“Bizlar uyalganmiz tong ila shomdan…” Eshqobil Shukur she’riyatida badiiy san’atlar ifodasi
O‘zbek she’riyatida o‘ziga xos ohang sohiblaridan biri Eshqobil Shukurdir. Shoir she’riyatida sof o‘zbekona mentalitet, mehr-muhabbat, odamiylik, tabiat va inson qalbidagi go‘zallik, hayot haqiqati kabi mavzular kutilmagan tashbeh, o‘xshatish, nozik qochirim, shoirona qiyoslash, sof o‘zbekona lutf va samimiyat, kuyunchaklik bilan uyg‘unlikda o‘quvchi qalb to‘riga kirib boradi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam ta’biri bilan aytganda: “Eshqobil juda xalqchil shoir. Shunday bo‘lsa-da, boshqalarga o‘xshamaydi. Men qidirib ko‘rdim, kimga o‘xshar ekan deb, yo‘q, o‘xshamaydi”. Haqiqatan ham, shoir she’rlari asosan, o‘zlikni anglash, hayotning asl mohiyatini tushunib yetish, go‘zallik, ezgulik, insoniylik kabi azaliy va abadiy dolzarb mavzular bilan yo‘g‘rilganligiga guvoh bo‘lamiz. Ularda samimiyat, donishmandlik, kishini o‘ziga rom etuvchi falsafiy g‘oyalar ustunligi yaqqol ko‘rinadi. Donish fikrlari o‘quvchi qalbini larzaga keltiradi, hayotini taftish qilishga chorlaydi. Shoirning “Orzu” she’rida insonni haqiqiy insondek ko‘rish umidi tasvirlangan:
Daholar ko‘ngliga cho‘g‘ tashlagan sir,
Osmon maktublarin mangu mavzusi.
Azal zulmatlarin kesib o‘tgan nur –
Insonni insonday ko‘rmak orzusi.
“Hayotga qasida” she’rida esa insoniyatni bevosita tiriklik chog‘ining qadriga yetishga, mazmunli hayot kechirishga chaqiriladi:
Sen bu tiriklikni tingla va angla.
…lahzani ushlab qol,
yashab o‘t lahzani…
“Yashab o‘t” jumlasi bilan oddiy umrguzronlik nazarda tutilmaydi, aksincha, yangiliklarga, ezguliklarga, go‘zalliklarga tashna holda yashashga, dunyoga hayrat ko‘zi bilan boqish orqali tafakkur qilishga, ajib xulosalar olishga undaydi. Shoir o‘zining bir suhbatida “hayrat”ga shunday ta’rif beradi: “Insonni olamga, dunyoga, butun hayotga, koinotga va ilmga oshiq qiladigan narsa – hayrat. Modomiki, hayrat bo‘lmasa, beshikdagi bola ham ulg‘aymaydi”. She’rlarida ham hayrat orqali hayot mohiyatini anglash insoniylikning eng muhim belgilaridan biri ekanligiga urg‘u beradi:
Aqlning shiddati, tuyg‘u g‘ayrati –
Dunyoga yangilar Inson hayrati.
Bizlarni hayratsiz ko‘zlardan asra,
Tillarni qanotsiz so‘zlardan asra.
Eshqobil Shukur ijodidagi sehr kitobxon qalbini asir etmasdan qo‘ymaydi. O‘quvchini mushohada qilishiga, ortda qolgan umrini tahlil qilishga majbur qiladi. Ushbu qarashlarni quyida shoir she’rlaridan olingan bir necha parchalar misolida ko‘rib o‘tamiz.
* * *
Dunyoga ne berib, nimani oldim.
* * *
Bilolmasmiz nimaga keldik,
Va nimaga ketyapmiz oxir.
* * *
Ortimda qolajak hayotdan faqat,
Xavotir olaman, qattiq xavotir…
* * *
Beshigimdan tobutimgacha,
Xatolardan iboratman men.
* * *
Vijdon bilan ketsam izma-iz,
Bo‘lsam deyman ko‘p yaxshi odam…
* * *
Shular qatorida bor edi inson,
U hayot va Xudo ma’nisin bildi.
* * *
Uning haqiqatin anglat menga sen,
Sirlarin ko‘zyoshday kipriklarga tuz.
* * *
Qorong‘ulik oralab ko‘nglim,
Yaratganni o‘rganib borar.
Bundan tashqari, shoir she’riyatida tabiat tasvirlarini uchratish mumkin. Peyzaj lirikasida ijod qilish shoir ijodiyotini ajratib turadigan yana bir muhim belgi desak adashmaymiz. Tabiat unsurlari, masalan, daraxt, bulut, suv, yo‘l, oy, dala, shamol va bunga o‘xshash obrazlarning tez-tez qo‘llangani she’riyat muxlisi nazdida, Eshqobil Shukur beg‘ubor yoshligining go‘zal damlari qir-adir, dala-dashtlarda, umuman olganda, haqiqiy tabiat sirlari bilan oshno tarzda o‘tganligi bilan bog‘liqdir. Serqirra shoirning o‘zi bu obrazlarga shunday izoh beradi: “Oy, bulut, shamol, dala, yo‘l… Ular doim mening she’rlarimga kirib kelaveradi. Yo‘q, bular shunchaki obrazlar emas. Ular mening bu dunyodagi doimiy hamrohlarimdir. Shaharning eng gavjum, eng sershovqin joyida ham ular mening yonimda ekanini his etaman”.
Bilamizki, badiiy nutq talabi bilan she’riyatda ko‘chimlardan, o‘xshatishlardan keng ko‘lamda foydalaniladi. She’rning jozibadorligi, originalligi, ta’sirchanligini ta’minlab turadigan omillardan biri – ko‘chimlardir. Ayniqsa, ko‘chimning badiiy nutqda eng ko‘p va samarali qo‘llanuvchi turi istiora (metafora) muhim ahamiyatga ega san’atlardan biri. Voqelikdagi narsa-hodisalar yoki ko‘ngil hollari bilan moddiy olam orasidagi bizga ko‘rinmagan, biroq san’atkorona o‘tkir nigoh bilan ilg‘angan o‘xshashliklar asosidagi ko‘chimlar ham borki, ular o‘quvchini hayratlantiradi, cheksiz zavq bag‘ishlaydi. Eshqobil Shukur o‘z she’rlarida ana shunday o‘quvchidan kuchli tafakkur va e’tibor talab qiluvchi ohorli o‘xshatishlardan ham mohirona foydalangan.
Sen suvni tinglab ko‘r, anglab ko‘r suvni,
Gunglarning tilida muzlagan ovoz,
Ko‘rlarning ko‘ziga qamalgan ranglar
Suvning rangi bilan tovushiga mos, –
satrlarida metaforaning ma’no assotsiatsiyalari keng ko‘lamda aks etgan. Albatta, ushbu o‘rinda kelgan assotsiativ metaforani har kim, har xil talqin qilishi, turlicha tushunishi tabiiy. Avvalo, shoir “Sen suvni tinglab ko‘r, anglab ko‘r suvni” xitobi bilan bir muddat o‘quvchini o‘ylantirib qo‘yadi. She’rxon g‘ayriixtiyoriy tarzda “Suvning tovushi qanday edi? Uni hech eshita olganmanmi?”, deb o‘zi-o‘zini so‘roq qilib boshlaydi. Keyingi satrlarni o‘qish orqali ma’no oydinlasha boradi. Endi shoir suvning tovushini “gunglarning tili”ga tashbeh beradi. Gunglarning tili ham bor, ular ham gapira oladi, eng asosiysi, biz suvning tovushiga e’tiborsiz ravishda bo‘lganimizdek, ularning ham so‘zlashini anglay olmaymiz. Ikkinchi assotsiativ obrazga e’tibor bersak, Eshqobil Shukurning faylasufona fikrlariga yana bir bor tan beramiz. Shoir o‘z misralari orqali “So‘qirlar dunyoni suvning rangi bilan ko‘radi”, degan donishmandlarga xos mushohada yuritmoqda. Beixtiyor o‘quvchi ko‘rlarning olamni qanday ko‘rishi haqida o‘yga toladi va chuqur hislarga beriladi.
She’riy nutqning musiqiyligi, ta’sirchanligi, hissiy to‘yintirilganligida undagi o‘ziga xos gap qurilishining, lafziy san’atlar(stilistik figuralar)ning o‘rni beqiyos. Badiiy adabiyotda stilistik figuralar ijod namunalarini bir qadar go‘zal, jarangdor, ta’sirli bayon etishda ko‘makchi vositalardan biri hisoblanadi. Eshqobil Shukur she’rlarida ma’no ko‘lamini sayqallashda ma’naviy va lafziy san’atlardan foydalanishga ham alohida ahamiyat qaratganiga guvoh bo‘lamiz.
Sen qancha tor bo‘lsang…
Qancha bo‘lsang tor.
Dunyo shuncha kengdir,
dunyo shuncha keng.
Ushbu parchada antitezaning yorqin namunasini ko‘ramiz. Antiteza usuli narsa va hodisalar mohiyati, insonlar xarakterini bir-biriga qiyoslash orqali oydinlashtirish usulidir. Mumtoz adabiyotda bu usul tazod deb yuritilgan. Lirik qahramonning ruhiy holatini, nutq yo‘llangan insondan norozilik kayfiyatini ochib berishda bir-biriga qarama-qarshi so‘zlar orqali zidlantirish usuli juda qo‘l kelgan.
Men
Qizg‘in qizg‘aldoqlar kaftida o‘sdim,
Yonayotgan muzning taftida o‘sdim,
Bir juft kabutarning kiftida o‘sdim…
Oksyumoron antitezaning bir ko‘rinishi. Oksyumoronda, odatda ma’nolariga ko‘ra bir-biriga yopishmaydigan so‘zlar yonma-yon ishlatiladi va badiiy nutqda original o‘xshatishni paydo qiladi. Yuqoridagi parchada qo‘llangan “yonayotgan muz” jumlasida qo‘llangan ikkita bir-biriga mutlaqo teskari so‘zlar badiiyat talabi bilan yonma-yon kelib, bir yaxlit ma’noni ifodalamoqda.
Qalandarning to‘rvasida hamma narsa bor:
hayoti, o‘limi,
non-suvi, tuzi…
To‘rvaga yashirgan
o‘zini o‘zi.
Yuqoridagi parchada uyushiq so‘zlar bog‘lovchi vositalarsiz faqat ohang yordamida bir-biriga bog‘lanib, asindeton hodisasini yuzaga keltirmoqda. Asindeton – bog‘lovchisizlik badiiy uslubda emotsionallikni yuzaga keltiruvchi vositalardan biri. Shoir asindeton usulini qo‘llashi orqali uyushgan bo‘laklar alohida qat’iyat, keskinlik va jangovarlik bilan talaffuz qilinib, qalandar o‘zi bilan butun bir hayotini, bor-u yo‘g‘ini, asl mohiyatini olib yurishiga alohida e’tiborni jalb qiladi.
Bizlar uyalganmiz tong ila shomdan,
Biz aziz tutganmiz quyosh va oyni.
Eshqobil Shukur “tong ila shom”, “quyosh va oy” kabi uyushiq bo‘laklarni bog‘lovchi vositasida bog‘lash orqali mazkur tushunchalarga butun diqqat-e’tiborni tortibgina qolmay, alohida salobat bilan ta’kidlab o‘tmoqda va bu polisenditon san’atini yuzaga chiqaradi. Polisenditon – bog‘lovchilik. Bog‘lovchisizlik usulida shakllangan gaplardan ma’noni ifodalash usuli bilan farq qiladi. Bunda uyushiq bo‘laklar ohangidagi me’yor, ritm saqlanib qoladi, ammo u bog‘lovchisiz gaplardagidan o‘z salobati bilan, ta’kidlash ohangi bilan farq qiladi.
Xatmi bu, xatmmi, yo xatmi Hayot,
Qog‘ozga aylanib borardi Ayol.
Shе’riy misralarda aynan bir so‘zning emas, balki ma’noni kuchaytirib takrorlashga asoslangan usul gradatsiya dеb yuritiladi. Bunda so‘zlarning uyushib kelishida uyg‘unlik mavjud. E’tiborli jihati shundaki, ketma-ket kelayotgan so‘zlarning ma’nosi o‘zidan oldin kelganiga nisbatan kuchliroq bo‘ladi. “Xatmi bu, xatmmi, yo xatmi Hayot” deb ifodalangan misralar orqali ma’no kuchayishining takrori yuz berib, lirik qahramon kechinmalari, tuyg‘usining kuchayishi, hislarining chuqurlashishini beixtiyor o‘quvchi ham tengma-teng his qiladi. Bu o‘rindagi shoirning so‘z qo‘llash, sintaktik-stilistik usullardan mohirona foydalanish mahoratiga qoyil qolmaslikning imkoni yo‘q.
Tuyg‘ular quvilgan koshonalarda,
Yuraklar, sevgilar gullarmidi hech?
Bu parchada qo‘llangan ritorik so‘roq gap orqali “Tuyg‘ular quvilgan koshonalarda yuraklar, sevgilar hech qachon gullamaydi”, degan ma’no anglashilmoqda. Ritorik so‘roq gaplarning stilistik usul sifatida o‘ziga xosligi shundan iboratki, bu savollarning ichida javobi ham tayyor bo‘ladi. Berilayotgan savolning teskari ma’nosida tasdiq yotadi. Albatta, o‘rni bilan ma’lum bir fikrni oddiy yo‘sinda emas, ritorik so‘roq gap yordamida ifodalash she’rning ta’sir doirasini yanada kuchaytiradi.
Sintaktik og‘ishlardan yana biri ellipsis bo‘lib, unda gap bo‘laklaridan biri (ko‘proq bosh bo‘laklar) atayin tushirib qoldiriladi. Masalan:
Yasan-tusan qilib olgan bu qabr,
Ichida maishat qilar bir murda,
Tinmay parvarishlar o‘lik tanasin.
Murda kulishni ham eplay olardi,
Tiriklar ustidan kulishni.
Keltirilgan parchada “eplay olardi” kesimi tushirib qoldirilgan va natijada “kulishni” so‘zi mantiqiy urg‘u oladi. Agar kesim tushirib qoldirilmaganida so‘nggi misra “Tiriklar ustidan kulishni eplay olardi” shaklida bo‘lar va yuqoridagidek hissiy ta’sirdorlik birmuncha yo‘qolar edi. Shunga o‘xshash, she’riy misralarning atayin tugatilmay qo‘yilishi yana bir sintaktik figura – jim qolishni yuzaga keltiradi va shoir bu usuldan ham mohirona foydalanadi:
Sahroda bir daydi daraxtni ko‘rdim,
Qum kechib borardi.
yalangbosh
yalangoyoq…
Nenidir izlardi,
Nenidir istardi…
Jim qolish ellipsisning bir turi. Bu usul yordamida shoir va o‘quvchi o‘rtasida mustahkam psixologik aloqa o‘rnatiladi, o‘quvchi beixtiyor ijodkor hissiyotlariga sherik bo‘ladi. Yuqorida keltirilgan parchada sahroda yalangbosh, yalangoyoq qum kechib borayotgan bir daydi daraxt haqida o‘quvchi bir marta o‘ylab qolsa, ikkinchi marta jim qolishda shoir endi daydi daraxt izlayotgan, istayotgan narsa nima ekanligini she’rxonning o‘ziga qoldiradi. O‘quvchini jim qolib o‘ylashga majbur qiladi. Bir muddat kayfiyatiga chuqur ta’sir ko‘rsatadi. Bu holatni ham Eshqobil Shukurning shoirona mahorati deb izohlaymiz.
Ikki bo‘ri ko‘rdim, yer talashardi.
Ikki kiyik ko‘rdim yor talashardi.
Ikki qo‘ng‘iz ko‘rdim, go‘ng talashardi.
Ikki odam ko‘rdim, go‘r talashardi.
Keltirilgan parchada shoir har bir misrani “ikki” so‘zi bilan boshlash orqali she’rga o‘zgacha joziba, o‘zchaga ritm bag‘ishlagan. Bu usul anafora deb ataladi. Anafora usulida misralar boshidagi so‘z yoki birikma takrorlanadi. Shoir “ikki bo‘ri”, “ikki kiyik”, “ikki qo‘ng‘iz” va ular bilan teng ravishda “ikki odam” obrazini bir qatorda qo‘llash zamirida “odamlar hayvonlardan farqli o‘laroq nimanidir talashib yashashi kerak emas”, “inson hayvonlar qatorida bo‘lishi kerak emas” degan g‘oyalarni ilgari surmoqda. Shе’r misralarida bir xil yoki bir-biriga juda yaqin sintaktik konstruksiyalarning takrorlanib qo‘llanishi – sintaktik parallеlizm ham shе’rning ohangdorligini, ta’sirchanligini oshiruvchi shakllardan sanaladi:
Oy muncha osmontalab,
osmon esa jontalab,
Yer muncha naysontalab,
nayson esa ontalab.
Yor muncha hijrontalab,
hijron esa qontalab,
Men muncha parishonman,
munchalar parishonman.
Ko‘rib turganimizdek, keltirilgan parchada uch gap bir xil sintaktik qurilishda o‘zaro takrorlanyapti. Shoir sintaktik parallelizm usulini qo‘llash orqali she’rda takrorlanmas musiqiy ohangdorlikni yuzaga keltirgan.
Xulosa qilib aytganda, shoir maqsadini amalga oshirishda she’rning musiqiyligi va ritmini ta’minlashda badiiy til unsurlarning ahamiyati katta, albatta. Badiiy til unsurlari shoir she’riyatining g‘oyaviy pishiqligi, badiiy mukammalligi, o‘zi xos so‘z qo‘llay olish mahoratini namoyon qilgan. Haqiqiy o‘zbekona ruh bilan ijod qiluvchi shoir Eshqobil Shukur she’rlarini mutolaa qilar ekanmiz, undagi samimiylik, dilkashlik, nafislik, kuyinchaklikdan zavq olamiz. Beixtiyor atrofimizni o‘rab turgan borliq va undagi go‘zalliklarga mehr qo‘ya boshlaymiz, bu mehr-muhabbatni shoir o‘z she’rlari vositasida bizga yuqtirgan bo‘lsa ajab emas.
Gulinor XOLMURODOVA,
TerDU talabasi
Shu kecha va kunduzda
SUN’IY INTELLEKT: TILSHUNOSLAR ENDI NIMA QILADI?
GENERAL VA YOSHLAR UCHRASHUVI
Robot fikrlay oladimi? Yoxud fizikadan 2024-yilgi Nobel mukofoti neyroto‘r kashfiyotchilariga berilgani haqida
XO‘JALIK MUDIRI EKANIMDAN FAXRLANAMAN! yoxud shu maoshga roziman!
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank