Mukofot pullarini to‘lab bermagan buxgalterga qanday chora ko‘rish mumkin?

O‘qituvchiga yordam Mukofot pullarini to‘lab bermagan buxgalterga qanday chora ko‘rish mumkin?
34

Savol:

Assalomu alaykum! Men faoliyat olib borayotgan ta’lim muassasasi 2023-2024-o‘quv yili bitiruvchilarining 96 %i   OTMlarga o‘qishga kirdi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6108 farmoni 7-bandiga asosan tuman adliya bo‘limi 2025 yil 20 yanvar kuni direktor o‘rinbosarlarini mukofotlash to‘g‘risidagi buyruqni ijobiy tasdiqlab berdi. Muammo shundaki, muassasa hisobchisi UzASBO2 tizimida “Direktor jamg‘armasi”dan mukofotlash bo‘limi ochilmayapti degan vaj bilan mukofotni to‘lab bermadi. Agar Prezident farmoni hozir ham amalda bo‘lsa, biz nima qilishimiz va yana qayerga murojaat qilishimiz kerak? Javob uchun oldindan rahmat!


Javob:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 06.11.2020 yildagi PF – 6108 sonli “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining 7-bandiga muvofiq umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining oliy hamda professional ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirish hamda ishga joylashish ko‘rsatkichlari asosida direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan umumta’lim muassasalari rahbar xodimlari quyidagi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantiriladi:


⏩ o‘quvchilarining 90 foizi va undan ortiq qismi oliy hamda professional ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilingan va (yoki) ishga joylashgan umumta’lim muassasalarining direktorlari — 12 baravar, direktori o‘rinbosarlari — 6 baravardan;
⏩ o‘quvchilarining 85 — 89 foiz qismi oliy hamda professional ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilingan va (yoki) ishga joylashgan umumta’lim muassasalarining direktorlari — 9 baravar, direktori o‘rinbosarlari — 4,5 baravardan;
⏩ o‘quvchilarining 80 — 84 foiz qismi oliy hamda professional ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilingan va (yoki) ishga joylashgan umumta’lim muassasalarining direktorlari — 6 baravar, direktori o‘rinbosarlari — 3 baravardan.


Shunga ko‘ra direktor va direktor o‘rinbasarlari yuqoridagi tartibda direktor jamg‘armasidan rag‘batlantirish olishga haqli bo‘ladi.


Qarang! Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan nizomda rahbar xodimlariga direktor, direktorning o‘quv ishlari hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari kiritilgan.


❗️Bu holatda buxgalterning tizimda ma’lum “katakcha” yo‘qligi sababli bu to‘lovni to‘lashdan bo‘yin tovlashi noqonuniy, mazkur holatda buxgalterning harakatlari ustidan tuman adliya bo‘limiga shikoyat qilishingiz lozim.


Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Nazorat

Ulashish