BOLALARNING EZGU ORZULARI yoxud fizika fanining kelajak avlod uchun ahamiyati haqida

Fan – ta’lim – ishlab chiqarish BOLALARNING EZGU ORZULARI  yoxud fizika fanining kelajak avlod uchun ahamiyati haqida
318

‒ Bugungi kunda dunyo bolalarining ezgu orzulari nima?

– Dunyoning eng boy odami boʻlish va Oy, qolaversa, Marsga uchishdir. 

‒ Buning uchun qanday bilim va koʻnikmalarga ega boʻlish lozim? 

– Shu darajaga erishgan va ularni amalga oshirish arafasida boʻlgan kishi ega boʻlgan bilim va koʻnikmalarga.


Bugungi kunda dunyoning eng boy odami va 2030-yilgacha odamlarni Marsga yuborish rejasini amalga oshirish niyatidagi kishi amerikalik milliarder Ilon Mask. Uning boyligi 250 milliard dollar atrofida. Bu oʻttiz yetti millionli Oʻzbekiston aholisi bir yilda ishlab chiqaradigan yalpi ichki mahsulot – 90 milliard dollardan ikki yarim baravar koʻpdir. Unga na togʻasidan, na amakisidan va na katta buvisidan meros qolgan. Bu darajaga oʻz bilimlari va amaliy koʻnikmalari bilan erishgan. Ilon Mask Pensilvaniya universitetida oʻqib fizik va biznesmen darajasini olgan. 2027-yili uning dunyodagi birinchi trialder boʻlishi, ya’ni trillion dollarlik boylikka ega boʻlishi mumkinligi bashorat qilinmoqda. Bunda uning boyligi Oʻzbekistonning yalpi ichki mahsulotidan oʻn barobar koʻp boʻladi. U bularning barchasiga fizika faniga qiziqishi va nostandart fikrlash koʻnikmalari orqali erishgan. Fizikani oʻqitish shartmikan deyuvchilarga shu javob boʻlolmaydimi?


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatida “Agar tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, dunyodagi deyarli barcha kashfiyot va texnologiyalarni yaratishda fizika fani fundamental asos boʻlganini koʻramiz. Haqiqatan ham, fizika qonuniyatlarini chuqur egallamasdan turib mashinasoz­lik, elektrotexnika, AT, suv va energiyani tejaydigan texnologiyalar kabi bugun zamon talab qilayotgan sohalarda natijaga erishib boʻlmaydi”, degan edi.


Fizika odamlarning turmush tarzi bilan chambarchas bog‘langan. Bu bog‘lanish quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

  •   fizika odamlarning turmush ehtiyoji sifatida vujudga keladi. Masalan, qurilish va harbiy ehtiyojlar, mexanika va termodinamikaning rivojlanishiga olib kelgan;
  •   fizikaning rivojlanishi yangi ishlab chiqa­rish texnologiyalarining yaratilishiga ta’sir ko‘rsatadi. Fizikada kashfiyotlar amalga oshirilgandan so‘ng ularni ishlab chiqarishga tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar maydonga chiqadi va insoniyatning og‘irini yengil qiluvchi uskunalarni yaratadi. Yarimo‘tkazgichlarning kashf qilinishi radio va elektron hisoblash texnikasida inqilobiy o‘zgarishlar, axborot texnologiyalarining rivoj­lanishiga olib keldi. Kosmosning o‘zlashtirilishi internet tarmogʻining yaratilishi, medianing tubdan oʻzgarishi va dunyoning istalgan chekkasiga ma’lumotlarni uzatish imkonini berdi. Lazer nurlarining kashf qilinishi esa undan texnika va sog‘liqni saqlash sohalarida foydalanish imkonini berdi. Shu nuqtayi nazardan fizikaning sog‘liqni saqlash sohasida qo‘llanilishi alohida e’tiborga molikdir. Fizika yutuqlaridan tibbiyotda ikki xil maq­sadda foydalaniladi:
  •   birinchisi, bemorga tashxis qo‘yish uchun shifokorga yordamchi sifatida kardiografiya, rentgeno­-

diagnostika, kompyuter tomografiyalari va hokazolar;


  •   ikkinchisi, turli kasalliklarni davolashda fizio te­rapiya, lazer nurlari yordamida davolash va hokazo.

Bugungi kunda hattoki murakkab jarrohlik operatsiyalarini ham robotlar bajarmoqda. Saudiya Arabistonidagi qirol Feysal nomidagi qirollikning maxsus gospitali va ilmiy-tekshirish markazida robotlar yordamida 400 ta yurak operat­siyasi oʻtkazildi va bemorlarning 98 foizi yashab ketdi. Tibbiyotda robotdan foydalanish fantastikadan reallikka aylandi. Hindistonda Misso nomli robot ortopedik operatsiyalarni rejalashtirish va oʻtkazishga yordam bermoqda. AiM Medical Robotics kompaniyasi esa MRT bilan hamkorlikda real vaqtda operatsiyalarni rejalashtirish va oʻtkazish sistemasini yaratdi. Oxirgi 5 yilda Rossiyada 20 mingdan koʻproq operatsiyalarga robotlar assistentlik qildi. 2026-yili “Tibbiy robotlar bozori” 5 mlrd dollarni tashkil qiladi. Yillik oʻsish 10–30 foizni tashkil etmoqda.


Fizika fanining kundalik hayotdagi o‘rnini baholash maqsadida o‘tirgan joyingizdan atrofingizga bir boqing. Nimalarni ko‘ryapsiz? Xonangiz qanday yori­tilyapti, qanday isitilyapti, kompyuteringiz energiyani qayerdan oladi va unga ma’lumotlar qanday keladi? Bolalari shu savol bilan murojaat qilsa, fizikani oʻqimagan ota-ona qanday javob beradi? Bunday savollar oʻnlab berilishi mumkin. Televizordan ko‘rsatilayotgan harbiy texnika qan­day yaratilgan? Hattoki urushlar asosan raketa va dronlar (uchuvchisiz uchish apparatlari) vositasida olib boril­moqda. Derazadan tashqariga bir nigoh tashlang. Yo‘llarda harakatlanayotgan turli-tuman mashinalar, ularning harakatini boshqarib turgan svetofor, osmon-u falakda uchib ketayotgan samolyotlar, haydovchisiz uchar taksilar, raketalar – bularning hammasi fizika qonunlarining texnikaga tatbiqining mahsuli emasmi?!


Fizikaning tabiiy boyliklarni oʻzlashtirishdagi oʻrni ham beqiyos. Bir vaqtlar geologlar foydali qazilmani topish uchun kompas va bolg‘adan foydalanishgan. Shunda ham kompasning ish prinsipi(fizika)ni bilmaganlar quruq qaytishgan. Bugun esa foydali qazilmalar eng sezgir seysmodatchiklar, georadarlar, aerogeologiya usullari bilan topiladi. Foydali qazilmalar­ning tarkibi esa zamonaviy spektrograf va spektrometrlar yordamida aniqlanadi. Bu jihozlarning barchasi fizika fani yutuqlarining mahsuli bo‘lib, ular tinimsiz takomillashtirilib borilmoqda. Agar geologlar bu jihozlarning eng zamonaviylari bilan qurollan­tirilmasa kompas va bolg‘a yordamida ish ko‘rgan ajdodlaridan farq qilmay qoladi. Topilgan foydali qazilmalarni saralash, hattoki neft va gazni qayta ishlash ham fizik jarayonlar asosida amalga oshiriladi.


Inson sogʻlom boʻlishi uchun eng zarur narsa nima? Toza havo va toza suv. Ular yetarli boʻlgan joy yashash uchun eng qulay hisoblanadi. Havo va suv tozaligini aniqlovchi asboblar ham fizika qonunlari­ga muvofiq ishlaydi. Ekologiya muammolari dunyoning eng dolzarb muammosiga aylangan bir paytda tabiatni asrashga yondashish uchun zarur fizik bilimlarga ega boʻlmoq zarur. Qanday kasb egasi boʻlishidan qat’i nazar, har bir kishi havo va suvning holati haqida ma’lumotga ega boʻlishi kerak-ku! Bugungi kunda insoniyat oldida turgan katta muam­molardan biri energiya muammosidir. U juda koʻp ziddiyatlar va hattoki urushlarga ham sabab boʻlmoqda. Uni hal etish ham fizika fani vakillarining gardanida.


Inson miyasida 100 mlrd.ga yaqin hujayra bor. Har bir hujayra oʻz navbatida 100 minglab shoxga ega boʻladi. Miya uch million yillik xotiralarni saqlay oladigan imkoniyatga ega. Buni olimlar “Aql­ning sehrli daraxti” deb atashadi. Neyronlar orasidagi aloqa, elektr impulsi sinapslar yordamida uzatiladi. Har bir neyron 10 mingtagacha sinapsga ega boʻlishi mumkin. Agar siz fizik-matematik muammolarni yechishga kirishsangiz, demak, miyangizga neyromassaj olayotgan boʻlasiz. Chunki aqliy mehnat bilan shugʻullanuvchilarning neyronlari koʻp funksiyalarni bajaruvchi boʻladi. Ularning koʻplari buyrak, yurak, qalqonsimon bez va boshqalarning faoliyatini nazorat qiladi. N.P.Bexterevaning fikriga koʻra, nostandart muammolar va ijod miyaning kreativlik bilan shugʻullanuvchi qismini faollashtiradi va bu inson ichki organizmining faoliyatiga ham ijobiy ta’sir qiladi. Natijada esa aqliy mehnat qiluvchi odamlar­ning umri uzoq boʻladi. Neyron bir vaqtning oʻzida ham fikrlash jarayoni, ham ichki organizm turli qismlari­ning faoliyatida ishtirok etadi. Bunga neyronlarning koʻp funksiyaliligi deyiladi. Demak, matematika va fizika fanlarini oʻrganish nafaqat miya samarador­ligini oshiradi, balki inson sogʻligini yaxshilashga ham yordam beradi.


Ilgʻor media zamondan bir qadam oldinda boʻlishi zarur. Bugun insoniyat uchun dolzarb boʻlgan ekologiya, energiya va sun’iy intellekt bilan bogʻliq muammolar haqida odamlarga ma’lumot berib borish zarur. Asl mohiyatini tushunmagan kishilar bu muam­molar toʻgʻrisida yoza olmaydi. Ayniqsa, insoniyat uchun eng bahsli boʻlayotgan odamsimon robotlar­ning imkoniyatlari katta munozaralarga sabab boʻlmoqda. Hozir robotlarga qiziqmagan bolaning oʻzi bormi? Ammo fizikani bilmasa uni qanday qabul qiladi? Fizika fanini oʻrganish oʻquvchilarning tasavvurlari va nostandart fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirishga yordam beradi. Aynan nostandart fikrlashgina insonlar­ning robotlardan ustunligini ta’minlay oladi. Agar oʻzbeklardan ham Ilon Maskdek nostandart fikrlovchi milliarderlar chiqishini istasak, fizikani yaxshiroq oʻqitishimiz kerak.


Abduqahhor G‘ANIYEV,

fizika-matematika fanlari nomzodi,

dotsent, pedagogika fanlari doktori(DSc)

Maqola muallifi

Abduqahhor G‘ANIYEV

Abduqahhor G‘ANIYEV

Pedagogika fanlari doktori

Teglar

  • #Jarima

Ulashish