Har doim chalg‘iydigan bola: bu oddiy sho‘xlikmi yoki ADHD?
ADHD(Attention Deficit Hyperactivity Disorder) sindromi asosan bolalikda boshlanadi, lekin kattalarda ham uchrashi mumkin bo‘lgan nevrologik rivojlanish buzilishidir. Bu diqqatni jamlashda qiyinchilik, giperaktivlik(haddan tashqari harakatchanlik) va impulsiv xatti-harakatlar bilan namoyon bo‘ladi. ADHD odatda uchta asosiy turga bo‘linadi.
1. Diqqat yetishmovchiligi ustun bo‘lgan tur:
● dars yoki suhbat davomida diqqatini uzoq saqlay olmaslik;
● topshiriqlarni oxirigacha bajara olmaslik;
● ko‘p narsani unutish(kalit, daftar va shunga o‘xshash holatlar);
● tashkilotchilikda muammolari bo‘ladi.
2. Giperaktivlik va impulsivlik ustun bo‘lgan tur:
● bir joyda tinch o‘tira olmaslik;
● doim harakatda bo‘lish;
● gapni eshitmasdan, unga aralashish;
● navbat kutishni yoqtirmaslik.
3. Aralash tur:
● yuqoridagi ikkala guruh belgilari birga namoyon bo‘ladi.
ADHDning kelib chiqish sabablari, qanday tashxis qo‘yilishi, qachon paydo bo‘lishi, davolash usullari to‘g‘risida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti psixologiya fani o‘qituvchisi Mushtariy ABDULLAYEVA bilan suhbatlashdik.
– Maktab yoshidagi bolalar va o‘smirlarda ADHD qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi, diqqat yetishmovchiligi bilan oddiy chalg‘ish, bolaning yoshiga xos sho‘xliklar o‘rtasida qanday farq mavjud?
– ADHD(diqqat yetishmovchiligi va giperaktivlik) sindromining belgilari bu diqqatning pastligi, yig‘loqilik, asabiylik, qo‘zg‘aluvchanlik, bir joyda uzoq o‘tirolmaslik kabi holatlar bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zan shunchaki giperaktiv xarakterga ega bolalarni ham ADHD bo‘yicha shubha ostiga olishadi. Giperaktiv sog‘lom bolalar ADHD sindromi bor bolalardan farqli ravishda hissiyotlarini boshqara oladi. Bog‘chada, maktabda mas’uliyatni his qilishadi, tinchlanishini so‘rasangiz, o‘zini sokin tuta oladi.
– Bolada bu sindrom borligini necha yoshdan boshlab aniqlash mumkin, kattalarda-chi?
– Bu kasallikni 3–5 yoshdan aniqlash mumkin. Asosan, bolalarda 6-7 yoshda maktabga faol qatnay boshlaganda aniq namoyon bo‘ladi. Ushbu sindrom turli yoshda turli belgilar bilan ko‘rinadi. Misol uchun, kattalarda samarasiz ishlash, uzoq vaqt davom etadigan majlislarda o‘tira olmaslik, boshqalarni chalg‘itaverish, mashinani tez haydash yoki navbatda tura olmaslik kabi belgilar bilan namoyon bo‘lsa, kichik yoshdagi bolalarda yig‘loqilik, gapni oxirigacha tinglamaslik, diqqatning tez chalg‘ishi, tinchlanish deyarli imkonsiz bo‘lishi bilan namoyon bo‘lishi mumkin.
– Amaliyotingizda ADHD holatlari ko‘p uchrayaptimi?
– Shaxsiy kuzatuvlarim orqali bu sindrom bizda ham keng uchrayotganiga guvoh bo‘lmoqdaman. Ammo amaliyotda psixolog sifatida yo‘nalishim asosan bolalar emas, ayollar va o‘smirlar bo‘lganligi uchun bunday sindromli bolalarga ko‘p duch kelmayman. Bundan tashqari, bu o‘z nomi bilan kasallik bo‘lganligi tufayli bemorlar asosan nevropatolog va psixiatrlarda davolanishadi. Psixologik maslahat esa qo‘shimcha yordam hisoblanadi. Shunda ham psixologdan ko‘ra ko‘proq klinik psixologlar yordam bera oladi.
– Oilaviy muhit, ijtimoiy sharoit, maktab ADHD rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
– Tashqi omillar to‘g‘ridan to‘g‘ri ADHD rivojlanishiga ta’sir qilmasa-da, olimlar ushbu omillar simptomlarining kuchayishiga yoki kamayishiga bilvosita ta’sir ko‘rsatishini isbotladi. Ayniqsa, ota-onaning tarbiya usullari, bolaga atrofdagilarning munosabati va boshqalar ushbu sindromning rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
– O‘qituvchilar ADHDga ega bolalarni qanday qilib payqab oladilar, ularga qanday yordam berishlari mumkin?
– Albatta, har qanday pedagog bunday bolalarni tez payqaydi. Muammo shundaki, ko‘pincha o‘qituvchilar bunday bolalarni o‘yinqaroqlik, dangasalik, o‘qishga qiziqishi yo‘qlikda ayblashadi. Aslida bu kasallik ekanini, bunday sindromga ega bolalar miyasining ishlash funksiyasi sog‘lom bolalarnikidan farq qilishini tushunishi, ular ataylab o‘zlarini noo‘rin tutmasliklarini anglash lozim. Bolani imkon qadar derazadan uzoqroq(atrofdagi shovqin, qushlarning ovozi ularni oson chalg‘itadi), o‘qituvchiga yaqinroq joyga o‘tqazish lozim. Shu bilan birga, ADHD sindromi haqida ko‘proq o‘rganish, so‘ng ota-onaga bola bilan individual shug‘ullanishni taklif qilish kerak.
– ADHDni davolashda qanday usullar samarali, dori vositalari, terapiya, to‘liq davolash mumkinmi yoki faqat nazorat ostida ushlab turiladimi?
– Butunjahon tajribasida ADHDning hali to‘liq davosi topilmagan bo‘lsa-da, turli davolash usullarini qo‘llash orqali ushbu sindrom belgilarini nisbatan kamaytirish yoki ulardan butunlay xalos bo‘lish mumkin. Davolashda dori vositalari, turli vitaminlar, psixoterapiya, meditatsiya va sport usullarini qo‘llash mumkin.
– ADHD va autizm spektri buzilishi o‘rtasida qanday farqlar bor, buni boshqa ruhiy-psixologik holatlardan qanday ajratish mumkin?
– Diqqat yetishmasligi, doimiy harakatda bo‘lish, insonlarning shaxsiy hududini inobatga olmaslik har ikki sindromda uchraydi. Afsuski, ikkala sindrom bir paytda, birgalikda namoyon bo‘lishi ham mumkin. Asosiy farqlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, autizmda bola ko‘proq muloqotdan qochadi, boshqalarning ko‘ziga qaramaydi va takrorlanuvchi harakatlari bo‘ladi. Masalan, zinadan qayta-qayta tushib chiqish, bir joyda hadeb aylanaverish va bundan zerikmaslik. Giperaktiv sindromidagi bolalar esa bir xil turdagi faoliyatdan tez zerikkani uchun harakatlar yoki o‘yinlarni juda tez o‘zgartiradi.
– ADHD sindromi bor bolalarni “shayton bola” deb noto‘g‘ri talqin qilishadi, bu borada ota-onalar qanday yo‘l tutishi kerak, ularga qanday maslahat va tavsiyalar berasiz?
– Birinchi navbatda, bolani to‘g‘ri qabul qilish, “Meniki hamma bolalardan farq qiladi” deb emas, balki “Bolaning o‘ziga xos kuchli tomonlari bor” deb qarash lozim. Ikkinchidan esa, sabrli bo‘lish – ADHDda bolalar tez chalg‘iydi, injiqlik qiladi, lekin bu harakatlarni ular beixtiyor sodir etadi. Bundan tashqari, aniq kun tartibiga ega bo‘lish, vazifalarni qismlarga bo‘lib bajarish, stressni boshqarish ko‘nikmalarini o‘rganish, jazodan ko‘ra rag‘batni ko‘paytirish, ota-ona va bola uchun alohida mutaxassis yordami har ikkala tomon uchun foydali bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, ADHD irsiy bo‘lishi ehtimoli yuqori. Bundan tashqari, miya tuzilmasi va funksiyasidagi dopamin va norepinefrin moddalari muvozanatining buzilishi, atrof-muhit omillari, homiladorlik davridagi chekish, spirtli ichimlik iste’moli, erta tug‘ilish sababli kelib chiqishi mumkin.
Shodiyona XUSHMURODOVA
suhbatlashdi.
Shu kecha va kunduzda
AKADEMIYA BITIRUVCHILARIGA DIPLOM VA “LEYTENANT” HARBIY UNVONI TANTANALI TOPSHIRILDI
Bahor fasli g‘oliblari
Toshkentda “InfoCheck Central Asia” xalqaro xakatoni boshlandi
XALQARO HAMKORLIK – TARAQQIYOT VA ILMIY YUKSALISH OMILI
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank