MUHAMMAD SHAYBONIYXON KIM EDI?
Muhammad Shayboniyxon Chingizxonning katta o‘g‘li Jo‘jixonning 14-avlodi, mashhur sarkarda, davlat arbobi, Movarounnahrda temuriylardan so‘ng o‘zi tuzgan davlatning asoschisi. So‘nggi temuriyzodalar amalga oshira olmagan ish – Movarounnahr, Xuroson va Xorazmni yagona davlatga birlashtirgan hukmdor. Ayni paytda ilm-fan homiysi, o‘z davrining iqtidorli shoiri. Chunonchi, bir she’rida Samarqand shahrini jannatga, Buxoroni esa Ka’baga qiyoslagan edi:
Jannati ma’no bog‘i Samarqand emish,
Kavsari a’lo degan ob-u Samarqand emish.
Bir xayolim bor ko‘ngulkim pirvatiy aylayin,
Ul Buxoro shahrida Ka’ba tavofin aylayin.
Muhammad Shayboniyxon 1451-yilda tug‘ildi. Otasi Shohburdoq 1428-yili Qipchoq Dashtida “O‘zbek ulusi”(yurti) nomi bilan atalgan yangi davlatning asoschisi Abulxayrxonning katta o‘g‘li, onasi esa Oqqo‘zibegim – qalmoqlarning nufuzli zodagonlaridan birining qizi edi.
Avval otasi, so‘ng 1468-yili bobosi vafot etgach, Qipchoq Dashtida Qosim Sulton xizmatida bo‘ldi. Xizmati davomida davlat va harbiy boshqaruv sohasida o‘z salohiyatini namoyon etadi. Biroq Abulxayrxon oilasining g‘animlari ta’qibi ostida ukasi Temur Sulton bilan Buxoroga kelishga majbur bo‘ldi. Buxorodagi ikki yillik hayoti davomida har jihatdan kamol topdi. Bu yerda Qur’oni karimning katta bilimdoni Mavlono Muhammad Xitoyidan chuqur ta’lim oldi.
Ayni paytda Buxoroda she’riyat va ilm-fanga ixlos qo‘ydi. Bu shaharda olgan ta’limi keyinchalik unda qayerda bo‘lmasin tasavvuf namoyandalari va shoirlar bilan suhbat qurish xislatini shakllantirdi. U ayni paytda, o‘zbek tili bilan bir qatorda fors va arab tilini ham egallagan edi. Muhammad Shayboniyxonning ukasi Muhammad Sulton 1487-yili farzandli bo‘lganida o‘g‘liga yorqin kelajak tilash va ism qo‘yib berish uchun naqshbandiya tariqatining mashhur namoyandasi Ubaydulla Xoja Ahror Valiyga olib kelgani fakti ham bu ikki aka-ukaning qanday insonlar bo‘lganligini tasdiqlaydi. Xoja Ahror Mahmud Sulton o‘g‘lining qulog‘iga azon aytib unga hayotda kamol topishini tilab Ubaydulla deb ism qo‘yadi. Haqiqatan ham, Ubaydullaning kelajagi porloq bo‘ldi.
Ubaydullaxon 1533-yili Shayboniylar davlatining poytaxtini Samarqanddan Buxoroga ko‘chirdi. Shayboniyxon 1500-yildagi yurishdan so‘ng yurtimizda tuzgan davlati aynan 1533-yildan boshlab Buxoro xonligi deb ataladigan bo‘ldi.
U nega aynan Movarounnahrga kelgan edi? Bu holat Abulxayrxonning nomi Movarounnahrda ancha mashhur bo‘lganligi bilan izohlanadi.
Bu mashhurlikka u bir vaqtlar temuriyzoda Abu Said mirzoning toj-u taxt uchun kurashda Xoja Ahrorning maslahati bilan yordam so‘rab Abulxayrxon huzuriga borgani, Abulxayrxonning yordami tufayligina u Movarounnahr taxtini egallagani, ayni paytda O‘zbek ulusi davlati hukmdori xonadoni bilan quda-andachilik rishtalarini yo‘lga qo‘ygani, chunonchi, Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya Sultonbegimni Abulxayrxonga uzatgani, o‘zi esa Abulxayrxonning qiziga uylangani kabi omillar sabab bo‘lgan edi. Bu nikohlar har ikki hukmdorning mavqeyini mustahkamlashga xizmat qildi. Biroq Abu Said Abulxayrxonning Movarounnahrning ichki siyosiy jarayonlariga aralashuviga imkon berganligi Abulxayrxonda vaqti kelib Movarounnahrni ham egallash orzusini tug‘yon urdirganiga tarix guvoh.
Chunonchi, u hali Abu Said mirzoga yordamga kelmasidan avval o‘z davlati sarhadlarini tobora Movarounnahrga qarab kengaytirib bordi. Davlat poytaxtini Sibirdagi Tura shahridan temuriylar tasarrufida bo‘lgan Sirdaryo bo‘yidagi Sig‘noq shahriga ko‘chirishga erishdi.
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, O‘zbek ulusi hududiga 1457-yili qalmiqlarning shiddatli hujumlariga Abulxayrxonning bardosh bera olmagani, oqibatda ayrim qabilalarning Abulxayrxonni tashlab ketgani, davlatning bo‘linib ketishi, bo‘linganlarning Qozoq xonligini tashkil etishi, O‘zbek ulusi zaiflashib qolgani Movarounnahrda mustahkamlanib olish imkonini yo‘qqa chiqardi.
O‘zbek ulusi qabila sardorlari nazarida qalmiqlar tajovuzidan qutulishning yagona yo‘li Movarounnahrga ko‘chish edi. Ikkinchidan, ko‘chmanchi hayot tarzi mashaqqatlari ham ularning tinka-madorini tobora quritmoqda edi. Biroq 1468-yili O‘zbek ulusi davlatining qulashi ularning orzusi ushalishini ortga surib yubordi.
O‘zbek qabilalarining Movarounnahrga ko‘chish orzusini keyinchalik Abulxayrxonning nabirasi Muhammad Shayboniyxon amalga oshirdi. U Movarounnahrdan Dashti Qipchoqqa qaytib siyosiy va harbiy faoliyat bilan shug‘ullanishga kirishdi. Yollanma qo‘shin tuzib, goh u, goh bu temuriyzodaga harbiy yordam ko‘rsatdi. Chunonchi, sobiq hukmdor Abu Said mirzoning taxt vorisi bo‘lgan o‘g‘li Sulton Ahmad mirzo o‘z vaqtida Shayboniyxondan yordam so‘ragan. Shayboniyxon temuriyzodalarga harbiy yordam berish asnosida ularning kuch-qudrati tobora zaiflashib borayotganligiga ham guvoh bo‘lgan.
Kuch-qudratga to‘lgan Muhammad Shayboniyxon 1480-yili Dashti Qipchoqda bobosi Abulxayrxon tuzgan O‘zbek ulusi davlatini qayta tikladi. Endi u Movarounnahrni egallashni rejalashtira boshladi. Bunga esa:
Birinchidan, Dashti Qipchoq o‘zbek qabilalarini ko‘chmanchi hayot toliqtirganligi va ularning o‘troq hayot tarziga o‘tishni maqsad qilganligi, bu o‘rinda Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi hudud tuprog‘ining o‘ta unumdorligi, shuningdek, Movarounnahr savdo va tijorat yo‘llarining markazida joylashganligi ham hisobga olindi.
Ikkinchidan, Rossiyaning tobora Sharqqa siljiyotganligi sabab bo‘ldi.
Dashti Qipchoq o‘zbek qabilalari yetakchilari, harbiy sarkarda va ulamolarining nazdida Muhammad Shayboniyxon ularning maqsadlarini amalga oshirishga qodir yagona shaxs edi. Shu tariqa uning Movarounnahrni egallashga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan omil qolmadi.
Qolaversa, shayboniylar Movarounnahrga ona yurt deb ham qarar edi(Gap shundaki, yuqorida qayd etilganidek, Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya sultonbegim Abulxayrxonga uzatilgan edi. Bu nikohdan tug‘ilgan ikki o‘g‘il – Ko‘chkinchixon va Suyunchxo‘jaxonlar – Muhammad Shayboniyxondan keyingi taxt da’vogarlari hisoblanardi. Chunki shayboniylar orasida Shayboniyxondan keyingi yoshi ulug‘lar shu ikki aka-uka edi. Ko‘chkinchixonning 1510−1530-yillarda hukmdor bo‘lganligi bejiz bo‘lmagan). Endi qulay fursatning “yetilishi” qoldi, xolos. Qulay fursat o‘zini ko‘p kuttirib qo‘ymadi.
Farg‘ona hokimi Zahiriddin Muhammad Bobur Samarqand taxtini egallash uchun kurash maydoniga chiqqach, hukmdor Sulton Ali Muhammad Shayboniyxondan yordam so‘radi. Shu bahonada uning qo‘shini Movarounnahrga kirib keldi va 1500-yili temuriylar taxti egallandi. Shu tariqa Movarounnahrda shayboniylar sulolasi hukmronligi o‘rnatildi.
1502-yili Eronda hokimiyatni egallagan safaviylar shialikning 12 imom hokimiyatini tan oluvchi yo‘nalishini mamlakatda hukmron e’tiqod shakli deb, o‘zlarini esa, 7-imomning avlodi deb, shuningdek, 12-imom Muhammad al-Mahdiy(yashiringan imom)ning noiblari ekani va u yerga qaytib kelguncha hokimiyatni boshqarishga da’vat etilganligini e’lon qilgan edi. Bundan tashqari, shoh Ismoil Safaviy masjidlardagi xutbalarda “Ollohdan boshqa iloh yo‘q, Muhammad uning elchisi, Ali esa Ollohning valiysi” deb e’lon qildirdi.
Safaviylar davrida shia ruhoniylari davlatda oliy maqomga ega bo‘lib, ayni paytda sudlov va ta’limni to‘la o‘z nazoratiga olgan. Butun islom tarixida hech qachon sunniylik va shialik o‘zaro kelisha olmagan.
Tarixiy ma’lumot. 1736-yili Eronda o‘z hukmronligini o‘rnatgan Nodirshoh ham garchand sunniylik va shialikning eng mashhur namoyandalari qurultoyini o‘tkazsa-da, ularni kelishtira olmadi. Unda Nodirshoh shialikning ja’fariylik yo‘nalishining (shialar 6-imom Ja’far as-Sodiqni o‘zlarining diniy qarashlari tizimi asoschisi deb hisoblaydi) islomdagi 4 ta mazhab (hanafiylik, hanbaliylik, shofi’ylik va molikiylik) qatorida 5-mazhab deb tan olinishini talab qildi. Ayni paytda Nodirshoh Safaviylardan farqli o‘laroq 4 xalifadan 3 nafarining (Abu Bakr Siddiq, Umar, Usmon r.a.) nomi oshkora la’natlanishini taqiqladi.
Nodirshoh 1743-yili shialar bilan sunniylarni murosaga keltirish uchun yana bir bor urinib ko‘rdi. Shu yili Najafdagi qarorgohida Najaf, Karbalo, Movarounnahr va Afg‘onistonning eng taniqli ulamolari munozarasini tashkil etdi. Biroq sunniy ulamolar shialikning ja’fariylik yo‘nalishini islomning 5-mazhabi deb tan olmadi.
Islomning sunniylik yo‘nalishiga e’tiqod qilgan Muhammad Shayboniyxon va shayboniylar, xususan, Ubaydullaxon(Shayboniyxonning ukasi Mahmud Sultonning o‘g‘li, shayboniylar qo‘shini qo‘mondoni) va Jonibek Sultonlar Movarounnahrning islomning shialik yo‘nalishiga e’tiqod qilgan Eron ta’siriga tushib qolishiga qarshi matonat bilan kurashdi. Muhammad Shayboniyxon hatto 1508-yili shoh Ismoilga maktub yo‘llab, uni shialikdan voz kechishga chaqirgan ham edi, ammo natija chiqmadi.
Garchand Zahiriddin Muhammad Bobur safaviylar yordamida shayboniylardan taxtni qaytarib olishga erishgan bo‘lsa-da, 1512-yilgi jangda mag‘lub bo‘ldi. Gap shundaki, shia Eronidan yordam olgan, xutbada shoh Ismoil Safaviyni oliy hukmdor deb e’lon qilishga majbur bo‘lgan Boburni Movarounnahr aholisi qo‘llashdan bosh tortdi, aksincha, ular Shayboniylarning shia Eroni, uning ittifoqchisi bo‘lgan Bobur mirzoga qarshi kurashini qo‘llab-quvvatladi. Chunki Movarounnahr aholisi islomning sunniylik yo‘nalishiga e’tiqod qilardi.
1513-yili shayboniylar qo‘shini Eronning Amir Najmi Soniy qo‘mondonligi qo‘shinini ham tor-mor etgach, Zahiriddin Muhammad Bobur Movarounnahrni shayboniylardan qaytarib olish umididan butunlay voz kechishga majbur bo‘ldi.
Movarounnahr aholisining Zahiriddin Muhammad Boburni qo‘llab-quvvatlamaganligining yana bir sababi – bu aholining temuriylarning ichki nizolari oqibatida o‘zaro kelib chiqavergan urushlaridan zadaligi edi. Bunday sharoitda ular Muhammad Shayboniyxon siymosidagina yurtda tinchlik o‘rnatishga qodir qudratni ko‘rdi.
XVI asr boshlarida Shayboniyxon Movarounnahrga yurish boshlaganida Qipchoq Dashtida yashayotgan o‘zbekning 92 qavmi vakilidan qo‘shin tuzgan edi. Ular oila a’zolari bilan 500–600 ming kishini tashkil etgan. Bu son Movarounnahr mahalliy aholisiga nisbatan juda kam edi. Ayni paytda iqtisodiy va madaniy taraqqiyotda ham ulardan orqada edi. Shuning uchun ular bora-bora mahalliy aholi tarkibiga singib, qorishib ketdi.
Ma’lumki, o‘zbek xalqi IX‒XII asrlarda shakllanib bo‘lgan bo‘lsa-da, XVI asrda ular hali o‘zbeklar deb atalmas edi. Akademik Bo‘riboy Ahmedovning yozishicha, “Xalq tarixi uning nomidan oldin yuradi. Misol, inglizlarning xalq bo‘lib shakllanishida Britaniya orollarida miloddan avvalgi I mingyillikda yashagan gal va britt qabilalari ishtirok etgan. Milodiy V–VI asrlarda bu yerga angl, saks, yut va boshqa german qabilalari ko‘chib o‘tdi. VI asrdan boshlab Britaniya orollarida ko‘chib yurgan barcha qabilalar umumiy angllar nomi bilan atala boshlandi.
Ruslarga kelsak, ularning rus xalqi nomini olishi milodiy IX‒XIII asrlarga to‘g‘ri keladi. Bundan avval ular vyatichi, krivichi va h.k. nomlar bilan atalgan. Rus nomini ularga Dneprning o‘rta oqimlarida ko‘chib yurgan rodiy(ross, rus) qabilalari bergan.
Miloddan avvalgi I mingyillik o‘rtalaridagi Fransiyaning xalqi ham gallar deb atalardi. V asrda bu hududga vestgot, burgund va franklar deb ataluvchi german qabilalari ko‘chib kelishdi. Fransuzlar o‘z nomini o‘sha franklardan olishgan.
O‘zbeklarning kelib chiqishi ham shunday, lekin tarixi uzoq, asrlar qa’riga kirib ketgan” (Bo‘riboy Ahmedov, “Tarixdan saboqlar”. T.1994. 198-bet).
Akademik Ahmadali Asqarovning ta’kidlashicha, “Qipchoq Dashti o‘zbeklari turkiy tilning qipchoq va o‘g‘uz lahjasida, Movarounnahrning mahalliy turkiy tilli aholisi esa qarluq-chigil lahjasida so‘zlashishgan, ko‘chib kelganlar ham o‘troqlashib vaqtlar o‘tishi bilan qarluq-chigil lahjasida so‘zlashadigan bo‘lgan.
Ana shu turkiy til lahjalarining qorishuvi natijasida shakllangan til o‘zbek tilshunoslik fanida shartli ravishda “chig‘atoy tili” yoki “eski o‘zbek tili” deb ataladigan bo‘ldi va bu til Movarounnahr va Xorazm barcha aholisining umumxalq tiliga aylandi.
XX asr boshlariga kelganda “o‘zbek” nomi yurtimizda yashayotgan barcha o‘zbeklar, shu jumladan, shayboniy o‘zbeklari ham Turkiston o‘zbeklari degan nomga ko‘nikib qolishgan edi. Shu tariqa, o‘zbek atamasi butun bir xalqning etnik nomi va milliy iftixoriga aylandi” (A.Asqarov: O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi. T. 2015. 504−508-betlar).
Shuning uchun ham 1924-yili O‘rta Osiyoda sovet hokimiyati o‘tkazgan milliy davlat chegaralanishi vaqtida tuzilishi mo‘ljallangan milliy davlatning “O‘zbekiston” deb atalishi hammaga ma’qul kelgan. Garchand, suveren bo‘lmasa-da, 1924-yili O‘zbekiston SSR tashkil etildi. Bu davlat 1991-yilda jahon siyosiy xaritasida O‘zbekiston Respublikasi nomli mustaqil, suveren davlat paydo bo‘lishiga asos bo‘ldi. Ayni paytda IX−XII asrlarda tashkil topgan o‘zbek xalqi qaramlik yillarida bo‘lsa-da, millat bo‘lib shakllandi.
Uning nomi bilan ataluvchi davlat bugun xalqaro hamjamiyatning teng huquqli subyekti. Ayni paytda u o‘zining kimligini tobora ko‘proq va shiddatliroq namoyon etib bormoqda. Har bir o‘zbek bundan faxrlanishi kerak.
O‘zbek degan nom bilan shakllangan millatning boshi – Davlat Shayx ibn Abulxayrxon va uning nabirasi Abulfath Muhammad Shayboniyxon(1451−1501) nomlari bilan bog‘liqligi tarix haqiqatidir.
Bugun dunyoda “o‘zbek kelayotir” degan ibora paydo bo‘ldi. Ozarboyjon shoiri Akif Bag‘ir hatto “O‘zbek kelayotir” nomli she’r ham bitdi:
Chiqarib nurafshon yo‘lga karvonin,
Boshiga ko‘tarib tengsiz sarbonin,
Kuch olib istiqlol zafarlaridan,
Yana yulduzlarga taqab narvonin,
O‘zbek kelayotir tarix qa’ridan!
Yo‘l bo‘shat, dillarda muzlagan armon!
Yo‘l bo‘shat, mensimay xor qilgan nodon!
Yana mingyillikning tongotaridan,
Yo‘l bo‘shat, zamona! Yo‘l bo‘shat, jahon!
O‘zbek kelayotir tarix qa’ridan!
“O‘zbek kelayotir” iborasining paydo bo‘lishi esa muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan xalqparvar va tinchliksevar siyosatning jahonda e’tirof etilishi natijasidir.
Usmon JO‘RAYEV,
Turon FA akademigi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi,
“Sog‘lom avlod uchun” va
“El-yurt hurmati” ordenlari sohibi
Shu kecha va kunduzda
MUHAMMAD SHAYBONIYXON KIM EDI?
MA’ORIF SHO‘ROSI DIQQATIG‘A
XX ASRNING BUYUK PEDAGOGI
Sovg'aning eng kattasi
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank