ZARIF CHO‘PONNING GURUNGI

Shapaloq ZARIF CHO‘PONNING GURUNGI
114

Tilning tomirlari to‘ppa-to‘g‘ri yurakka ulangan. Sen ona tili-adabiyot o‘qituvchisi bo‘lsang, o‘sha yurakni tilga muhabbat bilan oziqlantir. Qoidalar ikkinchi darajali. 


— Qayt deyman, qayt! He-e onangni baxtiga omon bo‘gurlar…

— Obbo, domlamding uliye-e, shaharda yuraverib, qo‘y boqishlaram esing­dan chiqibdi-da. Qo‘y, uka, indama, narigi qirning shappatiga borib o‘zlari qaytadi. Qalay, o‘zing yaxshi yuribsanmi? 

— Birnav, Zarif aka, bularning ortidan yuguraverib rosa tinkam quridi...

Bepoyon dasht. Bu yerlarda vaqt  hu-uv shudgorda emaklab ketayotgan tosh­baqadan ham sekin. “Bugun o‘zim qo‘yga chiqaman. Bir sayr-u sayohat qilib kelay!” deb kerildingmi? Endi chidaysan. 

Yaxshiyam shu Zarif cho‘ponni uchratib qoldim. Bo‘lmasa, zerikkanimdan yorilib o‘lar ekanman. Endi yonbosh­lagancha gangur-gungir hangoma bilan bir amallab kunni kech qilib olsak, bas. 

— Seni tunov kuni telvezorda ko‘rdim. Tuppa-tuzuk shoyir ekansan-ku. Rosa quvondim, malades! Yoshligimda menam she’r yozganman. Maktabimiz kutubxonasida o‘qimagan kitobim qolmagan. “Yillar armoni” kitobini hozir so‘rasang ham yoddan aytib berishim mumkin. Toshkenda o‘qiyapman, dedingmi? Ha to‘xtama. Bizning qishloqdanam chiqsin-da! Menam o‘qiy­man deb ko‘rdim, “Sen ketsang qo‘yga kim qaraydi?” deb otam ko‘nmadi.

Ha aytgancha, uka,  telvezirga borganingda shularning kattasiga bir-ikki og‘iz gapirib qo‘ysang, bo‘maydima?

— E-e-e qiziqsiz-da aka, men kimman-u ular kim. Oddiygina talaba bo‘lsam. Nima deyman?

— Dashdan tinkam qurib uyga boraman. Ozroq telvezor ko‘rib char­chog‘imni chiqaray desam enasini emsin, quriq asabim qo‘zigani qoladi. Tuzukroqlariyam bor-ku, lekin urug‘likka. Chechang, bollar shu bemaza tomoshalarni mazza qilib ko‘radi. Ba’zan o‘ylab qolaman. Zamon shamolday yelib o‘tgan-u, men shu vaqt qirning panasida qo‘y boqayotgan bo‘lganman. Shunga zamonning shiddati menga ta’sir qilmay qolgan. Balki chindanam aqlim yetmas. 

Baribir chidolmaysan. Bir vaqtlar yoshlik qilib tovorqalik bezorilar bilan qimor o‘ynaganimda otam bilib qolib, rosa enamdi ko‘rsatkan. Molxonaga necha kun qamab qo‘yuvdi. Hozir istagan kanalingni qo‘ysang, shu qimorni ko‘rsatyapti. Qo‘shiqlarni-ku gapirmayman. Atilla, Alpomish, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur, Shayboniy­xonday buyuk o‘tmishi bo‘lgan xalq nahotki bitta tuzukroq tarixiy serial ololmasa, qachongacha bolalarimiz Jumong, Yumyong, Chingachkuk, Uilyam Vols, deb katta bo‘ladi.


Xalq bir karvon bo‘lsa, karvonbo­shilari shu telvezorga chiqib qilpangla­yotganlar. Odamlar shularning ortidan ergashadi. Xalq bir suruv qo‘y bo‘lsa, oldinda buzuq qong‘iroq taqib ketayotgan sarkalar ham shular. Sarkalar aqlsiz bo‘lsa, cho‘ponning kaltagi befoyda.

— Bemalol so‘kavering, Zarif aka. Siz bilan bizning ovozimiz shu qirlarning orasida qolib ketadi baribir. 

Qayt deyman-a, qayt!!! Aka bizning qo‘radagi sarkalar ham siz aytganga o‘xshaydi-yov. Suruvni nargi betdagi jarga qarab tortiyapti.

— Bor endi, uka, bir qaytarib kel. Mening maza-bemaza gaplarimni eshi­taman, deb qo‘ylarni yo‘qotib qo‘yma, tag‘in. 

— Hozir qaytarib kelaman…

Bu Zarif akamiz ja-a chechan chiqib qoldi-ku. O‘zi ustiga janda kiygan. Oldi­dagi qo‘ylar elniki. Bisotida bitta kal­tag-u, dabba eshak, qishin-yozin qo‘yning orqasidan yurib, odamlardan oladigan arzimagan chegana pulidan boshqa hech vaqosi bo‘lmasa. Akamizga o‘xshaydiganlarga falonchi jo‘rasining to‘yida o‘lguday ichib, ko‘rsatgan tomoshasi-yu, ozib-yozib tuman markaziga tushganidagi hayratlaridan gurung berish yarashadi. Bunaqa gaplarni hu-uv Toshkenda­gi kastim-shim kiygan “avliyolar”ga chiqar­gan. Akamizga yo‘l bo‘lsin. 

Endi nima bo‘lganda ham bu qirlar orasida urug‘likka topiladigan suhbatdosh Zarif cho‘pon. Shunisigayam shukur deymiz-da. Harna vaqt o‘tadi…

— Menga qara, shoyir, sen Toshkenda mallimchilikka o‘qiysanmi?

— Ha, shuday desayam bo‘laveradi. Ona tili-adabiyotda o‘qiyman. Endi, mallim bo‘lamanmi, yo‘qmi, uyog‘i peshonadan.

— Mallimchilik qiyin kasb-da o‘zi. Mendan-ku mallim chiqmaydi. Hatto mallim bo‘lish haqida o‘ylasam, tizzalarim qaltiraydi. Cho‘pon bo‘lsang, elning 300–400, bor-e-e mayli, 500 qo‘yining tirik-o‘ligi yelkangda bo‘ladi. Lekin mallim bo‘lsang-chi. Butun bir millatning kelajagi! Adashishga haqqing yo‘q. Kechirilmaysan.

— Men ham shuni o‘ylayman-da, Zarif aka.

— Bu yuk ayniqsa til-adabiyot o‘qituvchilarining gardaniga ko‘proq tushadi. Chunki ular ko‘ngil bilan ishlaydi-da. Ko‘ngilda gap ko‘p. Ustiga ustak tilimiz enasini ko‘rib yotibdi.

— Aka, endi bu masalani siz ham gapirmang. Necha yildan beri tilimiz haqida hamma baravar gapiradi. Lekin hech o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Qaytanga gapirgan sari buzilyapti.

— Qishloqda keksalardan necha kishi qoldi? Barmoq bilan sanarli. Bugun  kelaturib, birisini yo‘l boyida uchratasan. Bir-ikki og‘iz nasihat qiladi. Ertaga esa jarchining falon boboning janozasiga, degan ovozini eshitasan. Masalan, sen-u men satildan suv oladigan idishni “kurujka” deymiz. O‘sha bobo esa “jaylov” deb atardi. Eh, aytgani bebaho hikmat bo‘lgan keksalarga, tilimizning marvariddek sof so‘zlarini ham qo‘shib ko‘mayapmiz. Tunov kuni Toshtemir akaning o‘g‘li qo‘y navbatga kitob ko‘tarib chiqib qoldi. Juda xursand bo‘ldim. Yoshlar kitob o‘qimaydi, deyishadi. Mana, o‘qiyaptiykan-ku! Qo‘lida allambalo savolnoma-yu darsliklar. Repetitorga boryapman, deydi. Xo‘p, yaxshi, deb varaqlab turgan adabiyot kitobini oldim-da, o‘zimga tanish bo‘lgan bir hikoya xususida savol berdim. Qarasam, kitobda hikoya haqida yozilgan fikrlarni nuqta-verguligacha aytib beryapti, bachchag‘ar. Ey uka, o‘zingning fikring yo‘qmi? Bu birovning aytgani-ku, desam, testda shunday tushadi, deydi. Testingniyam, deb orqasiga bir-ikki tepgim keldi-yu, o‘zimni bosdim.


Mana, sen she’r yozasan. Yozga­ning kimgadir yoqadi, kimgadir esa yo‘q. Hamma har xil tushunadi. “Vatan nima?” deb so‘rasang,  men manovi qo‘y boqib yurgan dashtimni aytaman. Kimdir o‘z oilasini. Yana kimdir tomorqasining o‘rtasida serrayib turgan simyog‘ochni aytar, lekin hamma haq. Toshtemir akaning o‘g‘lining o‘rnida biror to‘ti, yoki robot shunday javob berganda edi, tushunsang bo‘ladi.  Axir u odam-ku! Hammasidan keyingi javobi oshib tushdi. Qayerga o‘qishga borasan, de­sam. Ko‘raman-da, qaysi bo‘lishining farqi yo‘q. Bali pastroq bo‘lsa, bo‘ldi. Balki dorichilikdir, arxitektorlik, o‘xshab qolsa, do‘xtirlik, o‘ldim degan joyiga birorta fandan mallimchilik ham bo‘laveradi. 


Butunlay hafsalam pir bo‘ldi. O‘ylab yurardim. Odam qaysi kasbni sevsa, o‘sha joyda o‘zini baxtli his qiladi. U qanday kasb bo‘lishidan qat’i nazar. Masalan, men bir aylanib prokuror bo‘lib qolsam ham, baribir shu dashtlarimga qochib kelgan bo‘lardim. Chunki cho‘ponlikni yaxshi ko‘raman. Aslida esa boshqacha ekan. Kasb — orqasidan keladigan moddiy manfaatga qarab tanlanar ekan. Unga uquving bormi, yo‘qmi? Qiziqasanmi o‘zi? Farqi yo‘q. Shunaqa to‘tilarmi bizning kelajagimiz?! Bunday bo‘lishiga kim aybdor? Javobini topolmayman. Domlamning uli, agar sen ham mal­limlikka qiziqmasang, bu ishni qilmaga­ning durust. Yana til-adabiyot o‘qituv­chisi bo‘lmoqchisan. Ko‘nglingga quloq sol. Yo‘qsa, o‘shanga o‘xshagan to‘tilarni ko‘paytirganing qoladi.


Agar o‘qituvchilik kasbini tanlasang (gaplarim asqotib qolar. Bo‘lmasa, bir ahmoq cho‘ponning gapi-da, deb unutib yubor), qoidalar bilan o‘quvchilarning boshini qotirma. Ko‘nglini tarbiyala. Yuzimga bir qara, domlamning uli. Qaysi millatga o‘xshayman. Soqolim­ning qalinligi eroni yoki arabga, qisiq ko‘zlarim mo‘g‘ulga, sarg‘ishroq terim farangga…

 Faqat tilimdangina mening o‘zbekligimni bilasan. Aslini olganda barcha­miz shundaymiz. Millatni millat qilib turadigan yagona narsa bu til. Masalan, mening o‘g‘lim bo‘lsa-yu, boshqa tilda gapirsa, demak u o‘zbek emas. U o‘sha tilga mansub millatning odamlaridek bo‘ladi. Tilning tomirlari to‘ppa-to‘g‘ri yurakka ulangan. Sen ona tili-adabiyot o‘qituvchisi bo‘lsang, o‘sha yurakni tilga muhabbat bilan oziqlantir. Qoidalar ikkinchi darajali.


Qishlog‘imizdan chiqqan matematik domlani yaxshi bilarsan. Hayotini shu fanga bag‘ishladi. Qo‘shdi, ayirdi, bo‘ldi, ildiz osti, sinus, kosinus, alambalolar. Umri hisob-kitob bilan o‘tdi. Shuning orqasidan professormi, avliyomi bo‘ldi, deb eshitgandim. Endi meni qiynaydigan savol. O‘sha matematik odamlarga, hechqursa o‘ziga asqotadigan nimadir yaratdimi? Yo‘q! Unda qo‘shish, ayirish, bo‘lgani-yu, ko‘paytirgani, ildiz osti, sinus, kosinus, allambalolaridan nima foyda? Olamni o‘zgartirgan fan ham asli matematika emasmi?


Sinfda 24 o‘quvchi edik. Shundan ikkitamiz o‘qishni universitetda davom ettirdi. Biri agronom, biri do‘xtir. Biz ham ona tili fanini o‘qiganmiz. Ega ergash gap, so‘z yasovchi qo‘shimcha, yana nima balolar. Endi shaharlik ikkitamizni bilmadim-u, biz qishloqda qolganlarning hayotimiz davomida u qoidalarga peshonamiz urilmadi. Ehtimol, bundan keyin ham shunday bo‘lar. Shu paytlar ona tili o‘qituvchimiz bizning hammamizdan tilshunos chiqarmoqchi bo‘lgan bo‘lsa kerak. Bu bilan men qoidalar kerakmas, demoqchi emasman. Avvalo ona tili o‘qituvchisining vazifasi jajji yuraklarda tilga muhabbatni uyg‘ota olish. Qolgani ehtiyoj tug‘ilsa, iziga tushib ketadi.

Mana jo‘ram Abdurasul. Maktab davrimiz ismini zo‘rg‘a yozardi. O‘ris tilida-ku umuman no’l. Bir yil Rossiyaga ishlagani borib, o‘ris tilini o‘rislardan ham yaxshi gapiradigan bo‘lib qaytdi. Xolmirza mallim 10 yil tepkilab bir harf o‘rgata olmagandi. Unda shu tilni o‘rga­nishga ehtiyoj tug‘ilgandir-da.


Domlamning uli, xullas, shunaqa gaplar! O‘qi, kuzat, o‘rgan. Qishlog’i­mizdan ham chiqsin-da! Biz qancha baqirmaylik ovozimiz, hu-uv qoyalarga urilib baribir o‘zimizga qaytadi. Sen shahar ko‘rgan odamsan. Kun ham botay deb qolibdi. Bu dashtda kim bilandir uyoq­dan buyoqdan oldi-qochdi gurung qilmasang vaqt ham o‘tmaydi. Ketgu­ningcha biznikiga o‘t. Yangang osh qilib beradi. Endi sen suruvingni oldinroq hayda, biznikiga qo‘shilib ketmasin.

Humoyun QUVONDIQOV

Maqola muallifi

Humoyun QUVONDIQOV

Humoyun QUVONDIQOV

Jurnalist

Teglar

  • #Ona tili
  • #Ta'lim
  • #Maktab
  • #Talaba
  • #Ta'lim

Ulashish