“Bu manzilga yetguncha ota-onamni ko‘p qiynaganman”

Bugun mamlakatimizda yoshlar uchun ko‘plab imkoniyatlar eshiklari ochiq. Jumladan, 2018-yilda tashkil etilgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi yuqori intellektual salohiyat, keng dunyoqarash va noodatiy fikrlash qobiliyatiga ega boʻlgan iqtidorli va shijoatli yoshlarni qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Nufuzli xorij universitetlaridan 100 foizlik grant yutgan yoshlarimizga jamg‘arma tomonidan barcha xarajatlar qoplab berilmoqda. Birgina Amerika Qo‘shma Shtatlarida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha 295 nafar talaba tahsil olyapti.
Ana shunday yoshlardan biri Sevara Sharifova. U 2004-yili Jizzaxda ziyoli oilada dunyoga kelgan. Maktabda eng a’lochi o‘quvchi va sinf sardori bo‘lgan Sevara sport bilan ham muntazam shug‘ullanardi. Ota-onasi musobaqalarga ruxsat bermasa-da, sportga bo‘lgan mehri bois qarshiliklarga qaramay ishtirok etardi. U ko‘proq vaqtini sport va til o‘rganishga sarflardi. Endigina maktabni tamomlagan 16 yoshli Sevara “El-yurt umidi” jamg‘armasida suhbatdan o‘tdi va uning hayotida yangi sahifa ochildi. AQSHda o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Biroq dastlab ota-onasi Sevarani katta davlatga yuborishga biroz ikkilanishgan.
– Sportni juda yaxshi ko‘rardim, uyga ko‘chadagi bolalar bilan tez-tez urishib kelganman. Shuning uchunmi ota-onam menga unchalik ishonch bildirishmasdi. Lekin keyinchalik chet eilda ta’lim olishimga rozi bo‘lishdi. Hozir esa hammaning ularga havasi keladi. Bu manzilga yetguncha ota-onamni ko‘p qiynaganman, – deydi Sevara. – Har bir muvaffaqiyat ortida katta mehnat yotadi. Amerikaga kelgan yilim sog‘ligim bilan muammo bo‘ldi. Menga davosi yo‘q kasallik tashxisini qo‘yishdi. U bilan haliyam kurashaman. Kuchli og‘riq, yangi davlat, kamiga yolg‘izlik, atigi 16 yoshar qizaloq edim. Ko‘p yig‘lardim…
Universitet tanlash imkoniyati bo‘lgan Sevara Vashington davlat universitetini tanlagan. Chunki unga universitetning logotipi yoqib qolgan ekan. Logotipda Sevara yaxshi ko‘rgan hayvon − tog‘ sherlari tasvirlangan.
Vashington davlat universitetidagi Xalqaro biznes va marketing yo‘nalishi biznikidan butkul farq qiladi. Chunki u yerda turli jadvallar, biznes atamalar, mukammal shaklda talabalar ongiga singdiriladi. Shuningdek, talabalar global biznes muhitida muvaffaqiyat qozonish uchun tayyorlab boriladi.
‒ Darslarimiz xalqaro marketing, strategik boshqaruv, global iqtisodiyot va madaniyatlararo kommunikatsiyani o‘z ichiga oladi. Talabalar amaliy tajriba va stajirovkalar orqali o‘z bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega. Universitet zamonaviy pedagogik yondashuvlar, onlayn va oflayn darslar va o‘z fanining tajribali o‘qituvchilari bilan ta’minlangan. Ushbu yo‘nalishni bitirganlar marketing strategiyalarini ishlab chiqish, brendlar boshqaruvi va global bozorlarda muvaffaqiyatga erishish bo‘yicha kuchli ko‘nikmalarga ega bo‘lishadi. Vashington davlat universitetining Xalqaro biznes va marketing yo‘nalishida o‘qish bizga keng imkoniyatlar va muvaffaqiyatli karyera yo‘lini ochadi. Har bir farzand kelajakda ota-onasi orzu qilgandek bo‘lish va buni amalda isbotlashni xohlaydi. Buning uchun o‘qib, ishlab qo‘lidan kelganicha harakat qiladi. Katta maqsadlarimdan biri ota-onamga Amerikani ko‘rsatish edi va 20 yoshimda bunga erishdim. Universitet bitiruv kechasi uchun ota-onamni Amerikaga chaqirdim. Ikki hafta davomida ota-onamning vaqtini mazmunli o‘tkazishga ko‘p harakat qildim. Ularni uyga jo’natayotganimda dadam ko‘zlarida yosh bilan “rahmat, qizim, mingdan ming roziman” dedilar. O‘sha kun hayotimdagi eng unutilmas kunlardan bo‘lib qoldi.
Sevaraning oldiga qo‘ygan maqsadlari hali juda ko‘p. Eng katta orzularidan biri esa magistraturadan keyin O‘zbekistonga qaytib, o‘z biznesiga asos solish.
“Orqaga qaytmang, har narsaga tayyor bo‘ling! “Komfort” zonaga tushib qolmang, o‘z ustingizda ko‘proq ishlang, sport bilan shug‘ullaning, har taraflama zo‘r bo‘ling! Vaqt juda tez o‘tadi, tashqi omillar ta’sir qiladi, lekin uddalaysiz, eng muhimi – kibrlanmang! Kibr ko‘p narsani sindiradi. Qayerdanligingiz va kimligingizni unutmang! O‘zbekligingizdan faxrlaning, shunda omad va muvaffaqiyat doim siz bilan birga bo‘ladi!
Oramizda “Qiz bola o‘qishi shart emas, undan ko‘ra oila qursin, bola tarbiyasi va uy ishlari bilan shug‘ullansin” deydiganlar ko‘p. Lekin o‘qigan qizlarning nafaqat jamiyatga foydasi tegadi, ular balki farzand tarbiyasida ham o‘z ilmidan foydalanadi. Bejiz “Ayol ilmli bo‘lsa, millat ilmli bo‘ladi” deyishmaydi.
Feruza JO‘RAYEVA,
O‘zJOKU talabasi
Shu kecha va kunduzda
“YOZ KITOB – BILAN SOZ” yoxud METODIST KUNDALIGIDAN
“Bu manzilga yetguncha ota-onamni ko‘p qiynaganman”
XXI ASR RITSARLARI
O‘zbekistonda aholining to‘g‘ri ovqatlanishini baholash boshlandi
OB-HAVO

0 C
Valyuta kurslari
Markaziy bank