Baholar qator-qator…

Fikr Baholar qator-qator…
115

Ta’lim tizimining ajralmas, kerak bo‘lsa, mazmuniy qismini tashkil etadigan narsa  bu – baholash. Baholashda to‘g‘ri yondasha olsak, bola ko‘zlagan maqsadiga yetadi. Baholash tizimi haqida oddiy kishilarda ham, pedagoglarda ham turlicha qarashlar mavjud. Bizning ta’limda baholashning ham ijobiy, ham salbiy tomonlari bor. Bolaligimizda olgan baholarimizni, qaysi o‘qituvchi qanday baho qo‘yganini, uning hayotimizdagi o‘rni qay darajadaligini aytib yurish bu – baholash tizimining bizning psixologiyamizdagi ta’siri hisoblanadi. Xudo ko‘rsatmasin, ishimiz yurishmay qolsa ham ba’zida buni maktab davrimizdagi baholarimizga taqab qo‘yamiz.


O‘quvchi bilimini shaffof  baholay olsak, uning har bir fandan umumiy bilim darajasini bilib olishimiz va shu asosda iqtidoriga qarab bolalarni kasb-hunar yoki ta’limning keyingi bosqichiga yo‘naltirishimiz mumkin. Ammo o‘quvchining ko‘ngli cho‘kmasin, xafa bo‘lmasin qabi­lida ish tutib, a’lo baholarni ko‘paytirib tashlasak, bolaning qaysi yo‘nalishda iqtidori borligini bilib bo‘lmaydi. Bu esa uning chalg‘ishiga olib kelishi mumkin. Nahotki, bir o‘quvchi hamma fanni a’lo darajada bilishi mumkin bo‘lsa? Albatta, bu bo‘lishi mumkin, lekin kamdan kam. Xo‘sh, unda nima qilish kerak? O‘quv­chi bilimini shaffof baholab, tarixdan 5, matema­tikadan 3, fizikadan 2 qo‘yish kerak­mi yoki hamma fanlardan yaxshi va a’lo baholarni qo‘yish maqsadga muvofiqmi? Shuni unutmasligimiz kerakki, biz baholayotgan o‘quvchi kelajakda mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va madaniy sohalarida yangiliklar yaratib, uning rivoji yo‘lida xizmat qilishi lozim.


Hozir baholash masalasiga shunday yondasha boshladim: masalan, men fizika fani o‘qituvchisi bo‘lsam, maqsadim sinfdagi 25 o‘quvchini fizik qilish emas. To‘g‘ri, men o‘quvchilarga bu fan bo‘yicha umumiy bilim va ko‘nikmalar, tushunchalar berishim, o‘rgatishim shart va zarur. Ammo bu 25 o‘quvchining hammasi fizika bilan uxlab, fizika bilan uyg‘onishi shart degani emas. Sinfdagi har bir bolaning o‘z qiziqishi, orzulari bo‘ladi. Vaqti-vaqti bilan mavzuni boshlashimdan oldin o‘quvchilarning maqsadlarini eshi­tib turardim. Masalan, shunday deyman: “Safarov, siz huquqshunos bo‘lmoqchisiz, qani, bu yo‘lda nimalar qilyapsiz? Agar siz bugundan boshlab maqsadingiz sari o‘qib, izlanmasangiz, bu orzungiz keyinchalik armonga aylanadi. Shuni unutmang: biz –ustozlaringiz, maktabingiz sizning qizi­qishlaringizni yuksak hurmat qilamiz va doimo qo‘llab-quvvatlaymiz. Orzulari­ngizga yetib, yetuk mutaxassis bo‘lsangiz, ota-onangiz ham, jamiyatimiz ham sizdan rozi bo‘ladi”.


Dars boshlanmasida ana shunday fikrlar bilan barcha o‘quvchilarga maqsadlari sari izchil harakat qilishlarini aytib o‘taman va yana shunday deyman: “Agar siz o‘z tanlagan yo‘nalishingiz bo‘yicha kichkina bo‘lsa-da yangilik qilib, o‘zi­ngizni ko‘rsatsangiz, mening fanlarimdan bahongiz A’LO bo‘ladi, albatta!” Bir o‘qituvchining xulosa-fikrlari: “Dars berish jarayonida bolani kamsitib, izza qilish kerak emas ekan. Bir kuni ko‘chada taksi kutib tursam, bir mashina kelib to‘xtadi. Bundoq qarasam, sobiq o‘quvchilarimdan biri. Maktabgacha meni olib ketdi. U menga: “Ustoz, men tadbirkorlik qilib uy-joy qildim, mashina oldim, Xudoga shukrki, kamim yo‘q. Ammo ustoz, xafa bo‘mang-u, siz meni bir vaqtlar tarsakilar bilan siylab, rosa izza qilgandi­ngiz, sendan hech kim chiqmaydi, derdi­ngiz. Lekin mana bugun hammasi joyida”, desa bo‘ladimi. Shunaqa xijolat bo‘ldimki, asti qo‘yaverasiz. Vaziyatdan chiqish uchun: “Agar shunday qilmaganimda bugun bu yutuqlarga erishmagan bo‘lar­ding”,  deb qutuldim, qochdim”. Ko‘pchiligimizning topgan gapimiz shu: “Agar men falon qilmaganimda sen falon bo‘lmas eding, vassalom”.


Ta’lim tizimimizda shakllangan eng yomon illat o‘quvchining baholari bilan uning shaxsiyatiga tashxis qo‘yish. Aytaylik, Sattorov jismoniy tarbiyadan 5, mehnatdan 5, qolgan fanlardan 3 baho olsa, hammamiz – ahli donish u bolaga ta’rif berganda “ikkichi” taxallusini qo‘yib gapiramiz. Vaholanki, Sattorov sport, jismoniy tarbiya yoki chizmachilik fanlaridan boshqalarga yo‘l bermay o‘qishi mumkin. Biz esa bolaning bu qobiliyatini hech qachon e’tirof etmaymiz. Asosiy deb qaraladigan fanlarni bilmagani uchun uning shaxsiyatiga salbiy baho berib yuraveramiz. Bu o‘quvchimiz esa “kaltak yegan” iqtidori bilan kelajakda hammamizning yuzimizni qizartiradi.  Baho degan narsaga jamiyatimiz oddiy qarashni o‘rganishi kerak. Bolaning bilmaydigan ko‘p fanlariga emas, balki bila­digan ozgina qiziqishlariga xizmat qilsak, uni e’tirof etib, ishtiyoq ulashsak, u kelajakda jamiyat uchun yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishadi. 


O‘zim o‘qib bitirgan maktabimdan ham har yili 1-2 soat dars olishga harakat qilardim. Bor bilimimni avvalo qishlog‘im farzandlariga bersam derdim. Bir kuni maktabda hamma o‘quvchilar vahimada: hamma fandan 5 olsang, oltin medal berisharmish. Oltin yoki kumush medal bilan oliygohga kirarmishsan. Demak, men o‘zim o‘tayotgan fandan u “oltinchi” o‘quv­chiga 4 baho qo‘ymasligim kerak. Men bu bilan hech qaysi o‘quvchi medalga loyiq emas demoqchimasman, oltin ham, kumush ham bolajonlarimiz uchun. Bizning eng yomon odatlarimizdan biri − ishni qilmasdan natijaga erishmoqchi bo‘lishimiz. O‘quvchilarning o‘yida bitta fikr: “Agar men hamma fandan 5 olsam, oltin medal olaman”. 


O‘shanday xayollar bilan yurgan o‘quv­chilarga shunday maslahat berardim: “Avvalo, siz qiziqishlaringiz bo‘yicha o‘zingizni ko‘rsating. Turli musobaqa, tanlov-u olimpiadalarda natijalar qiling. O‘z qobiliyatingizni yanada rivojlantirib, ishlov bering. Ana undan keyin hukumatning o‘zi sizga medalni ham, OTMda o‘qish imkoniyatini ham beradi. Sizdan hech kim nega 3 yoki 4 baho olgansan, deb so‘ramaydi”. Yo‘q, bizning, “O‘tkan kunlar”da aytilganidek, “sehrchi hindi” tomonidan “kinnalangan” o‘quvchimiz oltin medal deb o‘zini hamma fanning eshigiga uradi, peshonasining g‘urrasi chiqsa ham jurnalni beshlarga to‘ldirtiradi. Qalbidagi istak-maq­sadi, Olloh bergan qobiliyati medallar soyasida qolib ketadi. Keling, biz avvalo ishni qilaylik. Barakasini beraveradi.


Xalqaro tajribada baholashga qanday yondashiladi? Ayrim davlatlarda boshlang‘ich ta’limda baholashdan voz kechilganligini ham eshitamiz. Bola fanni baho uchun emas, hayotiy zarurat uchun o‘rga­nishi kerakligini his etsagina, bu ta’lim­ning katta yutug‘i bo‘ladi. Bu yo‘lda barcha ta’lim xodimlari faoliyatiga omadlar tilayman.


Fazliddin ABDURAIMOV,

Termiz shahridagi Prezident maktabi o‘qituvchisi

Maqola muallifi

Fazliddin ABDURAIMOV

Fazliddin ABDURAIMOV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ona tili
  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Ta'lim
  • #Ona tili

Ulashish