ni ishlatmasdan, ya’ni tushirib qoldirganda ham u vazifasini bajaraveradi, masalan, “maktab o‘quvchisi”, “davlat idorasi”. Holbuki, aslida, bu yerda “maktabning o‘quvchisi”, “davlatning idorasi” ko‘zda tutilyapti. “Ona tilim” desak, “onamning tilim” bo‘lib qoladi. “Ona tilim” deb qo‘llab yotibmiz,  xato bilan ishimiz yo‘q. Buni ba’zilarning “Adabiyot gazetamiz” deb gapirishi yoki yozishida ham ko‘ramiz. Holbuki, uchinchi shaxsda “Ada­biyot gazetasi” deyish mumkin, uni birinchi shaxsga olib bo‘lmaydi. Xuddi shunday, “Yozuvchilar uyushma­miz”  deb ham bo‘lmaydi. 


“Ona tili” birikmasi “ona suti” bilan bir xil shakl­ga ega. “Ona sutim” deb bo‘lmagani kabi “ona tilim” deyish ham to‘g‘ri emas.   “Ona qizim” deyish boshqa masala. Chunki bu yerda asl birikma “ona qiz”. Bu – bitishuv, moslashuv emas. “Ona Vatan”ni ham “ona Vatanim” tarzida birinchi shaxsga bo‘ysundirish mumkin. Biroq “ona tili”ning o‘zi uchinchi shaxsda, ya’ni “onaning tili”. Shu muam­moni ichdan sezgani uchun ham Abdulla Qahhor “ona tilisi” deb, ikki karra egalik qo‘shimchasi bilan ishlatgan: “Ko‘pgina oilalarda bolalar o‘z ona tilisini  mutlaqo bilmaydi. ...Ba’zi bir oilalarda bola o‘z ona tilisida gapirgani nomus qiladi!”.


“Misra” va  “satr” so‘zlari tilimizga arabchadan kirib kelgan. She’riy matn haqida gap ketayotgan bo‘lsa, ularni bemalol bir-birining o‘rnida ishlataversa bo‘ladi. Xoh nasriy matnda bo‘lsin, xoh nazmiy matnda bo‘lsin, bir qatorni “satr” deyish mumkin. Lekin “misra” so‘zi “satr” bilan teng kuchga ega emas. Chunki  “misra”  faqat she’rdagi bir qatornigina anglatadi. Shuning uchun tahririyatga kelgan xatlar tahliliga bag‘ishlangan maqolaga  “Misralarda aks etgan ko‘ngil kechinmalari”  deb sarlavha qo‘yishning hech iloji yo‘q edi. 


O‘zbek tilida “ro‘yob” so‘zi bor. U  faqat “ro‘yobga chiqmoq” iborasidagina keladi. Alohida so‘z sifatida ishlatilmaydi. Chunki u o‘zi tojik tilidagi “ro‘i ob” (ya’ni “suvning yuzi”) so‘z birikmasidan iborat. Bizda ibora­ning tarkibiy qismiga aylanib ketgani uchun qisqartirilib, “ro‘yob” tarzida qo‘shib yoziladi.  “Ro‘yob” so‘zi “ro‘yobga chiqmoq” iborasida uchragani uchungina 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga kiritilgan. Lekin unda faqat ana shu “ro‘yobga chiqmoq” iborasining uchta ma’nosigina sharhlangan, xolos:

“1) yuzaga chiqmoq, amalga oshmoq; ushalmoq. Inshoollo, shu kunlarda xalqning ozodligi uchun jonini tikkan jadid­larning ezgu niyatlari ro‘yobga chiqib, ularning avlodlari mustaqillikning gashtini surmoqdalar. Gazetadan.  Turmushda kishining tuzgan rejalari hamma vaqt ham ro‘yobga chiqa bermas ekan. O. Yoqubov. “Ikki muhabbat”; 2) namoyon bo‘lmoq, voqelanmoq. Fikr til materiali bazasidagina ro‘yobga chiqadi; 3) aynan ro‘shnolikka chiqmoq qarang ro‘shnolik.  Boyoqish ancha ro‘yobga chiqib qoldi. Oybek, “Oltin vodiydan shabadalar” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 5 jildli. 3-jild. T:. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. 2007. 404-bet). 


Shunga qaramasdan, “Orzular ro‘yobi yo‘lida”, “Oliy maqsadimiz ro‘yobi” sarlavhalarida ibora buzilib, sun’iy ravishda “ro‘yob” degan ot paydo qilingan. Hozirgi paytga kelib “ro‘yob” so‘zini xato tarzda ot sifatida qo‘llab, sarlavhada ishlatmaydigan gazeta qolmadi hisob. Tilimizda hanuzgacha hal qilib berilmagan shunday ko‘plab masalalar ham borki, tilshunoslik ilmi bunday muammolarning qat’iy yechimini topmagani uchun xatoliklar ham kelib chiqyapti va ko‘paygandan-ko‘payib borayotir. Bu muammolar orasida  bevosita xorijiy tillardan kirgan so‘z va atamalar bilan bog‘liq masalalar ham ko‘p. 


Masalan, “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuyi” deymiz. Yaxshi. Demak, bosh so‘z – “majmu”. Unga egalik qo‘shimchasini qo‘shsak,  “majmuyi” shakli hosil bo‘ladi. Ammo keyingi jumlani “bu majmu” deb boshlaymizmi? Buning iloji yo‘q-da. Til ko‘tarmaydi. Shuning uchun “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham “majmu” so‘zining bosh kelishikdagi shakliga tushadigan bironta misol keltirishning iloji bo‘lmagan, bu so‘zning faqat  egalik qo‘shimchasi bilan ishlatilgan shakli namuna qilib berilgan (O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 5 jildli. 2-jild. T:. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. 2006. 523-bet). Bosh so‘zni  “majmua” deb olsak, to‘g‘ri bo‘ladi. Faqat endi egalik  qo‘shimchasini qo‘shganda  “majmuasi” deb ishlatishni unutmasak, bas.



Xullas, tilimizdagi xorijiy so‘zlar bilan bog‘liq bir talay muammo mavjud. Eski tilshunosligimizda “g‘alati mashhur”  degan tushuncha bor. Bu  nimani anglatadi? Tildagi bir xato takrorlana-takrorlana, oxiri odamlar, ya’ni ko‘pchilik tarafidan faqat ana shu xato holati to‘g‘ri deb qabul qilinadigan bo‘lib ketadi. Ana shuni “g‘alati mashhur” deyishgan.

 

Masalan, asli arabcha bo‘lgan “basir” so‘zi “ko‘zi o‘tkir”, “kuchli ko‘ra oladigan”, “o‘ta ziyrak” degan ma’nolarni bildiradi. Ammo bizda u hozir “ko‘r” ma’nosi­ni bildiradigan bo‘lib ketgan. Endi o‘quvchi bu kalimani eski o‘zbek tilidagi manbalarda uchratsa, “o‘tkir ko‘zli” deb, hozirgi o‘zbek tilidagi manbada o‘qisa, “ko‘r”, “so‘qir” deb qabul qilishi kerak. Holbuki, bular bir-biridan farq qiladigina emas, hatto, o‘zaro tamoman teskari ma’nolarni ifodalaydi. Oxiri, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham ana shunday bir-biriga zid ikki ma’nosini qayd etishga majbur bo‘lindi (Qarang: O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 5 jildli. 1-jild. T.: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. 2006. 174-bet). Bu esa til uchun yaxshi hodisa hisoblanmaydi. 


Hech bir til g‘alati mashhurlarning ko‘payib ketishidan manfaatdor emas.  Tilimizning tozaligi, undagi muammolar oqilona yechimlarini topishi uchun tinimsiz kurashish kerak. “Nutq madaniyati”  deymizmi, “amaliy tilshunoslik” deymizmi, hattoki, “til tanqidchiligi” deymizmi, bundan qat’i nazar, tilshunosligimizda jarayonga bevosita ta’sir o‘tkazib turadigan shunday bir sohani rivojlantirishga katta ehtiyoj bor.  Tilshunoslarimiz adabiy til himoyasi uchun bel bog‘lashi, buning uchun ommaviy axborot  vositalari xizmatidan unumli foydalanishi zarur. Aks holda, xatolar tipiklashib, tobora ommalashib ketaveradi. Keyin bu jarayonni to‘xtatib qolishning ham, orqaga qaytarishning ham iloji bo‘lmay qoladi. 


Sultonmurod OLIM,

filologiya fanlari doktori, 

Toshkent amaliy fanlar universiteti professori


Maqola muallifi

Sultonmurod OLIM

Sultonmurod OLIM

Professor

Teglar

  • #Sport

Ulashish