EZGULIK IZLAB...: Kunbotishdagi uy

EZGULIK IZLAB...
9

“Adiblar”, “Kitob o‘qish odobi”, “Qo‘lyozmadan kitobgacha” nashrlari muallifi Davron Ulug‘murodning “Kunbotishdagi uy” kitobini qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Nashrdan bir qissa, shuningdek, hikoya, pyesa, esse va tarjimalar o‘rin olgan. Kitobga taniqli adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, professor Uzoq Jo‘raqulov “Samimiyat sirlari” sarlavhali so‘zboshi yozgan.


Yozuvchi kitobini otasi Jumaboy Ulug‘murod o‘g‘li, onasi Noroy Berdimurod qizi hamda ammasi Qizlarjon Ulug‘murod qizi xotirasiga bag‘ishlagan. Bu bejiz emas.


To‘plamning boshida berilgan “Onam tashlab ketgan kun” nomli xotirani ko‘zda yosh bilan o‘qidim. Unda onasidan ayrilganidan keyin uni qattiq qo‘msayotgan o‘g‘ilning yurak dardlari samimiy ifoda etilgan. Yozuvchi onasining janozasi chog‘ida “Olloh-u akbar” aytilgan payti oppoq kapalak old saf uzra charx urib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgani haqida: “Shu kapalak ham onajonimni so‘nggi yo‘lga kuzatgani kelgandek edi go‘yo”, deb yozadi.


Kapalak bilan bog‘liq bunday voqea mening ham onamdan ayrilgan kunimni yodga soldi…


“Men – g‘ofil o‘g‘il” sarlavhali xotirada muallif onasining ruhiga Qur’on tilovat qilishni biroz kamaytirganini, bomdod namozini o‘qishga kirishgan paytda esa yana o‘sha oppoq kapalak uchib ke-lib, charx urib ko‘zdan g‘oyib bo‘lganini ta’sirchan tasvirlaydi. “Bu kapalak menga onamni eslat-gani kelgandek edi”, deya yozadi u.


Har qanday banda uchun onadan ayrilish og‘ir sinovdir. Bu g‘amni yengish oson emas. Ana shunday damlarda inson onani har tomondan izlay boshlaydi. Ota-ona vafotidan keyin ham farzandning ular oldidagi burchlari davom etadi. Shulardan biri duo orqali ularning ruhini shod etishdir. Yozuvchi bu fikrni o‘quvchi­ga tabiiy va ta’sirchan tarzda yet­kazadi.


“Men – g‘ofil o‘g‘il” xotirasida qahramon onasi tomonidan “Qo‘zijon” deb erkalab tilga olinadi. Muallif onasidan ayrilish iztiroblarini tasvirlar ekan, farzand­lik burchi va pushaymonlik tuyg‘ularini ham teran ochib beradi.


Qo‘zijon ijarada yashab yurgan kez­larda onasi Toshkentga keladi. Ona-bola metroga tushishadi. Qarshilarida o‘tirgan yoshi kattaroq ikki kishi ularga qarab o‘zaro pichirlashadi. Muallif shunday yozadi: “Onam: “Yo‘lda anavi ikki odam sen haqingda pichir-pichir gaplashishdi, nima deyishganini bilmadim”, dedi. Aslida onam ularning gapini aniq eshit­magan bo‘lsa-da, hammasini tu-shungan edi. Meni ayab, yana bolam xijolat bo‘lib qolmasin, deb, gapni davom ettirmadi”. Ushbu lavhada yozuvchi barcha onalarga xos fazilat – farzandini ayash tuyg‘usini dard bilan tasvirlagan.


Qo‘zijon ham barchasini tushunadi. Ertasiga bozorga borib, onasiga sovg‘alar olib beradi. O‘g‘lining himmatini qishloq­doshlariga faxr bilan aytib yurgan ona endi yo‘qligini anglagan kitobxon muallifning ichki iztiroblariga beixtiyor sherik bo‘ladi.


Inson yoshi ulg‘aygan sari bolaligini ko‘proq sog‘inadi. To‘plamdagi yagona qissa – “Kunbotishdagi uy” bilan tani­shar ekansiz, bunga yana bir bor amin bo‘lasiz. Qo‘zijon bu qissada ham bosh qahramon sifatida gavdalanadi. O‘quvchi uning prototipi muallifning o‘zi ekanini sezadi. Demak, asardagi ota-ona va amma ham yozuvchining yaqinlari. Voqealar­ning aksariyati hayotiy asosga ega. Shu bois asarni bemalol avtobiografik qissa deb atash mumkin.


Qissa alohida sarlavhalar bilan ajratilgan fasllardan tashkil topgan. Bu esa o‘qishni yengillashtiradi va muallif g‘oyasini izchil ochishga xizmat qiladi. Asar ravon, sodda va samimiy tilda yozilgani bois voqealar mazmunini anglash kitobxon uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi.


Asarda mashhur bolalar adibi, O‘z­bekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev ijodiga xos ayrim jihatlar sezi­ladi. Keyinchalik bilsam, u kishi Davron Ulug‘murodning ustozi bo‘lgan ekan.


Bugungi globallashuv sharoitida ma’naviy tahdidlar ta’sirida ota-ona va farzandlar, aka-uka, opa-singillar hamda qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi mehr-oqibat susayib borayotgan bir paytda bunday asarning chop etilishi ayni muddaodir.


Asarda ota-ona, amaki, amma, aka, opa, uka, pochcha, qo‘shni, ustoz va boshqa yaqinlar haqi-dagi xotiralar kitobxonni ramziy ma’nodagi kunbotishdagi uy tomon yetaklaydi. Bu yo‘l ezgulik va yovuz­lik, mehr va sinovlar o‘rtasidagi kurash orqali kechadi. Oxir-oqibat esa ezgulik g‘alaba qiladi.


Hayot sir-u sinoatlarga boy. Asardagi “ajinatom” deb atalgan uy bilan bog‘liq tasvirlar ham ana shunday g‘aroyib hodi­salardan biridir. Bu uy yonidan o‘tayotganda nafaqat bolalar, balki kattalar ham cho‘chishgan. Bir gal bolalar ajinatom oldida o‘yinga berilib, shom tushganini sezmay qolishadi. Shunda ajinatomdan qizil, sariq va yashil rangdagi kurrachalar chiqib keladi. Holbuki, hayotda bunday rangdagi xo‘tiklar uchramaydi.


Yozuvchining bu tasvirlari menga Karmana tumanidagi “Uch tut” ziyoratgohida guvohi bo‘lgan bir voqeani eslatdi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Navoiy viloyati bo‘limining marhum rahbari Furqat Yo‘ldoshev boshchiligida targ‘ibot guruhi a’zolari bilan qadimiy uch tutni ziyorat qilgan edik. Kutilmaganda tutlardan birining katta shoxi sinib, naq yonimizga tushdi. Yaxshiyamki, hech kim zarar ko‘rmadi. Shunda singan shox atrofida to‘q jigarrang, qora, osmonrang, oq va sariq rangdagi uloqchalar paydo bo‘ldi. Ular osmondan tushdimi yoki yerdan chiqdimi – hech kim bilmadi. Bunday rangdagi uloq­chalarni ilgari hech birimiz ko‘rmagan edik. Eng ajablanarlisi, ular bir lahzada g‘oyib bo‘lishdi. Qayoqqa ketganini ham anglay olmadik. Hammamiz beixtiyor kalima qaytardik. So‘ng duoyi fotiha qilib, ziyorat­dan qaytdik.


Yozuvchining xotirasida muhrlanib qolgan “Ajinatom” tasvirlaridan ta’sirlanib, menga o‘xshab sir-sinoatga boy maskanlarimiz bilan bog‘liq yana qancha voqealarni qalamga oladiganlar topilishi aniq.


Qissaning “Meni maktabga olishmagani” faslida tasvirlanishicha, Qo‘zijonning maktabga in-tilishi, Soatmurod muallim tomonidan sinfxonaga qo‘yilmay, eshikdan qaytarilishi dastlab o‘quv­chini hayratga soladi. Biroq voqealar rivoji davomida buning asl sababi oydinlashadi.


Qo‘zijonning Qizlarjon ismli ammasi bor. U Mavluda ismli qizidan judo bo‘lgach, Xudo unga boshqa farzand bermaydi. Otasi Qo‘zijonni ammasinikida yashab, o‘qishga ko‘ndirish uchun Soat-murod muallim bilan kelishib, uni maktabga qabul qilmaslikni oldindan tayinlagan ekan.


Maktab mojarosi zamirida farzandsizlik tufayli hayotidan halovat topolmayotgan ammasiga Qo‘zijonni o‘g‘il qilib berish niyati yotardi. Bu, bir tomondan, nurab borayotgan oilani saqlab qolish, er-xotinni tushkunlikdan chiqarish yo‘lidagi oqilona qaror edi. Ikkinchi tomondan esa hali ko‘p narsaga aqli yetmaydigan bolani shunchaki ammasinikiga yuborish uning ruhiyatiga salbiy ta’sir qilishini hisobga olgan holda topilgan yechim edi. Qo‘zijon ammasining qishlog‘idagi maktabga borishini eshitib, chehrasi yorishib ketadi. Yozuvchi opa-singil va aka-ukalar o‘rtasidagi mehr-oqibat, insoniylik va oqibat tuyg‘ularini ana shunday badiiy ifoda bilan tasvirlagan.


Qissaning “Kunbotishdagi uy” deb nomlanishi orqali kitobxon yoshgina bolaning ota-ona bag‘rini tark etishi, kunbotar tomonda joylashgan uyini, ota-onasi hamda aka-ukalarini sog‘inish iztiroblarini chuqur his qiladi va unga hamdard bo‘ladi.


“Ammamlarnikida” faslida qahramon ota-onasi bag‘rida shodon yurgan, erkin va yayrab o‘ynagan kunlarini eslab, o‘kinadi. Hatto o‘ziga: “Ota-onam meni asrab olishganmikan? O‘gaymikinman?” degan savollarni ham beradi.


“Ajrashish” faslida yozuvchi shom manzarasi orqali uy sog‘inchini ta’sirchan tasvirlaydi. Qo‘yxonaning baland devoriga chiqib, uyi tomon o‘kinch bilan boqayotgan bolakayning janjal bo‘layotgan uyga kirgisi kelmaydi.


Quyosh botishini kuzatayotgan bolakayning ko‘zlaridan yosh shashqator oqadi. Nazarimda, bu ko‘pchilikka xos tuyg‘u bo‘lsa kerak. Bolaligimda quyosh botayotgan mahal mening ham qalbimni g‘amginlik va tushkunlik chulg‘ab olar edi.


Qorong‘i tushgach, uyga kirsa, ammasi jiyaniga: “Otanglarnikiga boramiz” deydi. Bolakay avvaliga: “Uyimga ketgim kelayotganini ammam qanday bildilar ekan?” deya o‘ylanadi. Ammo ota uyiga borish quvonchi bu o‘ylarning barchasidan ustun keladi. Uyga borish oldidan qand-qurs solib tayyorlanadigan ammaning bu gal Mavluda qizining devorda osig‘liq surati va hali yap-yangi paltosini tugishi juda ta’sirli tasvirlangan. Chunki u bu safar erining uyidan butunlay ketayotganini bolakay keyinroq anglaydi.


Qissaning “Men ishchiman – go‘ng tashuvchi”, “Tushlik”, “Xat”, “Kostyum-shim kiymoqchi bo‘lganim”, “Qaytish”, “Ko‘nikish” fasllarida otasi­ning aybsiz holda mushkul ahvolga tushib qolishi tufayli butun oilaning boshidan kechirgan qiyinchiliklari hayotiy voqealar asosida tasvirlangan.


Yozuvchi bugungi kunda unutilib borayotgan ko‘plab so‘zlarni mahorat bilan qo‘llagan. Buni uning adabiy til boyligi­ni namoyon etish yo‘lidagi yutug‘i, deb o‘ylayman. Hatto – adabiyotshunos olim sifatida menga ham notanish bo‘lgan “urak”, “vardish”, “qonjaloq”, “sovoq” kabi so‘zlarning ma’nosini bilib oldim.


“Qorako‘z” hikoyasining bosh qahramoni – chumoli. Gap shundaki, farzandsiz bir oilaning Baxt ismli asrandi qizi bor. Ammo qiz o‘zining asrandi ekanini bilmaydi. Bir kuni maktabda bolalar uni shu bilan kamsitishadi. Ana shundan fojia boshlanadi. Qizcha har kuni maktabdan qaytayotganida muyulishda sochlari o‘zinikidek tillarang, ko‘zlari chiroyli, ammo ma’yus boqadigan ayol kutib turishining sirini asta-sekin anglay boshlaydi.


Qizcha dardlarini shu uydagi chumoliga aytadi va unga “Qorako‘z” deb laqab qo‘yadi. Muallif chumoli timsoli orqali o‘zining hayotiy kuzatishlarini badiiy ifo­dalaydi. Bir kuni erta saharda chumoli hovlidagi g‘ala-g‘ovur va yig‘i-sig‘idan uyg‘onib ketadi. Bu yog‘ini asarning o‘zidan o‘qiylik: “Odatda sokin bo‘ladigan hovlida odam gavjum...” (55–56-betlar).


Shu yerga kelganda o‘quvchining yuragi hapriqib, “Nahotki shunday bo‘lsa?” deya hayajonga tushadi. Men ham aynan shunday holatni boshdan kechirdim. Ammo keyin ma’lum bo‘ladiki, bu Qorako‘zning tushi ekan. Beixtiyor: “Xayriyat!” deb yuborasiz.


Eng muhimi, Davron Ulug‘murod asarlarining qahramonlari oddiy qishloq odamlari. Voqealar dagi tabiiylik va ifodadagi samimiylik ham aynan shundan kelib chiqadi. Muallifning oddiy insonlar orasida voyaga yetgani, beg‘ubor muhitda ulg‘aygani uni qo‘liga qalam olishga undagan bo‘lsa, ajab emas.


Soddalik, ochiqlik, samimiylik va beg‘uborlikni sog‘ingan barcha kitobxonlarga ushbu kitobni mutolaa qilishni tavsiya etaman. Yozuvchidan esa bundan-da yangi va salmoqli asarlar kutib qolamiz.

Ziyoda G‘AFFOROVA,

Toshkent amaliy fanlar

universiteti dotsenti,

“Shuhrat” medali sohibasi