Alisher Navoiy asarlari lug‘atchiligida yangi sahifa:

Alisher Navoiy asarlari  lug‘atchiligida yangi sahifa
57

Hozirgi o‘zbek tili akademik darsliklari va qo‘llanmalarining aksariyatida “Leksikografiya” degan sarlavha ajratiladi,  unda lug‘atlarning ta’rifi va ularning turlari to‘g‘risida ma’lumotlar beriladi hamda ularga misollar keltiriladi. To‘g‘ri, bu darsliklar dunyo lug‘atchiligi, xususun, turkiy va o‘zbek lug‘atchiligi to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berishni nazarda tutmaydi. Uning vazifasi lug‘atchilik to‘g‘risida bilim berishdir.


Aslida dunyo tilshunosligida lug‘atchilik rivojlangan sohalardan biri. Bu borada arab tilshunosligida amalga oshirilgan ishlar e’tiborlidir. S.Usmonovning keltirishicha, arab tilida nostandart lug‘atlar tuzish ishlari rivojlangan, jumladan, qilichni ifodalovchi 500 ta, arslonni ifodalovchi 500 ta, tuyani anglatuvchi 1000 ta so‘zdan iborat lug‘atlar tuzilgan. Ularda 60, 100 jildli lug‘atlar tuzish amaliyoti bo‘lgan (S.Usmonov Umumiy tilshunoslik. – Toshkent: O‘qituvchi,1972, - B. 72). Turkiyotda ham bu sohada katta yutuqlar bor. Ularning barchasini sanab o‘tmasak-da, eng muhimlarini eslatib o‘tamiz: A.Z.Budagov. “Сравнительный словарь туретско-татарских наречий” (1871), “Древнетюркский словарь” (1969) va boshqalar. Turkiy xalqlar tilshunosligida ham qator lug‘atlarni ko‘ramiz. Jumladan, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, qozoq tilida ko‘p jildli “Qazaq tiliniң tүsindirme sѳzdigi” (1982), elektron “Sѳzdik qor”, qirg‘iz tilida “Kыrgыz tilinin dialektologiyalыk sѳzdүgү” (1972) va sanab tugatish mumkin bo‘lmagan lug‘atlar yaratilganki, bu lug‘atlar tilning ancha katta sahnlarini qamrab olgan.


Bu maqolada lug‘atchilikni keng yoritish maqsad qilib qo‘yilmagan, balki tarixiy lug‘atchilik mahsuli sifatida taqdim etilgan Berdak Yusufning “Navoiy tili lug‘ati” to‘g‘risida gap boradi.


Ma’lumki, Alisher Navoiy asarlariga lug‘atlar uning o‘z davridan boshlab yaratila boshlangan. Bu lug‘atlar o‘zbek til ilmida dissertatsiyalar, monografiya va maqolalar shaklida o‘rganilgan va o‘rganilmoqda. 


Alisher Navoiy asarlari tilining lug‘atini yara­tish ishi keyingi yillarda ham davom etgan. Bu haqda 1972-yili nashr qilingan “Navoiy asarlari lug‘ati”ning tuzuvchilaridan biri S.Ibrohimovning unga yozgan so‘zboshisida nisbatan batafsilroq ma’lumot berilgan va unda 1939-yili adib asarlarining ko‘p jildli lug‘atini tayyorlash bo‘yicha ham rejalar qilinganligi to‘g‘risida ham yoziladi (Ibrohimov S. Navoiy asarlari lug‘ati, 1972. – B.11.). Shuni aytish lozimki, asar muqaddimasida o‘sha paytda A.S.Pushkin nomi bilan atalgan Til va adabiyot institutida lug‘at tuzishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgani va adib asarlari bo‘yicha 200 000 ga yaqin so‘z va ularning kontekstlari kartotekasi yaratilgani  hamda lug‘atning 70 bosma taboq birin­chi jildi tayyorlangani to‘g‘risida aytiladi, lekin uning taqdiri to‘g‘risida lom-mim deyilmaydi. To‘g‘ri, uning bosilmay qolishiga II jahon urushi sabab bo‘lgani ta’kidlanadi, lekin bu tayyorlangan mahsulot qayerda qolganligi to‘g‘risida hech qanday ma’lumot yo‘q, binobarin, “Lug‘at”da 12 500 ga yaqin so‘z sharhlanganligi va 8000 dan ortiq ibora keltirilganligi aytiladi, lekin bu fakt hozircha qorong‘i bo‘lib qolmoqda. Bu lug‘at muqaddimasida 1953-yilda yaratilgan “O‘zbek klassik adabiyoti asarlari uchun qisqacha lug‘at”dan farqli xususiyatlari ham bayon qilingan va ular 7 bandda ko‘rsatilgan. Eng muhimi, bu lug‘atda so‘zning bosh ma’nosiga(unda bosh so‘z deyilgan) e’tibor qaratilgan. Tan olish kerakki, bu lug‘at olingan so‘zlarni tavsif va talqin qilish jihatidan mukammal edi va mumtoz adabiyotimiz bilan qiziquvchilarga va tadqiqotchilarga hozir ham xizmat qila oladi. “Lug‘at”da, asosan, Alisher Navoiy asarlarida uchraydigan hozirgi zamon o‘quvchisi uchun  tushunilishi qiyin bo‘lgan so‘zlarga e’tibor berilgan, shuningdek, uning  katta yutuqlaridan biri har bir so‘zning arab grafikasidagi variantini ham keltirib borishi bo‘lgan.  To‘g‘ri, uning so‘z qam­rovi hozirgi talablarga javob bermas edi, shu tufayli ham buyuk adabiyotimiz matnlari tilini har tomon­lama tushu­nishga kamlik qilardi. Bu esa Alisher Navoiy asarlarining to‘la lug‘atini yaratish g‘oyasini yana ham jonlantirgan. Ushbu Alisher Navoiy tavalludining 525 yilligi munosabati bilan nashr etilgan P.Shamsiyev va S.Ibrohimovlar tomonidan tuzilgan “Navoiy asarlari lug‘ati” ko‘p yillar ilmiy xodimlar va navoiyshunoslik bilan shug‘ullanuvchilar uchun xizmat qilib keldi. Bu lug‘at, ta’kidlaganimizdek, adib asarlarining barcha qirralarini aks ettirmagan bo‘lsa-da, unda eng zarur bo‘lgan so‘zlarni tushuntirish imkoniyati bo‘lgan va u keyinchalik E.Fozilov rahbarligidagi 4 jildlik “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” (1983‒1985) uchun asos vazifasini ham bajardi.


E.Fozilov tahriri ostida yaratilgan “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” bunday asarga bo‘lgan ehtiyojni qoplashga qaratilgan edi. Bu lug‘at 4 jilddan iborat bo‘lib, unda qancha so‘z qamrab olingani ma’lum qilinmagan. 


Ushbu lug‘at tuzuvchilarining o‘z uslubi ham ko‘rinadi: so‘zning fonetik variantlari bir bosh so‘zda berilgan, omonim so‘zlar alohida tavsiflangan, lug‘atda tarjima varianti, tushunilishi, izohlari berib boriladi, so‘zning hozirgi o‘zbek tilidagi bir necha sinonimlari keltiriladi va boshqalar, ammo uning 2000 nusxada chop etilishi bu lug‘atga bo‘lgan ehtiyojni qoplay olmas edi. Shu­ningdek, ushbu lug‘at ilmiy xodim va talabalargagina mo‘ljallangani ham muhokamaga sabab bo‘lishi mumkin, ya’ni bu toifa kishilariga mo‘ljallanadigan bo‘lsa, unda misollar asl manba yozuvida berilishi va unda transkripsiyadan foydalanish lozim bo‘lar edi. Nashr qilingan holatiga ko‘ra, u Alisher Navoiy asarlarini keng kitobxon ommasiga moslaganligi ko‘rinib turibdi. E’tirof etish joizki, bu lug‘atni yaratish ishiga salohiyatli, maxsus tayyorgarligi bor olimlar jalb qilingan va katta so‘zlikdan foydalanilgan. Tilga olingan har ikkala lug‘atni hozir o‘sha davrda yashagan va lug‘atga egalik qilgan shaxslar va yirik kutubxonalardangina topish va foydalanish mumkin.  


Mazkur lug‘atning nashri 1985-yili  yakunlangan, tasavvur qilingki, 2018-yilga qadar bunday lug‘at tuzishga hech kim jazm qilmadi. To‘g‘ri, yaqinda V.Rahmonov boshchiligida  o‘quvchilar va talabalar uchun “Mumtoz asarlar lug‘ati” (2019) nashr qilindi. Unga ham ijobiy munosabatimni yashirmayman. Lekin qariyb 40(deyarli yarim asr) yildan beri Alisher Navoiy­dek buyuk zot asarlarini o‘qish va tushunish uchun ayrim kichik nashrlarni hisobga olmaganda, tuzukkina lug‘atga ega bo‘lmadik. Shukrki, bu kemtikni filologiya fanlari nomzodi B.Yusuf hal qilish arafasida turibdi.

Albatta, dunyo miqyosida tanilgan adib asarlari lug‘atini mavjud tajribalardan farqli darajada yara­tish o‘ta mashaqqatli ish ekanligini ahli ilm biladi. Va alalxusus, avvallari ijodiy guruhlar yoki hamkorlikda yaratilgan lug‘atlar va yakka mualliflik lug‘ati tushunchalari ham bor bu yerda. Mana shu ruhiy masalani jiddiy tushunish asosida boshlangan “Navoiy tili lug‘ati” (I jildi 4730 bosh so‘z, II jildi 3724 bosh so‘z, III jildida 4610 bosh so‘z izohlangan) yangi yondashuvlarni taqozo etardi. Bu mashaqqatli mehnatnigina emas, balki kuchli tayyorgarlikni ham talab qilar edi:

  •   birinchidan, turkologiya hamda o‘zbek tili tarixi­ning nazariy va amaliy bilimlariga ega bo‘lish va bu sohadagi ulkan tajribadan kelib chiqa olish;
  •   ikkinchidan, adib asarlari bo‘yicha to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish, ya’ni o‘z va xorijiy davlatlarda saqlanayotgan adib asarlari nusxalaridan xabardor bo‘lish;
  •   uchinchidan, buyuk adabiyotimiz bo‘yicha, xususan Alisher Navoiy asarlari bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarni tizimli o‘rganib borish va ulardagi xulosalar va adib haqiqatiga baho bera olish;
  •   to‘rtinchidan, adib ruhiyatiga kira olish, ya’ni buyuk adabiyotimizning so‘z qo‘llashdagi nozik qirralarini his qila olish;
  •   beshinchidan, adib asarlari bo‘yicha tuzilgan lug‘atlar va ularning yutuqlariga baho bera olish; 
  •   oltinchidan, faqat leksikografik ilm emas, balki leksikologiyaning semasiologiya(polisemiya), etimologiya kabi nazariy qoidalarini o‘zlashtirgan bo‘lishi  talab qilinadi. Bu talablardan lug‘at tuzuvchining yetarli darajada xabardor ekanligi sezilib turibdi.


Shuni aytish lozimki, mazkur lug‘at haqida fikr yuritish undan oldin bajarilgan lug‘atlarning mohiyatini kamsitishga qaratilmaydi, balki ular, ta’kidlaganimizdek, o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadni amalga oshira olgan va xalqimizga ijobiy ma’noda xizmat qilib kelgan, demak, bu o‘rinda gap Alisher Navoiyni yaqinroq tushunishga xizmat qiladigan lug‘at tahlil obyekti bo‘ladi. Ayni o‘rinda bir fikrni ham aytib o‘tish zarurati bor. Bu lug‘at Alisher Navoiy asarlarini o‘qiydigan har qanday shaxsga emas, ko‘proq ilmiy xodimlar va oliy ta’lim muassasalarida ilm orqali adib asarlarini o‘rganuv­chilarga mo‘ljallanganligi ma’lum bo‘lmoqda. Bunday deyilishga “Lug‘at”da arabcha so‘zlardagi ayrim harakatlarning o‘qilishi bilan bog‘liq transkripsion tizimni tavsiflashda bildirilgan fikrlar asos bo‘lmoqda. 


Endi B.Yusufning lug‘atni tuzishdagi o‘ziga xosliklar to‘g‘risidagi fikrlari tahliliga to‘xtalamiz. Uning “Alisher Navoiy asarlari izohli lug‘ati”(ANATIL)dan farqlarini ko‘rsatadi. Aslida ular umumlashtirilsa, quyidagi mazmun anglashiladi:


1. “Kirish” qismida lug‘atda arab yozuvidagi variantidan so‘ng transkripsiyasi ham berilganini ta’kidlaydi. Haqiqatan ham, lug‘atda so‘zlar kirill alifbosida bosh so‘z → uning arab yozuvidagi varianti (manbaga muvofiq) → katta qavsda transkripsiyasi → izoh tartibida berilgan. E’tiborli tomoni shundaki, unda O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Alisher Navoiy asarlaridagi izohlanayotgan so‘z transkripsiyada berilgan. Bu transkripsion tizimni qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar ham borki, u haqda boshqa ishlarda alohida fikr yuritiladi. Eng muhimi, bu lug‘atda transkripsiyaning joriy etilganidir.


2. Shuningdek, 3–14-bandlarda “Alisher Navoiy asarlari izohli lug‘ati”(ANATIL)dagi izohlarga qo‘shilmagan o‘rinlarga ham to‘xtaladi hamda asosli fikrlarni ma’lum qiladi.


3. Lug‘atda sodda,  yasama, qo‘shma, juft va takro­riy so‘zlar, turg‘un iboralarning izohlanayotganligi ham aytiladi. Xullas, lug‘at tuzuvchi mazkur lug‘atga kiri­shishdan oldin maqsad va vazifalarni to‘liq anglab olgan va bu uning rejasini ham bildirar edi.


Endi lug‘atni o‘tmishdosh, xususan, S.Ibrohimov va E.Fozilovlar  (Taqriz davomida P.Shamsiyev, S.Ibrohimovlarning “Navoiy asarlari lug‘ati” haqida gap ketganida faqat S.Ibrohimov nomi, E.Fozilov rahbarligidagi “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” to‘g‘risida fikr yuritilganida faqat E.Fozilov nomiga murojaat qilinadi) tuzgan lug‘at variantlari bilan birga tahlil qilishga o‘tamiz. Lug‘atlardagi ayni bir so‘zni izohlashda quyidagicha yondashuvlar ko‘zga tashlanadi:


1. Har uchala lug‘at AAZZ so‘zi izohi bilan boshlanadi. S.Ibrohimovlar uni “eng aziz, eng izzatli”, E.Fozilovlar “eng aziz, azizroq” va B.Yusuf “eng aziz, eng ardoqli, eng izzatli” deb izohlaydilar. E.Fozilovlarda “azizroq” izohi xato berilganligini hisobga olmaganda izohlar deyarli aynan. Bu ab, abdon, atr, afvoj va boshqa so‘zlarda ham qayd qilinadi.


2. So‘zlarning matnlardagi ma’nosi kengroq izohlangan:

Butkar. Uning uch ma’nosi misollar asosida izohlanadi. S.Ibrohimov uning bir ma’nosiga, E.Fozilov ikki ma’nosiga manbadan misol keltiradi.

But. Uning 7 ma’nosi, S.Ibrohimovda ikki, E.Fozilovda to‘rt ma’nosi keltirilgan.

Davr. Uning 11 ma’nosi, S.Ibrohimov to‘rt, E.Fozilov besh ma’nosining kontekstdagi ma’nolarini qayd etadi.  


3. Ushbu lug‘atda avvalgi lug‘atlarda aks etmagan so‘zlar izohlangan, boshqacha aytganda, Navoiy asarlaridagi so‘zlar qamrovi keng. Avvalo, uni dastlabki ikki jildning uch harfi misolida asoslashga harakat qilamiz.


“A” harfi bo‘yicha: abadiya, abadiyat, abardih, abarkuh, abbodon, Abbosul-ahvol, abdolnoma, qator kishi ismlari, abivard, aboanjat, abog‘a, abrmonand, abrxirom, abtarlig‘, abtahiy, abuz-zifon, abuka, abul-ajam, avrodlig‘, avroqorosta va h.k. Bu so‘zlar 17–31-sahifalardan olindi, 32-betdan to 170-betgacha ular yana ham katta miqdorni tashkil etishi mumkinligi shu satrlarni o‘qiyotganlar uchun ayon bo‘lsa kerak.


“B” harfi bo‘yicha: bavaqt, bavl, bavodiypaymo, bago‘sh, badasl, badaxshiy, badfarjom, badxayol, bazl­soz, bazmsaro, bazmsozlig‘, bazmfuro‘zanda, bay’, bayg‘ora, bakamol, bakor va boshqalar.

“K” harfi bo‘yicha: -ki, kabutardam, kabutarxon, kavkabafro‘z, kavkabmisol, kajnazar, kajova, kajravoyin, kaklik, kalla, kamardo‘zliq, kambizoat, kamo-besh, kamsarmoya, kamsuxan, kamtarin va boshqalar.


Bu tajribani boshqa harflar misolida ham amalga oshirish mumkin. Xullas, bu lug‘atda avvalgi lug‘atlarda e’tiborga olinmagan anchagina so‘zlar izohga tortilgan. Ta’kidlash joizki, oldingi lug‘atlarda ham B.Yusuf nazariga tushmagan so‘zlar ham bor edi. O‘ylaymizki, lug‘atchi keyingi jildlarda ularni hisobga oladi. Demak, lug‘at tuzuvchilarning har biri o‘z muvaffaqiyatlariga ega bo‘lgan va shuning uchun ham ular o‘z qadrini yo‘qotgan emas. Biz yaqin o‘tmish va mustaqillik davrida Alisher Navoiy asarlari bo‘yicha yaratilgan lug‘atlarga e’tibor qaratamiz va bu jarayonda muhokama obyekti bo‘lgan lug‘atning o‘ziga xos tomonlarini yoritishga harakat qilamiz.


Lug‘atning o‘tmish lug‘atlardan mazmunan boy­ligini ayrim so‘zlar va ularning leksikalizatsiyalashgan birikmadagi ma’nosi atroflicha izohlanganligidan ham bilish mumkin. Jumladan, buni ahl so‘zi izohida ko‘rish mumkin. Bu so‘z va uning kichik konteksti izohi lug‘atning 151–167-sahifalaridan o‘rin olganligi fikrimizni asoslab turibdi. Bu sahifalarda B.Yusuf ularning 171 birikmadagi 200 ga yaqin ma’nosini faktik misollar orqali asoslaydi. To‘g‘ri, bu so‘z va u bilan bog‘liq bo‘lgan kichik kontekst oldingi lug‘atlarda ham mumkin qadar ko‘proq qayd qilingan. Faktlarga muro­jaat qilamiz. S.Ibrohimovlar lug‘atida 52 birikmada, E.Fozilovlar lug‘atida 160 birikmada qayd etilgan. Albatta, bu izohlarning qiyosiy tahlili ilmiy jihatdan o‘zining bahosiga ega bo‘lishi lozim. 

Avvalgi lug‘atlardagi ba’zi yanglish izohlarga ergashib ketmaydi. E.Fozilov badraqa so‘ziga haydalgan degan izohni beradi va:


Badraqayi rohi najoti bo‘lub,

Mujibi raf’i darajoti bo‘lub – 


baytini keltiradi. Lekin S.Ibrohimov lug‘atida badraqa so‘zini yo‘l boshlovchi, karvon boshlig‘i tarzida izohlaydi. B.Yusuf ham yuqoridagi baytda aynan badraqa so‘zi shu ma’noda qo‘llanganini oladi. Bayt mazmunida ham haydalgan tushunchasi mavjud emasligi yaqqol ko‘rinib turibdi.


Lug‘atni xatoliklardan xoli, beqiyos deyish ham mumkin bo‘lmas. Unda ayrim fikr aytish mumkin bo‘lgan o‘rinlar yo‘q emas. Ularning ba’zilari ilmiy yondashuvga borib taqaladi, u ham bo‘lsa, transkripsiyaning amaliy emasligi, ayrim transkripsion belgilar o‘zini oqlamasligi(masalan, ä), shuningdek, bu lug‘atning o‘tmishdoshlaridan jiddiy farqlanuvchi xususiyatlari, ya’ni yondashilgan tamoyil u qadar asoslanmaganligida ko‘rinadi. Ayrim e’tiroz bildirilishi mumkin bo‘lgan faktlarga to‘xtalamiz:


Arab grafikasidagi so‘z xato transliteratsiya qilingan: ato-ano. Bu so‘z garchi o‘zbek adabiy tilida ota-ona deb yozilsa ham, Alisher Navoiy asarlarida u trans­kripsiyada ata-ana yozilishi lozim(ana shunda turkiy singarmonizm xususiyatiga mos bo‘ladi). Bu lug‘atda shu so‘z ishtirok etgan boshqa variantlari ham, hozirgi o‘zbek tilidagi varianti ham bosh so‘zda berilishi maq­sadga muvofiq. Bu xato har uchala nashrda mavjud.


So‘zlarga yetarli darajada izoh berilmagan: atf so‘ziga va bog‘lovchisini anglatgan misol berilganligidan shunday tushunilishiga asos bo‘lgan. E.Fozilovlar lug‘atida nisbatan to‘g‘riroq yoritiladi va uning “grammatik termin, so‘zlar birikishi” ma’nosi beriladi. Aslida u ham grammatik shaklni, ham bog‘lovchini anglatgan. Alisher Navoiy shu so‘zni keltirgan o‘rinda “va” bog‘lovchisi uchun ishlatgan, xolos. Yana bir fikrni takidlashni istardimki, Alisher Navoiydek buyuk adib, mutafakkirni keyingi davrda dunyo yetishtirgani yo‘q. Shu tufayli uning faoliyatiga bag‘ishlangan har qanday asarni va nomini tilga olishda uning to‘liq nomi va to‘g‘ri ifodasi bilan yuritishga odatlanishimiz lozim, ya’ni Navoiy emas, Alisher Navoiy, Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati emas, Alisher Navoiy asarlarining izohli lug‘ati tarzida to‘g‘ri yozilishi maqsadga muvofiq, chunki “asarning tili” bo‘lmaydi. Navoiy tili deb yozilishi va yuritilishiga mutlaqo qo‘shilib bo‘lmaydi. Bu B.Yusufga qisman aloqador bo‘lsa-da, uning kamchiligi sifatida qarash o‘rinsiz bo‘ladi, balki bu holat ilmiy dunyomizda keng tarqalgan. 


Tan olish kerakki, bu lug‘atda avvalgi lug‘atlarga qaraganda keng qamrov olinganligi, so‘zlarga tavsif berishda muallif o‘z yo‘lini tanlagani ko‘rinib turibdi. B.Yusufning ushbu lug‘ati Alisher Navoiy asarlari lug‘atini yaratishdagi yangi bosqich bo‘lib xizmat qiladi va uning bu amalga oshirgan ulug‘ ishi hozirgi holatida ham uning ilmiy unvonga tavsiya etilishiga asos bo‘lishi mumkin. Bunga u haqlidir.


Samixon ASHIRBOYEV, 

filologiya fanlari doktori, 

professor