BEHBUDIYNING SO‘NGGI MANZILI

Talqin BEHBUDIYNING SO‘NGGI MANZILI
36


Behbudiyning sag‘anasin izladim... 

Abdurauf FITRAT


SARG‘AYGAN GAZETA

Kunlarning birida kitob javonimdagi lug‘at orasida buklangan gazetani ko‘rib “Nima bor ekan?” deya asta varaqladim. Bu “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2002-yilgi 33-soni ekan. Gazetada qash­qadaryolik adiba Sharofat Ashurovaning “Behbudiy­ning qabri qayerda?” nomli maqolasi chop etilgani va bundan naq 23 yil avval muallifning ulug‘ ma’rifatparvar va olim, tarjimon Mahmudxo‘ja Behbudiyning qabrini topish borasida anchagina izlanishlar olib borgani diqqatimni tortdi. Ma’lumki, 1919-yil­ning 25-martida Mahmudxo‘ja Behbudiy va uning bir nechta safdoshlari Shahrisabzda qo‘lga olinib, sirli tarzda Qarshida qatl qilingan edi. 


NAHOTKI...

Maqolada yozilishicha, Behbudiyning qatli haqida o‘sha paytdagi poytaxt Samarqandga bir yildan keyin xabar qilinadi. 1920-yilning aprelida butun Turkiston motam tutdi. Haqli savol tug‘iladi: nahotki, Turkiston jadidchilik harakatining yo‘lboshchisi bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning bir yil davomida dom-daraksiz g‘oyib bo‘lishi hech kimni tashvishlantirmagan, bezovta qilmagan bo‘lsa?!  



CHORBOG‘DAGI QOTILLIK

Maqola muallifi yozadi:

– 1985-yili Qarshi shahridan choqqina hovli sotib oldik. Qamashidan otam kelib bir haftacha mehmon bo‘ldi. Qo‘shnimiz Musaxon buvani suhbatga chaqirdi. Musaxon buva yigirmanchi yillari Qarshi mahbusxonasida ishlagan ekan. Yoshi to‘qsonlarga borib qolgan bo‘lsa-da, ko‘p voqealar kechagidek xotirasida edi.

‒ Behbudiy deganlari qatl etilganda biz o‘smir bola bo‘lganmiz. Ayni qama-qamalar davrida Qarshi qamoqxonasida ishladim. Biz bilan birga ishlaganlar Behbudiy Xo‘ja Abdulazizxon madrasasi yaqinidagi beklik chorbog‘ida qatl etilib, shu yerning o‘zida ko‘mib, qabri tekislab tashlangan, deyishardi. Shahidlar bir  necha kishi bo‘lgan ekan.


TUT TAGIDAGI QABR

Muallifning quyidagi satrlari e’tiborimni tortdi. 1926-yili Qarshiga Behbudiy nomi qo‘yildi. Shahar 1934-yilgacha shu nom bilan atalgan. Ko‘p manbalar izsiz yo‘qolgan. Yoki voqea-hodisalar teskari talqin etilgan. Kunlarning birida “Oltin meros” xayriya jamg‘armasi Nishon tumani bo‘limining boshlig‘i Po‘lat 

Xidirov shunday deb qolsa deng:

– 1967-yil edi. Kunlarning birida qo‘shnimiz Husayi­nov bobo bilan Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida gap ketdi. U kishi, 1919-yil mart yoki aprel oylari­ning oxiri edi, deya esladi. Qarshi begi Tog‘aybekning mirshabi ruhiy kasal bo‘lib, huzuriga kelgani, u yigit Behbudiyning qatli vaqtida hovliqib qolganidan boltasi qo‘lidan chiqib ketgani, amallab boshini olgani, shu kundan buyon ko‘zida uyqu yo‘qligini gapirib berganini aytdi. Suhbatni eshitib, men ham qiziqib qoldim. Chunki Behbudiy kim ekanini bilishni istar­dim. Qatlda qatnashgan mirshab yigit Behbudiy va do‘stlarining qabrlarini tekislab, ustiga yo‘ng‘ichqa urug‘i sepganlarini aytibdi. Shunda u: 

‒ Bu musulmonning ishi emas, qanday bo‘lmasin qabr­ga belgi qo‘yib, Qur’on tilovat qilib kelasan, shundan so‘ng u odam seni bezovta qilmaydi, debdi. 

Mirshab uch chorshanba o‘zi ko‘mgan ikki qabrning ustiga tuproq uyib, belgi qo‘yib kelganini aytgan ekan. Men gapga aralashib, o‘sha joyning qayerdaligini so‘raganimda Xo‘ja Abdulazizxon madrasasi devorining ortidagi ikkita tutning tagidaligini aytdi. O‘sha paytlari g‘ayratli jurnalistman, qo‘shnimiz aytgan joyni borib ko‘rdim, haqiqatan ham ikkita qabr qarovsiz yotardi.

U kishining suhbatidan keyin viloyat radiosida Behbudiy va uning qabri to‘g‘risida kattagina eshittirish berdim, biroq bunga hech kim e’tibor qilmadi. 


BEHBUDIYNING SAFDOSHLARI

Mahmudxo‘ja Behbudiy shu chorbog‘da so‘roq qilingan, pinhona shu yerda Ahmad afandi bilan 4 kishining o‘zlariga qabr qazdirib, qatl etilgan. Internetdan qidirganimda esa yana ikki mavh etilgan kishilar­ning nomlari chiqdi. Ular Muhammadqul va Mardonqul degan safdoshlari bo‘lishgan. 


IZLANISHLAR BO‘LGAN, AMMO...

Qashqadaryolik ziyolilar Behbudiyning qabrini topish uchun uzoq yillar izlanish olib borishdi. Jumladan, taniqli olimlar Begali Qosimov, Poyon Ravshanov, Samar Nurov, Chori Hamro, viloyat o‘lkani o‘rganish muzeyining direktori Solijon Po‘latovning sa’y-harakatlari diqqatga sazovor. Urushdan keyingi yillarda beklik­ning chorbog‘i yonidan shoir, maorifchi Chori Hamro hovli olgandi. U kishi madrasa, chorbog‘ atrofidan ko‘plab qabrlar chiqqach, odam suyaklarini yig‘ishtirib, Eshon shahid qabristoniga olib borib ko‘mgani, ammo shoir Behbudiyning qabri devorga yaqin joyda bo‘lib, buzilmaganini aytgan edi. Bu haqda dramaturg Solijon Po‘latov “Nasaf” gazetasida (2000-yil) shunday yozadi: “Men Mahmudxo‘ja Behbudiyning qatliga doir ma’lumotlarni ko‘zdan kechirdim, qariyalar bilan suhbatlashdim. Shu narsalar­ga amin bo‘ldimki, ular yashirin holda atrofi qalin devorlar bilan o‘ralgan xilvat chorbog‘da o‘ldirilib, so‘ng madrasa devori yaqinidagi tut daraxti yoniga ko‘milgan. Bu qabrlar 1950-yillargacha mavjud bo‘lgan. 

Behbudiy hazratlarining hayoti haqida marhum yozuvchi Samar Nurov shunday degandi: 

‒ Balki, Xo‘ja Abdulazizxon madrasasi devori tagidagi tutning yonidagi qabrlar u kishi va do‘stlari­nikidir. Ammo yana bir narsani ta’kidlashni istar­dim, boshimizda yetmish yil qilich o‘ynatgan siyosatdonlar o‘z ortlarini tozalab ketishni ham bilganlar. Balki,

Qarshi shahridagi bolalar bog‘iga to‘rtta qabr ko‘chirilgan edi, shular jadid bobolarimizniki bo‘lishi mumkin. Chunki o‘ttizinchi yillari shahid bo‘lganlar­ning qabr­larini shu yerga ko‘chirib keltirish urfga aylangan. Ammo u kishi buyuk zot bo‘lgan, Amirni qoralash uchun ham, jadidlarni qatag‘on qilishda ham Behbudiyning ulug‘ligi qo‘l kelgan. Behbudiyni Amir o‘ldirtirdi, deb xalqni chalg‘itganlar, shogirdlari sifatida ziyoli qatlamlar yo‘q qilingan. Shuning uchun ham qotillik, uning

qabri pinhona saqlangan…


...VA NIHOYAT...

1920-yilning noyabr oyida Behbudiyning o‘limi tafsilotlarini o‘rganish uchun sho‘ro hukumati yetti kishilik komissiya tuzadi. Ularga Qarshi shahriga borib marhumning qabrini hamda qotillarni topish vazifasi yuklangan. Lekin o‘sha paytda shahar og‘aliq qo‘lida bo‘lgani uchun vazifani bajarish imkonsiz edi. Bu haqida komissiya a’zosi Sadriddin Ayniy shunday yozadi: “Lekin u vaqt Qarshi hukumat doirasida ega va sohibnufuz bo‘lib o‘lturg‘on zot Og‘aliq edi, shul Og‘aliq mazkur shahidlarning o‘ldirilishiga sababchi o‘zi bo‘lg‘onligi uchun Behbudiyning qabri ham topilmadi, o‘ldurguvchilar ham yuzaga chiqmadi. Samarqanddan komissiya bo‘lib borg‘on o‘rtoqlar Qarshi shahri­ning hukumat boshida o‘ltirg‘on odamlardan ma’yus  bo‘lib keldilar. Mana bu kun haqiqat yuzaga chiqdi: Behbudiy va rafiqlarining o‘ldirilishiga sabab bo‘lg‘on va fuqaro hukumatining moliga xiyonat qilg‘on mazkur Og‘aliq 19-sentabrda hukumatimiz tarafidan otildi.

Demak, Mahmudxo‘ja Behbudiy va rafiqlarining o‘chlari olindi”. 


IZLANISHLAR DAVOM ETADI...

Taniqli tarixchi olim, adabiyotshunos va adib Poyon Ravshanov hayotligida yozgan va ayni paytda uning so‘nggi asari sanalgan “Behbudiy haqiqati” kitobida ham ayni shu savollarga javob izlanadi. Muallif Behbudiyning o‘ldirilishi Qarshi qo‘zg‘oloni bilan bog‘liq va 1920-yilning 7–10-sentabri oralig‘ida g‘a­zabga mingan olomon tomonidan amalga oshirilgan deydi. Olim 1920-yil sentabr oyida Qarshi shahrida sovet hokimiyatini tiklash uchun bo‘lib o‘tgan jang haqida tergov guruhi boshlig‘i D.Yepifanov keltirgan so‘zlarga asoslanadi. Unda: “Qo‘zg‘olon vaqtida qatl etilganlar, shaharning sharqiy qismida joylashgan Eshon shahid qabristoniga dafn etiladi”, deyilgan. Ammo afsuski, o‘tkazilgan eksgumatsiya ishlari va DNK namunalari nazarda tutilgan qabr Behbudiyniki emasligini ko‘rsatgan. Ha, ba’zan shunday bo‘lib turadi. Lekin bu ulug‘ jadid bobomizning qabri topilmadi degani emas. Bugungi fan va texnika asrida qadimshunos­lar necha ming yillik sirli makonlarni topishmoqda. Ko‘hna tarix silsilasida esa yuz yil unchalik katta davr hisoblanmaydi. Ayniqsa, Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori hech bir mubolag‘asiz tarixiy hujjat sanaladi. Qarorda alohida urg‘u berilgani-

dek, Mahmudxo‘ja Behbudiy milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi sifatida xalqimizning ong-u tafakkurini yuksaltirish hamda hurriyatga erishish yo‘lida o‘z hayotini baxsh etgan fidoyi  zotdir. Xo‘sh, Behbudiyning qabri Qarshi shahri­ning qayerida? Bu savolga behbudiyshunoslar, tibbiy ekspertiza xodim­lari, antropolog va boshqa mutaxassislardan iborat nufuzli ekspeditsiyagina aniq javobni berishi mumkin. 

O‘rolboy QOBIL,

O‘zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a’zosi

Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish