MING SO‘M

Esse MING SO‘M
496

Shaharda maydalab yomg‘ir yog‘a boshladi. Ertalab havo ochiq edi, kech kuz havosi birpasda o‘zgardi. Ayniqsa, Chotqol va Qurama o‘rtasida joylashgan bu shaharga o‘zgaruvchan, salqin ob-havo xos. Odatda uygacha yayov yurib, oyoq chigilini yozib yetib oladigan manzilimga yomg‘ir sabab yo‘na­lishdagi avtobusga chiqdim. Odam siy­rak, o‘tirishga joylar bor. Navbatdagi bekatda to‘xtaganida o‘zi kichkinagina, lekin kattagina sumkani orqasiga osib olgan bolakay ham avtobusga chiqdi. Chamam­da, birinchi yo ikkinchi sinfda o‘qisa kerak. Orqaroqda, o‘ng oyna tarafdagi ikki kishilik o‘rindiqlardan birida o‘tirardim, oldimda o‘rta yoshlardagi bir juvon bor. Sal oldinroq­dagi chap oyna tarafdagi o‘rindiqqa bolakay kelib joylashdi. Bolakaydan bitta oldindagi o‘rindiqda hozir nafaqada bo‘lgan, ilgarilari shaharda ikkita bo‘lgan oliygohlardan birida ishlagan sobiq o‘qituvchiga  ko‘zim tushdi. Orqa eshikdan chiqqanligim sabab, boya tani­magan ekanman. Bir payt bolakay o‘sha odamning qulog‘iga nimadir deyotganini ko‘rib qoldim, “Tanisa kerak, ancha yaqin shekilli, qulog‘iga gapirayapti”,  degan xayolga bordim. Bir payt u odam: 

– E, nima deyapsan o‘zi, mening ham senga o‘xshagan bolalarim bor, ularni boqishim, o‘qishiga pul topishim kerak, mana hozir ham ishdan kelayapman, shu yoshimda ham mehnat qilib pul topayapman, senga beradigan ortiqcha pulim yo‘q, – deya baland ovozda bolaga o‘dag‘aylab ketdi. Bola bechora esa yanada kichrayib, boshini egib, o‘rindiqqa bukchayib oldi. Men nima bo‘lganligini tushunolmay qoldim, u kishining dabdurustdan bolakayga o‘dag‘aylab ketganiga hayron bo‘lib turgan edim, mendan oldinda o‘tirgan juvon chaqqon o‘rnidan turib, bolakayning oldiga bordi. Uning boshini silab, qo‘liga ming so‘mlik pul tutqazdi. Juvon joyiga kelib o‘tirgach, undan nima gapligini so‘radim. 

– Bolaning yo‘lkiraga puli yo‘q ekan, shunga anovi odamdan pul so‘ragan ekan, – dedi. Gap nimadaligini tushunib, “baraka toping, singlim”, dedim. Oldinroqda o‘tirganligi uchun bolaning gaplarini tezda anglab olgan shekilli! Shu bilan birgalikda “anovi odam”dan jahlim chiqdi. Yoshi katta, tushungan ziyoli odam bo‘lsa, uning ustiga, bir umr oliygohda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan! Hozir ham nafaqa, ham oylik olishi aniq, boya aytganidek, ishlayotgan bo‘lsa! Demoqchimanki, juda ham pulga muhtoj inson emas! Pul berolmas ekan, gapni ko‘paytirib, bolakayning boshini egdirmasdan, oddiygina yo‘q deb qo‘ya qolmaydimi, biz berardik o‘sha ming so‘mni! 


Maktabda nechta o‘quvchiga necha martalab pul berganman, kimdir qaytargan, kimdir yo‘q. Necha martalab daftar, ruchka, qog‘oz berganlarim­ning sanog‘i yo‘q, har qanday sharoitga tayyor turadigan o‘qituvchida hamisha daftar, ruchka, qog‘oz zaxirada turadi! Berganlarimga rozi bo‘lib, darhol kechib qo‘yaman, bo‘ynida qarz bo‘lib qolmasin deb! Axir ular hali bola-da! Boshimdan “Bola bechora har kuni maktabdan yayov qaytgan bo‘lsa, yomg‘ir sabab avtobusga chiqqan­dir? Yoki uyidagilar yo‘lkira bergan bo‘lsa, yoshlik qilib ishlatib qo‘ygandir”,  degan o‘ylar o‘tdi. Ana, mendan oldin bir ayol kishi berib yubordi, tushunib ulgurmasimdan oldin! Menga aytganida edi bolakay, hech kimga ko‘rsatmay, sekingina berib qo‘ya qolardim. U odam boshiga do‘ppi kiy­gan, yoshi kattaligini ko‘rib, yaxshi odam bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandirda bola boyaqish!


Shu o‘rinda o‘ylab qoldim: men ham hozir maktabda o‘qituvchiman, lekin bunday holatlarda yosh bolaga qanday muomala qilish kerakligini bilib qolganman. Sobiq institut o‘qituvchisining qilig‘i esa uning pedagogikadan ancha yiroqligini ko‘rsatib qo‘ydi. Maktabdan ilgari, o‘sha oliygoh yopilib ketmasidan burun o‘zim ham shu odam bilan bir jamoada ishlaganman, lekin o‘sha paytlarda uning xulq-atvorini bilmagan ekanman. U paytlar o‘zim ham yosh edim. Institut yopilib, maktabga ishga kelgach, oliy ta’lim muassasasi bilan maktab orasida katta farq borligini amalda sezdim. Oliy ta’limda faqat dars o‘tish, buyruq berish, talab qilishning o‘zi yetarli edi! Chunki hamma voyaga yetgan, mustaqil, qilayotgan ishiga javob bera oladi. Maktabda ishlash uchun esa katta odam boladek bo‘la olishi, bola psixologiyasini bilishi, boshlang‘ich, o‘rta, yuqori sinf o‘quvchisi bilan yoshiga qarab muomala qila olishi kerak! Bolalar esa hali g‘o‘r, voyaga yetmagan! Ha, maktabda o‘qituvchi bo‘lish og‘ir! Bu holatdan keyin oliy ta’limda uzoq yillar ishlagan o‘qituvchi maktabda o‘z o‘rnini topishi qiyinligiga yana bir bor ishonch hosil qildim, buni maktabga birinchi kelgan kunimdayoq his qilgan edim. Oliy ta’limda esa, farqi yo‘q, o‘qituvchi uchun u yerda hamma bir xil – talaba, tamom-vassalom! Shu sabab oliy ta’lim o‘qituvchilari talab qilishga moyil! Shu o‘rinda oliy ta’limda ishlayotgan professor-o‘qituvchilar tomonidan yaratilgan maktab darsliklarining bola yoshiga to‘g‘ri kelmasligi, ular nihoyatda ilmiy, qiyin rasmiy uslubda ekanligi ham yodimga tushdi. Aslida maktab darsliklarini olimlar va maktab o‘qituvchilari hamkorlikda yaratishlari kerak!


Boyagi odam bir umr oliy ta’limda ishladi, maktab pedagogikasidan bexa­barligini, oliy ta’lim va maktab o‘qituv­chisi o‘rtasidagi farqni yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi, bu mayli. Lekin odamgarchilik, qolaversa, erkakchilik degan xislatlarga ega bo‘lish uchun qayerda ishlash, nima ish qilishning ahamiyati yo‘q, bunga ishonchim komil! Bekatim kelib, avtobusdan tushar ekanman, old oyna tepasiga ilib qo‘yilgan yozuvga ko‘zim tushdi: “Yo‘lkira – 1 000 so‘m. 7 yoshga to‘lgan bolalarga yo‘lkira 100 foiz!”. Yo‘lakdan ketar ekanman, xayolimdan noxush bir o‘y o‘tdi: ishqilib, bu odam biror maktab­ga ishga kirmagan bo‘lsinda!

Qurdosh ODINAYEV

Maqola muallifi

Qurdosh ODINAYEV

Qurdosh ODINAYEV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Jarima

Ulashish