BIZNI ULOQTIRMA, ZAMIN! “Uy” deb nomlangan videorolikdan so‘ng...

Aks sado BIZNI ULOQTIRMA, ZAMIN! “Uy” deb nomlangan videorolikdan so‘ng...
52

Yaqinda bir rolik ko‘rdim; juda ta’sirli. “Uy” deb nomlanibdi. Kitoblarning uylardan quvilayotgani haqida. Umumdunyoviy og‘riq, bugungi kunda barcha xalqlarning boshida aylanayotgan musibat bo‘roni ifodalangan. Ma’naviy tanazzul ildizi ko‘rsatilgan ushbu rolik  Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov loyihasi asosida tayyorlanibdi. Senariy muallifi Shokir Xoliqov. 


Imonim komil, shu rolik jahonning qay bir davlati kinoteatri yoki TV ekranlarida namoyish etilmasin, odamzodni jaholat jari sari yuz burganidan ogohlanturuvchi eng yuksak filmlardan biri bo‘la oladi. 
 

Chindan shunday: kitoblar nafaqat uyimizni, balki qalbimiz va ong-u shuurimizni ham tark etishmoqda. Ularning o‘rnini videovasvasa, internet olamining turli-tuman urto‘qmog‘-u urtarmoqlari egallab oldi. Ko‘ngil va shuurdan nur qochmoqda. 


Qiziq, hammangiz sezib turibsiz; “Kitobsizlik pandemiyasi” bola-baqra, nevara-chevaralarimizni ma’nan falaj, nogiron qilib tashlamoqda. Tuxumdan chiqishi bilan telefonga yopishadigan mo‘rmalaxning ertangi kuni haqida qayg‘urish hissi muzlayotgan biz katta avlod esa bu fojeaga ming bir xavotir ila qarab, oxiri ko‘nikib ham qolyapmiz, o‘zimizni ovutayapmiz: “Bir gap bo‘lar...  Hammasi tamoman ko‘rsavod bo‘lib, chirib yotmas... Mana, ichidan bitta-yarimta “tirigi” ham chiqayapti-ku”.   


Elchilik-da, xayriyat-e,  shu “bitta-yarimta” ko‘zi ochiq bolalarimiz chiqib turibdi. Yashirib nima qildik,  aholi boshiga kitobxonlik qiyos etilsa,  “...nima balo, yer yuzida odam ko‘paysin uchun dunyoga kelganmizmi?”,  degan tahlikaga borasiz. 


Kattalar ham, kichiklar ham kitob o‘qimayapti. Buni tahlil etadigan bo‘lsak, juda ko‘p gapirish, sahifa-sahifa yozishimiz mumkin. Gap ado bo‘lmaydi. Qancha gapirilayapti. 


Ochig‘i, muallim va maktabning qadri yer bo‘lib, xoh maktab, xoh oliy ta’lim maskanida bo‘lsin erkak o‘qituv­chiman deganning urug‘iga o‘t tushib,  bari tirikchilik ko‘yida o‘zini mardikorga urgan, o‘quv dargohlari xotin-xalaj murabbiylar maskaniga aylangan o‘sha davrlarda o‘qigan “bo‘sh-g‘ovak” avlod vaqti kelib amal-taqal qilib oliy ta’lim dargohlarida ham tahsil olishdi. O‘qishni tugatishgach, jamiyatning turli jabhalariga kanaday tirmashishdi. Mayli, boshqa sohalarni qo‘ya turayin, o‘sha avlod vakillari institutdan so‘ng maktabda ona tili va adabiyotdan ham dars bera boshladi. O‘zi umrida yolchitib biror badiiy kitob o‘qimagan bo‘lsa,  u qanday qilib bolani kitobga, adabiyotga oshno etsin? Ana, endi o‘sha palag‘dadan o‘n yil ta’lim olgan o‘smirlarning o‘z omadini sinab ko‘rish uchun institut yo universitetlarga hujjat topshirgandan keyingi sharmandalikni, yo‘q, dahshatni ko‘rsangiz edi... Ijodiy imtihoni bor institutlardan birida mana shunday abituriyentlar bilan savol-javob qilishimga to‘g‘ri keldi. Ishonasizmi, aksariyati birortayam badiiy kitob o‘qimagan. Adabiyot, badiiyat, o‘zbek adiblari haqida umuman tasavvuri yo‘q.  Qo‘liga kitob ushlab ko‘rmagan bu  sho‘rliklarga boqib, yuraging orqaga tortib ketadi:  “...qaysi iymonsiz bunga adabiyotdan dars berdi, buning ota-onasi nima ish qilarkan, buning uyida kitob bormikan, odam bolasi shunchalar ham baxtsiz bo‘ladimi, nahotki, kitob o‘qimay ham yashasam bo‘laveradi, degan shu manqurtmiyalar ertaga jamiyatning biror sohasida javlon uraman desa?! Ha, javlon urushiyam mumkin... Urayotgandir ham...”, degan og‘riqli o‘ylar asablarimni zir qaqshatdi. 


Xullas,  “Uy” videoroligi butun jamiyatimizga nisbatan chinqiriq, bong bo‘libdi. Shu rolikni barcha TV kanallarda deyarli har kuni berish kerak. Hamma maktablarda kunora ko‘rsatish zarur. Qo‘lidagi telefonning ichiga ikki buklanib,  qaytmas bo‘lib kirib ketgan, endi chiqolmay yotgan, chiqish tasavvuriga ham kelmayotgan qalb ko‘zidan mosuvo bo‘lish arafasida turgan avlodni uyg‘otish uchun ham mana shunday ta’sirchan roliklar kerak.


Bolani kitobga o‘z oilasi va o‘qitayotgan maktabidan boshqa hech bir kuch qaytara olmaydi. Bola kitob o‘qishi uchun ota-ona o‘rnak bo‘lishi, bolasining ko‘z o‘ngida ularning o‘zlari o‘qishi lozim. Qisqa qilib aytganda, uyda kitobga mehr bo‘lmagach, ota-ona qo‘liga kitob ushlamagach, bolada qan­day qilib kitobga qiziqish uyg‘onadi? Mutolaaning ham mashaqqatlari bor albatta, biroq  ko‘nikma uyg‘ongach, kitob o‘quvchi dunyosiga singib boradi va u o‘qiganlarini tahlil qila boshlaydi, munosabatga kirishadi, fikrlash qobiliyati  charxlanadi. Bola institutga kirish imtihonida bez va to‘nka bo‘lib turavermaydi, Abdulla Qodiriy bilan Abdulla Qahhorni adashtirib yo Erkin Vohidovni ham eshitgandayman-u, lekin “Nido” dostonini Erkin Komilov yozgan bo‘lsa kerak, deb erovlamaydi... 


Bolani birinchi sinfga qabul qilayotganda qaysi ertaklarni bilishi, ota-onasi bolalarbop qanday kitoblarni o‘qib bergani, ularning qahramonlari haqida so‘rab, bu savollarga javob berolsa, maktabga qabul qilish kerakdir, ehtimol. 


Adabiyot o‘qituvchilari muntazam ravishda o‘z sinflariga mustaqil mutolaa uchun badiiy kitoblar tavsiya etib borishi, har o‘n, o‘n besh kunda shu asar bo‘yicha bahs-munozara, savol-javoblar o‘tkazishni yo‘lga qo‘yishi kerak. 


  Mening bir armonim bor:  “Tong yulduzi”, “Gulxan”, “Gʻuncha” kabi bosma nashrlarining chop etilish, tarqatilish, qog‘oz xarajatlari davlat tomonidan qoplansa edi...  Bu nashrlar bolada kitob o‘qishga ko‘nikma hosil qiladi. Hech bo‘lmasa, bolani g‘ij-g‘ij imloviy xato bilan yozishdek sharmandalikdan qutqaradi. Jamiyatimizda olib borilayotgan islohotlar, Prezident siyosatining tub mohiyatini shu nashrlar sahifalari orqali bolabop til va mazmunda tushuntirish imkoni ham paydo bo‘ladi. Axir bolalikdan o‘rnashgan bilim ko‘ngil­ning tub-tubidan chuqur joy oladi-ku. 


Bilaman, kimdir hozir bu nashrlarni elektron shaklga o‘tkazsak bo‘ladi-ku, deydi. Elektron shakl bolani charchatadi, chalg‘itadi, sog‘lig‘i uchun ham zararli, qolaversa, bosma nashr orqali tasvir va voqelikni teranroq qabul qilish mumkin. Bosma nashr bilan yuzma-yuz turish kitob sari dadil  qadamdir. 


Ko‘nglimizni kengroq tutaylik; hech bo‘lmasa, bolalar gazeta-jurnallari uchun obuna haqida gap ketsa, “majburiy obuna”, degan tamg‘a bilan oto‘yin qilmaylik. Boshqa katta nashrlarning “majburiy obuna” mumkinmas”, deya belini sindirgan “vallomat”, ta’lim sohasining o‘sha, sobiq kattakonlaridan biri bolalarning gazeta-jurnallari yo‘liga ham to‘g‘anoq bo‘lgani, hatto o‘z qo‘l ostidagi soha matbuoti payini qirqqani achinarli hol. Internetda o‘qiymiz, internetdan undoq qilamiz,  internetdan bundoq qilamiz, elektron shakl unday, ijtimoiy tarmoq bunday, deb jirillaganlar bugun qanday ahvolga tushib qolganimizni sezisha­yaptimikan? 


Internet va ijtimoiy tarmoq bilan munosabatga kirishishi uchun ham ma’lum tayyorgarlik, bilim,  dunyoqarash shakllangan bo‘lishi lozim ekan. Saviyasi haminqadar, yelvizakxarakter kimsalarni internet o‘z domiga yutib ketishi mumkin. Buni sezmayotgan bo‘lsak, o‘sha “Uy” degan rolikni bir ko‘rib qo‘yaylik...  Ha,  hammamiz ko‘rsak, yaxshi bo‘ladi.


   Videoni kuzatib, yaxshilik, ezgulik, insoniy tuyg‘ular ko‘chada qolayotgani, oyoq ostida toptalayotgani, sof aqidalar qadrsizlanayotganini his qildim. Kitoblarga qo‘shilib biz, odam bolalari ham quvilayotganimizni tushundim. Qayerdan deysizmi? Odamiylik uyidan, Ezgulik Sayyorasidan olislashayotganimizni angladim. Botinimdan bir iltijo otilmoqda: bizni uloqtirma, zamin! Hali  nurdan, Yaxshilik Oftobidan umidlari­miz ko‘p...

Qo‘chqor NORQOBIL

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Munosabat

Ulashish