AKADEMIYADA "TALABALAR BAHORI"

Oliy ta’lim AKADEMIYADA "TALABALAR BAHORI"
23

Bugun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida "Yoshlar – kelajak bunyodkorlari" shiori ostida "Talabalar bahori festivali" boʻlib oʻtdi. 


Dastlab Akademiya hovlisidagi “Besh tashabbus” boʻyicha taqsimlangan hudud kirish qismida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tomonidan lenta kesilib, ramziy ochilish marosimi o‘tkazildi. 


Akademiya rektori Muzaffar Komilov so‘zga chiqib, bu kabi tadbirlar talaba-yoshlarning milliy qadriyat va an’analarimizga bo‘lgan qiziqishini oshirishi, ulardagi vatanparvarlik ruhini yuksaltirishga xizmat qilishini alohida e’tirof etdi. 


Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talaba-yoshlarni bayram bilan tabriklab, ularga muvaffaqiyat tiladi.


Festival doirasida "Besh tashabbus sayli", "Varrak shou" hamda kafedralar oʻrtasida "Bahoriy taomlar dasturxonlari" tanlovi, "Osh musobaqasi" tashkil etildi.


Shuningdek, kitoblar, hunarmandchilik buyumlari savdo yarmarkasi, milliy liboslar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.




"Rektor kubogi" sport musobaqalari doirasida talaba yigitlar va qizlar oʻrtasida sportning voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka, armrestling musobaqalari ham oʻtkazildi.


Festival akademiya boʻylab karnay-surnay sadolari ostida boshlandi. Yoshlar ijrosida "O‘zbekiston", "O‘zbekiston yoshlari" qo‘shiqlari, “QVZ shou"si taqdim etildi.


Milliy liboslar namoyishi, talabalar ijrosida jadidlar tilidan milliy qadriyatlarimiz haqidagi sahna ko‘rinishi, fakultetlarning belgilangan viloyatlar kesimidagi chiqishlari namoyish qilindi. 




– Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 13-fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Mazkur yigilishda barkamol avlodni jismoniy va ma'naviy jihatdan yetuk qilib tarbiyalashga alohida ahamiyat berilib, sport sog‘lom xalq, sog‘lom avlodning tayanch ustuni ekani ta'kidlangan edi. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham talaba-yoshlar hamda xodimlarning sportga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga alohida ahamiyat qaratilyapti. Sportning mini futboli, stol tennisi, shaxmat-shashka, voleybol turlari bo‘yicha "Rektor kubogi", "Dekan kubogi" bahslari, "Besh tashabbus olimpiadasi", mini futbol bo‘yicha "Talablar ligasi" chempionati o‘tkazib kelinyapti. Bu kabi tadbirlar Akademiyada sog‘lom muhitni shakllantirilib, talablar orasida sportni yanada ommalashtirishga xizmat qiladi, – deydi Akademiyaning oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Zokirjon Roʻziyev.

Maqola muallifi

Zilola MADATOVA

Zilola MADATOVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Akademiya

Ulashish