MAKTABGACHA TA’LIM MUASSASALARIDA ZO‘RAVONLIK HOLATLARI: MUAMMO, SABAB VA YECHIMLAR

Muammo MAKTABGACHA TA’LIM MUASSASALARIDA ZO‘RAVONLIK HOLATLARI: MUAMMO, SABAB VA YECHIMLAR
179



So‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan turli ko‘rinishdagi zo‘ravonlik holatlari ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilik muhokamasida bo‘lmoqda. Ba’zan videoga olingan voqealar – tarbiyachi yoki tarbiyachi yordamchisining bolani urishi, haqoratlashi, ruhiy bosim o‘tkazishi kabi holatlar o‘z vaqtida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘rganilmoqda. Biroq bu jamoatchilik ishonchini tiklash uchun yetarlimi?


2023–2024-yillarda Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo va boshqa hududlarda sodir bo‘lgan qator holatlar ta’lim tizimidagi tizimli muammolarni biroz bo‘lsa-da ochiqlashtirdi. Masalan, 2024-yil boshlarida Yangiyo‘l tumanidagi bog‘chalardan birida ro‘y bergan bolaga nisbatan zo‘ravonlik videosi keng tarqal­di. Tarbiyachi ishdan bo‘shatildi, lekin aybdor faqat tarbiyachimidi? Katta bir tizim nega doim nazoratsiz qolmoqda?



Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zo‘ravon­likning asosiy sabablaridan biri – tarbiyachilarning malakasi pastligi va yosh bolalar psixologiyasini tushunmasligidir. Afsuski, kadrlar yetishmasligi, tanish-bilishchilik kabi illatlar oqibatida maktabgacha ta’lim muassasalarida peda­gogik ma’lumotga ega bo‘lmagan xodimlar ham ishlab kelayotgani bor gap. Bundan tashqari, ba’zi bog‘chalarda bolalar sonining me’yordan ortiqligi, ish soati uzoq va maoshning yetarli emasligi ham sabab bo‘lishi mumkin. Bolalar bilan ishlash murakkab, mashaqqatli va sabr-qanoat hamda mehr talab qiladi. Bunday holatlarda tarbiyachilar charchoq, ruhiy tushkunlik va hatto agressiya bilan ishlashga majbur bo‘ladi. Shuningdek, muassasalardagi nazorat yetishmasligi ham zo‘ravonlik holatlarining keng tarqalishiga zamin yaratmoqda. Ota-onalar farzandini bog‘chaga ishonch bilan topshiradi, lekin u yerda nima bo‘layotganidan xabar­dor emas. Videokuzatuv tizimi hamma muassasalarda ham bor deb bo‘lmaydi, hisobotlar esa qog‘ozda qolmoqda. Agar bola shikoyat qilsa, ishonmaslik yoki e’tiborsizlik bilan qarshilanmoqda.


Amaldagi qonunchiligimizda bolalar huquqlari himoya qilinishi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 10-moddasida jumladan shunday deyilgan:
“Har bir bola erkinlik, shaxsiy daxlsiz­lik, turar joyi daxlsizligi va xat-xabarlarini sir tutish huquqiga ega.
Har bir bola o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g‘ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega.
Bola qonunga asoslanmagan holda ushlab turilishi, hibsga olinishi, qamoqqa olinishi mumkin emas”.

Ammo bu qonun qanchalik samarali ishlayapti? Avvalo bu qonundan bolalar bilan ishlayotgan xodimlar to‘liq xabardormi? Afsuski, bugun yuz berayotgan bunday salbiy voqealar amaliyotda katta bo‘shliq borligini ko‘rsatmoqda.




Xalqaro amaliyotga nazar tashlaydigan bo‘lsak, rivojlangan davlatlar bunday muammolarni oldindan bartaraf etish uchun qat’iy tizimlar yaratgan. Masalan, Finlandiyada har bir bog‘chada maxsus litsenziyaga ega, psixologiya kurslaridan o‘tgan, pedagogik tayyorgarlikka ega bo‘lgan tarbiyachilar ishlaydi. Bolalar­ning kunlik faoliyati yuzasidan ota-onalarga elektron hisobot yuboriladi. Yaponiyada “nol toqat” siyosati joriy qilingan. Agar tarbiyachi bolaga nisbatan zo‘ravonlik qilsa, u umrbod ta’lim sohasidan chetlatiladi. Shvetsiyada har besh bolaga bitta pedagog to‘g‘ri keladi va muntazam davlat inspeksiyalari kuzatuv olib boradi. Menimcha, bizda ham shunday tizimni yaratish vaqti keldi. Buning uchun avvalo kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish zarur. Ya’ni, tarbiyachilar maxsus malaka kurslaridan o‘tishi, bolalar psixo­logiyasi bo‘yicha bilimlarga ega bo‘lishi shart. Ikkinchidan, videokuzatuv tizimini barcha bog‘chalarda joriy etish va ota-ona­lar uchun kundalik axborot platformalarini yo‘lga qo‘yish lozim. Uchinchi muhim yo‘nalish ‒ huquqbuzarlik uchun jazoni kuchaytirish: zo‘ravonlik qilgan tarbiyachilar faqat ishdan bo‘shatilib qolmay, jinoiy javobgarlikka ham tortilishi kerak. To‘rtinchidan, jamoatchilik va ota-onalarning faolligini oshirish, fidoyi bola himoyachilari qatlamini shakllan­tirish talab etiladi. Chunki maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bolaning dunyoqarashi, ishonch va ruhiy barqarorligi shakllanadigan muhim bosqich hisoblanadi. U yerda bola zo‘ravonlik emas, mehr va e’tibor topishi shart. Agar buni ta’minlay olmasak, ertangi jamiyatda ichki noqis, ruhiy jarohat bilan o‘sgan avlod shakllanishi mumkin.


Muammoga yondashuv faqat jazo orqali emas, balki insonparvarlik, bilim va nazorat orqali bo‘lishi kerak. Davlat, jamiyat va har bir ota-ona bolaning haqiqiy himoyachisiga aylanishi lozim. Shundagina maktabgacha ta’lim tizimi­miz haqiqiy ma’noda sog‘lom va xavfsiz muhitga aylanadi.


Xulosa o‘rnida yana shuni takrorlash joizki, maktabgacha ta’lim tizimida har bir xodimni ishga qabul qilishdan avval psixo­logik suhbat yoki testdan o‘tkazish – bolajonlar xavfsizligi, ular orasida sog‘lom muhitni ta’minlashda samarali chora bo‘ladi. Savol tug‘iladi: bu nega muhim? Yosh bolalar bilan ishlash ‒ ular bilan ishlaydigan har bir xodimdan nafaqat bilim, balki sabr-qanoat, mehr-muhabbat talab qiladi. Hayotda esa har qanday inson bunday faoliyatga loyiq bo‘lavermaydi. Psixologik testlar va suhbatlar esa shu sohaga ishga kiradigan xodimning bolalar bilan ishlashga shaxsan tayyor yoki tayyor emasligini aniqlashga yordam beradi. Ya’ni zo‘ravonlikka moyillikni avvaldan aniqlash mumkin bo‘ladi. Psixologik tekshiruvlar orqali agressiya, toqatsizlik, stressga chidamli­lik, so‘z bilan yoki jismonan tajovuzkorlik xususiyatlarini shu suhbatning o‘zida oldindan aniqlab olish mumkin. Bu esa xavfli kadrlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’lim tizimiga kirishini cheklaydi. Natijada, jamoada sog‘lom muhit yaratiladi. Psixologik tekshiruvlar nafaqat bolalar, balki boshqa tarbiyachilar va ma’muriyat uchun ham xavfsiz va barqaror ish muhitini kafolatlaydi.


Bu jarayon chet el amaliyotida qanday? Finlandiya, Norvegiya, Germaniya kabi davlatlarda bolalar muassasalariga ishga kirishda psixologik test va interv­yu majburiy. Buning uchun alohida bolalar psixologiyasi bo‘yicha mutaxassis ishtirokida suhbatlar o‘tkaziladi. Yaponiya va Kanadada bolalar muassasalarida ishlash uchun oldindan ruhiy barqarorlik va sog‘lom shaxs sifatini tasdiqlovchi ma’lumot talab qilinadi. Bunday choralar nafaqat zo‘ravonlik holatlarini kamaytiradi, balki bolalarga mehr, e’tibor va ruhiy sog‘lom muhit yaratishga katta hissa qo‘shadi. Bu amaliyot tanish-bilishchilik, korrupsiyasiz amalga oshirilsa, albatta, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim sifati, farzandlarimizning munosib tarbiyasi yangi bosqichga ko‘tariladi.


Maryam AHMEDOVA,

O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Gazeta
  • #Maktab
  • #Bog‘cha

Ulashish