PARVOZGA SHAY AVLOD
24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Prezidentimizning yoshlar bilan muloqotini kuzatar ekanman, bugungi O‘zbekiston yoshlari naqadar baxtli ekanidan qalbim g‘ururga to‘ldi.
Prezidentimizning mamlakatimiz yoshlariga bo‘lgan yuksak ishonchi va e’tibori: “Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida biz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz”, degan so‘zlarda yaqqol namoyon bo‘ldi.
Har bir vazir, hokim, oliygoh rektori, texnikum va maktab direktori hamda boshqa mas’ullar o‘z hududidagi yoshlarning til va kasb-hunar o‘rganishi, sport bilan shug‘ullanishi, g‘oya, loyiha va startaplarini qo‘llab-quvvatlab, ularni o‘stirishi, ishli va daromadli qilishi, birorta yoshni e’tibordan chetda qoldirmasligi lozimligi alohida ta’kidlandi. Bu esa har bir o‘g‘il-qiz taqdiriga yanada mas’uliyat bilan yondashishni taqozo etadi.
Endilikda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” sifatida o‘tkazilishi, shu kuni soha rahbarlari mahalla, maktab va texnikumlarga borib, yoshlar qalbiga quloq tutishi, ularning muammolarini eshitib, amaliy yordam ko‘rsatishi belgilandi. “Yoshlar kuni” doirasida iqtidorli o‘g‘il-qizlar o‘zlarining yangi g‘oya va rejalarini taqdim etadilar, yoshlarni o‘ylantirayotgan masalalar muhokama qilinib, yechimlar topiladi.
Eng yaxshi tomorqachi, fermer, sanoatchi, startapchi, ijodkor hamda ma’naviyat va boshqa sohalardagi yoshlar uchun qiziqarli mavzularda tanlov va yarmarkalar tashkil etilishi ham ularning bilim va malakasini oshirishga, tashabbuskorlik g‘oyalarini amalda qo‘llashga kuchli turtki beradi.
Prezident tashabbusi va g‘amxo‘rligi tufayli yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi yanada keng ochilmoqda. Muloqotda ta’kidlanganidek, Toshkentda Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etiladi. Yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratiladi. “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushiriladi. “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi doirasida 40 ming nafar yosh biznesga o‘qitiladi.
O‘g‘il-qizlarimiz har jihatdan sog‘lom, zamonaviy bilimlarga ega va ish bilan band bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonimiz yanada taraqqiy etadi. Shu bois mamlakatimizda yoshlar ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona va unumli foydalangan yoshlar ertaga o‘z sohasining ilg‘or vakili sifatida jahonning yetakchi mutaxassislari va tadbirkorlari bilan bemalol raqobatlasha oladilar.
Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar yoshlar taqdirida muhim o‘rin egallaydi.
Abduhakim MAMANAZAROV,
M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining
Toshkent shahridagi filiali rahbari o‘rinbosari,
pedagogika fanlari doktori.
Shu kecha va kunduzda
Ochiq eshiklar kuni
Ilm-fan taraqqiyotida ayollar: tarix, bugun va kelajak
PARVOZGA SHAY AVLOD
Darsni samarali tashkillashtiramiz
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank