Nega bugun matematika har qachongidan muhim?

Jarayon Nega bugun matematika har qachongidan muhim?
69

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “International Finance” akademik litseyida “Matematika fanini o‘qitishda zamonaviy pedagogik va raqamli texnologiyalar asosida kompetensiyaviy va kreativ yondashuvlarni joriy etish” nomli xalqaro seminar-konferensiya bo‘lib o‘tdi. 


Jarayonda mahalliy va xorijiy mutaxassislar, olimlar hamda amaliyotchi o‘qituvchilar ishtirok etib, matematika ta’limining bugungi muammolari va istiqbolli yechimlari yuzasidan fikr almashdi. Seminar davomida “GeoGebra ─ matematika darslarini o‘qitishda qulay va zamonaviy yordamchi vositadir”, “Türkiye’de Matematik Öğretimi”, “Raqamlar emas, tafakkur! Matematikani o‘qitishda yangicha metodlar” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Xorijiy tajribaga bag‘ishlangan chiqishlar ham konferensiyaning muhim qismi bo‘ldi.




Yig‘ilganlarga mahalliy olimlar bilan metod almashish, Turkiya matematika ta’limi masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar orqali xalqaro tajriba va metodik yondashuvlar bilan tanishish imkoniyati yaratildi. 


─ Bugun matematika fani jamiyatning intellektual rivojini belgilab berayotgan strategik sohalardan biriga aylanib bormoqda ─ deydi TDIU “International Finance” akademik litseyi matematika fani o‘qituvchisi Faxriddin Mahmudaliyev. ─ Agar kecha matematika faqat hisob-kitob va formulalar bilan bog‘langan bo‘lsa, bugun u inson tafakkurini tizimli, mantiqiy va tanqidiy fikrlashga o‘rgatuvchi asosiy fan sifatida qaralayapti.
So‘nggi yillarda matematika ta’limida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Avvalo, kompetensiyaviy yondashuv joriy etildi. Endi o‘quvchidan formulani yod bilish emas, balki uni hayotiy vaziyatlarda qo‘llay olish talab etilmoqda. Bu esa matematikaning real hayot bilan bog‘lanishini kuchaytirdi. Masalan, iqtisodiy hisob-kitoblar, statistik tahlillar, axborot texnologiyalari bilan integratsiya bugungi matematika ta’limining ajralmas qismiga aylandi. Raqamli texnologiyalar matematikani o‘qitishda burilish yasadi. Interaktiv doskalar, onlayn platformalar orqali murakkab tushunchalar vizual tarzda tushuntirilmoqda. Natijada o‘quvchi matematik jarayonni “ko‘rib”, tushunadi. Bu esa fanga nisbatan qiziqishni yanada oshirmoqda. Ayniqsa, ilgari matematikani qiyin fan deb hisoblagan o‘quvchilar ham bugun uni mantiqiy va qiziqarli jarayon sifatida qabul qila boshladi. Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, sun’iy intellekt, dasturlash, muhandislik, iqtisodiyot, moliya, hatto jurnalistika va ijtimoiy tadqiqotlarni ham matematik tahlilsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. 
Xulosa qilib aytganda, matematika ─ kelajak fanidir. Uni zamonaviy pedagogik yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va kreativ metodlar asosida o‘qitish orqali biz nafaqat bilimli, balki atroflicha fikrlay oladigan, tahlil qila oladigan avlodni tarbiyalaymiz. 


Seminar yakunida Abdulla Oripovning “Jannatga yo‘l” dramasi (ushbu litsey o‘qituvchilari va o‘quvchilaridan iborat jamoa tomonidan sahnalashtirildi) namoyish etildi. 



Maqola muallifi

Shahnoza YANGIBOYEVA

Shahnoza YANGIBOYEVA

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Zamon va makon
  • #Raqobat

Ulashish