TAHRIRIYAT NIMA UCHUN MAQOLANGIZNI QAYTARADI?

Tajriba TAHRIRIYAT NIMA UCHUN MAQOLANGIZNI QAYTARADI?
1.16k



“Mana, masofalar, zo‘r yillar o‘tib,

O‘sha nur mening ham ko‘zimda qoldi.

Umrimdan ham ortar yorqinlikni dil

Bilaman, faqat shu, shu nurdan oldi.


Hayotim, ishlarim, ijodimiz ul,

Otaday ilgari boshlab yuribdi.

Hozir siz o‘qigan she’rning ham har yo‘l

Baytida o‘sha nur porlab turibdi”…


Aziz, o‘quvchimiz, salomatmisiz? Ta’tilingiz maroqli o‘tyaptimi? Maqolamizning kirish qismida birgina iltimosimni aytib olay: yuqoridagi she’r shoira Zulfiyaniki ekanini dalillovchi ishonchli manbani ijtimoiy tarmoqlarimiz orqali yuborsangiz, xursand bo‘lar edik. Mazkur she’rni mushtariylardan biri “Shoira Zulfiya yozgan” deya tahlil qilibdi. Tahririyat xodimlari qancha urinmaylik, asl manbani topib, tekshira olmadik, muallif esa savollarimizni shunchaki javobsiz qoldirdi.



Tole’ yo‘qi joni g‘amdin ozod bo‘lg‘ay,

Har ishki qilsa, xotiri shod bo‘lg‘ay.


Yana bir o‘quvchimiz ushbu misralar Boburniki deya “chuqur” tahliliy maqola yuborgan, qiziqib ketsangiz, shu g‘azalni tekshirishda ham yordami­ngizni ayamang. Shuningdek, G‘afur G‘ulomning ham ko‘plab shunday she’rlari asl manbasi topilmay, qancha “sara” maqolalar tahririyat g‘aladonida qolib ketmadi deysiz?!. Balki ko‘pchilik maqo­lasi chop etilmagani bois gazetalardan uzoqlashib, “Gazet o‘ladi!” degan gaplarni aytib yuribdimikan, bilmadik. Bilganimiz − har seshanba yangi sonning qisqacha sharhini intiq kutadigan, siz sodiq mushtariy­larimiz!..


Birinchi maqolam chiqishini 4 oy kutganim esimda. Har seshanba xuddi siz kabi yangi son sharhini o‘n martalab o‘qiyman, qani chiqa qolsa. Oxiri taqdirga tan berib, bu voqeani unutdim. Ammo “Nega maqolam chop etilmadi?” degan savolimga oradan ancha vaqt o‘tib javob topdim. Gazeta talablari anchayin kuchli bo‘lib, men esa rosa “o‘tlagan”, sondir-mondir jumlalari gartak ko‘proq maqola yozgan ekanman, kamiga siyqasi chiqqan mavzuni men ham qayta chaynabman… Shukur, keyin men ham safingizda bo‘lib, qancha maqola chop ettirdim!

Havaskor yozg‘ich bo‘ladimi, biror soha bo‘yicha mutaxassis yo jurnalist – oldinga siljish bo‘lishi kerak!

“Har bir xabarchi o‘zining gazetaga yuborg‘on xabarini qanday yozishi va qanday tekshirishi ustida biroz to‘xtalib o‘tamiz. Aytaylik, bir xabarchi qishloqda o‘tirib tirikchilik qiladir, shuning bilan u dehqonlarga juda yaqin. Dehqonlarning qan­day hollar kechirmakda bo‘lg‘onliklarini bila turib gazetaga shuni yozib yaxshilani­shini umid qiladir. Ikkinchidan, yana qishloqqa borg‘on soliqchining ustidan bir deh­qon og‘zaki “pora oladir” deb xabarchiga dodlasa, xabarchi buni yozib olish bilan shu soliqchining pora olg‘onligini to‘g‘rimi, yo noto‘g‘ri ekanligini, albatta, tekshirib ko‘rishi va o‘zi bir narsani ko‘rmasdan turib yozishdan tortinishi kerak. Xabarchi shuni ham bilib qo‘ysin, shunday tekshirilmagan xom narsalarni yozishi bilan tegishlik idoralarning tekshirishi natijasida yolg‘on va bo‘hton bo‘lib chiqsa, albatta, yozg‘on xabarchi mas’ul bo‘ladir (Anqaboy. Xabar, maqola, she’r va hikoya yozish yo‘llari. T: O‘zdavnashr, 1927. 27-bet)”. Mazkur talab XX asr boshida jadidlar jurnalistikasida mavjud edi. Umuman, gazeta yaralibdiki, o‘z talablari, nashr siyosati mavjud. Bu jarayon har bir davrda yangilanmoqda. Xususan, bugun xabar yoki maqolani avvalgi davrlardagidek faqat xabarchilar – jurnalistlar yozmayapti. Bugun yuqorida o‘qiganingiz dehqon ham ko‘rgan voqea­sini jurnalistni kutib o‘tirmay, o‘zi bayon qilmoqda – fuqarolik jurnalistikasi anchayin odimladi. Bu jara­yon bir tomondan jurnalistika sohasi uchun tezkorlik tamoyilini kuchaytirishga yordam bergan bo‘lsa, boshqa tomondan xolislik, aniqlik, ishonchlilik, oltin o‘rtaliqni saqlash kabi mezonlarni yo‘qqa chiqarmoq­da. Aynan shu muammolar tahririyatlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklayotir. Ya’ni bugun tahririyat duch kelgan maqolani chop etolmaydi. Maqola avvalo gazeta mezonlari darajasiga olib chiqilishi, zarur bo‘lsa, muallifga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilishi zarur. Biroq bu jarayonni hamma ham birdek to‘g‘ri qabul qilmaydi. Aksariyat mualliflar maqolalari tahririyatdan qaytishini adolatsizlik deb hisoblaydi, nashr va uning ijtimoiy tarmoqlaridan uzoqlashib, go‘yo masalaga yechim topganday bo‘ladi. Xo‘sh, o‘zi gazeta maqolani nima uchun qaytaradi? Mualliflar eng ko‘p qanday xatolarga yo‘l qo‘yadi? Mutaxassislar bilan fikr almashdik.