Komil Sindorov: Hidoyat ortidagi zalolat

469
“HIDOYAT ORTIDAGI ZALOLAT”
“XXI asr o‘zbek detektivi” turkumida yozilgan yana bir qiziqarli kitob o‘zbek sarguzashtsevar kitobxonlariga o‘zbek adibi tomonidan taqdim etildi. Kitob “Hidoyat ortidagi zalolat” deb nomlangan, bu ikki qarama-qarshi so‘zlarning o‘ziyoq diqqatimizni tortib, o‘ylanishga majbur qiladi. Asar bosh qahramoni – Bosh prokuratura tergovchisi Sanjarbek Toshkent viloyatida sodir etilgan mudhish qotillikni fosh etishga kirishadi. Ammo o‘ta puxta o‘ylab qilingan jinoyatni ochish oson kechmaydi. Kitobni o‘qish jarayonida o‘quvchi tergovchining ishi naqadar murakkab ekanligini his eta boshlaydi, voqealar ichiga kirgach, Sanjarbek bilan birga o‘ylanadi, izlanadi, qiynalib, iztirob chekadi. Komil Sindorovning avvalgi detektiv asarlaridan farqli o‘laroq, kitobdagi voqealar asosan din niqobi ostida kechadi, dinning muqaddasligi mentalitetimizga singib ketganligi uchun hidoyat ortida yashiringan zalolat qa’ridagi manfur kimsalarning jinoyatlarini fosh etish oson kechmaydi.
O‘quvchida kitob mazmuni haqida dastlabki tushunchani shakllantirish maqsadida asarning xotima qismidan bir parchani keltirishni lozim topdik:
“ – Sanjar aka, Bahrulla mulla to‘g‘risida fikringiz qanday? – talaba yangi mavzuni qo‘zg‘adi.
– Hidoyat ortidagi zalolat! Bahrullaning ta’rifi shu. U dinni niqob qilib, razolat, qabohat, axloqsizlik, fahsh, jaholat, xurofot, bid’at, mutaassiblik, shakkoklik, ochko‘zlik, yovuzlik, xudbinlik va firibgarlik domiga botgan razil shaxs. U har qanday dushmandan xavfli, yovdan yomon. Negaki, yovning yomonligi senga ma’lum, zarbasiga tayyor, ogoh turasan. Bahrulla kabilar esa hidoyat niqobida sening qalb qasringga bemalol kirib, xonumoningni kuydiradi, hayotingni do‘zaxga aylantiradi. Eyy, qo‘ying, bunaqalar haqida gapirish ham makruh. Gunohga qolasan kishi...
– Ha, dinni qabih ishlarga niqob qilib olgan bunday kimsalar jamiyat yuzidagi qora dog‘, – dedi talaba o‘ychan, – bular niqobi yuzidan shilib olingunga, asl basharalari ochilgunga qadar qanchadan-qancha sodda, omi kishilarni changaliga ilintiradi, oilalarni barbod qiladi...”.
Detektiv janri, adabiyotning nasrdagi boshqa janrlaridan farqli o‘laroq, boqiy qiziqarli mavzu! Misol uchun, Agata Kristi, Artur Konan Doyl kitoblari, Aleksandr Dyumaning “Graf Monte Kristo“ nomli romani bundan necha yuz yillar avval yaratilgan, ammo hamon katta qiziqish bilan o‘qiladi. Men ayniqsa “Graf Monte Kristo” romanini yaxshi ko‘rib o‘qiyman, uni qayta-qayta o‘qishdan erinmayman. Afsuski, o‘zbek adabiyotida shu kabi detektiv ruhdagi asarlar juda kam, barmoq bilan sanarli. O‘zbek adabiyotining bu janrida nisbiy bo‘shliq yuzaga kelgan. Komil Sindorovning huquqshunos yozuvchi sifatida detektiv janridagi mavjud bo‘shliqni to‘ldirishga qo‘shayotgan hissasi salmoqlidir. “Salmoqli” deyishimga sabab, mana bugungi kunda birinchi, ikkinchi, boringki, uchinchi ham emas, balki o‘n uchinchi detektiv kitob qo‘limizga yetib keldi!
Asar muallifiga nisbatan “adib” atamasini ishlatdik, albatta o‘quvchida qaysi atoqli adib ekan, degan haqli savol tug‘iladi. Odatda, bu so‘z uncha-muncha yozuvchilarga nisbatan qo‘llanilmaydi, biroq ham olim – yuridik fanlari doktori, professor, ham ijodkor – shoir, yozuvchi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi Komil Sindorovga “adib” atamasini ishonch bilan qo‘llash mumkin, chunki u o‘zbek detektivi tarixiga umrbod muhrlanishga arzigulik boqiy asarlarini muhrladi. Uning “XXI asr o‘zbek detektivi” turkumidagi kitoblari soni 13 taga yetdi, so‘z borayotgan oxirgisi haqida qisqa ma’lumot berdik. O‘z o‘rnida, avvalgi 12 kitobini sanab o‘tish joiz: 1) “Qimmatga tushgan xato”(2013); 2) “Temuriylar kutubxonasining siri”(2015); 3) “Kechikkan qasos” (2017); 4) “Amirlikning oltin taxti izidan” (2018); 5) “Tungi qotillik” (2019); 6) “O‘g‘irlangan bolalik” (2020); 7) “Dorixonadagi qotillik” (2020); 8) “So‘poqsoydagi sirli qotillik” (2021); 9) “Qadr kechasidagi qotillik”(2021); 10) “Surgun”dagi sarguzashtlar” (2022); 11) “Bir asrlik omonat” (2022); 12) “G‘ayrioddiy intiqom” (2023). Oxirgi 11 yil davomida 13 ta detektiv kitobni yozib, sarguzasht ishqibozlariga taqdim etish haqiqatdan ham salmoqli ishdir. Bu hisobga muallifning nazmdagi kitoblarini kiritganimiz yo‘q. Komil Sindorov ustozi Xudoyberdi To‘xtaboyev “Siz mening yoshimga yetguncha 30 ta kitob yozasiz” degan bashoratini oqlab, o‘zbek adabiyotiga qo‘shayotgan salmoqli hissasini yanada zalvorli qilishiga umid qilamiz.
“Hidoyat ortidagi zalolat” kitobi taqdimotidan so‘ng Komil Sindorov 14-detektiv kitobi ustida ish boshlashini e’lon qildi. Unga hozirdanoq qiziqish boshlandi, chunki muallif asar voqealari Ohangaron tumanida bo‘lib o‘tishi, qahramonlar Qoraxitoy qishlog‘ida yashab o‘tgan va yashayotgan insonlar ekanligining biroz uchini chiqarib, ichimizni qizdirib qo‘ydi!
Qurdosh ODINAYEV
Shu kecha va kunduzda
“Sog‘lom inson – sog‘lom millat” umummilliy harakati start oldi
Dolzarb mavzu
Oʻqituvchiga qoʻl koʻtargan kim?
Munosabat
JSST onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga bepul dori-darmonlar yetkazib beradi
Salomatlik
Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan ayrim oilalarga subsidiya ajratiladigan boʻldi va ularni qoʻllab-quvvatlashning yangi instrumentlari yaratiladi
Salomatlik
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank