“Stressiz ta’lim” loyihasi: asabni asrang

Fikr “Stressiz ta’lim” loyihasi: asabni asrang
42

Kasbiy stress ko‘plab sohalarda bo‘lgani kabi maktab o‘qituvchilari hayotining ajralmas qismidir. O‘qituvchilarning stress darajasi ular berayotgan ta’lim sifatiga, qolaversa, salomatligiga ta’sir qilishi mumkin. Shu bois, stressni keltirib chiqaradigan omillarni o‘rganish, uning oldini olish va yumshatish uchun samarali strategiyalarni ishlab chiqish muhim sanaladi.


“Stressiz ta’lim” loyihasi ayni mana shunday maqsadda yo‘lga qo‘yilgan. Uning asoschilari Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev, “Xalq ta’limi Info” tahririyati direktori Ulug‘bek Po‘latov va Profi University rektori G‘ayrat Shoumarov bo‘lib, hamkorlik memorandumi 2024-yil 28-mayda imzolangan. Qisqa vaqt ichida loyihaning Telegram kanalidagi obunachilari soni 192844 nafarga yetdi. Unda pedagoglarga ijtimoiy-psixologik xizmat ko‘rsatish, ularga sresslarni yengish borasida amaliy ko‘mak berilayotgani ayni muddao bo‘ldi.


Maktabda psixolog bo‘lganim uchun darhol ushbu kanalga a’zo bo‘ldim va o‘qituvchilarni ham jalb qildim. Kanaldagi maslahatlardan unumli foydalanib tez orada ish faoliyatimda o‘zgarish bo‘ldi. Masalan, janjal qilib kelgan ota-onalar bilan muloqotga kirishish metodini olaylik. Bunday ota-onalar bilan avval ular tarafida turgandek ko‘rinib, keyin vaziyatni tahlil qilamiz va ularga o‘zlari aybdor ekanliklarini tushuntiramiz. Yolg‘ondan bo‘lsa ham ular tarafida turib “Sizning o‘rningizda bo‘lsam, men ham shunday o‘ylagan bo‘lardim” deb, yonib turgan olovga suv sepgandek hovuridan tushiramiz va keyin asta-sekin vaziyatni ikki tomonlama tahlil qilib, javobgarlikni ota-onaga yuklaymiz. So‘ng yaxshi gapirib yechim topamiz.


Shuningdek, hamkasblarim bilan turli mavzulardagi suhbatlar, jumladan, “Tanaffus” podkastining sonlarida amaliyotchi psixolog, PhD Akobir Abdullayevning suhbatlarini Telegram, Facebook, YouTubeda ko‘rib boramiz. Shunday foydali suhbatlardan birida bolalarni kitob o‘qishga qiziqtirishning ajoyib usullari bilan tanishtirildi. Bolaga “Bu kitobni o‘qima, yoshingga mos emas” deng, u, albatta, buni o‘qishga harakat qilar ekan. Yoki ota-ona hech bo‘lmasa, o‘zini kitob o‘qiyotgandek ko‘rsatishi kerak.


Ta’kidlash joizki, o‘qituvchilarda stress, charchoq holatlari ko‘p bo‘ladi. Bunda “Stressiz ta’lim” loyi­hasi orqali o‘rganganlarim asosida tavsiya beraman va o‘qituvchilarga o‘rgatishga harakat qilyapman. Ya’ni, tanaffus vaqti “3-4-3” daqiqa metodidan foydalanish mumkin. Bunda nafas olish va tinchlanish mashqalarini bajarish, yengil o‘tirib turish, qo‘llarni tepaga cho‘zish, ruhiy tiklanish, o‘ziga ichki motivatsiya berishning ahamiyati katta. Shuningdek, jismoniy faollik ham zarur. Stressni kamaytirishda esa meditatsiya, tinch holatda nafas olish, sokin musiqa tinglash, toza havoda ko‘zni yumib nafas olish kabi holatlarni qo‘llash mumkin. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Stressiz ta’lim” loyihasi barcha uchun zarur. Undagi maslahatlardan foydalanib asabni asrash ko‘plab salbiy oqibatlarning oldini oladi.


Gulnora IBROHIMOVA,

Yunusobod tumanidagi 

274-maktab psixologi

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Yoshlar
  • #Gazeta
  • #Ta'lim

Ulashish