Ilm-fan taraqqiyotida ayollar: tarix, bugun va kelajak

Muallim – millat yulduzi Ilm-fan taraqqiyotida ayollar: tarix, bugun va kelajak
42


Tarixda gender notenglik va jamiyatdagi to‘siqlarga qaramay, ko‘plab ayollar o‘z sohalarida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishgan. Jumladan, Mariya Skladovskaya-Kyuri radioaktiv yo‘nalishda inqilobiy yangiliklar yaratib, ikki karra Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning ilmiy ishlari nafaqat ilm-fan rivojiga hissa qo‘shdi, balki onkologik kasalliklarni davolashda yangi usullar paydo bo‘lishiga olib keldi.


Rozalind Franklin, mashhur kimyogar va rentgenolog, DNK tuzilishidagi ixtirolarda asosiy o‘rin tutgan. Uning izlanishlari genetik mexanizmlar va biologiya sohasidagi yangi tushunchalar shakllanishiga zamin yaratgan. Shu bilan birga, biolog va genetika sohasidagi olima Janna Guttman-Mendeleyeva nasliylik va evolyutsiya tushunchalarining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan.


O‘zbekiston olima ayollari ham ilm-fan tarixida munosib o‘rin egallaydi. Kimyogar olima, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi va professor Zarifa Saidnosirova ilmiy faoliyati bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lgan. Shu bilan birga, shifokorlar Tamara Oripova, Flora Inoyatova, mikrobiolog Mashhura Mavloniy, yuqori molekulali birikmalar kimyosi sohasida Sayyora Rashidova, filolog va sharqshunos Dilorom Yusupova kabi olimalarimiz ham ilm-fanning yulduzlari sifatida tanilgan.


Yosh avlod olimalari ham dunyo miqyosida e’tirof etilmoqda. Dilfuza Egamberdiyeva, Barno Sultonova, Nilufar Mamadaliyeva, Muhayyo Rasulova UNESCOning “Lo Real” stipendiyasi sohibalari bo‘lishgan. Dilnoza Duturayeva, Aziza Shonazarova kabi yosh olimalarimiz esa xorijiy universitetlarda ilmiy faoliyat olib borishmoqda. Bu yutuqlar O‘zbekiston ayollarining aql-u zakovati va ilmiy salohiyati yuqoriligini namoyon etadi.


Ayollarning ilm-fandagi nufuzi va o‘rnini yanada oshirish uchun dolzarb masalalar mavjud: olimalarga ijtimoiy muammolarni hal etishda yordam berish, tadqiqotlar uchun tashkiliy imkoniyat yaratish, gender diskriminatsiyasini bartaraf etish, ilmiy mukofotlar va grantlarni kengaytirish, xorijiy stajirovkalar va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash. Bu chora-tadbirlar ilm-fanni nafaqat taraqqiyot drayveriga, balki ijtimoiy taraqqiyot generatoriga aylantirishga xizmat qiladi.


Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda davlat va jamiyat ayollar faolligini oshirish, ularning mavqeyini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amaliy ishlarni olib bormoqda. Ilm-fan sohasida izlanayotgan olima ayol-qizlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ilmiy tadqiqotlar olib borish imkoniyatlariga ega bo‘lmoqda. Shu bilan birga, ular jamiyatimizning ma’naviy va ilmiy taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda.


Ayollarimizning ilm-fandagi ulkan yutuqlari nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham O‘zbekistonning obro‘sini oshirmoqda. Ularning ilmiy mehnati, yangilik va izlanishlari kelajak avlodlarga ilhom manbayi bo‘lib xizmat qiladi.


Dilnoza JUMAYEVA,

O‘zR FA Umumiy va noorganik kimyo instituti

“Kolloid kimyo va sanoat ekologiyasi” laboratoriyasi

bosh ilmiy xodimi, texnika fanlari doktori, professor


Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish