Bahor g‘unchalari… gul bo‘lsin!

Siz nima deysiz? Bahor g‘unchalari… gul bo‘lsin!
44

Zumrad opa o‘zi bilan o‘zi ovora. Oshxonada qozon qay­natib, xamir qorayotgan bo‘lsa-da, ko‘nglida allaqanday o‘ylar charx urardi. Shu payt darvoza taqilladi. Qo‘llarini yuvib, shoshilmay eshikni ochdi.

– Assalomu alaykum, Zumrad opa, yaxshimisiz? O‘rgilay, yaxshi yuribsizmi? – dedi qo‘shni mahalladagi Hasanboyning rafiqasi Zaynab opa. Uning ortida yana ikki ayol turardi: biri qo‘shni xolasi, ikkinchisi esa Hasanboyning qarindoshlaridan bo‘lsa kerak.
Zumrad opa ham jilmaydi:
– Keling, opajonlar, marhamat!
Ayollar hovliga kirib o‘rtadagi so‘riga o‘tirdi. Salom-alikdan so‘ng Zaynab opa gapni cho‘zmay asosiy mavzuga o‘tdi:
– Zumrad opa, sizni yaxshi bilamiz, qizingiz Xonzoda ham juda tarbiyali, shirinso‘z qiz. Biz unga havas qilamiz. Shu bois sizdan bir iltimosimiz bor…
Zumrad opa yuragida allaqanday hayajon his qildi. U allaqachon gap qaysi tomonga borishini fahmlagandi.
– Xo‘sh, eshitaylik…
– O‘g‘limiz juda yaxshi yigit, topish-tutishi bor, oilaparvar. Unga munosib qiz deb Xonzodani tanladik. Nasib etsa, sovchi bo‘lib keldik.
Zumrad opaning yuragi gursillab urib ketdi. Bir xil qarashda indamay qoldi va allaqanday xokisorgina orzularga cho‘mdi…
Ertasi kuni Zumrad opa qizini yoniga chaqirdi.
Xonzoda hovlida darsga oid daftarlarini ko‘zdan kechirayotgan edi.
– Qizim, ichkariga kir, senga gapim bor.
Xonzoda onasining jiddiy ohangini sezdi va sekin uyga kirdi.
– Nima bo‘ldi, oyi?
Zumrad opa dastro‘molining uchini o‘ynagancha bir muddat o‘ylanib turdi, so‘ng shoshilmay gap boshladi:
– Kecha sovchi keldi. Hasanboyning o‘g‘li Sardordan… – Xonzodaning rangi oqarib ketdi.
– Nima?!
Zumrad opa biroz kalovlandi va yana gap boshladi:
– Hasanboy diyonatli inson, oilasi to‘q. O‘g‘li ham yaxshi yigit, onasi ham juda mehribon, qiynalmaysan, bolam.
Xonzoda tushunib yetdi, bu shunchaki onasining fikri emas, balki allaqachon qabul qilingan qaror edi. U esa bu qarorga hech qanday ta’sir qila olmasdi.
– Oyi… men hali turmushga chiqishga tayyor emasman…
Zumrad opa lablarini qattiq tishladi.
– Qizim, hech kim bilib tug‘ilmagan, vaqti bilan o‘rganasan. Hayotning o‘zi o‘rgatadi, qiz bolaning qismati shu, borgan joyingda hamma narsani o‘rganasan.
Xonzoda ko‘zlarini keng ochib, onasiga tikildi, ichida qandaydir alam, qandaydir hayajon g‘imirlab ketdi.
– Lekin men o‘qishga kirishni xohlagandim…
Zumrad opa bosh chayqadi:
– O‘qish degani hamma narsani hal qilmaydi, bolam. O‘qishga kirsang, o‘qitishadi. “Tengi chiqsa tekin ber” deyishadi qadimgilar, bu gaplar bekorgamasdir, bolam. U oilada baxtli yashaysan, Xudo xohlasa. Hech narsaga muhtoj bo‘lmaysan. Biz senga yomon­likni ravo ko‘rarmidik….
Shunday qilib sovchilarga rozilik berildi. Xonzodaning orzulari ko‘p, o‘qishga ishtiyoqi baland edi. Ikki yo‘l­ning orasida jim, xayollari chalkashib qolaverdi.
Sovchilar kela boshlaganini eshitgan mahalla faollari Ra’no opa hamda mahalla raisi Jo‘ravoy aka yetib kelishdi, Zumrad opaga nasihat qilishdi:
– Qizingiz hali yosh, Zumrad opa. O‘qisin, hunar o‘rgansin. Bugungi zamonda erta turmushning oqibati qanday bo‘lishini ko‘ryapsiz-ku…
Xonzodaning maktabdagi ustozlari ham tushuntirishga harakat qilishdi:
– Zumrad opa, Xonzoda juda tirishqoq qiz. U kelajakda buyuk ishlar qila olishiga ishonamiz. Shoshilmang, opajon, afsuslanmaysiz, o‘qishini davom ettirsin, o‘qishga topshirsin…
Zumrad opa bu gaplarga indamadi, ammo inobatga ham olmadi. Xonzodaning to‘yi dabdabali boshlandi. U kelinlik libosini kiydi, ammo yuragi­ning tub-tubida qandaydir og‘riq bor edi. Turmushi boshlanganidan keyin hayoti butunlay o‘zgarayotganini his qildi. U bu hayotga tayyor emasdi. Erining yaxshi yigitligi rost, dastlab Sardor uni ehti­yot qildi, mehr ko‘rsatdi. Ammo oilaviy hayotdagi majburiyatlar Xonzodaning bo‘yniga og‘ir yuk bo‘lib tushdi. Bir necha oy o‘tgach, yana boshqa muam­molar paydo bo‘ldi.
Oradan bir yil o‘tgach mahallada g‘iybatlar boshlanib ketdi: “Sardorning xotini hali ham homilador bo‘lmabdi”, “Turmush qurganiga ham ancha bo‘ldi-ku”, “Ehtimol o‘zi aybdordir”.
Bu gaplar tez orada qaynonasining qulog‘iga yetdi. Bir kuni u Xonzodani oldiga chaqirib so‘radi:
– Qizim, o‘zingni tekshirtirdingmi?
Xonzoda yerga qaradi:
– Yo‘q… hali…
– Bunday bo‘lmaydi, inson hayoti farzand bilan go‘zal va baxtli… Yosh o‘tib ketsa, keyin bola bo‘lmasligi mumkin!
U bu gaplarni Sardorga ham aytdi. Sardor hech nima demadi. Ammo uyga kech qaytadigan, ishda tuni bilan qolib ketadigan odat chiqardi. Ba’zan ichib kelar, mastlikda esa har xil gaplar bilan Xonzodaning dilini yanada xufton qilardi…
Xonzodaga bosim kundan kunga kuchayib borardi. Qaynonasi doimiy tergab turar, erining e’tibori esa kamayib borardi.
Kunlarning birida Xonzoda onasi­ning uyiga bordi. Zumrad opa uni iliq kutib oldi.
– Qizim, qanday yashayapsan?
Xonzoda hech narsa demadi, lekin ko‘zlaridagi mung, alamli dardni sezish qiyinmasdi… Zumrad opaning yuragi ezildi:
– Nima bo‘ldi, bolam?
– Oyi… men tayyor emas ekanman…
Zumrad opa indamay qoldi. Ich-ichidan o‘zini aybdor his qildi. Chunki qizi­ning orzularini yulib, uning murg‘ak qalbini katta hayot izmiga tashlab, erta turmush qurishga majburlagan o‘zi edi.
Xonzoda yerga qaradi.
– Balki… Men ham o‘qishim kerak
edi… O‘zimni, hayotni tushunishim
kerak edi… Balki shunda hammasi boshqacha bo‘larmidi?..
Zumrad opa chuqur xo‘rsindi. U endi tushunib yetgandi. Lekin kech… nozikkina gulg‘unchasini ochilmasdan so‘ldirganini his qildi va qattiq pushaymon bo‘ldi!

                                                                                                                                                                                                                 Farzida NURMATOVA,
Chiroqchi tumanidagi
8-maktabning boshlang‘ich sinf
o‘qituvchisi

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar

Ulashish