Milliy o‘quv dasturlarida Global fuqarolik ta’limi integratsiyasi

Jarayon Milliy o‘quv dasturlarida Global fuqarolik ta’limi integratsiyasi
27


O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Respublika ta’lim markazi tomonidan UNESCO shafeligidagi Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy ta’lim markazi (APCEIU) bilan hamkorlikda “Global fuqarolik ta’limini o‘quv dasturlariga integratsiya qilish” loyihasi doirasidagi seminar o‘z ishini boshladi.

Al-Xorazmiy maktabida o‘tkazilayotgan ikki kunlik seminarda Melburn Universiteti professori Ester Keyr, NISSEM guruhi xalqaro konsultanti Endi Smart, shuningdek APCEIU tashkilotining Global fuqarolik ta’limi instituti rahbari o‘rinbosari Jeongmin Eom kabi nufuzli xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda. Ushbu tashabbus yosh avlodni milliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash bilan birga, ularda inson huquqlari, ijtimoiy adolat va madaniyatlararo muloqot kabi global masalalarga daxldorlik hissini shakllantirishni ko‘zda tutadi.


Loyiha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq ravishda, o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash, media-savodxonlik va bag‘rikenglik ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali ularning xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan. 


Loyihaning dastlabki bosqichida mahalliy mutaxassislarning global fuqarolik ta’limi, ularni o‘quv materiallariga integratsiya qilish, transformativ ta’lim va innovatsion pedagogika bo‘yicha salohiyati oshirilgan bo‘lsa, 2026-yilda asosiy e’tibor o‘quv dasturlari ramkalari, ish rejalari hamda o‘qituvchilar uchun yo‘riqnomalarga global fuqarolik ta’limi tamoyillarini tizimli integratsiya qilishga qaratilmoqda. Olib borilayotgan tahliliy ishlar natijasida mavjud bo‘shliqlar to‘ldirilib, o‘qituvchilar uchun global muammolarni mahalliy kontekst bilan qanday bog‘lash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.

 


Maqola muallifi

Muxbirimiz

Muxbirimiz

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Gazeta

Ulashish