ANGRENDA BIR YILLIK TA’LIM STRATEGIYASI TAQDIMOTI BO‘LIB O‘TDI

Jarayon ANGRENDA BIR YILLIK TA’LIM STRATEGIYASI TAQDIMOTI BO‘LIB O‘TDI
18



Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Sherzodjon Mirzakarimov tomonidan Angren shahridagi 40 ta umumta’lim maktabidan 2 mingdan ortiq pedagog ishtirokida 2026–2027-o‘quv yili uchun mo‘ljallangan bir yillik ta’lim strategiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.


Yig‘ilishda strategiyaning 5 ta ustuvor yo‘nalishi, har bir yo‘nalishning maqsad va vazifalari, amalga oshirish mexanizmlari hamda kutilayotgan natijalari yuzasidan pedagoglar bilan bevosita muloqot va tushuntirish ishlari olib borildi. Strategiyaning birinchi ustuvor yo‘nalishi – ta’lim sifati va pedagoglar salohiyatini oshirish bo‘lib, bunda pedagoglarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda har bir maktabda ta’lim natijadorligini yaxshilashga alohida e’tibor qaratiladi. Ikkinchi yo‘nalish – o‘quvchilar uchun xavfsiz, sog‘lom va qulay ta’lim muhitini yaratish, maktablarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish hamda ta’lim olish uchun munosib sharoitlarni ta’minlashdan iborat. Uchinchi yo‘nalish doirasida o‘quvchilarning kitobxonlikka qiziqishini oshirish, mustaqil fikrlash, tahlil qilish, o‘z fikrini erkin ifodalash va ijodiy yondashuv ko‘nikmalarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan. To‘rtinchi yo‘nalish – IT texnologiyalari va sun’iy intellektdan samarali foydalanish bo‘lib, zamonaviy raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga keng joriy etish, pedagog va o‘quvchilarning raqamli savodxonligini oshirish hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan ta’lim samaradorligini oshirishda foydalanish nazarda tutilgan. Beshinchi yo‘nalish esa bitiruvchilarni ta’lim va kasbga yo‘naltirishga qaratilgan bo‘lib, yoshlarni oliy va professional ta’limga tayyorlash, ularning qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib kasb tanlashiga ko‘maklashish hamda mehnat bozori talablariga mos yo‘nalishlarni belgilashni o‘z ichiga oladi. Strategiya ijrosini ta’minlash maqsadida Yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan bo‘lib, undagi har bir vazifa REJA → FAKT → FARQ → SABAB → CHORA → MAS’UL → MUDDAT tamoyili asosida monitoring qilib boriladi.


Shuningdek, yil yakunida yuqori natija ko‘rsatgan pedagoglar va o‘quvchilarni munosib rag‘batlantirish maqsadida 20 ta xorijiy sayohat hamda 100 ga yaqin qimmatbaho sovg‘alar ajratish rejalashtirilgan. Maqsadimiz aniq vazifa, tizimli ijro, o‘lchanadigan natija va munosib rag‘bat asosida Angren ta’lim tizimining samaradorligini oshirishdan iborat. 

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish