ADOLATNING TANTANASI

Jarayon ADOLATNING TANTANASI
32

Har qanday taraqqiyparvar jamiyatning asosiy maqsadlaridan biri haqiqat va adolat tamoyillarini qaror toptirishdir. Adolat ilm-ma’rifatni rivojlantirish, milliy va ma’naviy merosni asrab-avaylash hamda uni kelajak avlodlarga yetkazishda eng muhim mezonlardan hisoblanadi.


Bugungi kunda yurtimizda ana shu ezgu maqsadlarning yorqin namunasi sifatida Samarqandda bunyod etilgan muhtasham Imom al-Buxoriy majmuasi namoyon bo‘lmoqda. Bu majmua nafaqat me’moriy obida, balki ilm, ma’rifat va ma’naviyat maskanidir.


Ma’lumki, Imom al-Buxoriy islom olamida Qur’oni karimdan keyingi eng mo‘tabar manbalardan biri bo‘lgan “Al-jome’ as-sahih” asari muallifi sifatida butun dunyoda e’tirof etilgan. Buyuk muhaddisning muborak qadamjosi yurtimizda joylashgani xalqimiz uchun ulkan sharafdir.


Majmuani ziyorat qilar ekanman, bu maskan ilm va ma’rifatning haqiqiy markaziga aylanganiga yana bir bor amin bo‘ldim. Bu yerda yaratilgan sharoitlar, masjidlar, kutubxonalar va muzey zamonaviy talablarga to‘liq javob beradi. Turli mamlakatlardan tashrif buyurgan ziyoratchilar Qur’on tilovati, ibodat va zikrlar bilan mashg‘ul bo‘lib, qalblariga taskin topayotganlariga guvoh bo‘ldim.


Majmua qoshida faoliyat yuritayotgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi oliy maktabi yosh mutaxassislarni tayyorlash, hadis ilmini chuqur o‘rganish va targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutmoqda. Shu tariqa buyuk alloma merosi bugun ham davom etib, yangi avlodlarga xizmat qilmoqda.


Tarixdan ma’lumki, adolatparvar hukmdorlar ilm-fan va ma’rifat rivoji uchun ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirganlar. Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Amir Temur kabi buyuk siymolarning ezgu ishlari asrlar osha yuksak ehtirom bilan eslanib kelmoqda. Imom al-Buxoriy majmuasi ham bugungi davrimizning ana shunday ulug‘ bunyodkorlik namunalaridan biri bo‘lib qoladi.


Bu majmua xalqimizning ma’naviy yuksalishi, tarixiy merosga bo‘lgan hurmati va ilm-ma’rifatga e’tiborining yorqin ifodasidir. Kelajak avlodlar ham ushbu maskandan bahramand bo‘lib, buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish imkoniga ega bo‘ladilar.


Yaratgandan yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va ma’naviy taraqqiyotimiz bardavom bo‘lishini so‘rab qolamiz.


Dilorom SALOHIY,
Samarqand davlat chet tillar instituti professori,
filologiya fanlari doktori,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan Yoshlar murabbiysi

Maqola muallifi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

Oʻqituvchi

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish