“O‘qituvchi bo‘laman, lekin boshlang‘ich ta‘lim o‘qituvchisi emas…”

Murojaat “O‘qituvchi bo‘laman, lekin boshlang‘ich ta‘lim o‘qituvchisi emas…”
109

May oyida maktab bitiruvchilari bilan “Kelajakda qaysi kasb egasi bo‘lmoqchisiz?” mavzusida suhbat o‘tkazdim. Sinfdagi o‘quvchilardan uch nafarigina(ikkitasi xorijiy til va bittasi matematika mutaxassisligi bo‘yicha) o‘qituvchi bo‘lmoqchiligini aytdi. “Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi bo‘lmaysizlarmi?” deya so‘rasam, g‘alati javob berishdi: “Ustoz, hozir xorijiy til o‘qituvchisi ko‘p maosh olyapti, qolaversa, o‘quv markazida repetitorlik qilsak bo‘ladi. Boshlang‘ich ta’limda to‘liq stavka ishlay olmaysiz, chala maosh olib ishlash kimga kerak?”…

Balki ular haqdir. Bugun boshqa fan oʻqituvchilari maktabda ishlabgina qolmay, fanidan repetitorlik qilib ham oila boqmoqda. Boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisi esa dars ololmay sarson:  stavkasi – 18 soat. Shundan ona tili, matematika darsi ‒ 12 soat. Qolganiga nomutaxassis emish. Repetitorlik qila olmaydi. Stavka toʻldiray deb musiqa, texnologiya, tasviriy sanʼat, tarbiya, tabiiy fan kabi fanlarni ur-talash qilib yoki choʻntak kovlab zoʻrgʻa oladi. Ololsa boshi osmonga yetadi, quvonib bir yil ishlaydi… Ololmasa xafa boʻladi, faqat oʻzidan, tanlagan kasbidan… 

Savol tugʻiladi, nega bu fanlar boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisiga ochiq berilmaydi? Kim bu savolga javob beradi? Bugungi yoshlarimiz ertaga topadigan pul uchun kasb tanlayaptimi? Nahot ertaga boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisi kamayib ketsa? Toʻgʻri, bu soha mutaxassislari koʻp ishlashi, asabi baquvvat boʻlishi, erinmasligi, yosh boladek muloyim boʻlishi lozim. Yoshlarimiz fikrida ham jon bor, menimcha. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bu masala ustida bosh qotirishi kerak. Boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisi stavkasini kamaytirish yoki boshqa fanlarni qoʻshib berish orqali to‘liq stavka bilan ishlashini taʼminlash masalalariga javob topish kerak. Bu masala yechilmas ekan boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisi jabr bilan ishlaydi va masʼuliyat yukini olmaydi. Sifatsiz, nomiga taʼlim beradi. Yana bir masala – attestatsiya payti boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisi tabiiy fan, texnologiya, tasviriy sanʼat fanlari bo‘yicha ham savollarga javob beradi. Oʻqituvchi bu fanlardan dars bermasa, savolga qay darajada javob beradi? Bu baliga salbiy taʼsir qilmaydimi? Mana, nima uchun oʻqituvchi attestatsiya sinovlaridan muvaffaqiyatsiz oʻtadi. Bu xususda ham chuqur fikr yuritilib, jara­yon qayta koʻrib chiqilishi kerak. Siz nima deysiz, aziz zamondosh?


Zafar MO‘MINOV, 

Qo‘shrabot tumanidagi

84-maktab o‘qituvchisi

Maqola muallifi

Zafar MO‘MINOV

Zafar MO‘MINOV

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ona tili
  • #Jarima
  • #Ta'lim
  • #Talaba
  • #Ta'lim

Ulashish