TA’LIM FALSAFASI

Bugunning gapi TA’LIM FALSAFASI
63

 BOSHPANASIZ MAKTAB

Keyingi vaqtda Xitoy Xalq Respublikasi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy, ilmiy va taʼlimiy sohalarda o‘zining olam­shumul yutuqlari bilan butun jahon afkor ommasini hayratga solmoqda. O‘tgan yillarda bo‘lib o‘tgan PISA tadqiqotlari va xalqaro fan olimpiadalari natijalariga ko‘ra, xitoylik o‘quvchilar dunyo bo‘yicha peshqadam o‘rinlardan birini egallabdi. Shu omillar sabab bo‘lib, “Учитель Узбекистана” gazetasining 2025-yil 28-noyabr sonidagi Marina Nikolenkoning “Xitoy tajribasi saboqlari” sarlavhali maqolasini katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Shundan so‘ng mavzu bilan yaqinroq tanishish maqsadida internet tarmoqlarini titkilashga kirishdim va XXR ta’lim tizimi haqida muxbirning maqolasida eʼtibordan chetda qolib ketgan maʼlumotlarga duch keldim.


Maʼlum bo‘lishicha, haqiqatan ham, Xitoyda boshlang‘ich taʼlim gazetada yozilganidek, olti yillik ekan. Bola 1-sinf­ga sinov orqali qabul qilinarkan, ammo maqolada buning sababi haqida bir nima deyilmagan. Bundan shunday xulosa chiqardimki, Xitoy maktablarida o‘quv­chilarni saralash jarayoni 1-sinfdanoq boshlab yuboriladi va bolalarga qobiliyatiga qarab taʼlim beriladi. O‘quvchilar uchun navbatdagi imtihon olti yildan so‘ng o‘tkazilib, o‘rta ta’lim bosqichi boshlanarkan. Shu joyda bir nomuvofiqlik eʼtiborimni tortdi: sinovdan o‘tolmagan o‘quvchilar qabul imtihonlarisiz yashash joylaridagi maktablarda o‘qishni davom ettirishlari mumkin ekan. Xo‘sh, yashash joylaridan tashqaridagi maktablar qanaqa bo‘ladi-yu, nima uchun ularda o‘qish uchun imtihondan o‘tish kerak?! Sizga bu bir vaqtlar o‘zimizda faoliyat ko‘rsatgan mashhur “Qorako‘l maktablari”ni eslatmayaptimi? Masalan, Urgut tumanida ham shunday maktab – “Iqbol” litseyi mavjud edi. Unga ham o‘quvchilar sinov bilan qabul qilinardi. Ana o‘sha maktab o‘quvchilari xuddi xitoyliklardek oliy o‘quv yurtlariga kirishda 98–100 foizlik natija ko‘rsatardi. Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasining sobiq boshlig‘i Azamat Umarovning so‘zi bilan aytganda: “Olimpiada va boshqa tanlovlarda viloyat maktablari ularga teng kelolmasdi”. Ammo hozir qani o‘sha maktab? Butun viloyatga dong‘i ketgan “Iqbol” litsey-maktabining tugatib yuborilganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Maktabda jonkuyar ustoz G‘aybiddin Fazliyev rahbarligida faoliyat ko‘rsatgan fidoyi ustozlar allaqachon pensiyaga chiqib, baʼzilari vafot etib ketishdi. Yaqinda o‘sha yillari tuman xalq ta’limi bo‘limini boshqargan hurmatli ustozimiz bilan gurunglashib qoldim. Sobiq mudir “Iqbol” maktabining tugatilishi ish-faoliyatidagi yo‘l qo‘ygan eng katta xatosi bo‘lganini mardlarcha tan oldi. O‘sha maktabning ma’naviy merosxo‘ri hisoblanmish 136-ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabi hozir Samarqand davlat universiteti qoshidagi Aniq fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan maktabning binosida ijarachi maqomida faoliyat ko‘rsatmoqda va bu IDUM ham tugatilarmish degan uzunquloq gaplar yuribdi. Axir o‘sha mashhurlik davridayam 54-o‘rta maktabning bir burchagida jon saqlagan “Iqbol” litsey-maktabining umrining oxirigacha boshpanasi bo‘lmagandi-da. Uning tugab ketishiga ham bosh sabab balki shu bo‘lgandir... Axir, binosiz maktabni tasavvur qilib bo‘ladimi?!


Shu o‘rinda bir sirli so‘roq meni shubhalantiradi: taqlid qilishga, xorijdan g‘oya o‘g‘irlashga mohir xitoylik ustasifaranglar bizning o‘sha “Qorako‘l maktablari”dan nusxa ko‘chirmaganmikanlar?!


TAʼLIMDAGI TURBULENTLIK

Turbulentlik – bu tabiat hodisasi bo‘lib, suyuqlik va gazlardagi oqimlar uyurining tartibsiz harakatlanishi. Turbulentlik suv va havo kemalari harakatini beqarorlashtirib, baʼzan xatarli vaziyatlarni paydo qilishi mumkin.


Umrim davomida taʼlim sohasida o‘tkazilgan ikki katta tajribaning guvohi bo‘ldim. Oldindan aytib qo‘yay: ikkalovi ham mutlaqo kutilmagan teskari natija bilan tugadi. Albatta, tajribadagi salbiy natija ham natija hisoblanadi. Biroq ushbu o‘zgarishlarning eng yaramas jihati shu bo‘ldiki, ular avval tor doirada sinab ko‘rilmasdan, birdan butun mamlakat miqyosida joriy etildi. O‘zgarishlarning birinchisi o‘tgan asrning 60-yillari oxiri va 70-yillar boshida bo‘lib o‘tdi. O‘shanda faoliyat ko‘rsatib turgan turli xildagi maktablar tugatilib, o‘rniga yagona nusxa va andozadagi o‘rta taʼlim muassasalari tashkil etildi. Taʼlim tizimining bu tarzdagi birxillashuvi maktablar orasidagi raqobatga chek qo‘ydi. O‘sha davrdan meros bo‘lib qolgan “Ikkisiz va ikki yilliksiz!” degan bo‘lmag‘ur tamoyilga to hozirgacha amal qilib kelinmoqda.


Ikkinchi o‘zgarish mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan keyin 1997-yili amalga oshirildi va ozodlik shabadasi uyg‘otib yuborgan yangi taʼlim g‘unchalarini juvonmarg qilib ketdi. Bunga yangi asrimiz boshida tugatib yuborilgan, biz yuqorida aytib o‘tgan maktab yaqqol misol bo‘la oladi. O‘shanda ham turli maqomlarda faoliyat yuritib kelayotgan gimnaziyalar, litseylar, ixtisoslashgan va oddiy o‘rta maktablar – barchasi taroqning tishidek teng qilinib, 9 yillik bir xildagi umumtaʼlim maktablariga aylantirib yuborildi. Maktablardagi taʼlim mezoni, yakuniy natija ko‘zga ko‘rinmagach, ish samaradorligiga eʼtibor susaydi. 2017-yili joriy etilgan yangi tartib taʼlim tizimidagi beqarorlikni yanada kuchaytirdi. Natijada, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar tugatilib, binolari turli vazirliklarga hadya qilib yuborildi. Baʼzi kasb-hunar kollejlari binosi turarjoy, yotoqxona va hatto kasal­xona bo‘lib ketgan holatlar ham bo‘ldi. 


Azaldan maʼlumki, taʼlim tizimi beqarorlikni yoqtirmaydi, chunki undagi mehnat natijasi yillar davomida ro‘yobga chiqadi. Mana, biz hozir o‘ylanmay qilingan o‘sha o‘zgarishlar oqibatini o‘z faoliyatimizda his qilib turibmiz. Qani o‘sha dong‘i ketgan maktablar? Qani oliy hurmatga sazovor bo‘lgan fidoyi ustoz­lar? Hozir hurmat negadir ustozga emas, sertifikatga qaratilmoqda. Taʼlim-tarbiya buyoqda qolib, hamma sertifikat ishqida. Unga erishish uchun ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan usullar o‘ylab topilmoqda. “Podrobno.uz” internet saytining xabar berishicha, huquqni himoya qilish xodimlari Namangan viloyatida sertifikat olib berishga ko‘maklashuvchi jinoiy guruhni fosh etgan. Ular faoliyatini bunker usulida tashkil qilib, sertifikat orzumandlariga test javoblarini telefon va boshqa turdagi aloqa vositalari yordamida yet­kazib turishgan. Yana boshqa holatda vazirlik xodimi bir opaga intim yaqinlik evaziga sertifikat olib berishni vaʼda qilganligi maʼlum bo‘lib qoldi. O‘zim bir hamkasbimdan sertifikat uchun olajak bir yillik ustamasini berganligi haqida eshitdim. Menga yetib kelgan maʼlumot­larga ko‘ra, sertifikat ishqibozlari sinov­da tushadigan savollarni yodlab, shu orqali imtihon topshirar ekanlar. Albatta, bularning bari muztog‘ning bizga ko‘ri­nib turgan kichik bir bo‘lagi, xolos.


Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: shu tariqa olingan qalbaki hujjatlar bilan taʼlim samaradorligini oshirib bo‘ladimi? Nahotki, ustama va mukofotlar mehnat natijasiga qarab emas, shubhali yo‘llar bilan olingan qog‘ozlarga qarab berilsa… Bu bilan sertifikatini haqqi-halol yo‘l bilan olgan bilimdon fidoyi o‘qituv­chilar shaʼniga dog‘ tushirish fikridan yiroqman. Ammo qatʼiy ishonchimga ko‘ra, qo‘shimcha ish haqi va mukofotlar sertifikatga emas, taʼlim samaradorligiga qarab berilishi kerak. Buni aniqlashning juda oddiy va sinalgan usullari mavjud. Masalan, sinfda u yoki bu fan bo‘yicha nechta aʼlochi o‘quvchi borligini yoxud maktab bitiruvchilaridan qanchasi oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinganligini aniqlash kerak, xolos!


MUAMMONING YECHIMI BORMI?

Bu borada maktablarda latifanamo voqealar ham bo‘lib turadi. Ijtimoiy tarmoqlarda yozishiga qaraganda, bir talabchan o‘qituvchi shogirdiga qo‘ygan bitta past bahosi uchun ustamadan mahrum etilibdi. Bunda umumiy natija hech kimni qiziqtirmagan. Menimcha, ustama baho quruq qog‘ozga emas, ish natijasiga qarab berilishi kerak edi. Chunki baho ham, sertifikat ham samarali taʼlim berish yo‘lidagi vositalardir. Afsuski, bizda ko‘p holda vosita maqsadga ayla­nib bormoqda. Baholash usullarining har zamonda o‘zgarib turishi, qog‘oz hujjatlarning orzu darajasiga ko‘tarilishi yoki qog‘ozbozlikning kuchayishi ana shu jarayonning oqibatlaridir. Taʼlim sohasining jonkuyarlaridan biri Komiljon Jalilovning qayd etishicha, “Sohamizda aniq bir taʼlim falsafasi mavjud emas. Maktablarimiz bolani shunchaki andarmon qilib o‘tiradigan joy bo‘lib qolmoq­da”. Uning fikriga zarafshonlik mohir pedagog Erkinjon Yarashevning quyidagi so‘zlari ham hamohang: “Nega milliy taomlarimiz, milliy kiyimlarimiz, milliy urf-odatlarimiz, milliy qadriyatlarimiz bor-u, milliy o‘quv dasturimiz yo‘q?”. Yana bir jonkuyar biologiya o‘qituvchisi Botirjon Karimovning gapi ham Komiljonning yuqoridagi so‘zlariga mos keladi: “Men bugun taʼlim sohamizdan biror nima kutmayapman. O‘rta maktablar bolalarning bo‘sh vaqtini o‘tkazishi, ularni jinoyatchilikdan asrab turish uchun nomiga maʼlumoti haqida hujjat berishga xizmat qiladi, xolos”.


Ammo unga ustoz Hulkaroy Azimova eʼtiroz bildiradi: “Maktablarda ham zo‘r o‘quvchilar ko‘p. Bizning maktabda o‘quvchilarimizning doim 90–100 foizi oliy taʼlimga o‘qishga qabul qilinadi. Xalqaro OTMlarga ham muddatidan oldin kiryapti”.


Qizig‘i shundaki, Karimov aytgan maktabda ham, Hulkaroy Azimovaning maktabida ham o‘qituvchilarga bir xil tartibda ish haqi to‘lanadi. Bu adolatsizlik emasmi?! Prezidentimiz aytgan o‘sha 1000 dollarlik maoshni Hulkaroyning maktabiga o‘xshash bilim dargohlarida ishlaydigan o‘qituvchilarga berish kerak. Ana shundan keyin boshqa maktablarda ham harakat paydo bo‘lsa ajab emas.


Hozir Sirdaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan bizning sevimli sobiq hokimimiz Erkinjon Turdimov taʼlim sohasiga katta eʼtibor bilan qarar edi(hozir ham shunday bo‘lsa kerak). U kishi bir gal katta anjuman chaqirib, bitiruvchilari OTM qabul imtihonlaridan o‘tolmagan maktab direktorlarini qattiq jazolagani yodimda. Shovvoz direktorlar bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, jonlanib qolgandir deb o‘ylaysizmi? Afsuski, ayrim rahbarlar bundan “to‘g‘ri” xulosa chiqarib, to‘g‘rirog‘i, muqarrar jazo va javobgarlikdan qo‘rqib, turli bahonalar bilan maktablaridagi X–XI sinflarni tugatib yuborishdi.


Nazarimda, taʼlim falsafasi bitta. U ham bo‘lsa, o‘quvchiga yaxshi bilim berish. Qolgan barcha jarayonlar shuning atrofida aylanishi kerak. Bizning diqqat markazimiz sertifikat yoki qog‘ozbozlikka qaratilsa, hech nima o‘zgarmaydi. Shu maʼnoda, avval ko‘p marta aytganim va vazirlikka bergan takliflarimni yana bir bor takrorlayman. Bizda ham o‘zimizda bir vaqtlar bo‘lgan va hozir xitoyliklar amalda qo‘llayotgan imtihon bilan o‘qishga qabul qiladigan namunali o‘rta maktablar bo‘lishi zarur. Ularga oliy toifali malakali o‘qituvchilar ishga olinib, yuqori ish haqi berilishi kerak. Bunday maktablar atrof mahallalardagi bilimga chanqoq yoshlarni katta hayotga tayyorlashi lozim. Ana shunda biz ham xuddi xitoyliklar singari qobiliyatli o‘quvchilarimizni ro‘yobga chiqaramiz va xalqaro sinovlarda yaxshi natijalarga erishishimiz mumkin. Shu orqali raqobat maydoni vujudga kelib, zora, boshqa oqsayotgan maktablarda ham jonlanish paydo bo‘lsa. Xitoy tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatda malakali kasb-hunar taʼlimi ham bo‘lishi zarur. Chunki xalq xo‘jaligiga faqat ilmiy xodimlar, ziyolilar va muhandislardan tashqari malakali ishchilar, xizmatchilar, quruvchilar kabi o‘rta soha mutaxassislari ham juda kerak.

Xudoyberdi KOMILOV,

O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi


Maqola muallifi

Xudoyberdi  KOMILOV

Xudoyberdi KOMILOV

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Maktab
  • #OTM
  • #Og‘riq
  • #Munosabat

Ulashish