ELTUZAR

Esse ELTUZAR
153

Adabiyot, ilm sohasida so‘ziga amal qilib yashaganlar ko‘p emas. Ustozimiz Boybo‘ta Do‘stqorayev ana shunday kam sonli fidoyilardan biri edi. Milliy jurnalistikamiz haqida gap ketsa, sohaga aloqador odam borki, “O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi” darsligini tilga oladi. Haqrost, Boybo‘ta aka bu fundamental ishi bilan o‘ziga haykal qo‘yib ketdi!


Talabamiz, domla bir kuni “Bobolar tahorat olib bo‘lgach, o‘ng qo‘lning bosh, ko‘rsatkich va o‘rta barmog‘ini ho‘llab, so‘rib qo‘yishi sababini bilasizlarmi?” deb qoldi. Angrayib turganimizni ko‘rib, jilmaygancha qo‘shib qo‘ydi: “Bu – sunnat. Payg‘ambarimiz tahoratdan ortgan suv halol degan...”.

Ochig‘i, din va dahriylik muhorabasi avj olgan o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshidagi bu eslatma tez-tez yodimga tushadi. Talabalik haqida so‘z ochildi. “BBC”da ishlaydigan kursdoshimiz Rustam Qobilning Toshkentga kelgani munosabati bilan to‘rt-besh kursdosh yig‘ildik. Hammaning gap xaltasi ochildi. Yoshlikni, ustozlarni esladik. Boybo‘ta aka haqida maqola yozayotganimni aytgan edim, taniqli telejurnalist, talabaligidayoq “Mushtum” jurnali xodimi bo‘lgan Amrullo Beshimov “Ustoz bir kuni tahririyatga keldi, – deya gap boshlab qoldi. – Ukajon, mana bu materiallarni sizga ilindim. Ilm qilsangiz... deb bir papka tutqazdi. Shungayam o‘ttiz yil bo‘pti. Ilm yo‘lidan ketmadik. Lekin ustozning haqi-hurmati papkani hozirgacha saqlayman...”.


Hojining xotirasini eshitib, ichim qizidi. O‘sha sirli papkani tezroq ko‘rgim keldi. Esdalik uchun rasmga tushish marosimidan so‘ng kursdosh akamiz – taniqli sport jurnalisti Oybek Yunusov va Rustam Qobil bilan xayr-ma’zur qilib, “Anadolu” axborot agentligi muxbiri Baxtiyor Abdukarimning “Malibu”sida “Krestik” tomon jo‘nadik. Savrning so‘nggi oqshomi nihoyatda fayzli o‘tganiga hamma xursand. “Eslang, hoji! Uydami yo ishxonada?..” deya “aybdor”ning yelkasiga turtaman. Boshini quyi solib o‘ylanib ketayotgan Amrullo aka daf’atan ovozini balandlatdi:

– Baxtiyor, Mediamarkaz tomon buring. Ishxonaga opkelgandayman...

Vaqt allamahal bo‘lishiga qaramasdan yo‘llarda mashina ko‘p. Mediamarkazga kiraverish qorong‘i ekan. Yo‘l-yo‘lakay kimlargadir sim qoqib kalit izlagan hojiga “bo‘ri bo‘lib” kelishni tayinlab, ortidan umidvor qarab qolaman. Baxtiyor Abdukarim ro‘paramizdagi osmono‘par – “Nest One” qurilishi haqida hayajon bilan so‘zlaydi. Qancha vaqt o‘tganini bilmayman. Bir payt yo‘talib, tomoq qirgancha “Bo‘ri, bo‘ri...” deya kulimsirab hoji keladi. “Mana...” deya minnatdorona ohangda qo‘limga dasta qog‘oz tutqazadi. Bir-birimizni tabriklaymiz. So‘ng “Yo‘l odami yo‘lga yaxshi...” deya og‘a-inim bilan xo‘shlashaman. Metroga tushib ketsammikan deya telefonimga qarayman, yopilishiga o‘ttiz daqiqa qolibdi. Charchoq va hayajon zo‘ridan metroda ketishga erindim. Yandeks taksi chaqirdim. 


Uyga kelasolib, “Mushtum” jurnalining 1923–1930-yillar sonlaridan “To‘yboboning sovg‘asi” to‘plami uchun ko‘chirilgan materiallarni varaqlay boshladim. 1993-yilda mashinkalangan to‘plam Abdulla Qodiriy, G‘ozi Yunus, A’zam Ayyub, Iskandar Ikromov, Sadriddin Ayniy, Hoji Muin, Abdulla Qahhor, Nazir To‘raqulov, To‘xtamurod A’zamov, Nosir Said, Ziyo Said, Hojiolim Qobiliy, zangiotalik Azlarxo‘jayev va bizga noma’lum “Jartiboy oqsoqol”, “Sarqit”, “Astag‘firullo Maxsum”, “Zuvayda Dallol”, “Temir tirnoq”, “Shabrang”, “Takasaltang”, “Jambilbek” kabi o‘nlab ijodkorlarning maqola, she’r, hikoya, hajviya, felyetonlaridan tuzilgan ekan. 

O‘h-ho‘-o‘! Andishasiz, shartaki, betgachopar, tili zahar, murosasiz bo‘lib ko‘ringan ajdodlarimiz merosi xayollarimni alg‘ov-dalg‘ov qilib yuboradi. Mualliflardan faqat Qodiriyning yozganlari tanish, xolos. Ko‘ngilga kelgan har xil ishtibohlardan uyqum qochdi. “To‘plam chop qilinsa yuz yil burungi hayot haqidagi  tasavvurimiz xiyla boyigan bo‘larmidi...” degan o‘y miyamga yopishib qolganday...


Domlaning nekbin niyatlari adabiyot, tanqidchilik, tilshunoslik, folklor, matbuot tarixi bilan bog‘liq edi. Jahon adabiyotshunosligi yutuqlari asosida yangi “Adabiyot nazariyasi”ning yaratilishini orzu qilib o‘tdi. “Tanqidchilar, adabiyot nazariyotchilari mayda, ahamiyatsiz tadqiqotlar bilan emas, adabiyotimizning magistral yo‘lini belgilashga xizmat qiladigan yirik-yirik nazariy masalalar bilan shug‘ullanishlarini istardim” degan gapi shunchaki istak emas, balki jiddiy tanbehdir. Shunday deb yozyapman-u, qulog‘im tagida ustozning o‘ziga xos mayin, shirali ovozda “To‘g‘rimasmi-yo‘qmi?” degan tanish so‘rovi jaranglaganday bo‘ldi...


Boybo‘ta Do‘stqorayev jamiyat yangilikka, yangilanishga muhtoj bo‘lgan, asl milliy-ruhiy chashmalarni izlagan davrda zo‘r berib ijod qildi. Matbuotdagi chiqishlaridan birida “Mumtoz adabiyot tadqiqotchisi ona tilimizni yaxshi bilish bilan birga, fors va arab tillarini ham o‘zlashtirgan bo‘lishi lozim. Aks holda, qadam sayin qoqilaveradi”, deb ta’kidlagan edi. Boybo‘ta aka uchinchi kursda o‘qiyotganida ayrim kursdoshlari jurnalistika guruhiga o‘tib ketgani haqida gapirib, “Men ham o‘tsammikan deb o‘ylaganman. Ammo fikrimdan qaytdim. Sababi, filologik yo‘nalishda jurnalistlarga qaraganda kuchliroq domlalar dars berishardi. Shu ustozlarning ma’ruzalaridan bebahra qolgim kelmadi. Axir, o‘zingiz o‘ylang-a, Ozod Sharafiddinov, G‘ulom Karimov, Laziz Qayumov, Subutoy Dolimov, Ayyub G‘ulomov, Shavkat Rahmatullayev, Umarali Normatov, Mera Saksonova kabi atoqli, mohir ustozlarning darslarini kimning ko‘zi qiyardi!” degan edi.


Har-har zamon saboqdosh og‘alari – Shukur Xolmirzayev, Abdulla Oripov, Begali Qosimov, Mahmud Sa’diyga havasmand bo‘lgani, taassub qilgani haqida gapirib qolardi. So‘ng ko‘r mahalliychilik azobini xo‘b totganini, uzoq yillar o‘qituvchi lavozimiga loyiq ko‘rilmay, laborant bo‘lib ishlagan davrlarini, “Labsoyuz”ni eslardi. Domla jiddiy ko‘ringani bilan juda dilkash inson edi. Ba’zi-ba’zida Baxtiyor Nazarov, Saydi Umirov, Akbar Nurmatov, Amrullo Karimov ko‘rishib, gurung qilardik. Gapimiz o‘z-o‘zidan adabiyot, san’at, tarixga burilardi. Soqol qo‘yganidan so‘ng Xemingueyga kelbat berib qolgan Baxtiyor aka qandaydir bir hangomani eslab qolsa bas, Saydi aka odatdagidek qiyqirib kular, Boybo‘ta aka esa faqat davra eshitadigan tarzda “ho‘ho‘”lab qo‘yar edi. So‘ng asta jilmayib, biror-bir qiziq mavzudan gap ochardi. Davradoshlar ko‘ngliga tegmaydigan, ammo tagdor qochirim va hazillar qilishni yaxshi ko‘rardi. Gurung qamrovi kengligidan milliy adabiyotimizning istalgan davri, jadidlar hayoti, tilshunoslik, adabiy tanqid, xalq og‘zaki ijodi xususidagi kuzatishlarida albatta tesha tegmagan bir fikr, o‘ziga xos bir topilma bo‘lardi.


“O‘zAS”ning 1989-yil 11-sonida Boybo‘ta Do‘stqorayevning “Hamzaning noma’lum she’ri” degan mo‘jaz maqolasi va shoirning “Vatandoshlarima xitoba” nazmiy asari chop etiladi: “Sadoyi Turkiston” taxlamlarini ko‘zdan kechirayotga­nimizda, gazetaning 1914-yil 18-sonidagi ushbu “Tasheh”ga (tuzatish) ko‘zimiz tushdi: “27-no‘meramizda imzosiz bosilgan “Vatandoshlarima xitoba” unvonli she’rning oxirida “Xo‘qand. M.Hakimzoda Niyoziy” degan imzo sahvan bosilmay qolmishdir” (“M” – “muallim” so‘zining bosh harfi – B.D.).

Darhaqiqat, “Sadoyi Turkiston”ning 1914-yil 15-iyulda chiqqan 27-sonida mazkur she’r bosilgan, lekin tagida mual­lifning kimligi ko‘rsatilmagan. Shu boisdan bu she’r hamzashunoslar, umuman, adabiyotimiz tadqiqotchilari e’tiboridan chetda qolgan bo‘lsa kerak. “Vatandoshlarima xitoba” she’ri mazmunan va pafosiga ko‘ra, Hamzaning 1912–1914-yillarda Turkiya, Yaqin Sharq va Arabiston mamlakatlari, Hindistonga qilgan safaridan kelib yozgan boshqa asarlariga hamohangdir. Unda o‘sha paytlar­dagi Turkistonda sodir bo‘layotgan milliy uyg‘onish kayfiyatining, ma’rifatparvarlik va demokratik g‘oyalarning in’ikosi sezilib turadi. Bu esa mazkur yillardagi umumiy ijtimoiy ruhga monanddir. “Vatandoshlarima xitoba” she’ridagi ayrim fikrlar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Yillar osha avlodlarga bunday hamfikrlik, zamondoshlik har qanday ijodkorga ham nasib qilavermaydigan baxt. Hamza esa ana shunday ijodiy baxtga molik adiblardandir”. 

Mag‘zi to‘q yong‘oqday ixcham tadqiqot va Hamzaning:


Ey, ahli vatan? 

Bosdi seni muncha g‘aflat,

G‘arq ayladi muncha seni daryoi jaholat?

Tushdi sening boshing uza har zillau razolat,

Boq! Holingga nelar bo‘la, gar bo‘lsa basorat?” 


– deb boshlanadigan oltmish qatorli kattagina she’ri ayrim “olim”larning ikki-uch avlodga Hamzani dahriy, qip-qizil kommunist deya uqtirgan da’vosini, shu ruhdagi o‘nlab kitob va darsliklarini yo‘qqa chiqargan edi. Ustoz mustaqillik yillarida ochilib ijod qildi, olim sifatida tanildi. Bir umrlik orzusi – ma’rifatparvarlar merosini jamlab chop etish, milliy matbuot tarixini o‘rgatish orqali jadidlar mafkurasini ko‘rsatib berish istiqlol davrida ro‘yobga chiqdi. Hurlik zamonida ta’sis etilgan bayramlardan biri Boybo‘ta Do‘stqorayev izlanishlari mahsuli desak xato qilmagan bo‘lamiz. 


O‘zbekiston istiqlolga erishgandan keyin ham matbuot kuni sifatida salkam bir asrlik an’ana – 5-may (“Pravda” gazetasi tashkil topgan sana) bayram qilinar edi. Milliy matbuot tarixi o‘rganila boshlagach, turli takliflar o‘rtaga tashlandi. Ayrimlar “Turkiston viloyatining gazeti” chiqqan sanani (1870-yil 10-may) nishonlash kerak desa, ba’zilar “Ishtirokiyun” gazetasi chop etilgan kun (1918-yil 21-iyun) bayram qilishga munosib dedi. Munozara avj olgan bir vaqtda, “Xalq so‘zi” gazetasining 1993-yil 11-iyun sonida Tohir Pidayev, Boybo‘ta Do‘stqorayevning “Taraqqiy” gazetasi tashkil topgan sana o‘zbek milliy matbuoti kuni deb e’lon qilinsa. Uning birinchi soni 1906-yilning 14-iyunida chop etilgan” sarlavhali salmoqli maqolasi bosilib chiqadi. Ushbu bosh maqolada “Turkiston viloyatining gazeti” general-gubernatorlikning nashr afkori bo‘lgani, chor Rusiya­sining mustabidlik siyosatini o‘tkazishga xizmat qilgani, “Ishtirokiyun” gazetasi esa o‘lka bolsheviklari minbari bo‘lganini yoddan chiqarmasligimiz uqtirilgan. Mualliflar “Taraqqiy” butun o‘zbek millatining jaholatdan qutulishi, taraqqiy topishi, milliy ongining o‘sishi, erk va istiqlol uchun kurashda muhim o‘rin tutgani, bu maslak keyin­chalik jadidlar g‘oyasi, harakat esa jadidchilik deb atalganini inkor etib bo‘lmas dalillar bilan isbotlab bergan. Maqolada ilgari surilgan “O‘zbek milliy matbuot kuni deb “Taraqqiy” gazetasi chiqqan sanani olish kerak. U 1906-yil 14-iyun, yangi hisob bilan 27-iyunga to‘g‘ri keladi” degan taklif asosida Birinchi Prezident Islom Karimov 1993-yil 24-iyun kuni “O‘zbe­kiston Respublikasi matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekadi. Unga muvofiq, 27-iyun Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni etib belgilanadi.


Boybo‘ta Do‘stqorayev milliy matbuotimizning to‘ng‘ichi bo‘lgan gazetaning yuz yilligi munosabati bilan e’lon qilgan “Taraqqiy” boshlab bergan yo‘l” maqolasida ushbu nashr mustabidlik davrida millatdoshlarimizning milliy ozodlik yo‘liga kirishdek jasorat sari qay tarzda qadam tashlaganliklarini ko‘rsatuvchi yorqin dalil ekanini aytadi va o‘tgan yuz yillikka xayo­lan nazar soladi. Xuddi mana shu o‘rinda olimning o‘ziga xos mahorati namoyon bo‘ladi. Ya’ni, kosa tagida nimkosa qilib, “Taraqqiy” gazetasi bahona xalqimizning yuz yil burungi ahvoli, ijtimoiy-ma’naviy hayot, missioner, “Turkiston viloyatining gazeti” muharriri Ostroumov kabi tullaklarning Rusiya saltanatining mohiyatini, milliy zulm, musta­bidlik nima ekani, ozodlik naqadar buyuk ne’matligini anglatishga harakat qilgan gazetaga nisbatan tuhmat uyushtirgani, bo‘hton tegirmoniga suv quygan johillar, bo‘lginchi xiyonatkorlar qay tarzda g‘olib kelganini taassuf bilan bayon etadi. 


UNESCO 1993-yilni “Yassaviy yili” deb e’lon qiladi. Boybo‘ta muallim Xoja Ahmad Yassaviy ma’naviy-ruhiy olamini o‘rganishga ishtiyoqmandlar uchun qimmatli sovg‘a tayyorlaydi. Tariqat piri, shayxul mashoyixning hali muxlis-u mutaxassislarga noma’lum bo‘lgan ayrim hikmatlarini, o‘zbek tilida yozilgan ilk tadqiqotlar – Abdurahmon Sa’diy va Abdurauf Fitrat maqolalarini jamlab, kattagina so‘zboshi bitib, “Yassaviy kim edi?” nomi ostida nashr ettiradi. So‘zboshining o‘zi bir tadqiqot! Boybo‘ta aka munaqqid Abdurahmon Sa’diy ham, taniqli sharq­shunos olim Abdurauf Fitrat ham Yassaviy ta’limotining mohiyatiga kirib borolmaganini ochiq yozadi. Jumladan, Sa’diy Yassaviy mansub bo‘lgan tasavvuf oqimi haqida lom-mim demagani, Fitrat esa Yassaviyning mutasavvif sifatidgi ta’limotini yetarli baholay olmagani, “Mautu qabla an tamutu”, ya’ni “O‘lishdan avval o‘linglar” iborasini jo‘n, yuzaki tushuntirganiga e’tibor qaratadi.


To‘qsoninchi yillar oxiri. Oliy ta’lim muassasalarida poraxo‘rlik avj olib ketgan, degan fikr oliy minbarlardan aytila boshlagan kunlarning birida ustoz huzuriga bordim. Domla og‘ringancha, “E-e, bu qanday gap! Hamma muttaham emas-ku?! O‘sha institut, universitetlar nomi aytilsada. Xayriyat, Gulnoz qizim “иновещание”ga ishga kirgan ekan. Kunimizga yarab turibdi...” deb qoldi. ToshDUning jurnalistika fakultetida besh yil o‘qib, tamagirlik, sessiyada domlalarga nimadir uzatish degan noma’qulchilikni ko‘rmaganman. To‘g‘ri, o‘sha zamonda ham kimdir “tanka” surib o‘qishga kirgandir. Ehtimol... 

Arzimagan moyanaga qanoat qilib ro‘zg‘or tebratayotgan ustozga ichim achisa-da, nima deyishga hayron bo‘lib, noiloj izimga qaytdim... 

Boybo‘ta akaning o‘n uch yil burun bitilgan “Alpomish” matnining jilolari” nomli maqolasi bor (“O‘zAS”, 2011-yil, 1-son). Muxtasar maqola mohiyat e’tibori bilan bir risolaga teng. Maqola avtobiog­rafik chizgilar bilan boshlanadi. Yetmish yoshni qoralagan muallim bolaligini shunday eslaydi: “XX asr 40-yillari oxirida, ayrim qishloqlarga hali radio kirib bormagan paytlarda uzoq qish kechalari qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar yig‘ilar, ovozi yoqimli bir kishi dostonlarni o‘qir, boshqalar zavqqa to‘lib tinglar edi. Shunday davralarning bir chetida kamina ham bo‘lardi. Endi olti-yetti yoshga kirib, badiiy so‘zning sehrini chala-chulpa anglay boshlagan vaqtlarimda dostonlarda tasvirlangan voqealarni bolalikning cheklangan xayolot doirasida o‘zimcha tasavvur etar, hodisalarni o‘z qishlog‘im sarhadlaridan uzoq bo‘lmagan makondagina bo‘lyapti, deb o‘ylardim. Shu tariqa, xalq og‘zaki ijodi, xususan, dostonlar hali jo‘n tarzda bo‘lsa-da, badiiy tafakkurimning shakllanishida o‘ziga xos zamin bo‘lgan, deya olaman. Bu tuyg‘u haligacha meni tark etgan emas. Har zamon-har zamonda yuz marta eshitilgan, o‘qilgan dostonlarni yuz birinchi marta yana qo‘lga olaman, ularga boshqacha nigoh bilan qarayman: endi undagi har bir so‘zdan, har bir atama­dan tarixiy o‘tmishimiz muhri bosilgan realiylarni qidiraman, agar shundaylarni topolsam, behad quvonchga to‘laman”.


Domla bolalikni eslash asnosida adabiyot ibtidosi folklor, xalq og‘zaki ijodi ekanini uqtirgan, dostonlarni, xususan, “Alpomish”ni qanday tahlil etish lozimligini ko‘rsatib bergan edi. Talqinning o‘ziga xosligi shundaki, domla qadimda ajdodlarimizning ism qo‘yish tamoyillari bo‘lganini, o‘g‘il bolalarga katta niyat bilan ulug‘, ulkan narsa yoki kuchli mavjudotlarning otlarini yoxud yosh jonivorlarni anglatuvchi ismlar (“Olpinbiy” – bahodir, polvon, “Dobonbiy” – ulkan dev, “Ko‘kaman” – yuragi katta) qo‘yishganiga e’tibor qaratadi. “Qizlarga ko‘rkam, suluv parrandalarning otlarini qo‘yish odat bo‘lgan. Qarang, Boysarining qizi Barchin, Boybo‘riniki esa Qaldirg‘och. “Barchin” so‘zi “bovurchin” degan so‘z bilan bog‘liq, jigarrang, chiroyli muannas o‘rdak degani”. Boybo‘ta aka chekkagir olimlardan farqli ravishda matnning “ichi”ga kirib tahlil qilardi. Matn ham pok niyatli, mashaqqatni rohatga aylantira oladigan muallimni mahram bilib, “ko‘zdan pana” fazilatlarini ochardi. Matn va so‘z olamida yashagan ustoz o‘sha olamdan turib siz bilan gaplashar, gurung, albatta, o‘sha tilsimli dunyo sarhadlariga ko‘char edi. So‘zlarni juda nozik his etar, etimologiyasi, muqobili, iqlimi, jon tomirlarini juda yaxshi bilardi. Ona tilimiz jilvalarini tomosha qilishni, uning xazinasi boyliklari bilan faxrlanishni xush ko‘rardi. Ilgari eshitmagan, uchratmagan so‘zga duch kelsa, Fitrat domla kabi turkiy ildiz bilan bog‘langan-bog‘lanmaganini aniqlashga ishqiboz edi. “Arab va fors tillaridan kirgan so‘z va istilohlarning qadimda o‘zbekchasi (turkiy) bo‘lgan-bo‘lmaganini bilishni ko‘nglimga tugib qo‘yaman”, derdi jilmayib. Bir gal “Gerbimizdagi arabcha Humoning turkiycha nomiga qachondir duch kelaman deb yurardim. Yaqinda uni topdim. Ajdodlarimiz Humoni Quvolg‘u deb atagan ekan...” degan edi xazina topganday quvonib. “Quvolg‘u” so‘ziga qay yo‘sinda duch kelgani haqida kattagina maqola ham yozgan edi. 


Bugungi o‘quvchi ustoz tabdil qilgan, izoh bitgan maqolalarni asliyatda o‘qisa, rosti gap, deyarli hech narsa tushunmaydi. Misol uchun, O‘zbekistonda arab alifbosi asosidagi yozuvdan lotin yozuviga o‘tish davrida tashkil etilgan “Alanga” jurnalida bosilgan “Kuchli bir san’atkorimiz” maqolasini olaylik. Maqola Buxoro “Shashmaqom”ining notaga tushishiga sababchi bo‘lgan mashhur musiqashunos Ota Jalol Nosirov va boshqa musiqachilar hayoti haqida. Boybo‘ta aka maqoladagi har bir so‘z va ibora ma’nosini tushun­tirishdan tashqari, maqola muallifi, shoir Nasriddin Rahimiy yo‘l qo‘ygan xatolarni ham tuzatib (masalan, “Istimoiy musqi – harom” iborasi, aslida, arabchada  “Istimo‘ ul-musiqa – haramun”, oddiy xalq tilida “Kuy tinglash – harom” degani), batafsil izoh bitgan. Izohning o‘zi salkam maqolacha bor. 


Arab, lotin yozuvidagi shu kabi yuz­lab bitiklardagi har bir so‘z, sana, ibora, ishora, o‘xshatish, obraz, tashbehlar ildi­zini ochib, mushkulimizni oson etgan nuktadon olimga tasanno aytmay bo‘ladimi?! Boybo‘ta aka shunchaki yozmasdi. Nazari o‘tkir, juda sinchkov olim dalillarni solishtirib, uzoq mushohada qilgandan keyingina qo‘liga qalam olardi. Peshqadam munaqqid sifatida ikki buyuk siymo – Cho‘lpon va Qodiriy ijodiga xos zohiriy va botiniy mushtarakliklar, ko‘zga tashlanadigan va tashlanmaydigan ichki robita, munosabatlarni teran tahlil etdi. “Ikki buyuk siymo” deb nomlangan ushbu ohorli, salmoqli tadqiqot adabiyotshunosligimiz uchun yangi mavzular belgilab bergani bilan ahamiyatlidir. O‘zaro suhbatlarda mumtoz ada­biyotimiz har qancha badiiy mahorat cho‘qqisiga erishgan bo‘lmasin, XX asr boshlariga kelib u yangi she’riyatga yo‘l berganini ta’kidlardi. Bu yangi she’riyat yalovbardori esa, shubhasiz, olimning suygani Cho‘lpon edi! Boybo‘ta Do‘stqorayevni cho‘lponshunoslikka ulkan hissa qo‘shgan olim sifatida ham e’tirof etish lozim. Domlaning Cho‘lponga muhibligi, oshiqligi bejiz emas. U o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida Cho‘lpon she’rlarini yoddan aytib, talabalarga isyonkor, erksevar shoirni tanitib, ijodiga oshno etganini ko‘pchilik yetmishboylar yaxshi xotirlaydi.


1997-yilda Cho‘lponning Boybo‘ta Do‘st­qorayev tomonidan tayyorlangan “Go‘zal Turkiston”  nomli to‘plami bosilib chiqadi. Zahmatkash munaqqid to‘plamga so‘zboshi va izoh bitib, shoirning 90-yillar atrofida e’lon qilingan kitoblarida o‘tib ketgan talay matniy xatolarni tuzatdi. Eng muhimi, muxlis-u mutaxassislarni birday qiziqtiradigan masala – Cho‘lpon  o‘zbek she’riyatiga qanday yangi badiiy xususiyatlar olib kirdi degan savolga atroflicha javob berdi. 

Adabiyot tarixidan ma’lumki, ustozini himoya qilib maqolalar yozgan Oybek bu yangilikni tilda, uslubda, texnikada, degan edi. Boybo‘ta aka Oybek fikrini davom ettirib, shoir ijodining yangiligi she’riyatning nafis jussasini qiynab turgan “yuk”lardan xalos qilganida deb ta’kidladi.


Munaqqidning e’tiroficha, bu “yuk” XIX asr oxiri – XX asr boshlariga kelib aksar shoirlar tomonidan bir “qolip”ga aylantirilgan, “qofiya”, “radif” kabi she’riyat “kishan”lariga asir aruz vazniga xos “eski usul” edi. “Cho‘lpon vaznnigina isloh etib qolmadi, – deb yozadi B.Do‘stqorayev. – Uning she’riyati ruhan ham butunlay yangi edi. Cho‘lpon she’riyatiga zamonning katta-kichik voqealari, xalq dardi, orzu-armonlari, maishati, intilishlari bevosita mavzu bo‘lib kirdi. Demak, uning she’riyati XX asr ijtimoiy hayoti bilan, ya’ni o‘z davri bilan chambarchas bog‘langan edi”.

 

Professor Bahodir Karimov 2004-yili Cho‘lpon haqidagi ayrim maqola va taqriz­larni to‘plab, “Cho‘lpon va tanqid” nomi bilan nashr ettiradi. Boybo‘ta aka yosh adabiyotshunos tuzgan risola­ning muhimligini e’tirof etib, to‘plovchi e’tibor qaratmagan, asar mazmunini anchagina o‘zgartirib yuboradigan ba’zi xatolarni ko‘rsatib o‘tadi. Shu bilan birga, kitobxonlar ongiga singdirilayotgan yang­lish tasavvur – 20-yillarning ikkinchi yarmiga kelib, Cho‘lpon ta’na-malomatlar, dashnomlar, dag‘dag‘alar, po‘pisa­lar eshitaverib yuragi zada bo‘lgan, unga hech kim muruvvat ko‘rsatmagan, hamma yuz o‘girgan, dunyoga kelib ro‘shnolik ko‘rmay o‘tib ketgan, degan qarashlarga oydinlik kiritish lozimligini ta’kidlaydi. Xususan, O‘zbekiston Markazqo‘mining birinchi kotibi Akmal Ikromov mafkuraviy jihatdan keskin tanqidga uchragan, “ashaddiy millatchi”, “burjua yozuvchisi”, “yot unsur” kabi dahshatli gunohlarda aybla­nayotgan Cho‘lponga muntazam ravishda pinhona ko‘mak berganiga dalillar keltiradi. Shu o‘rinda ikki og‘iz qo‘shimcha. Qaysi manbada o‘qiga­nim yodimda yo‘q, Fayzulla Xo‘jayev ham Cho‘lponni doim moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlab kelgan.


Boybo‘ta Do‘stqorayevning “Vannaychaxonning dardi yoki cho‘lponshunoslikdagi ayrim muammolar xususida” nomli maqolasi (“O‘zAS”, 2009-yil 45-son) shoir ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan jiddiy tadqiqotlardan biri. Mu­naqqid ko‘pchilikni qiziqtiradigan ikkita muhim savolga javob izlagan: Cho‘lpon she’rlari badiiy mahorat nuqtai nazaridan bir xil emasligining boisi nimada? Cho‘lponning ayrim she’rlari haqida hali-hamon turli-tuman taxmin, farazlar mavjudligining sababi ne? Shoir ijodiy faoliyatining ko‘pqirraligini e’tirof etgan olim ilhom parisi­ning qanotida uchgan Cho‘lpon “Go‘zal”, “Sirlardan”, “Binafsha”, “Po‘rtana”, “Qalandar ishqi” kabi o‘lmas asarlar yaratgan bo‘lsa, boshqa ko‘plab she’rlari muxbirlik faoliyati davomida yozilgan xabar, maqola, sharhlarga “qo‘shimcha” tarzda bitilgan nazmiy ilovalar ekanini aytib o‘tadi. Domla “publitsist-shoir Qalandar” bitgan ko‘plab she’rlar shoir hayotlik paytida nashr etilgan to‘plamlarga kirmaganiga e’tibor qaratadi. Cho‘lponning siyosiy-ijtimoiy voqealarga o‘z davrining farzandi sifatida munosabat bildirishini, faol graj­danlik pozitsiyasini ijobiy baholaydi. Haqiqatparast shoirga tuhmat qilish, uni gazetada urib chiqish urf bo‘lgan davrda felyetonchi Komil Aliyev ham rosa “jonbozlik” ko‘rsatganini ta’kidlab, “Aqlli jinni” felyetonidan bir parcha keltiradi: “U “Epoxa” (davr) popiris qutisig‘a mana bu she’rni yozib:


Bunday epoxani chekib tugating,

Kullari ko‘klarga  sovrilib ketsin!

Endi bu bechora odam bolasi

Olovsiz, tutunsiz kunlarga yetsin! –


deyishi bilan “Kambag‘allar davri – biz, boylar, mayda burjuaziya laganbardorlari, mafkurachilarni yondirdi. Bu davrning (mehnatkashlar davrining) kuli ko‘kka sovrilib, yer bilan yakson bo‘lsin”, deb qichqiradi”. Maqolada shoirning tabiatan badihago‘yligi va parishonxotirligi boshiga ko‘p kulfatlar solgani haqida ham so‘z yuritilgan. Ommaviy qatag‘ondan o‘n yilcha burun boshlangan fosh etish siyosati ildiziga teran nazar tashlagan olim xulosalari biz­ni bugun ham ogohlikka chorlaydi. 


Kamtar cho‘lponshunosning “Cho‘l­pon va tanqid”, “Muhabbat osmonining go‘zal Cho‘lponi”, “O‘tli chaqiriqlar”, “Cho‘lpon: gazeta – yettinchi davlat”, “Hurriyat”ning ko‘ksiga gul taqaylik”, “Siynani sanaga almashtirib bo‘lmaydi yoxud cho‘lponshunoslikning dolzarb masalasi”, “O‘g‘uzxon”dan biror “iz” qolmaganmi?” kabi nihoyatda teran maqolalari bilan nafaqat Cho‘lpon hayoti va ijodi, balki adabiyot, milliy matbuotimiz tarixining qorong‘i sahifalarini ham  yori­tib berdi. Professor Fitrat haqida “Salohiyatli ijodkor, iste’dodli olim” degan maqola yozib, serqirra olimni mo‘jaz bir akademiyaga mengzadi. Maqoladagi  quyidagi parcha Siz, muhtaram o‘quvchini befarq qoldirmaydi deb o‘ylayman: “80-yillarning boshida Abdurauf Fitratning singlisi Mahbuba Rahim qizi bilan suhbatlashganimda, bir voqeani aytib bergan edi: “1922-yili Germaniyaga o‘qish uchun talabalar jo‘natilayotganda akamdan “Men ham borsam...” deb iltimos qilgan edim. Akam “Ko‘rasan hali, Germaniyada o‘qib kelganlarni sho‘ro hukumati sog‘ qo‘ymaydi” degan edi. Aytgani keldi. Bechoralarning birontasi qatag‘ondan qutulib qololmadi”.  


Boybo‘ta aka talabalarga matbuot ta­rixidan ma’ruza o‘qish, jadid pedagogikasi va mafkurasi haqida maqola yozish, bayt-u g‘azal sharhi bilan cheklanib qolgan emas. Domlaning Abdulla Qodiriy, Abdulla Oripov, Tilak Jo‘ra, olimlardan Ochil Tog‘ayev, Ozod Sharafiddinov, Vohid Abdullayev, Saydi Umirov, Shavkat Karimov haqidagi maqolalari ziyoli o‘laroq ma’naviy hayot, adabiy-ilmiy jarayonning sinchkov kuzatuvchisi bo‘lganini isbotlaydi. 

Hamma ishi jo‘yali va batartib, yuksak ichki madaniyat sohibi bo‘lgan Boybo‘ta aka qo‘liga nima tushsa – dissertatsiya yo avtoreferat bo‘ladimi, gazeta yo jurnalmi – mag‘zi to‘q, bexato bo‘lishini istardi. Yaxshi ko‘rib kuzatadigan nashrlari hafsalasini pir qilsa, “It dumini chaynagandek o‘zini takrorlayapti...” der edi o‘ziga xos norozi ohangda. 


Kitob bobidagi talabi juda yuksak bo‘lganiga ikkita misol keltirsam. “Jahon adabiyoti” jurnalining 2001- yil 11-sonida chop etilgan “Umrni uzaytiruvchi farzand” maqolasida taniqli olim Ahmad Aliyevning “Ma’naviyat, qadriyat va badiiyat” nomli 40 bosma taboq hajmdagi kitobining ahamiyatiga batafsil to‘xtalgan. Zahmatkash olimning ko‘p yillik mehnatiga yuqori baho berish bilan birga, saksondan oshgan domlaga “assistentlik” qilgan nashriyot xodimlariga nisbatan e’tirozlarini ham ochiq bayon etgan: “Uni nashrga tayyorlashda keksa olimga musahhihdan tortib muharrirgacha – nashriyot xodimlari sidqidildan yordam berishlari kerak edi. Negaki, kitob muharriri tuzatishi, tartibga keltirishi mumkin bo‘lgan o‘rinlar talaygina uchraydi. Kitobdagi fikriy qaytariqlar, takrorlar, ortiqcha tafsilotlar, eskirgan fikrlar, g‘aliz gaplarni o‘z kasbiga mas’uliyat sezgan muharrir o‘tkazib yubormagan bo‘lardi”. “Xalq so‘zi” gazetasining 2003-yil 7-fevral sonida e’lon qilingan  salkam bir sahifali “Yulduz benarvon urilmaydi yoxud Andijondagi “Hayot” nashriyotida chiqarilgan kitoblar haqida ayrim mulohazalar” bugun ham dolzarb. Maqola muallifning kitoblarni “katta qiziqish va salgina ishtiboh bilan” qo‘lga olgani haqidagi mulohazalari bilan boshlanadi. Munaqqid “hayot”chilar ikki yil ichida e’lon qilgan ko‘plab risola, to‘plamlarni erinmasdan tahlil qiladi. “Bu kitoblarni o‘qib chiqqach, ko‘nglimda ikki xil, ziddiyatli tuyg‘ular qoldi. Biri – mazmuni bo‘liq, saviyasi yaxshi, sifatli chiqarilgan risolalardan qoniqish bo‘lsa, ikkinchisi – saviyasi o‘rtacha yoki undan ham pastroq, uslubiy g‘alizliklari, imlo xatolari to‘lib yotgan kitoblardan ranjish tuyg‘usi”.


Talabchan murabbiy badiiyatdan yiroq, mantiqqa zid asarlarni nashr etishga ruju qo‘yilayotganidan, kitoblarda uslubiy g‘alizliklar, tahrirtalab jumlalar, xalq maqollari va iboralarini noto‘g‘ri qo‘llash, o‘rinsiz ta’rif va tavsiflar ko‘pligidan ranjiydi. Anglaganingizdek, har ikki maqolada bir xil xulosa – nashriyotlar mohir muharrirga ehtiyojmand ekani ta’kidlangan. Domlaning haqli e’tirozlari bugun ham dolzarb masala sifatida kun tartibida turibdi. Ustoz shaxsi juda katta ahamiyatga egaligini uqtirib o‘tgan domla og‘irning ustidan, yengilning ostidan yurishni or bilar, ilmdagi qalloblarni ich-ichidan xush ko‘rmas edi. Tuyaqorinday tadqiqotlar urchiyotgan, chin ustozlar merosi tufayli yildan yilga yuksalib, ustozlik da’vo qilayotgan kalondimog‘lar maydalashayotgan zamonda foydali ilm yo‘lida sobitqadam bo‘lish qahramonlik, aslida.  Iloyo, ustozning oxirati obod, chin ziyoli, eltuzarlar safi  bardavom bo‘lsin!

Olim TOSHBOYEV,

filologiya fanlari nomzodi, 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan journalist

2023-yil 8-noyabr

Maqola muallifi

Olim TOSHBOYEV

Olim TOSHBOYEV

Jurnalist

Teglar

  • #Ona tili

Ulashish