O‘zbekistonda ilk bor o‘zbek imo-ishora tili onlayn lug‘ati veb-sayti va mobil ilovasi ishlab chiqildi
O‘zbekistonda ilk bor o‘zbek imo-ishora tili onlayn lug‘ati veb-sayti va mobil ilovasi ishlab chiqildi. Albatta, butun dunyo ta’limi onlayn formatga o‘tgan va ko‘chayotgan davrda muhim qadamlardan birini qo‘ydik. “Shu vaqtga qadar imo-ishora tilini o‘rgatadigan onlayn jarayon yo‘q edi” deyolmaymiz. Boisi, YouTubedan izlasak, bir qancha materiallar chiqadi, lekin bunday izchil tuzilgan platformamiz bo‘lmagan.
Platforma Respublika bolalar kutubxonasida “O‘zbek imo-ishora tili amaliyotlari” davra suhbatida muhokamaga qo‘yildi. Loyiha o‘zbek imo-ishora tili uchun qulay va standartlashtirilgan resurslar yetishmasligi muammosini bartaraf etishga yo‘naltirilgan. Unda shuningdek, kar va zaif eshituvchi shaxslar foydalanishi mumkin bo‘lgan onlayn lug‘at va mobil ilovani yaratish, imo-ishora tilini o‘rganishni istaganlar uchun qulay sharoitlarni shakllantirish asosiy vazifa sifatida nazarda tutiladi.
Platformaning o‘ziga to‘xtaladigan bo‘lsak, u 2400 dan ortiq so‘zni o‘zida jamlagan bo‘lib, “Ranglar”, “Oila”, “Shifoxona”, “Mahalla” kabi 18 ta bo‘limni o‘z ichiga oladi.
─ Jarayonda ovoz, imo-ishora, mos rasm, harflarning lotin va krillcha ko‘rinishini eng yaxshi formatlardagi(tiniq) videoda birlashtirdik, ─ deydi loyiha rahbari Dilmurod YUSUPOV. ─ Ovoz va imo-ishora alohida-alohida shaklda studiyada yozib olindi, so‘ngra SI orqali birlashtirildi. Foydalanuvchilarga har bir shakl(ovoz, imo-ishora, rasm va hokazo) izohi ochiq qoldirildi, bildiriladigan har bir taklif ekspertlar tomonidan muntazam ko‘rib boriladi va inobatga olinadi. O‘ylaymizki, loyiha manfaatli bo‘ladi.
“Bu bizning eng og‘riqli masalalarimizdan edi. Imo-ishoraga oid qancha kitoblarimiz bo‘lmasin, ularda biz go‘yo boshqa tilda gaplashayotgandek edik. Vaholanki, o‘z tilimiz boy va bizning inklyuziv jamiyat ishlatadigan so‘zlar boshqacha, ya’ni boshqa tillardan ancha farq qiladi. Bundan tashqari, shevaga xos so‘zlarimiz qancha?! Shu bois, bu platformani o‘zimiz, bilganimizcha tashkil qilmadik. Viloyatlardan imo-ishora orqali gaplashadigan kishilarni to‘pladik hamda mutaxassislardan iborat guruh tashkil etib, platformadagi har bir so‘zni muhokamadan o‘tkazib, keyin qo‘shib bordik. Bu platforma endi ishga tushdi. Jarayon hali to‘liq va mukammal deyolmaymiz. Shu bois, unda hatto har bir harf izohi ochiq qoldirilgan, ya’ni biz taklif va qo‘shimchalaringizga ochiqmiz. Fikr va mulohazalaringiz savod, ta’limimiz rivoji uchun ayniqsa muhim”, ─ Mamur AHLIDDINOV, imo-ishora.uz loyihasi eksperti.
Davra suhbati davomida inklyuziv jamiyat asosan o‘zi qiziqmagan sohalar(tasviriy san’at, jismoniy tarbiya)ni tanlashga majbur bo‘layotgani, o‘zi istasa-da, matematik, ximik yoki fizik bo‘la olmayotgani, boisi, o‘qishni davom ettirish qo‘rquvi borligi, bundan tashqari, ularning ishsizlik muammolari kabi masalalar ham o‘rtaga tashlanib, platformaga qo‘shimcha tarzda kasblarga doir atamalarni bo‘limlarga bo‘lgan holda qo‘shish, ko‘rmaydigan, eshitib o‘rganuvchilar uchun ham ta’lim olishni qulaylashtiruvchi funksiyalar kiritish takliflari berildi.
Suratlar muallifi: Mariya MALINOVSKAYA
Shu kecha va kunduzda
O‘zbekistonda ilk bor o‘zbek imo-ishora tili onlayn lug‘ati veb-sayti va mobil ilovasi ishlab chiqildi
M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali tashkil etilganiga 20 yil to‘ldi
Yosh shaxmatchilarni qutlaymiz!
Milliy o‘quv dasturlarida Global fuqarolik ta’limi integratsiyasi
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank