AUTIST MASHHURLAR

Salomatlik AUTIST MASHHURLAR
210

O‘tmishda autizm alomatlari bo‘lgan buyuk insonlar xasta deb hisoblanmagan: o‘sha davr tibbiyotining imkoniyatlari ularga bunday tashxis qo‘yish imkonini bermagan. Biroq, allaqachon ba’zi mashhurlarning tarjimayi holini o‘rganib, ularda autizm spektri borligini taxmin qilish mumkin.


Bill Geyts. Dunyodagi eng boy odamlardan biri va dohiyona aql sohibi, Microsoft asoschisida ham autizmning o‘rtacha darajasi kuzatiladi deb taxmin qilinadi. U omma tomonidan biroz g‘alati shaxs deb qabul qilinishiga qaramay ishbilarmon magnatning o‘zi autizmni “buyuklikni yaratish namunasi” deb hisoblaydi. 


Ilon Mask. Yoshlik yillari­da Ilon Mask tengdoshlaridan juda farq qilardi. Hamma hovlida koptok o‘ynayotganida u kompyuter yonida o‘tirar yoki kitob o‘qishni ma’qul ko‘rardi. Bolaligida u fizika va hayotning mutanosibligini izlashga qiziqib qolgan. Tengdoshlari Ilonni yomon ko‘rishar, aqldan ozgan deb hisoblashardi. Shu sababli u tez-tez masxara bo‘lar va ziddiyatlarga duch kelardi. Aynan asperger sindromi bilan bog‘liq nostandart dunyoqarash Maskni milliarderga aylantirdi. 


12 yoshidayoq u kompyuter o‘yinini yaratib, uni 500 dollarga sotdi. Biroz vaqt o‘tgach, farmatsevtika kompaniyalaridan birining aksiyadoriga aylandi. Yetarlicha pul jamg‘arib, Ilon 17 yoshida akasi bilan birgalikda o‘yinlar va dasturiy ta’minot ishlab chiqish kompaniyasini yaratdi, 29 yoshida dastlabki millionlarni ishlab topa boshladi.





Albert Eynshteyn. Buyuk olim, tarixchi, faylasuf, publitsist, dunyoga ko‘plab muhim kashfiyotlarni taqdim etgan fizik Albert Eynshteyn Germaniyada tug‘ilib, 76 yoshida AQSHda vafot etgan. Bu fakt boshqa ko‘plab ruhiy kasalliklardan farqli o‘laroq, autizm­ning umr davomiyligiga ta’sir qilmasligining yorqin dalilidir.

Eynshteyndagi ba’zi xususiyat va odatlarning tahlili haqiqatan ham autistik bo‘lgan deb taxmin qilishimizga imkon beradi. Masalan, u gapirishga kech kirishgan, shu bilan birga, bir jumlani bir necha marta takrorlashga odatlanib qolgan edi. Bola tengdoshlari bilan do‘stlashmas, atrofdagilar bilan muloqotdan ko‘ra sukut saqlashni xohlardi. U pala-partish kiyinar, soqolini tarashni va tishini tozalashni yoqtirmasdi.


Uning ma’ruza va nutqlari esa, ko‘pincha, tinglovchilarga mutlaqo tushunarsiz bo‘lgan. Shunga qaramay, buyuk olim fan rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Yadro qurolidan foydalanishga qarshi chiqib, natsizmga qarshi kurashdi, zo‘ravonlikdan nafratlandi. 


Ser Isaak Nyuton. Buyuk ingliz matematik-fizigi va astronomi Isaak Nyuton ham Eynshteyn kabi uzoq umr ko‘rib, 84 yoshida vafot etdi.

Nyutonning bolalikdagi xatti-harakatlari ASB mavjudligini taxmin qilishimizga imkon beradi. Yaqinlari­ning fikriga ko‘ra, u uyatchan, kamgap bo‘lgan va odamlar bilan muloqot qilishdan ko‘ra o‘qish va harakat qilishni afzal ko‘rgan. U kundalik ishlarga shu qadar berilib ketardiki, hatto ovqatlanish, uxlashni ham unutib yuborgan. Bunday xatti-harakatlar autizmga xosdir.

Patologiyaning alomatlaridan yana biri nima bo‘lishidan qat’i nazar, rejaga rioya qilishdir. U talabalar  kelish-kelmasligidan qat’i nazar, leksiya o‘tkazilishi kerak bo‘lgani uchun bo‘sh auditoriyada ham leksiya o‘qirdi.


Odamovilik, do‘stlar orttirish va dunyoviy suhbatlar olib borishni bilmaslik Isaak Nyutonning butun hayoti davomida yolg‘iz bo‘lishiga olib keldi. U oila qurmadi, do‘stlari deyarli yo‘q edi, hamkasblari bilan esa doimo nizolar va qarama-qarshiliklar paydo bo‘lardi. Ammo bu daho-autist uchun noqulaylik tug‘dirmagan.


Volfgang Amadey Motsart. Uning eshitish qobiliyati juda yaxshi bo‘lgan. Bundan tashqari, Motsart bir xil harakatni doimiy takrorlardi. Kayfiyati o‘zgaruv­chan, diqqatini bir joyda ushlab turishi qiyin va u bilan suhbatlashish og‘ir kechgan. Unda kimningdir ortidan so‘z va iboralarni ko‘p marta takrorlash odati bor edi. Bunday xatti-harakat “exolaliya” deb ataladi va ASB belgilari qatoriga kiradi.


Agar Motsart oddiy bola bo‘lganida, ehtimol, dunyo uning dohiyona asarlarini ko‘rmagan bo‘lardi. Xuddi Eynshteyn, Nyuton, Darvin, Mikelanjelo kabi autizm­ning buyuk durdonalari va ular yaratgan kashfiyotlar kabi.


Maqola muallifi

Fayoza AVLAYEVA

Fayoza AVLAYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Salomatlik

Ulashish