ADOLAT HIMOYACHISI BO‘LISHNI ISTAGANLAR ADOLATSIZ QOLMOQDA
2024-2025-o‘quv yili uchun OTMga kirish imtihonlarini 14-15-iyul kunlari huquq yo‘nalishidagi abituriyentlar boshlab berdi. 14-iyul kuni test yechgan abituriyentlarning natijalari chiqib ulgurmasdanoq ijtimoiy tarmoqlarda imtihondagi test savollari rasmiy tasdiqlangan adabiyotlardan tushmaganligi haqidagi noroziliklar tarqala boshladi. 15-iyul kuni testga kirgan abituriyentlar ham xuddi shu sabab bilan o‘z natijalaridan mamnun emas.
Abituriyentlarning aytishicha, ularga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksidagi sanksiyalar haqida savol tushgan. Ba’zi abituriyentlar test varaqasida bu turdagi savollar miqdori 7-8 tani tashkil qilgan. Ushbu savollar manbasi huquq fanidan belgilangan adabiyotlar ro‘yxatiga kiritilmagani bilan birga, 132 mingta bunday hujjat borligini hisobga olsak abituriyentlar uchun darajasi ancha-muncha murakkab.
Bu haqida huquqshunos bloger, Oʻzbekiston milliy axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z telegram sahifasida quyidagicha fikr bildirgan:
“Kecha testga kirgan abituriyentlarning aytishicha, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda qaysidir qilmishga qanaqa jazo nazarda tutilgan degan savollar ham tushgan emish. Ya’ni sanksiya qismini so‘rashibdi.
Agar bu gap rost bo‘lsa, testda bir donagina bo‘lsa ham shunaqa savol tushgan bo‘lsa, unda bu sharmandalikdan boshqa narsa emas. Bunaqa savol tuzgan ekspertni butun umr “qora ro‘yxat”ga tiqib, hech qachon testlarga yaqinlashtirmaydigan qilish kerak.a
Rahmatli ustozimiz Omonulla Madayev tili bilan aytganda, bunaqa savollarga “farzandi yo‘q odam tuzgan savol” deb ta’rif berish mumkin.
Biz Yuridik institutda o‘qib yurgan paytlarimizda ustozlarimiz sanksiya qismini yodlashni taqiqlagan edi. Sababi, qonunlar tez o‘zgaradi, buni yodlash befoyda. Undan ko‘ra, mazmunini tushunish kerak. Boz ustiga yurist doim qaror chiqarishdan oldin, kodeksni qayta ochib, yana bir marta o‘qib, keyin xulosa qilishi kerak, faqat xotirasiga ishonish aksincha chalg‘itadi. Uchinchidan, sanksiyalarga qat’iy amal qilinmaydi, sudya vaziyatdan kelib chiqib, umuman o‘sha modda sanksiyasida ko‘rsatilmagan yengil jazoni ham berishi mumkin”.
Abituriyent va blogerlarning test savollari yuzasidan noroziliklariga nisbatan Bilim va malakalarni baholash agentligi quyidagicha munosabat bildirdi:
“Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 6-noyabrdagi qarorida davlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirish uchun test sinovi topshiriqlarini tuzish va ekspertizadan o‘tkazishning yangi tartibi joriy qilinishi va test sinovi topshiriqlari davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari asosida tuzilishi belgilangan.
Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda huquqshunoslik fanlaridan ham test topshiriqlari amaldagi DTS va o‘quv dasturlari asosida shakllantirilgan bo‘lib, oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarida huquqshunoslik fanlaridan foydalaniladigan test varianti tafsiloti Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy saytida e’lon qilingan.
Shuningdek, abituriyentlar oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rishlari uchun o‘qishga tavsiya etilgan darsliklar va o‘quv adabiyotlar ro‘yxati ham agentlik saytida joylashtirilgan bo‘lib, huquqshunoslik fanlari bo‘yicha test topshiriqlari normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni inobatga olgan holda shakllantirilishi, qonun hujjatlariga belgilangan tartibda o‘zgartirish kiritilganda qonunning asl manbayi (O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi – lex.uz. sayti)ga murojaat qilinishi bo‘yicha ham ma’lumotlar e’lon qilingan.
2024-2025-o‘quv yili qabuli test sinovlarida foydalanilgan va abituriyentlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan test topshirig‘ida O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish yoki ota-onalar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida so‘ralgan. Shu kabi test topshiriqlarini shakllantirishdan maqsad aynan huquqshunoslik yo‘nalishini tanlash istagida bo‘lgan abituriyentlarning shu sohada umumiy o‘rta ta’lim maktabida va akademik litseylarda olgan bilimlarini sinash, qolaversa, bu bilimlarni kundalik hayotda duch keladigan misollar orqali qay darajada tatbiq qila olishlarini aniqlashdan iborat.
Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha shakllantiriladigan test topshiriqlari butun hujjat asosida emas, balki o‘quv dasturida keltirilgan qismidan tuziladi. Shunga ko‘ra huquqshunoslik fanlaridan test topshiriqlarini shakllantirishda ham amaldagi DTS va o‘quv dasturlaridan chetga chiqish holatlari bo‘lmagan”.
Munosabatda agentlik savollar belgilangan adabiyotlar ro‘yxatidan chiqmagan holda tuzilganini aytgan. Lekin, adabiyotlar ro‘yxatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, sanksiyalar haqida ma’lumot berilgan birorta adabiyotga ko‘zingiz tushmaydi (1-jadval).
Ko‘rinib turibdiki, agentlik munosabatidagi vajlar haqiqatga zid. Shu sabab ushbu
bayonot yana abituriyent va blogerlar “hujum”iga uchradi. Xususan, Xushnudbek Xudoyberdiyev telegram sahifasida agentlik munosabatiga nisbatan quyidagicha fikr bildirdi:
“Xullas, bayonotda 2 ta masala aytilgan:
1) qonun hujjatlaridan savol tuzishimiz mumkin – bu YOLG‘ON;
2) savollarimiz “chyotkiy”, hech qanaqa muammosi yo‘q – bu SAFSATA.
Birinchi yolg‘onga kelsak, UzBMB saytida huquqshunoslik fanidan tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxatida faqat 5 ta manba berilgan xolos. Ularning 4 tasi darslik, 1 tasi O‘zbekiston Konstitutsiyasi.
Ushbu manbalarda mavjud bo‘lmagan birorta savol berishga UzBMBning haqqi yo‘q.
Pastda kichkina izohda aytilgan gapni esa mutlaqo noto‘g‘ri talqin qilishyapti. Ya’ni izohda savollar eng oxirgi o‘zgarish va qo‘shimchalarni inobatga olib tuziladi deyilgan. Lekin bu biz istalgan normativ-huquqiy hujjatdan savol tuzishga haqqimiz bor, degani emas. Bu shunchaki yuqoridagi 5 ta manbadan savol tuzilayotganda qonunchilikdagi o‘zgarishlarga qaraymiz degani.
Masalan, 3 yil oldin chiqqan darslikda senatorlar soni 100 ta ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 65 nafarga tushgan. Demak, shunaqa payti darslikdagi eski ma’lumotdan savol tuzilmaydi, degani. Ammo UzBMBdagi “aqllilar” o‘zicha bu izohni istalgan qonun hujjatidan savol tuza olamiz, deb o‘ylashibdi. Xullas, UzBMBning bu ishi huquqiy asosga ega emas va bu qonun buzilishi, deb baholanishi kerak. Ikkinchi safsataga kelsak, UzBMB savolda qaysidir qilmish uchun Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda qanaqa jazo berilgani, ya’ni sanksiyasi so‘ralganini to‘g‘ri deb hisoblashini aytibdi. Bo‘pti, kelishdik, bitta ish qilamiz. Agar Konstitutsiyaviy sud raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov, Oliy sud raisi Baxtiyor Islamov, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov JK va MJtKdagi hamma moddaning sanksiyasini yoddan bilsa, men shunchaki qoyil qolaman va adashibman deb uzr so‘rayman. Agar ular ham yoddan bilmasa, unda UzBMB xatosini tan oladi, kelishdikmi?”
Agentlik ketma-ket noroziliklarga uchrashiga qaramay, o‘z xatosini tan olishni istamadi va bu masala yuzasidan ikkinchi marta munosabat bildirdi. Ikkinchi munosabat ham birinchisidan deyarli farq qilmaydi. Uni quyida o‘qishingiz mumkin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Taʼlim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 6-noyabrdagi qarorining 9-bandiga koʻra 2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat oliy taʼlim tashkilotlariga kirish uchun test sinovi topshiriqlarini tuzish va ekspertizadan oʻtkazishning yangi tartibi joriy qilinishi, test sinovi topshiriqlari davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlari asosida tuzilishi, test sinovi materiallarining maʼno-mazmuni umumiy oʻrta taʼlim tizimidagi fanlarning oʻquv dasturlariga moslashtirilishi belgilangan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2018-yil 3-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 8-bandiga asosan test topshiriqlari umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining umumtaʼlim fanlari oʻquv dasturlariga muvofiq tuzilishi koʻrsatilgan. Huquqshunoslik fanlari tez oʻzgaruvchi ijtimoiy fan ekanligi, qonun hujjatlari yangilanishi bilan darslikdagi maʼlumotlar eskirishi, amaldagi qonun hujjatlari bilan har bir fuqaro muntazam tanishib borishini inobatga olish lozim. Qonun hujjatlari yangi tahrirda qabul qilinsa-da, oʻquv dasturidagi mavzular oʻzgarmay qolaveradi. Yuqoridagilarni inobatga olib, huquqshunoslik fanlari boʻyicha test sinovi materiallari amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar asosida shakllantirilgan va test topshiriqlarining maʼno-mazmuni huquqshunoslik fanlari oʻquv dasturiga moslashtirilgan. Abituriyentlar oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlariga tayyorgarlik koʻrishlari uchun oʻqishga tavsiya etilgan darsliklar va oʻquv adabiyotlari roʻyxati ham agentlik saytida joylashtirilgan boʻlib, huquqshunoslik fanlari boʻyicha test topshiriqlari normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni inobatga olgan holda shakllantirilishi, qonun hujjatlariga belgilangan tartibda oʻzgartirish kiritilganda qonunning asl manbayi (Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi – lex.uz. sayti)ga murojaat qilinishi boʻyicha ham maʼlumotlar eʼlon qilingan. Qolaversa, umumiy oʻrta taʼlim tizimida chop etilgan oʻquv darsliklarining soʻngida QR-kod yordamida olinadigan huquqiy-meʼyoriy hujjatlar roʻyxati keltirilgan”.
Deylik, agentlikning gaplari to‘g‘ri bo‘lsin. Unda nimaga agentlikning rasmiy sahifalarida e’lon qilingan huquq fanidan namunaviy test savollari ichida bitta ham sanksiyalarga oid savol yo‘q? Abituriyentlar namunaviy test savollari ichida bitta bo‘lsin sanksiyaga oid savol ko‘rganda shuning hisobini olgan holda imtihonga tayyorlanmasmidi?!
Bilim va malakalarni baholash agentligining navbatdagi munosabati ham muammoga yechim bera olmadi. Qaytanga noroziliklarni yanada kuchayishigagina xizmat qildi xolos.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev telegram sahifasida abituriyentlarni agentlikni sudga berishga chaqirdi va shunday dedi:
“Bu gaplarning ma’nosini munosabat yozganlarning o‘zi ham tayinli tushunmasa kerak.
Undan ko‘ra, maqsadimiz yurist bo‘lmoqchi bo‘lganlarni sindirish, aholining huquqiy savodxonligini oshirmaslik, jamiyatda yurist kadrlar tanqisligini ta’minlash, deb ochiq aytaverish kerak.
Ushbu agentlik zudlik bilan isloh qilinishi shart! Bilimlarni sinaymiz degan niqob bilan turli fitna va safsata to‘qib yoshlarni sindiradigan, jamiyatni huquqiy savodsiz qilishga intiladigan bunaqa agentlikning boridan yo‘g‘i yaxshi”.
Bu masala yuzasidan faqat jamoatchilik faollarining fikri bilan cheklanmay, Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi, 1-darajali yurist, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Akmal Sodiqovning munosabatini ham keltirib o‘tamiz:
– OTMga kirish imtihonlarida abituriyentlarni ogohlantirmasdan rasmiy tasdiqlangan adabiyotlar ro‘yxatidan tashqari savollar kelib tushganligi ko‘plab abituriyentlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Kirish imtihonlari test jarayonlarida ishtirok etgan bir nechta abituriyent bilan o‘tkazilgan suhbat, ijtimoiy tarmoqlar hamda ommaviy axborot vositalarida abituriyentlar tomonidan bildirilgan e’tirozlar umumlashtirilgan holda, quyidagi savollar ro‘yxatda ko‘rsatilmagan manbalardan tuzilganini aytish mumkin:
♦️ Shaharlar va boshqa aholi punktlarida it va mushuk boqishning qoidalarini buzish qanday jazo choralarini qo‘llashga sabab bo‘ladi? (Manba. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 110-moddasi)
Mazkur savolni tuzishda 10-sinf “Davlat va huquq asoslari” (2017-yilgi nashr) darsligining 50-betida “Sizningcha, nima uchun quyidagi qoidalarni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi?” jumlasi keltiriladi. Biroq darslikda mazkur huquqbuzarlik uchun qanday jazo qo‘llanilishi (masalan, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ndan bir qismidan ikkidan bir qismigacha, mansabdor shaxslarga esa – ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima) keltirib o‘tilmagan. Shuningdek, darslikda aynan mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga murojaat qilish uchun havola yoki “qarang” jumlasi berilmagan. Shuningdek, hattoki amaliyotchi huquqshunoslar ham yod olmaydigan sanksiyalarni abituriyentlardan talab etish test jarayonlarining adolatlilik hamda maqsadga muvofiqlik prinsiplariga muvofiq kelmaydi.
Quyidagi savollarda ham xuddi shunday holat takrorlanadi.
♦️ Metropolitendan foydalanish qoidalarini buzish qanday jazo choralarini qo‘llashga sabab bo‘ladi? (Manba: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 115-moddasi);
♦️ O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish qanday jazo choralarini qo‘llash uchun sabab bo‘ladi? (Manba: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2031-moddasi);
♦️ Fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish qanday jazo choralarini qo‘llash uchun sabab bo‘ladi? (Manba: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 45-moddasi);
♦️ Yozishma sir saqlanish qoidalarini buzish qanday jazo choralarini qo‘llash uchun sabab bo‘ladi? (Manba: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-moddasi);
♦️ Temir yo‘llarni belgilanmagan joylardan kesib o‘tish qanday jazo choralarini qo‘llash uchun sabab bo‘ladi? (Manba: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 113-moddasi);
♦️ Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffuslar eng kamida qancha vaqt bo‘lishi kerak? (Manba: Mehnat kodeksining 204-moddasi);
♦️ Davlat moliyaviy nazorat organlari qaysilar? (Manba: Budjet kodeksining 171-moddasi);
♦️ “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, mazkur qonunning ijro etilishi ustidan nazorat qaysi organ tomonidan amalga oshiriladi? (Manba: “O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasi);
♦️ O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qaysi vaqtlarda ijro etiladi? (Manba: “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi);
♦️ Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston timsoli bo‘la olishi to‘g‘risida “O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunning qaysi moddasida qayd etiladi? (Manba: “O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi);
♦️ O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qanday vaqt mobaynida vaqtincha ko‘tarib va tushirib qo‘yiladi? (Manba: “O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun);
♦️ Mualliflik huquqi obyektlari bo‘lgan asarlarni aniqlang? (Manba: “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasi);
♦️ Referendum kuni uchastkalarda madhiya nechchidan boshlab yangrashi lozim? (Manba: “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunning 32-moddasi).
Yuqoridagi savollar nafaqat rasmiy tasdiqlangan adabiyotlar ro‘yxatidan tashqari
ma’lumotlardan tuzilgan, balki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida qayd etilgan maqsad va vazifalarga ham zid keladi. Abituriyentlarning mantiqiy hamda tanqidiy fikrlashini baholash funksiyasini ham bajara olmaydi.
Tushgan savollardan yana bir jihatini misol tariqasida keltirib o‘tamiz:
● Quyida ostiga chizilgan jumla normaning qanday elementi ekanligini aniqlang.
G‘ayriqonuniy ravishda ishdan bo‘shatish, shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa….
Bunda javob “dispozitsiya” bo‘ladi. Bu to‘g‘ri javob, lekin ro‘yxatdagi darsliklarda aynan shunday misol keltirilmagan.
Shuningdek, 2019-yilgi “O‘zbekiston davlati va huquqi asoslari” 8-sinf darsligining 97-betida Jinoyat kodeksining 203-moddasi “Suv yoki suv havzalaridan foydalanish shartlarini buzish” qismi gipotezaga misol bo‘lishi to‘g‘risida xato fikr berilgan.
Darslikda xato berilgan ma’lumotlar asosida tuzilgan savollar abituriyent tomonidan to‘g‘ri hal etilishiga ham shubha tug‘iladi.
Xususan, 9-sinf “Konstitutsiyaviy huquq” darsligining 192-196-betlaridagi QR kodlar bo‘yicha ayrim havolalarni qayd etish mumkin:
● QR kod bilan keltirilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining eski 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan tahririga yo‘naltiriladi;
● 4-raqam bilan keltirilgan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonunning nomi “Davlat” so‘zisiz xato berilgan. Abituriyent QR kodni ochib, o‘qigan taqdirda ham lex.uz va darslikdagi vaziyatdan ikkilanish holatiga tushadi;
● 5-raqamli QR kod “O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy prinsiplari to‘g‘risida”gi kuchini yo‘qotgan Qonunga yo‘naltiriladi;
● 7-raqamli QR kod “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi kuchini yo‘qotgan Qonunga yo‘naltirilgan;
● 14-raqamli QR kod bilan keltirilgan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi
Qonun esa o‘z kuchini yo‘qotganligi bilan bir qatorda, darslikdagi Qonunning nomi “me’yoriy” so‘zi bilan xato berilgan. Abituriyent QR kodni ochib, o‘qigan taqdirda ham lex.uz va darslikdagi vaziyatdan ikkilanish kayfiyatiga tushadi.
● 15-raqamli QR kod “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi kuchini yo‘qotgan Qonunga yo‘naltirilgan;
● 16-raqamli QR kod bilan keltirilgan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi kuchini yo‘qotgan Qonunga yo‘naltirilgan;
● 17-raqamli QR kod “Sudlar to‘g‘risida”gi kuchini yo‘qotgan Qonunga yo‘naltirilgan;
● 18-raqamli QR kod “Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risidagi”gi kuchini yo‘qotgan Qonunga yo‘naltirilgan;
● 19-raqamli QR kod “Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risidagi”gi o‘z kuchini yo‘qotgan qonun hujjatiga havola beradi;
● 20-raqamli QR kod “Prokuratura to‘g‘risidagi”gi kuchini yo‘qotgan Qonunga yo‘naltirilgan;
● 21-raqamli QR kod “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi”gi kuchini yo‘qotgan Qonunga yo‘naltirilgan;
● 22-raqamli QR kod “Bank va bank faoliyati to‘g‘risidagi”gi kuchini yo‘qotgan Qonunga yo‘naltirilgan.
Ko‘rinib turibdiki, 9-sinf “Konstitutsiyaviy huquq” darsligining 192–196-betlaridagi QR kodlar bilan 22 ta hujjat keltirib o‘tilgan bo‘lsa-da, ularning 60 foizida turli muammolar mavjud. Ular yoki kuchdan qolgan yoki noaniqliklar bilan keltirib o‘tilgan.
Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida BMBAdan yurisprudensiya yo‘nalishi kirish imtihonlarida qo‘llanilgan “Davlat va huquq asoslari” blogi uchun shakllantirilgan savollarni qayta ekspertizadan o‘tkazish, bunda Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilarini jalb qilish talab etiladi. Ma’lumot o‘rnida, yuqorida qayd etilgan savollar hamda ularning tahlili kirish imtihonlarida qatnashgan abituriyentlarning fikr-mulohazalari va yodda saqlab qolingan savollar yuzasidan shakllantirildi. Aniq ma’lumot tayyorlash uchun aynan BMBA tahriridagi testlarni qo‘shimcha tarzda ko‘rib chiqish talab qilinadi.
Soha mutaxassisining mulohazalaridan ham ko‘rish mumkinki, joriy yildagi OTMga kirish uchun huquq fanidan tuzilgan testlar abituriyentlarni ruhan sindiradi. Belgilangan adabiyotlarni yod olib tayyorlik ko‘rgan abituriyent ham bunday savollarga yuzlashgach, o‘ziga nisbatan ishonchini yo‘qotadi. Nazarimda, Bilim va malakalarni baholash agentligi ushbu yoshlar oliy ta’lim muaassasasiga kirish uchun imtihondan o‘tayotganini unutib qo‘yib, aynan yuridik yo‘nalishdagi talabalar, ularning ham bitiruvchi kurslari uchun mo‘ljallangan savollar tuzgan.
Agentlik va uning tepasida turuvchi tashkilotlar shuni unutmasligi kerakki, adolatli ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilmagan davlatdan yetishib chiqqan kadrlardan adolatli siyosat kutib bo‘lmaydi.
Guloro YUSUPOVA tayyorladi.
Shu kecha va kunduzda
SUN’IY INTELLEKT: TILSHUNOSLAR ENDI NIMA QILADI?
GENERAL VA YOSHLAR UCHRASHUVI
Robot fikrlay oladimi? Yoxud fizikadan 2024-yilgi Nobel mukofoti neyroto‘r kashfiyotchilariga berilgani haqida
XO‘JALIK MUDIRI EKANIMDAN FAXRLANAMAN! yoxud shu maoshga roziman!
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank