LOG‘ONIY NAZM-U NAVOSI

Donolar bisotidan LOG‘ONIY NAZM-U NAVOSI
306

O‘tgan asrning yetmishinchi yillarida “Shonli mehnat” gazetasi sahifalarida Log‘oniy taxallusi ostida rang-barang mavzulardagi bir qancha g‘azallar chiqa boshlagan edi. Ona Vatanga cheksiz muhabbat, yurt oldidagi burch va mas’uliyat, o‘z yoriga bo‘lgan sadoqat ruhida yaratilgan bu ijod namunalarining muallifi Farg‘ona shahrining kunchiqar tomonida joylashgan Log‘on deya atalmish qishloqning aziz farzandi Yursunbek Arslonbekov edi. Ustozlikdek sharafli kasb egasi bo‘lgan bu inson qishloqdagi sobiq 30(hozirgi 47)-maktab hamda 49-maktablarda o‘ttiz yildan ziyodroq vaqt mobaynida butun umrini xalq xizmati, o‘sib kelayotgan yosh avlodga ta’lim-tarbiya, bilim berishga bag‘ishlagan. Yursunbek Log‘oniy 1920-yili Log‘on qishlog‘ining Mirbobo ko‘chasida Arslonbek tog‘a hamda Moqandjon aya xonadonida dunyoga kelgan. Oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lib, ikki singlisi va ukasi bor edi. Yoshligidanoq hayot Yursunbekni turli sinovlar bilan siyladi, dastlab otadan, sal keyinroq onadan erta ayrilish, suronli yillar mashaqqati uning irodasini tobladi. Misol tariqasida, buni “Bolalik davrim 1931-yilgacha davom etdi. 1931-yildan boshlab to 1937-yilgacha ham maktabda o‘qib, ham o‘qishdan so‘ng kolxozda ishladim”, deya o‘z tarjimayi holida keltirilgan so‘zlardan ham bilib olish qiyin emas. 


Shunday bo‘lsa ham Yursunbek ilm ne’matiga bo‘lgan qiziqishidan voz kechmadi. O‘rta maktabni yakunlagach, 1937-yili Samarqand shahrida tashkil etilgan Tojik pedagogika bilim yurtiga  o‘qishga kiradi. 1941-yili bilim yurtini yakunlab, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi diplomini qo‘lga kiritadi. Ustoz bu bilan cheklanib qolmasdan, hozirgi Farg‘ona davlat universitetining Fizika-matematika fakultetiga 1949-yili o‘qishga kiradi va 1952-yilda birinchidan to yettinchi sinfgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilariga fizika va matematika fanidan dars berish huquqini qo‘lga kiritadi. 1957-yildan 1960-yilgacha esa ushbu dargohga yana o‘qishga kirib, “Matematika” ixtisosligi bo‘yicha to‘la kursni tamomlaydi. Shu bilan o‘rta maktablarda to‘laqonli matematika o‘qituvchisi maqomini egallaydi. Faoliyati davomida o‘zidan ko‘plab shogirdlar qoldirdi. 


Pedagogik faoliyati bilan bir qatorda ustoz hayotini she’riyat bilan bog‘laydi. U ijod ahliga Log‘oniy taxallusi bilan yaxshigina tanilgan edi. Nazm torini qo‘lga olib diltortar misralar yaratgan. Ijodida o‘zgacha ruh va kayfiyat hukmron. She’rlari tuman ro‘znomalarida bir necha bor bosilgan. Lekin buni dengizdan tomchi desak, hecham yanglishmagan bo‘lamiz. Chunki u kishidan yodgorlik bo‘lib qolgan asl ijod namunalari hali o‘z muxlislariga yetib borganicha yo‘q. Bu yo‘lda, albatta, xayrli ishlar boshlab yuborilgan. Har narsaning o‘z vaqti bo‘lganidek, qalb qo‘ri bilan yaratilgan, odamiylik, mehr-muhabbat, sadoqat va vafo tarannum etilgan ijod namunalarini salkam oltmish yildan keyin yana e’tiboringizga havola etmoq­damiz. Marhamat, bahramand bo‘ling. 


Yursunbek Arslonbekov LOG‘ONIY


HUSNING SENI


Ayladi olamni gulzor, husning seni,

Aylab, chehrasin chamanzor, husning seni,

Etdi ko‘rgach, meni dildor, husning seni,

Aylagach jamoliga zor, husning seni.

Ko‘rgan hamono, bo‘ldim-u senga asir,

Aqlim rishtasi, husningga bo‘lib zanjir,

Bo‘ldim-u har dam, ko‘rishga zor, muntazir,

Meni ayladi intizor husning seni.

Vujuding xushbo‘yi, anbarsaro,

Ayladi olamni hidi, chaman aro,

Hidlasam, jonima bo‘ldi huzur paydo,

Bo‘lib halovatga qaror, husning seni.

Salomatlik sayqali bo‘ldi jamoling,

Mos bo‘lib murod jumlasiga kamoling,

Lol ayladi-yu har dam meni, xushholing,

Aylagach ishqimni bedor, husning seni.

Ko‘rmadim yuzingda nuqson, bo‘lgach safo,

Bo‘ldi mangu ishq aro boshima savdo,

Bo‘libman husning chamaniga zor, gado,

Bo‘lib dardima tanakor, husning seni.



O‘RGULAY


Husn ichra tuzingdan o‘rgulay,

Har dam kunduzingdan o‘rgulay,

Dilbar dilso‘zingdan o‘rgulay,

Bol talaffuzingdan o‘rgulay.

Etib o‘zingni, guldin ra’no,

Qomatingni, misolsiz barno,

Seni ko‘rgach, dedim tasanno,

Yorug‘ yuzingdan o‘rgulay.

Aylading, ko‘rganda tabassum,

Shirin aylab, menga takallum,

Etarman ko‘rgali, tarannum,

Deb shirin so‘zingdan o‘rgulay.

Bo‘lib husning dardima davo,

Etarman har dam, ani davo,

Lutf aylab, etsang menga ravo,

Ul-dam, oq yuzingdan o‘rgulay.

Ko‘rsatib o‘z jilvangni javlon,

Kuydurib-u meni har zamon,

Etding o‘zingni, sarvi ravon,

Jilva-yu o‘zingdan o‘rgulay.

Ko‘zingni aylab menga shahlo,

Aylading ishqingga mubtalo,

Ishqima bo‘lding endi balo,

Ul shahlo ko‘zingdan o‘rgulay.


SENI DERMAN


Aqlima makon istasam, seni derman,

Zavqimga omon istasam, seni derman,

Ko‘nglima zamon istasam, seni derman,

Dardima darmon istasam, seni derman.

Urib senda, tabassum jilvasi javlon,

Ayladi meni sarson bila sargardon,

Noz-u ishvang bo‘lib gulgun etdi hayron, 

Jilvasi javlon istasam, seni derman.

Bo‘libdir nogohing, umr dardima najot,

Har dam harom bo‘lib sensiz menga hayot,

Bo‘lib-u o‘zing hayot qushima qanot,

Gar jism aro jon istasam, seni derman.

Murod gulshanimga, diyorimsam o‘zing,

Umr uzra jonima tal’at bo‘lib so‘zing,

Ayladi meni shaydo yorug‘ yulduzing,

Baxtima jahon istasam, seni derman.

Ishq otashing kundan kunga aylab ziyod,

Ishq otashing menga yetmay Majnun-u Farhod,

Kuyib hajringda ayladim ishqni bunyod,

Mehrima osmon istasam, seni derman.

Tinmay istarman har dam seni majnunvor,

Bo‘lib ishqim har zamon senga barqaror,

Bermagayman, sendin o‘zgaga e’tibor,

Qalbima vijdon istasam, seni derman.



HUSNING


Bir boqishda meni etdi shaydo, husning,

Ishq aro band aylabon doimo husning,

Aylar har dam zor, bedor ishq aro husning,

Aylab holimni nimjon, shavq aro husning.

Jamoling nuri bo‘lib jismima libos,

Majnun dardini ayladi menga meros,

Lutf-u karamingni tutib o‘zima xos,

Kutarman termulib, deb mumiyo husning.

Yod etib har dam seni, yo‘qdir menda hush,

Tiriklik lazzatin aylabon faromush,

Ayladi aql kosasin aql nuridin bo‘sh,

Devonavor aylab meni oro husning.

Bo‘lib gulgun yuzing, yurak dardima soz,

Istagay ko‘nglim har dam bo‘lgali damso‘z,

Qancha atasang men ila derman yana oz,

Qo‘ymay bir dam ham etgali judo husning.

Ko‘rinib jamoling jilvasi rang-barang,

Jilosi meni ayladi har dam garang,

Hech yurolmasman yo‘limni, hatto arang,

Ishqdin madorima bo‘lgach balo husning.

Farog‘at bodasin husning berib har dam,

Aylar kayf-safo dardima ani malham,

Hech ko‘rinmas ko‘ziga shavq aro olam,

Log‘oniy umrini etgach ado husning.


O‘ZING


Ishq aro menga jononim o‘zing,

G‘unchayanglig‘ la’lxandonim o‘zing.

Bo‘libsan jismima jonim o‘zing,

Bo‘lib ko‘nglima davronim o‘zing.

Menga ko‘rsatib ul-dam

Etding ishqingni, menga dard-u g‘am.

Bo‘lib jamoling dardima malham,

Bo‘libsan dard-u darmonim o‘zing.

Aylab o‘zingni bebaho ra’no,

Meni shaydo etding har zamono,

Ayladim ko‘rganda tasanno,

Bo‘libsan orzu-armonim o‘zing.

Bo‘libman jamolingga dildoring,

Chin oshiq shaydo-yu bedoring,

Bo‘lib har dam ko‘rmakka xumoring,

Har zamon ahd-u pushaymonim o‘zing.

Bo‘libsan chaman ichra yagona,

O‘zingga aylab meni parvona,

Sayrima bo‘lib guldin zamona,

Sayr uzra bog‘-u bo‘stonim o‘zing.

Shavq aro kamoling berib farom,

Sensiz olmagay jon tanda orom,

Sensiz nafasim bo‘libon harom,

Bo‘lib jonima omonim o‘zing.


Abduhoshim MAXAMADOV,

Buxoro davlat pedagogika instituti talabasi

Maqola muallifi

Abduhoshim MAXAMADOV

Abduhoshim MAXAMADOV

Talaba

Teglar

  • #Maktab

Ulashish