Layk bosvoring!
Attestatimiz qizil bo‘lmasayam, maktabni beshga tugatganmiz. O‘qituvchilar biri akang, biri xolang, yana biri jo‘rangning otasi, juda begona deganing ham ammangning eri bo‘lgandan keyin sen besh olmay, kim besh olsin?
Tarixdan dars bergich Salay mallim ham bizning tus tog‘a bo‘ladi. O‘zi eshitib qolmasin-u, shu tog‘am uncha ko‘ngilga o‘tirmaydi, rosti gap. Hamma bahorda yer ag‘darib, ekin eksa, bu kishi hatto yantoq bitmaydigan qirlarni cho‘kich bilan kovlab yuradimi-yey. Tillo-pillo izlasayam mayli, ko‘za sinig‘i, qilichning dastasi, qoziq qoqishga ham yaramaydigan toshlar va yana allambalolar. To‘yidan avval qo‘l uchida suvoq ko‘rgan uyi ham tarixiy suratlardagi o‘rta asr vayronalarining g‘irt o‘zi. Tog‘amiz darsdan keyin o‘quvchilarini uyiga yetaklab kelib, har bir “olamshumul topilma”si haqida soatlab gapiradi (bu ma’ruzalarda o‘zim necha marta ishtirok etganman). Tog‘lar orasidagi gadoytopmas qishlog‘imizda ibtidoiy odamlar yashagan, hatto Aleksandr Makedonskiy ham Oqning ichi bilan Nurotaga oshgan emish. Unga ishonsangiz, dunyo sivilizatsiyasi Yunonistonning Krit orolida emas, hatto asfalt yo‘l yetib kelmagan bizning qishloqdan boshlangan. U shunaqa almoyi-jalmoyi gaplari bilan bolalarning miyasini “zaharlaydi”.
Salay tog‘amizdan hammamiz hayiqamiz. Agar aytganini qilmasang, jiyan-piyanliginga qarab o‘tirmaydi. Go‘yo qazilmalarida butun tarixning keklari jamlangan xumchani topib olgan-u, uni bir ko‘tarishda simirgan. Kerak bo‘lsa sen bilan yillab gaplashmay yuradi. U-bu kim oraga tushib, bir yarashoshi ustida kechirim so‘ramaguningcha arazi tugamaydi. Jiyanlari orasida “shaharligi” bitta men. Shunday bo‘lsa-da erkalangani qo‘ymaydi. Hech bo‘lmasa, haftada bir telefon qilib turish kerak. Yo‘qsa…
Shu internetni o‘ylab topganlargayam Xudoning bir jazosi bormikan?! Jonimdan to‘yib ketdim-ku, aka. O‘tgan yili kuzning boshlarida suyukli tog‘am qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Qaysi uying kuygur yo‘ldan urgan bilmadim, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovi haqida xabar topibdi. “Bizni eshik qiskanma? Men ham shunga qatnashdim, jiyan. Informatikachi Abdurasul internetga joyladi. Kim ko‘p layk yig‘sa, shu o‘taymish. Meni laykimdi sen yig‘ib berasan. Boshqa jiyanlarim telefondi tushunmaydi”, deb qoldi. Uning gapini qaytargandan ko‘ra, o‘zingni osganing ma’qulroq. Xo‘p, dedim.
Endi na kunduz tinim bor, na oqshom. Layk bosvoring, deb so‘ramagan biror tanishim qolmadi, hamma joyga tarqatdim. Aloqa chiqadigan qirning tepasiga butunlay ko‘chib olganmi, bilmayman, tog‘a har soatda telefon qiladi: “Jiyan, bir ishimiz tushibdi, haqqing ketib qolmas, men hammadan orqada qolib ketibman-ku…”.
Oxiri ishni ham, o‘qishni ham butunlay yig‘ishtirdim. Tog‘amning rasmi tushirilgan, tagiga katta harflar bilan “Xudo yo‘liga shu odamga layk bosvoringizlar, iltimos!”, deb yozilgan plakat chiqartirib, Chorsu bozoridagi tilanchilar yoniga yo‘l oldim (Plakatga saytga o‘tish havolasini tushirish ham esdan chiqmadi). Kech tushishi bilan metro, avtobuslarda “tilanchilik” qilaman. Ishlar yurishib ketdi. Afsuski…
Boshqa o‘qituvchilarning menga o‘xshagan “tilanchi” jiyanlari ko‘proq ekan shekilli, tog‘amga omad kulib boqmadi. Yana araz, yana kek. Endi bir amallab yarashish kerak, yo‘qsa, qishloqqa tobutda ham kirib borolmaysan. Keyingi yil hammasi zo‘r bo‘lishiga qasam ichib, jiyanlik martabasini qaytarib oldim.
Yaqinda o‘sha tanlov tugatilganini eshitib ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi. Quvonganimdan tanish-bilishlarni chaqirib, ziyofat berdim. Ammo bu quvonch ham uzoqqa cho‘zilmadi. Kecha xo‘roz qichqirmasdan telefonim jiringladi. Tog‘am: — Alyo jiyan, “Ustoz — 2020”ga qatnashyapman. You tubeni tushunasan-a?.. Ona qornidagi tog‘asi o‘qituvchi ekanini bilmagan, baxtiyor go‘daklarga sabr tilayman!
P/s: Aziz mushtariylar, tarki odat amrimahol. Ushbu maqola telegram kanalimizga joylanganda layk bosvoringizlar. Hurmat bilan
JIYAN
Shu kecha va kunduzda
SUN’IY INTELLEKT: TILSHUNOSLAR ENDI NIMA QILADI?
GENERAL VA YOSHLAR UCHRASHUVI
Robot fikrlay oladimi? Yoxud fizikadan 2024-yilgi Nobel mukofoti neyroto‘r kashfiyotchilariga berilgani haqida
XO‘JALIK MUDIRI EKANIMDAN FAXRLANAMAN! yoxud shu maoshga roziman!
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank