Tarbiyaviy ishlarga mas’ullar uchun seminar

Yangi o‘quv yili boshlanishi arafasidamiz. Atrofda hamma farzandlari uchun forma va o‘quv qurollari olish bilan band. Bolaning tashqi ko‘rinishi, formasi, kerakli o‘quv jihozlari bilan to‘la ta’minlangani yaxshi, albatta. Biroq, uning onggi, shuuriga, qalbiga berilajak bilim va ta’lim-tarbiya asosiy o‘rinda. Bunda ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarga mas’ul ustozlar faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.
Poytaxtdagi Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislari malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida yangi o‘quv yili boshlanishidan avval maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim maktablarining tarbiya yo‘nalishlariga mas’ul rahbar va pedagoglari uchun “Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish va istiqboldagi rejalar” mavzusida 2 kunlik o‘quv seminar tashkil etildi. Unda hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) bo‘limlaridagi rahbarlar va mas’ullar hamda 10 mingdan ortiq maktablar orasidan saralab-tanlab olingan eng ilg‘or va namunali ma’naviyatchilar ishtirok etdi.
– Bugungi tadbirda yangi o‘quv yilida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida va umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘tkaziladigan har bir ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning eng muhim jihatlari muhokama qilindi. Bolaning yoshiga xos xususiyatlari, o‘quvchi-yoshlarning qiziqishlari, ularning foydali, ijtimoiy ko‘nikmalaridan kelib chiqqan holda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish borasida ham fikrlar almashildi. Shuningdek, eng muhim – ota-onalar bilan hamkorlik masalalari, farzand tarbiyasida ularning ishtiroki va faolligini oshirish masalalariga alohida to‘xtaldik. Bugungi yoshlarning internetda ko‘p vaqtini o‘tkazayotgani hech kimga sir emas. Shu bois, ular bilan olib boriladigan ishlarda ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy axborotlar, global kontentlarning o‘rnini bosadigan milliy, foydali kontentlarni ko‘proq joylab borish orqali yoshlarimizda vatanparvarlikni, yurtga sadoqat, mehnatsevarlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolov.
Ta’lim-tarbiya jarayoni bu barcha bo‘g‘inlarning o‘zaro hamkorligi, bog‘chadan oliy ta’limgacha bo‘lgan vertikal tizimning yagona, uzluksiz metodika asosida ish olib borishini taqozo etadi. Shu bois, yangi o‘quv yilidan “bog‘cha – maktab – oliy ta’lim” tizimida yagona g‘oyaviy tarbiya tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Barcha ta’lim tashkilotlarida haftaning har dushanba kuni “Kelajak soati” darslari tashkil etilib, zarur qo‘llanma va ko‘rgazmali vositalar to‘plami, ssenariylar, matnli, audio, videokontent mahsulotlar ta’lim tashkilotlariga yetkaziladi.
O‘quv seminar ochilishida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova qatnashdi.
Nazokat XOLMETOVA,
“Ma’rifat” muxbiri
Shu kecha va kunduzda
Tarbiyaviy ishlarga mas’ullar uchun seminar
OTA-ONA MAKTAB BILAN HAMKOR BOʻLSA...
Autsorsingga o‘tish istiqbollari
O‘qituvchi nega hamon obro‘li shaxsga aylana olmadi?
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank