UNUTILGAN BAYRAM

Jarayon UNUTILGAN BAYRAM
59


“Payshanba kuni falon maktabda tadbir bor. Shunga borib keling...” deyishdi. Jurnalistmiz –ishimiz shu. Tadbirga borasan, “u bo‘ldi, bu bo‘ldi...” deb xabar yozasan, qaytasan. Bizda nima ko‘p tadbir ko‘p. Tadbirma-tadbir yuraverib necha botinkani yirtdik, ba’zi huda-behuda tadbirlardan bezor ham bo‘lganman. Shungami, bilamayman, “tadbir” desa yurak bezillab qolgan. Etalabdan istamsizgina yo‘lga otlandim. Manzil: Shayxontohur tumanidagi 119-maktab…

Maktab hovlisi, chiroyli qilib bezatilgan, faollar zaliga kirishda kitoblar terib qo‘yligan, istarali yuzli bir guruh o‘qituvchilar, chiroyli kiyingan o‘quvchilar terilib turibdi.
Faollar zaliga kirdim. Hali tadbir boshlanmagan, “Katta”lar kechikayotganidan foydalanib qatnashchilar bo‘lajak tadbirni repetitsiya qilishayapti ekan.
Meni istaraligina bir opa qarshi oldi.

– Ozodaman, gazetadanmisiz, uka? Ketib qolish yo‘q, tadbirimizni oxirigacha tomosha qilasiz, – dedi jilmayib.
Keyin mikrofonni qo‘liga olib, rejissor kabi bo‘lajak tadbir repetitsiyasiga rahbarlik qila boshladi: “Falon maktab o‘quvchilari birinchi chiqadi”, “She’rni sal balandroq ayting…”.
Sahnada chopon va do‘ppi kiygan yuqori sinf o‘quvchilari to‘xtagan joyidan repetitsiyani davom ettirishdi. Chiroyli bo‘lib tizilib, birma-bir she’r o‘qiy boshlashdi:

“Turma – yugur, tinma – tirish, bukilma – yuksal,
Hurkma – kirish, qo‘rqma – yopish, yo‘rilma – qo‘zg‘al!..”
Axir bu Fitrat-ku!

“Bizlarni xonavayron, bachagiryon va bevatanu bandi qilg‘on tarbiyasizlik va jaholatdur; bevatanlik darbadarlik, asorat faqir va zaruratu xorliklar hammasi ilmsizlik va betarbiyalikning mevasi va natijasidir”.
Ana, Behbudiy!

Tadbir oqishini sekin-sekin anglay boshladim. Sahnada jadidlarimiz qiyofasidagi o‘quvchilar, ulug‘ bobolar ijodidan namunalar aytishyapti. Barchasining ko‘zi yonib turibdi…

“Ishtiyoqi”ning zo‘ridan bo‘lsa kerak, o‘zi qanday tadbirga borayotganimni ham so‘ramapman. Jadid bobolarimizga bag‘ishlagan tadbir bo‘lsa kerak, deb taxmin qildim, o‘zimcha.

– Ozoda opa, tadbir nomini to‘liq aytib yuborolasimi, xatosiz yozishim kerak-da, – dedim xuddi o‘zimni tadbir nima haqida ekanini yaxshi bilaman-u, nomiga kelganda ikkilanayotgandek tutib.
– Kubuxonachilar kuni…

O‘zimdan uyalib ketdim. Shunday ajoyib kun ham esdan chiqadimi?
Dunyodagi eng sharafli kasb egalari bo‘lmish kutubxonachilarning mehnati doim ham ko‘zga tashlanavermaydi. Ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, millat kelajagini tarbiyalashdagi mehnati, yoshlar qalbiga kitobga muhabbat uyg‘otishdagi jonbozligi ko‘pincha parda ortida qolib ketadi. Maoshlari esa o‘zlaridan-da kamtar. Ammo ular yelkasidagi mas’uliyat va yuk juda katta. Ko‘pchilik oilalarda shaxsiy kutubxona bo‘lmaydi, uyida maktab darsliklaridan boshqa birorta kitobi yo‘q xonadonlar ham oz emas. Shu sababdan ham maktab kutubxonachilarining millat kelajagini tarbiyalashdagi o‘rni naqadar yuqori ekanini o‘zingiz tasavvur qilavering…

Tadbir nomini o‘rgangach, atrofimga yaxshilab nazar sola boshladim. Old qatorlarda ko‘rinishi juda kamtarin, ko‘pi 50 yoshdan oshgan, boshlariga oq ro‘mol o‘ragan kutubxonachilar o‘tirishibdi. Ularning ichida, ba’zilari kamida 40 yildan beri kitob changini yutgan, umrining asosiy qismini kitob javonlari orasida kechirgan insonlar.
E’tiborimni tortgan narsa ularning yuzlari edi. Hammasining chehrasi juda istarali, allaqanday nur taralib turgandek. Asosiy vaqtini kitoblar bilan kechirgan insonning, yuziga u kitoblardagi ma’rifat nuri singar ekan-da, dedim o‘zimga o‘zim…

Endi tadbir haqida. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 7-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “21-may – Kutubxonachilar kuni” etib belgilangan ekan. Afsuski, ko‘pchiligimiz bu ajoyib bayramdan bexabarmiz. Bugun Shayxontohurdagi 119-maktabga tumandagi butun maktablarning kutubxonachilari to‘planib shu kunni nishonlayotgan ekan.

Birozdan so‘ng tadbirga tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi va kasaba uyushmasi vakillari keldi va men biroz repetitsiyasini tomosha qilib zavqlangan tadbir boshlandi. Tumandagi farqli maktablardan kelgan o‘quvchilar, aziz kutubxonachilarini qutlash uchun, turli sahna chiqishlari tayyorlab kelishgan ekan. She’r, qo‘shiq, raqslar, tadbirni haqiqiy bayramga aylantirib yubordi. Orada mutasaddilar tomonidan kutubxonachilarning barchasi tashakkurnoma va sovg‘alar bilan taqdirlandi…
Sovg‘alar kamtarin, ammo tabriklar juda samimiy edi. Chunki barcha ushbu bayram sababchilarining naqadar sharafli kasb egalari ekanidan xabardor. Keyingi yillar kutubxonachilar uchun yana-da katta bayramlar o‘tkazilishini, sportchilarga berilgani kabi, yana-da katta sovg‘alar hadiya etilishini niyat qildim.
Rasmiy qism yakunlangach kutubxonachilar, maza qilib raqs tushishdi, qo‘shiq kuylashdi.

Men tadbir boshida tanishgan Ozoda opa Shayxontohur tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining kutubxonalar bo‘yicha metodisti ekan. Ozoda Haydarova 20 yildan buyon tuman kutubxonachilariga bosh bo‘lib, o‘zining mehnatsevarligi, fidoiyligi bilan hamkasblari mehrini qozongan, ularning muammolarini yechishga kamarbasta bo‘lgan ziyoli inson ekan. Jamoasidagi barcha kutubxonachilar uni chin dildan yaxshi ko‘rar, balki u sababdan kutubxonachilar jamoasi ichida o‘zgacha samimiy muhit hukmron. Tadbir yakunida yig‘ilgan kutubxonachilarning barchasi opani tabriklab, dil izhorlarini bildirishdi.

– To‘g‘ri, oddiy kutubxonchimiz. Mehnatimiz uncha ko‘zga tashlanmaydi. Lekin men o‘z kasbimni juda yaxshi ko‘raman. Kutubxonachi ekanimdan faxirlanaman! Siz mening haqiqiy oilamsiz, – dedi opa quvonch ko‘zyoshlariga ko‘milib.

Tadbir yakunlangach, kutubxonachilar “Bizni kitoblar va kitobxon o‘quvchilar kutyapti”, deya shosha-pisha ishlariga otlanishdi. Yo‘l-yo‘lakay ba’zilari bilan qisqa bo‘lsa-da gurunglashishga, telefon raqamini olishga ulgurdim.
Ozoda opa ham shoshayotganiga qaramay menga biroz vaqt ajratdi. U bilan ancha vaqt kitoblar, kitobxonlik, ta’lim va o‘quvchilar haqida miriqib suhbat qurdik. Umrini kitoblarga bag‘ishlagan, kitob bilan hamnafas bo‘lgan odam bilan hamsuhbat bo‘lish o‘zgacha baxt va zavq. Ozoda opa va boshqa kutubxonachilar bilan qurgan suhbatlarimni keyinroq bafurja kattaroq qilib yozishni niyat qilib qo‘ydim… Nasib qilsa, siz bilan bo‘lishaman, aziz mushtariylar.
Xullas, men ertalab istamaygina borgan tadbir balki hayotim davomida esimdan chiqmaydigan haqiqiy samimiy davra bo‘ldi. Yaxshiyam kelibman, dedim o‘zimga o‘zim.

Tadbirdan uyga qaytarkan hayotimda duch kelgan boshqa kutubxonachilar ko‘z oldimdan o‘tdi. Xotiralar quyundek miyamga bostirib kela boshladi:
Maktab kutubxonasi “kambag‘al” bo‘lgani bois, so‘ragan kitobim topilmasa, tuman markazidan o‘z hisobidan olib kelib, “Katta odam bo‘lib ketsang, qaytararsan”, deydigan Abdurasul kutubxonachi...

Kollejda o‘qiganimda uyga olib ketish mumkin bo‘lmagan kitoblarni, sumkasida yashirib olib chiqib beradigan, Mastura opa…
Istagan savolimga manaman degan adabiyotshunos olimdan ham zo‘r javob beradigan, Sojida aya…
Yillar bizni uzoqlashtirgan, yo‘llar bizni uzoqlashtirgan. Ba’zilari balki dunyodan o‘tgandir, ba’zilari hali hamon javonlar changini yutib, o‘quvchilarga kitobga mehr uyg‘otishda davom etayotgandir. Bilmadim. Barchasini ich-ichimdan bayram bilan g‘oyibona qutladim:
“Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz kutubxonachilar!”










Maqola muallifi

Humoyun QUVONDIQOV

Humoyun QUVONDIQOV

Jurnalist

Teglar

  • #Ta'lim

Ulashish