TA’LIM VA ENERGETIKA: ikki sohaning uzviy bog‘liqligi nimada?
Gaz, neft mahsulotlari, ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoj va ularning ekologiyaga salbiy ta’siri tobora ortib bormoqda. O‘zbekistonda mavjud elektr energiyaning 90 foizi issiqlik elektr stansiyalarida(IES) ishlab chiqariladi. IESlarning qariyb 85 foizi esa tabiiy gaz mahsulotidan foydalanadi. Lekin gaz zaxiralari borgan sari kamayib, tannarxi ko‘tarilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda uglevodorod mahsulotlari olinadigan konlar, elektr stansiyalar va ularda qo‘llaniladigan uskunalar eskirgan. Elektr va gaz uzatish tarmoqlaridagi jihozlar va transformatorlarning katta qismi yaroqsiz holatga kelgan. Bunday holat energetika sohasida muammolarni vujudga keltirib, iste’molchilarni energiya bilan ta’minlash masalasini qiyinlashtirmoqda. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga oid muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda sarf-xarajatlarni qisman qoplash uchun neft mahsulotlari, gaz, elektr energiyasidan foydalanishga oid tariflar o‘zgartirilmoqda, to‘lov miqdori oshirilmoqda.
Tabiiy savol tug‘iladi. Qancha vaqtda mavjud elektr tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi? O‘zi zo‘riqib ishlab turgan tarmoqlarga yangi qurilayotgan (uy-joylar, ijtimoiy obyektlar, ishlab chiqarish korxonalari) inshootlarni ulash davom etmaydimi? Iste’molchilarni elektr ta’minotidan uzib qo‘yish qachon barham topadi? Bu masalalarning yechimi mavjud elektr tarmoqlaridagi asbob-uskunalar, materiallarni yangilash, IESlarning foydali ish koeffitsiyentini oshirish, ularga muqobil usulda elektr energiyasini ishlab chiqarish, tejamkorlikka erishish, bu sohaga oid yuqori malakali kadrlarni tayyorlash kabi chora-tadbirlar bilan bog‘liq.
Serquyosh o‘lkada yashaymiz, bu esa bizga undan ham tabiiy, ham qayta tiklanuvchi va ekologik toza bo‘lgan energiya olish imkonini beradi. Shuning barobarida o‘lkamizda elektr energiyasini olish uchun quyosh elektr stansiya(QES)laridan foydalanish samarali bo‘ladi. Odatda QESlarning panellari yer maydonining katta qismini egallaydi. Unumdor yer taqchil bo‘lgan davlatlarda (masalan, Hindistonda) QESlarni qurishda bu katta muammoga aylangan. Bizning o‘lkamizda esa qishloq xo‘jaligida deyarli foydalanib bo‘lmaydigan cho‘l zonalari mavjud.
2050-yillarga borib, O‘zbekistonda elektr energiyaga bo‘lgan talab 2 barobar ortishi kutilmoqda. Bularni hisobga olgan holda Prezidentimizning tashabbusi va rahnamoligida yurtimizda energetikani o‘nglashga va “yashil energiya” manbayi bo‘lmish quyosh, shamol elektr stansiya(SHES)larini qurish va foydalanishga oid ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Shuning bilan birga Jizzax viloyati, Forish tumanida atom elektr stansiyasi(AES)ni qurish ishlari ham boshlangan. O‘zbekistonda 2024-yilda elektr energiyasini ishlab chiqarishda “yashil energiya” ulushini 15 foizga yetkazish rejalashtirilgan edi. Bu kabi yuqori texnologik inshootlarni qurish va undan foydalanishdagi asosiy masala qurilishlarni moliyalashtirish va vazifalarni bajaradigan mutaxassis kadrlarga ega bo‘lishdir. Bizningcha, mazkur ikki soha bir-biri bilan uzviy va chambarchas bog‘liq. Buni hisobga olgan holda, yurtimizda energetika sohasida ham, ta’lim sohasida ham islohotlar olib borilayotganini ko‘rishimiz mumkin. Jahon tajribasi muqobil energiya ta’minotiga o‘tish o‘ta jadallik bilan olib borilayotganini ko‘rsatadi. Bu esa, o‘z navbatida, mutaxassislarga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi 10 yillikda AQSHda QESlarni o‘rnatuvchilarga bo‘lgan talab 52 foiz, SHESlar uchun esa 68 foizga ortishi kutilmoqda. Tabiiyki, “yashil energiya”ga o‘tishda dunyoda yetakchi o‘rinlardan birida borayotgan O‘zbekiston uchun ham bu, va umuman, yuqori texnologiyaga oid sohalar uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash dolzarb masalalardan biridir.
2030-yilda bugungi kunga nisbatan Qozog‘iston quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni 20 foiz, Ozarboyjon 30 foiz, O‘zbekiston esa 40 foizga yetkazishni rejalashtirgan. Bundan ko‘rinadiki, mintaqamizda QES uskunalariga bo‘lgan talab ortib boradi.
Kezi kelganda aytib o‘tish joizki, o‘tgan asrning 80-yillarida respublikamizda fizika, texnika, elektronika, issiqlik fizikasi ilmiy-tadqiqot institutlari, qator OTMlar, “Zenit”, “Foton” ishlab chiqarish birlashmalari, kimyo kombinatlarida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilib, fotoelementlar, quyosh energiyasi hisobiga ishlaydigan qator agregatlarning namunalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan edi. Yarim o‘tkazgichli elektronikaning asosiy materiali kremniy hisoblanadi. Quyosh fotoelementlari ham kremniy plastinkalari asosida yaratiladi. QESlarga bo‘lgan talabning tobora ortib borayotganligini inobatga olib, ularni o‘zimizda ishlab chiqarish amalga oshirilmoqda. Janubiy Koreya bilan hamkorlikda “Uz-Shindong Silikon” texnik kremniy ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushirilgan. Unda quyosh elementlarini ishlab chiqarish uchun plastinka va silindr shaklidagi monokristall kremniy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston bo‘yicha quyosh panellarini ishlab chiqarish birinchi bo‘lib Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilmoqda. Shu asosda Nukus shahridagi “Nөkis elektroapparat” qo‘shma korxonasi yillik quvvati 150 MVt bo‘lgan quyosh panellarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihani ishga tushirdi.
Yurtimizda shamol energiyasidan foydalanishga ham jiddiy e’tibor qaratilgan. Saudiya Arabistonining AKWA POWER, Birlashgan Arab Amirligining MASDAR kompaniyalari turli viloyatlarda va Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 500 MVt bo‘lgan bir nechta SHESlarni barpo qilmoqda. SHES turbinalarining balandligi 100 m, parragining uzunligi 75 m, og‘irligi 25 tonnani tashkil etadi.
Muqobil energiyadan foydalanish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, quyosh energiyasi texnologiyalarining tannarxi pasayib, quyosh panellari va quyosh suv isitish kollektorlari tobora ommalashmoqda. Ular nafaqat ma’muriy-maishiy bino-inshootlar, balki turarjoylarga ham o‘rnatilyapti. Shuningdek, elektromobillar soni ham tobora ortib bormoqda.
QES va SHESlardan foydalanishda muammolar ham mavjud. Elektr energiyasining ta’minoti tabiat injiqliklariga bog‘liq bo‘lmasligi kerak. U kecha-yu kunduz mavjud bo‘lishi va maksimal samaradorlik bilan ishlashi lozim. Chunki, maishiy texnika, zavod va fabrikalar faqat quyosh porlaganda yoki shamol esgandagina ishlamaydi. Bu kabi muammolarning texnik yechimlari mavjud, ammo ularni qo‘llash uchun qo‘shimcha sarf-xarajatlar zarur bo‘ladi. Bunday muammoni hal etishning afzal yo‘li barcha turdagi energiya manbalaridan birgalikda to‘kis foydalanishdir. Qayd etish lozimki, QESlarning xizmat
qilish muddati o‘rtacha 20 yilni tashkil etadi. Hozircha ishlatilgan QESlar qanday utilizatsiya qilinadi degan savolga aniq javob yo‘q. Bunday vazifalarni bajarish va umuman katta miqdordagi elektr energiyasini olishda atom energiyasidan(AES) foydalanish ham asosiy o‘rin tutadi. Bugungi kunda turli davlatlarda 500 dan ortiq AESlar ishlab turibdi. Ammo shunga qaramay undan foydalanishga oid qarama-qarshiliklar, har xil nizolar kamaymayapti. Bunga sabab nima? Chunki “AESlar kerakmi yoki yo‘q?”, “Ular qanchalik xavfsiz, atrof-muhitga qanday ta’sir ko‘rsatadi?”, “Yadro chiqindilarini nima qilish kerak?” kabi ko‘plab savollarga hali ham aniq va to‘liq javoblar yo‘q.
AESning afzalliklaridan biri, kam yoqilg‘idan ko‘p energiya olishdir. 1 kg U235 dan olingan issiqlik energiyasi, 60 tonna neftni yoki 100 tonna toshko‘mirni yoqqanda ajralib chiqadigan energiyaga teng. AESlar yoqilg‘isi bo‘lmish uranning 90 foizini dunyoning 10 ta davlati qazib chiqaradi. O‘zbekistonda uning zaxirasi 2 foizni tashkil etib, taqsimoti bo‘yicha 10-, qazib olish bo‘yicha 7-o‘rinni egallaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu miqdor O‘zbekistonda o‘nlab AESlar ishga tushirilganida ham bir necha yuz yilga yetadi. Solishtirish uchun quyidagi ma’lumotlarni ko‘rib chiqaylik. Uran zaxirasining ko‘p qismi Qozog‘istonda (14 %) va Avstraliyada (34 %) joylashgan. Rossiya uranni qazib olish bo‘yicha 6-o‘rinda turadi. Qazib olinadigan uran U238 elementini tashkil etadi. AES (jumladan, atom bombasida) esa uning U235 izotopi qo‘llaniladi. U238 elementini U235 izotopiga o‘tkazish uchun murakkab texnologik jarayonlarni bajarish zarur bo‘ladi va u uranni boyitish deb ataladi. Dunyoda uranni eng ko‘p boyitadigan mamlakat Rossiya bo‘lib, unda qazib olingan jami uranning 40 foizi boyitiladi.
AESlarda elektr energiyasini olishda atrof-muhitga zaharli moddalar kam chiqariladi va ekologiyaga katta zarar keltirmaydi. Biroq qaysi bir sababga ko‘ra texnogen avariya sodir bo‘lsa, dahshatli oqibatlar yuz berishi mumkin. Bunga asosan inson omili sabab, Ukrainadagi Chernobil, tabiiy ofat natijasida Yaponiyadagi Fukusima AESlaridagi avariyalar misol bo‘lishi mumkin. AES bor joyda radiatsion xatar mavjud bo‘lishini e’tiborga olmaslikning iloji yo‘q.
Atom energetikasi sohasidagi eng katta qiyinchilik bu stansiyaning qurilishidir. Chunki AES rejalashtirilgandan so‘ng uni qurib bitkazguncha 10 yildan 20 yilgacha vaqt ketadi va uning tannarxi taxminan 10–20 milliard dollar atrofida bo‘ladi. Hozirgi kunda AQSH, Fransiya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarda o‘nlab AESlar ishlab turibdi va yangilari qurilmoqda.
O‘zbekistonda quvvati 330 MVt bo‘lgan AES Rossiyaning Rosatom kompaniyasi tomonidan qurilayotganini aytib o‘tgan edik. Rosatom qudratli va tajribaga ega bo‘lgan kompaniyalardan biridir. Uning institut va korxonalarida 260 ming kishi ishlaydi. Bu kompaniya Xitoy, Turkiya, Misrda 4 ta, Bangladesh va Vengriyada 2 ta AES qurmoqda. AESni qurish va uni ishlatish juda ko‘p omillarga – mutaxassislar, texnologiyalarga, yoqilg‘i va butlovchi qismlarni yetkazib berish kabi omillarga bog‘liq. O‘lkamizdagi AES bitganidan so‘ng, uni mutaxassislar bilan ta’minlash va ekspluatatsiya qilishni Rosatom o‘z zimmasiga olgan. Buni hisobga olinsa, uzoq vaqt davomida bunday masalalarni hal etishda tobelik vujudga kelib qolmasmikan degan xavotirlar ham vujudga keladi.
Forish tumanidagi AESning qurilish bo‘yicha direktori Otabek Omonovning aytishicha, stansiya uchun yoqilg‘i sifatida mahalliy urandan foydalaniladi. Bunda o‘zbek urani Rossiyaga olib borilib, o‘sha yerda boyitiladi va yoqilg‘iga aylantiriladi. AESda ishlatilganidan so‘ng yadro chiqindisi yana Rossiyaga olib chiqib ketiladi. Aytib o‘tish joizki, hozirgi kunda yadro chiqindilaridan AESlar uchun qayta yoqilg‘i sifatida foydalanish texnologiyasi ishlab chiqilgan. Dunyo tajribasiga ko‘ra AESlardan 50 yil davomida foydalanish mumkin. Qurilayotgan AESda turbinani aylantirish va reaktorni sovutish uchun sekundiga 100 litr suv sarflanar ekan. AES uchun aholi soni 10 ming kishiga teng shaharcha ham bunyod qilish rejalashtirilgan. Ma‘lumki, Himolay va Tyanshan tog‘laridagi doimiy muzliklaning erishi davom etmoqda. Bu kelgusida AES va shaharcha aholisi suv taqchilligiga duch kelmaydimi degan savolni paydo qiladi. Otabek Omonovning aytishicha, loyihani moliyalashtirish masalasida xorijiy va mahalliy banklarga takliflar yuborilgan. AESning qiymati va iqtisodiy hisob-kitoblariga oid ma’lumotlarni aniqlay olmadik.
Har qanday uskuna, inshoоt, qurilma va shular jumlasidan bo‘lmish AESlarni ham inson yaratadi va boshqaradi. Vatanimizda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishdagi eng muhim masala yuqori malakali kadrlarga ega bo‘lishdir. Bunday vazifalarni bajarishda qatnashadigan mutaxassislar bilimli, uquv-malakali hamda sadoqatli bo‘lishlari lozim. Bu masalani yechish bilan bog‘liq Turkiya va Qozog‘istondagi tajriba bilan qisman tanishaylik.
Turkiyada 2010-yili AES qurilishi rejalashtirilgandan so‘ng unga tayyorgarlik ishlari boshlandi. Bo‘lajak AES qurilishini olib borish uchun Rosatom kompaniyasi tanlangandan so‘ng, Turkiyaning 10 000 nafar yoshlari Rossiyaning atom va yadro fizikasi bilan shug‘ullanuvchi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborildi. Vatanlariga mutaxassis bo‘lib qaytgan bu kadrlar qurilishi 2018-yilda boshlangan AKKUY atom elektr stansiyasini bunyod qilishda qatnashmoqda. Rosatom tomonidan quriladigan va boshqariladigan bu AESning qiymati 22 milliard dollarga baholangan. Loyihada xavfsizlikni ta’minlash uchun binolarning 10 m. gacha bo‘lgan sunami, 9 balli zilzila va hatto 20 tonna og‘irlikdagi samolyotning qulashi kabi tashqi ta’sirlarga bardosh berishi hisobga olingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, AES qurilishiga oid xarajatlarning 40 foizi uning xavfsizligini ta’minlashga sarflanar ekan. Ammo aytib o‘tish joizki, bizningcha baribir AESlarda baxtsiz hodisalar ro‘y bermasligiga hech kim kafolat bermaydi. Hozir qurilishda 34 000 dan ortiq kishi ishlamoqda, ularning 80 foizi Turkiya fuqarolaridir. Turkiyalik olimlar Rossiya namunalari asosida qo‘llaniladigan po‘latni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan va Turkiya kompaniyalarining o‘zlari undan tayyorlanadigan mahsulotlarni qurilishga yetkazib bermoqda. Turkiya TV va ijtimoiy tarmoqlari har hafta AES qurilishi maydonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatuv olib boradi. Bu, o‘z navbatida, aholiga AES qurilishini kuzatib borish, nazorat qilish imkonini beradi.
Qo‘shni Qozog‘istonda ham AES qurilishi borasida o‘rnakli ishlar olib borilayotganini ko‘rish mumkin. Mamlakatning 150 fuqarosi Rossiyaning yadro fizikasi sohasidagi universitetlarini bitirib, Turkiyadagi AES qurilishida ishtirok etmoqda. Bu ularga daromad olish bilan birga, malakalari shakllanishiga imkon beradi. Shuning bilan birga Qozog‘istondagi 7 ta oliy o‘quv yurti AESga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlamoqda. O‘z-o‘zidan ravshanki qo‘shni davlatda tayyorlanayotgan professional mutaxassis bo‘lib yetishayotgan bu kadrlar olgan bilimlari va to‘plagan tajribalarini vatanlarida qurilishi boshlanayotgan AESlarda va yadro industriyasida qo‘llaydi.
Avvallari mamlakatimizdagi atom va yadro fizikasiga oid kadrlarni asosan O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universiteti, Yadro fizikasi ilmiy-tatqiqot instituti tayyorlagan. Yurtimizda bu soha bo‘yicha malakali muhandis, texnik xodimlar, fan nomzodlari, doktorlari, akademiklar faoliyat olib borgan. Sohaga oid kadrlarga talab ortib borayotgan ayni zamonda bu oliy o‘quv yurtlaridagi kichik kafedralar talab darajasini bajara olmaydi, deb hisoblaymiz.
Ma’lumki, quvvatli AESlarning ishlashini ta’minlash uchun turli sohalar bo‘yicha 3-3,5 ming mutaxassis jalb etiladi. Bo‘limlarni boshqarish uchun bu sohada kamida 2-3 yil ishlagan tajribali kadrlar zarur. Ravshanki, hozircha bunday mahalliy kadrlarga ega emasmiz. Yuqorida qayd etganimizdek, AESni qurish va ishga tushirish uchun 8–10 yil vaqt kerak bo‘ladi. Mazkur muddat oralig‘ida bu kabi masalalarni hal etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur. Mutaxassislarni tayyorlash o‘z navbatida ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan proffessor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar hamda qimmatbaho asbob-uskunalar bilan ta’minlanganlik darajasiga bog‘liq. Loyihaga ko‘ra Rosatom AES uchun o‘zbek mutaxassislarini tayyorlashni ham o‘z zimmasiga olgan. Toshkentda Moskva muhandislik-fizika institutining filiali ochilgan. Bu muassasani bitirgan talabalar mahalliy atom sohasidagi korxonalarda ishlash imkoniga ega bo‘ladilar. Atom elektr stansiyalarida bajariladigan amallar yuqori texnologik jarayonlarga asoslangan va aksariyati avtomatlashtirilgan. AES va shu kabi inshootlarni qurish, ishlatish, boshqarishga jalb qilinuvchi kadrlarning bilim, uquv va malakalari yetarlicha yuqori bo‘lishi talab etiladi. Shunga oid misollardan birini ko‘rib chiqaylik.
Reaktorni tayyorlash juda murakkab jarayon. U 250 atmosfera bosimiga bardosh berishi kerak. Reaktor qobig‘ini tayyorlash uchun qator qimmatbaho metallarning aralashmasi ishlatiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, quvvatli AES reaktori 763 ta texnologik jarayonlarni qo‘llagan holda 3-4 yil davomida tayyorlanar ekan. Bunda, masalan, ikki bo‘lakdan iborat, uzunligi 12 m, diametri 4 m bo‘lgan reaktorni o‘zaro birlashtirish uchun kavsharlashdagi chetlashish 0,5 mm. dan oshmasligi talab etiladi. Tasavvur qiling-a, bu ishni amalga oshiruvchi payvandlovchi qanday ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak.
Respublikamizda AES qurilishida xalqaro tashkilotlarning ishtirokiga, turli davlatlardagi ilg‘or tajribalardan foydalanishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. 2024-yil 5-dekabr kuni Samarqandda atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va atom energiyasi agentligi tomonidan tashkil etilgan bu tadbirda ko‘plab mamlakatlar, jumladan, IHT mamlakatlari, Markaziy va Janubiy Osiyo, Rossiya, Yevropa Ittifoqi, AQSH, yaqin Sharq hukumatlari, ilmiy doiralar, biznes va xalqaro tashkilotlar (jumladan, MAGATE va Jahon Savdo Tashkiloti) vakillari ishtirok etdi.
2024-yil dekabr oyida “Vatandosh” intellektual klubi, “O‘zbekistonda energiya xavfsizligi va atom stansiyasi masalalari” muhokamasiga oid yig‘ilish o‘tkazdi. Unda “O‘zbek atom”ning direktori Otabek Omonov va olimlar, mutaxassislar, jurnalistlar qatnashdi. Yig‘ilishda O‘zbekistonda atom elektr stansiyasining qurilishiga oid masala keng muhokama qilindi. Savol-javoblar, fikrlar stansiya qurilishi bilan bog‘liq bir qancha masalalarning yechimi hozircha noma’lum ekanligini ko‘rsatdi. Kelgusida bu kabi munozaralarni Energetika vazirligi, atom energiyasi agentligi va mutasaddi shaxslar ishtirokida davom ettirishga kelishib olindi.
O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, AESning qurilishida, foydalanish va boshqarishda inson omili katta o‘rin tutadi. Bunday murakkab, ulkan inshootlarni qurish, ishga tushirish, foydalanishda nafaqat o‘z kasbining ustasi, shuning bilan birga, fidoyi, halol bo‘lish talab qilinadi. AESning tashkilotchilari, ishchi, xizmatchilari orasida o‘z manfaatlarini o‘ylab, nojo‘ya harakatlarni amalga oshiruvchi, malakasi yetmay to‘g‘ri qaror qabul qilishda qiynaluvchi shaxslar bo‘lishining o‘zi tasavvurga sig‘maydi.
Afsuslar bo‘lsinki, jamoatchilikni keyingi yillarda mamlakatimizda sodir bo‘layotgan texnologik falokatlar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika sohalarida yuz bergan mudhish voqealar, xarid qilinayotgan uskunalar bahosini oshirib ko‘rsatish, qo‘shib yozish, poraxo‘rlik bilan bog‘liq illatlarning hamon davom etayotgani, yashil energiyaga oid ulkan inshootlarni barpo
qilishda ham qayd etilgani kabi nojo‘ya ishlar amalga oshmasmikan degan o‘y cho‘chitadi. To‘g‘ri, bunday illatlarni yo‘qotishga oid qat’iy chora-tadbirlar qo‘llanmoqda, nazorat kuchaytirilmoqda, jazoning muqarrarligi ortib bormoqda. Biroq bizningcha, bunday chora-tadbirlar samaradorligini oshirishda shaffoflikni ta’minlash katta ahamiyatga ega. O‘z navbatida AES qurilishiga tayinlanayotgan rahbar, mutaxassis kadrlarga ishonch bildirilishi, ularning faoliyat olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi, tanqid, talablarining e’tiborga olinishi, turli bosimlardan xoli bo‘lishlarini ta’minlash kabi masalalar muhim o‘rin tutadi. Bunday mas’uliyatli, ulkan vazifalarni bajarishni o‘z zimmasiga olayotgan rahbar kadrlarning jamoatchilik bilan uchrashuvlarini o‘tkazish, ularning o‘z vazifalarini bajarishda sodiq bo‘lishlari va’dasini olish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Xulosa qilib aytsak, biz va bizdan keyingi avlod toza va narxi cho‘ntakbop bo‘lgan elektr energiyasiga muhtoj. Energetika vatan taraqqiyotida, farovon hayotga erishishda bosh omil hisoblanadi. Shunday ekan, biz, O‘zbekiston fuqarolari, mamlakatimizda to‘liq elektr ta’minotiga erishishda vujudga keluvchi to‘siqlarni yengib, Prezidentimiz rahbarligida uni barpo qilishda barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishimiz kerak.
Yaratganning inoyati bilan 80 yoshga kirdim. Buni qayd etishimga sabab shuki, maktabni, universitetni, aspiranturani bitirgandan so‘ng butun faoliyatim o‘rta va oliy ta’lim bilan bog‘liq bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, yillar davomida ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarni, ijobiy, salbiy natijalarni tasavvur qilish, o‘quv samaradorligini oshirishga oid ba’zi takliflarni kiritish imkonini bermoqda. Mana shu masalalarga oid fikr-mulohazalarim qator gazeta va jurnallarda e’lon qilingan. Keyingi paytlarda jonkuyar pedagoglar, mutaxassislar tomonidan ommaviy axborot vositalarida ta’lim tizimini isloh qilishga oid takliflar berilmoqda. Biroq ularning real hayotga tatbiq qilinishida sustkashlik mavjud. Mana shu masalalardan ba’zilariga e’tibor qarataylik.
Dastlab, o‘quvchi va talabalarning bilimini baholashni ko‘rib chiqaylik. Avvallari maktabni a’lo baholar bilan yakunlagan o‘quvchilar oltin medal bilan taqdirlanar edi. Bu ularning bilimi yuqori ekanligiga ishonch bildirib, istagan oliy o‘quv yurtiga imtihonsiz qabul qilinish huquqini bergan. Oltin medal olish sharafiga ba’zi maktablarning 1-2 o‘quvchisigina sazovor bo‘lar edi. O‘zlashtirishi past bo‘lib, fanlardan “2” baho olgan o‘quvchilar keyingi sinfga o‘tkazilmagan. Xossatan, 10 yillik maktabni biz bilan 11, 12 yilda bitirgan o‘quvchilar bo‘lgan. 7-sinfni bitirgandan so‘ng kasb-hunarga ega bo‘lmoqchi bo‘lgan o‘quvchilar bilim yurtlari, texnikumlarga kirib o‘qishgan. Aytib o‘tish joizki, o‘quvchilar uchun maktabdan tashqari vaqtlari ham bilim, malaka olish uchun sharoit bo‘lgan. Kutubxonalar, pionerlar(o‘quvchilar) saroylari bor edi. Fan, madaniyat, texnika, sport sohalari bo‘yicha to‘garaklar mavjud bo‘lib, ularda qatnashish bepul bo‘lgan. To‘garaklarga bilim, malakasi yetarli va saviyali kadrlar rahbarlik qilgan.
Oliy ta’lim tizimida ham talabalarning imtihonlarda olgan baholari katta o‘rin egallagan. A’lo bahoga o‘qigan talabalarga maxsus stipendiyalar berilgan. O‘zlashtira olmayotgan, imtihonlarda qoniqarsiz baho olganlar talabalar safidan chiqarilgan. Masalan, 1962-yili ToshDU fizika fakultetining birinchi kursida men bilan o‘qishni boshlagan talabalarning uchdan bir qismi birinchi va ikkinchi semestrda safdan chiqarilgan edi. Bundan ko‘rinib turibdiki, avvallari baholash mezonlariga qat’iy amal qilingan.
Sho‘ro davrida mahsulotlarni(tovar) avvaldan aniqlangan reja asosida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan edi. Sobiq ittifoqning so‘nggi yillarida real imkoniyatlarni hisobga olmay tuzilgan rejalarni bajara olmagan kompartiya rahbarlari “qo‘shib yozish”, ta’magirlik kabi illatlarni amalga kirita boshladi. Bajarilmagan ishlarni “bajarildi”, ishlab chiqarilmagan mahsulotlarni “ishlab chiqarildi” deya yolg‘on axborot berish avj oldi. Lavozimlarga tanish-bilish, moddiy rag‘batga qarab ishga qabul qilish holatlari ko‘paya boshladi. Natijada mahsulotlar taqchilligi paydo bo‘ldi, chunki o‘zi yo‘q narsa qog‘ozda bor deb ko‘rsatildi. Bunday usulni qo‘llayotgan tashkilotlar rahbarlari kamchiliklarni berkitib, yutuqlarga erishildi degan yolg‘on ma’lumotlarni berishdan toymadi.
“Paxta – iftixorimiz” shiori ostida o‘quvchi, talabalar, ishchi va xizmatchilar yoppasiga terimga jalb qilindi. Qishloqlardagi o‘quvchilar paxta chopig‘iga, yagana qilishga chiqarilardi. Terim mavsumida ta’lim deyarli to‘xtatilgan. O‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlarining talabalari ham yoppasiga 30, 40, 50 kunga paxta dalalariga olib chiqib ketilgan. Achinarlisi, ta’limga berilgan bu “zarbalar” natijasida uning sifati pasayib ketdi, ta’lim tizimiga ham qo‘shib yozish, byurokratiya kirib keldi. Bu va boshqa sabablarga ko‘ra o‘quv yurtlarida bilimlarni baholash mezonlari buzildi. Maktablarda “2” ga o‘qiydigan o‘quvchilar ham sinfdan sinfga o‘taverdi va ularning attestatlaridagi baho esa yuqori qilib ko‘rsatildi. Bunday holat oliy o‘quv yurtlarida ham kuzatila boshlandi.
Bizningcha, XX asrning oxirlarida yurtimizda hali mehnat bozorida malakali ishchi, xizmatchilarga bo‘lgan talab yuqori bo‘lmagan paytda turli kasb egalarini kollejlarda tayyorlash kutilgan natijani(hashamatli o‘quv binolari bundan mustasno) bermadi. O‘rta ta’limni 12 yilga o‘tkazish ham bizning mentalitetimizga mos kelmadi. O‘rta maxsus bilim yurtlarini ketma-ket bitirib chiqqan yuz minglab yoshlarni ish bilan ta’minlash murakkablashdi. Ularni “ishga joylandi” degan yolg‘on va sun’iy ma’lumotnomalar to‘plangani ham ma’lum. Natijada ayrim yoshlar mehnat migrantiga aylandi.
Keyingi yillarda bu xatolarni tuzatish yo‘lida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Ta’lim sohasini rivojlantirishga oid farmon va qarorlar qabul qilindi, ularni amaliyotga kiritish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bunga quyidagilar misol bo‘lishi mumkin. O‘quvchi, talaba va o‘qituvchilarni qo‘shimcha ishlarga jalb qilishga barham berildi. Ixtisoslashtirilgan va Prezident maktablari tashkil qilindi. Qanchadan qancha maktablar ta’mirdan chiqarildi, yangilari qurildi. OTMlarning moddiy-texnik bazasi kuchaytirilmoqda. Universitetlarning professor-o‘qituvchilari, turli soha mutaxassislari rivojlangan mamlakatlarga malaka oshirish uchun yuborilmoqda. O‘qituvchilarning ijtimoiy mavqeyi, moliyaviy ta’minoti yil sayin ortib bormoqda. Zamon talabiga javob beruvchi, yangi yo‘nalishlar bo‘yicha OTMlar tashkil qilindi. Talabalarni jahon andozalari asosida o‘qitishni amalga oshirish maqsadida xorijiy mamlakatlarning o‘nlab OTMlari, ularning filiallari tashkil qilindi va ishga tushirildi.
2023-, 2024-yillarda OTMga kirish uchun test sinovlaridan o‘tgan abituriyentlarning yarmidan ko‘pi “2” bahoga loyiq balni ham to‘play olmagan. Shunga yaqin natija PISA sinovlarida ham kuzatilgan. Ular bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘zlashtirish bo‘yicha o‘quvchilarimiz matematikadan 30 foiz, tabiiy fanlar bo‘yicha 33 foiz natija ko‘rsatgan. Natijalar o‘quvchilarimizning akademik bilimlari sayoz ekanligidan va bu ko‘rsatkich borgan sari pasayayotganligidan darak beradi. Biroq test sinovlarida qoniqarsiz natija ko‘rsatgan o‘quvchilarning attestatidagi baholarini ko‘rsak baholash qanchalik noxolis ekanini anglash mumkin.
Ta’lim sohasidagi yutuqlar ham, qanchalik jiddiy bo‘lmasin kamchiliklar ham bizniki. Shunday ekan, avvalo, mavjud holatni yashirmasdan, o‘quv tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan va to‘siq bo‘layotgan xato va kamchiliklarni aniqlab olsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. So‘ngra uni o‘nglashga oid ko‘riladigan chora-tadbirlar amalga oshirilishi lozim. Fikrimizga aniqlik kiritish uchun yuqorida qayd etilgan holatni vujudga keltiruvchi sabablarni tahlil qilaylik. Bizningcha, maktabda bir sinf o‘quvchilarini bilim saviyasi, intizomi bo‘yicha shartli ravishda uch guruhga ajratsa bo‘ladi. Birinchi guruhga darslarni yuqori saviyada o‘zlashtiradigan, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ygan o‘quvchilarni, ikkinchi guruhga bilimlari sayoz, avvalgi sinfdagi o‘quv materiallarini o‘zlashtirmagan bo‘lsalar-da, keyingi sinfga o‘tgan o‘quvchilarni kiritsa bo‘ladi. Bunday o‘quvchilar yangi mavzularni deyarli o‘zlashtirolmaydi, darslar ular uchun zerikarli tuyuladi, o‘zaro gaplashib, dars o‘tishga xalaqit beradilar. Uchinchi guruhga soni kam bo‘lsa-da, atrofga yomon illatlarni tarqatuvchi o‘quvchilarni kiritsa bo‘lardi.
Agar o‘qituvchi bahosi “2” ga ham loyiq bo‘lmagan o‘quvchiga bunday bahoni qo‘ysa, o‘quvchi tomonidan quyidagicha javobni olishi mumkin: “Qo‘yavering, menga desa yana qo‘ying”. Bunday deyishiga sabab, “2” bahoning maktabni bitirishiga deyarli ta’siri yo‘qligidir. Bizningcha, o‘quvchilarning fanlar bo‘yicha olgan baholarini ularning o‘zlashtirishiga, bilim darajasiga, qobiliyatiga qarab bir bosqichda sinfdan sinfga (“A”, “B” sinflaridan “D”, “E” sinflariga va aksincha) o‘tishlarini(saralashni) amalga oshirish lozim. “D”, “E” sinflaridagi o‘quvchilar uchun fanlar bo‘yicha o‘quv rejalari birmuncha oson va sodda qilib tuzilsa hamda shunga mos o‘quv qo‘llanmalari, darsliklar yaratilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. “A”, “B” sinflarida tabiiy va aniq fanlarni nazariy-amaliy uslubda, “D”, “E” sinflarida esa amaliy-nazariy uslubda o‘qitish samarali bo‘ladi deb hisoblaymiz. Tabiiyki, o‘qish sifatini yaxshilash uchun kompleks vazifalarni bajarmoq kerak bo‘ladi. Afsuski, ba’zi maktablarimizda haligacha darslar amaliy mashg‘ulotlarni bajarmasdan, innovatsion, axborot texnologiyalarini qo‘llamasdan, bo‘r, latta va doskadan foydalangan holda olib borilmoqda. Ayrim maktablarda fan kabinetlarining nomi bor, o‘zi yo‘q.
Shuningdek, ota-onalarning farzandlarining maktabdagi o‘qishiga, intizomiga bo‘lgan e’tibori pastligi ham ko‘plab muammolar omilidir. Ha, umumiy o‘rta ta’lim bepul, lekin bu budjet mablag‘ini suiiste’mol qilsa bo‘ladi degani emas. Ota-onalar maktab oldidagi vazifalarini bajarishlari kerak. Shunday deyishimizga birgina misol. Aksariyat maktablarda ota-onalar majlisiga o‘quvchilar onalarining 30–40 foizi keladi. Vaholanki, majlis ham ota, ham onaga taalluqlidir.
Xulosa qilib aytsak, ta’lim tizimining samarali bo‘lishi uchun Prezidentimizning quyidagi bergan ko‘rsatmasini amalga oshirishimiz lozim: “Maktab ta’limi sohasidagi islohotlar vazirlik va idoralar, tarmoq rahbarlari, barcha darajadagi hokimlar, ilmiy tashkilotlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning vazifasi bo‘lishi shart va zarur. Shundagina kutilgan natijaga erishish mumkin”.
Bahodir YO‘LDOSHEV,
dotsent,
O‘zbekistonda xizmat
ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi
Shu kecha va kunduzda
“Dunyodagi eng katta aysberg bir yil davomida nechi foizini yo‘qotdi?”
“Tashabbusli budjet” joriy yilning 1-fevralidan birinchi mavsumiga start beradi
Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etiladi
Dunyo bo‘ylab qancha qiz bola ta'lim olmoqda?
OB-HAVO
0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank