“Kelajakka sifatli qadam: O‘zbekistonda ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar va muammolar”

Daxldorlik “Kelajakka sifatli qadam:  O‘zbekistonda ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar va muammolar”
75

Ta’lim har vaqt har qanday jamiyatning eng asosiy poydevori hisoblangan. Zero, bilimli inson jamiyatni oldinga boshlovchi kuchdir. Shu sababdan ham bugungi kunda xalqaro dunyo miqyosida ta’lim sifati masalasi dolzarb mavzulardan biriga aylangan. Bizda ham ta’lim sohasiga davlatimiz kelajak poydevori darajasida e’tibor qaratib, uni sifatini yaxshilash va zamonaviylashtirish yo‘lida qator islohotlar amalga oshirib kelmoqda.


Ta’lim sohasiga har doim katta e’tibor qaratilgan bo‘lsa-da, so‘ngi yillar davomida bu yo‘nalishda ham anchagina ishlar jadallashdi. Muhtaram prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim tizimini  takomillashtirishga qaratilgan yangi strategiyalar, qarorlar va ko‘plab dasturlar qabul qilinmoqda. Islohotlar esa maktabgacha ta’limdan, ya’ni bolalar bog‘chalaridan boshlanib, oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab olgan. Yangi ochilgan maktablar, kasb-hunar kollejlari, xususiy va davlat tomonidan tashkil topgan universitetlar soni ham kundan kunga oshmoqda. Yuqorida ta’kidlangan ta’lim dargohlarining o‘quv sifati va sharoitlari ham bosqichma-bosqich yaxshilanmoqda desak yolg‘on bo‘lmaydi.


Bundan tashqari, yana aytishimiz mumkinki, o‘qituvchilar maqomining ko‘tarilayotganligi, ularning  malakasini oshirish uchun kurslar yo‘lga qo‘yilyotganligi ham muhim o‘zgarishlardan biridir. Axir, ta’lim sifatini belgilovchi asosiy omil – bu ta’lim beruvchi o‘qituvchining o‘zidir. Qay darajada bilimli va dars jarayoniga zamonaviy yondasha oladigan pedagog bo‘lsa, natija ham shunchalik yaxshi bo‘ladi.


Ammo  yuqoridagi o‘zgarishlarga qaramay, ta’lim tizimimizda muammolar hali ham yo‘q emas. Darsliklar va metodikalar ba’zi holatlarda zamon talablariga javob bermaydi. Bu muammoga qo‘shimcha tarzda, ayrim chekka hududlarda fan o‘qituvchilarining yetishmovchiligini misol qilsak bo‘ladi. Shahar va qishloq maktablari o‘rtasida hali ham katta tafovut bor: sharoit, ta’lim sifati va mavjud imkoniyatlar teng  emas. Bundan tashqari, Oliy ta’imda ham nazariy bilimlar ustunlik qiladi, talabalar uchun amaliyot yetarli emas. Bu esa yosh mutaxassisning tayyor kadr bo‘lib yetishishiga to‘sqinlik qiladi.


Yuqorida ta’kidtlangan muammolarni bartaraf etish uchun bir qator taklif va g‘oyalarni ilgari surishimiz mumkin. Eng muhimi, o‘qituvchilarimizni qayta-qayta tayyorlash va ularni doimiy ravishda malakasini oshirish tizimini kuchaytirish. Shuningdek ta’lim jarayonida texnologiyalarni keng qo‘llash, interaktiv va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish talab etiladi.


Xalqaro o‘quv tajribasini chuqur o‘rganish ham muhim qadamlardan biri sanaladi. Bugungi kunda rivojlangan davlatlarning ta’lim tizimiga qarasak, o‘quvchi va talabalarga faqatgina tayyor bilimlar berilmaydi, balki ularni erkin fikrlashga, mustaqil qaror qabul qilishga va tanqidiy yondashuvga o‘rgatishadi. Bu esa ularni hayotga tayyorlashda muhim rol o‘ynaydi. Bizda ham shu kabi yondashuvlarni bosqichma-bosqich joriy etish va o‘quvchilarning faolligini oshirish zarur. 


Xulosa qilib aytadigan bolsak, O‘zbekistonda ta’lim sohasida boshlangan har bir islohot o‘z samarasini beradi, deb ishonamiz. Buning uchun esa nafaqat o‘qituvchilar balki ota-ona, jamiyatning har vakili o‘z o‘rnida mas’uliyat bilan harakat qilishi kerak. Chunki sifatli ta’lim – bu faqat bilimgina emas, balki taraqqiyot va mustaqillik garovidir.


                                     Mukarramoy HASANBOYEVA,

O‘zDJTU Xalqaro Jurnalistika fakulteti

Maqola muallifi

Amaliyotchilar

Amaliyotchilar

Talaba

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish