CHIQINDILAR MUZEYI­

Daxldorlik CHIQINDILAR MUZEYI­
56

XXI asr sanoatlashish va shaharsozlik cho‘qqisiga yetgan davr hisoblanadi. Qayerga qarasangiz, qurilish, zavod-fabrikalarni ko‘rasiz. Rivojlanishning oltin davrida yashayapmiz. Dunyoning o‘sish ko‘rsatkichlari borgan sari yuqorilamoqda, inson yashashi uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lyapti. Lekin insoniyat o‘z ehtiyojidan ortig‘ini xohlamoqda.


Misol uchun, garderobimizda yetarli ust-bosh bo‘lishiga qaramay, har oy yangi kiyim kiygimiz keladi. Statistikaga ko‘ra, har yili 2 milliard dona futbolka sotib olinar ekan. Demak, talab borki, ishlab chiqarish davom etmoqda. Shu yerda mushtariyga bir savolim bor: yangi kiyimni kiyish uchun xarid qilasizmi yoki chiroyli ko‘rinish uchun?


BBC nashrining xabar berishicha, ekojurnalistlar o‘rganishlari shuni ko‘rsatadiki, bitta jinsi shim yoki futbolka ishlab chiqarish uchun 20–40 ming litr suv kerak ekan. Muammoli tarafi shundaki, ishlab chiqarish jarayonida toza ichimlik suvidan foydalanilarkan. 


Kelajakda chuchuk suv kamayib ketishi xavf ostida turganda, biz uni boshqa maqsadda isrof qilyapmiz. Mutaxassislar shunday tavsiya berishadi, agar kiyimlaringiz uzoq muddat sizga xizmat qilishini istasangiz, ularni kamroq yuving, shunda mahsulot sifati tez buzilmaydi. Kiyim tanlayotganda yorlig‘iga e’tibor bering – paxta matosidan tayyorlangan kiyimlar yuvish uchun ko‘p suv talab qilmaydi.


Albatta, yangi narsa sotib olingandan keyin eskilari o‘z-o‘zidan chiqitga chiqadi. Yaxshiyamki, olimlar buning yo‘lini o‘ylab topishgan. Chiqindilar muam­mosini hal qilishning eng samarali usuli – “qayta ishlab chiqarish”. Biz chiqindiga tashlagan plastik idishlar, shisha, qog‘oz, mato – bari qayta ishlanadi. Qiziq, balki hozir suv ichayotgan idishimizdan oldin kimdir foydalangandir, yozayotgan qog‘ozimizga kimdir o‘xshamagan she’rlar yozgandir. Ammo bu turdagi takror ishlanadigan mahsulot sifati tez buzilishi sababli, faqatgina 2-3 marotabagina qayta ishlasa bo‘ladi.


Shunday chiqindilar borki, ulardagi turli infeksiya va kasallik saqlaydigan(tagliklar, yaroqlilik muddati tugagan dorilar, ishlatilgan shpritslar va bir martalik himoya vositalari) yoki portlovchi(batareya, aerozol) xususiyati tufayli qayta ishlab chiqarish mumkin emas. Bu turdagi chiqindilar o‘zidan gaz chiqargani sababli yoqish taqiqlangan, suvga tashlash esa suv osti jonzotlariga xavf tug‘diradi. Yagona chora aholi yashaydigan hududlardan 2-3 kilometr uzoqlikdagi yerga ko‘mish.


Ilm-fanda “degradatsiya” atamasi mavjud, ya’ni bu bir moddaning tabiiy yoki sun’iy jarayonlarda kimyoviy, fizikaviy yoki biologik o‘zgarishlarga uchrab, sifatining yomonlashishi yoki parchalanishidir. Yuqorida aytilgan qayta ishlab bo‘lmaydigan chiqindilarning yerga ko‘milgandan keyingi davri bu holatga misol bo‘ladi. “World Bank” tashkilotining tadqiqotlariga ko‘ra, har yili 2 milliard tonna qayta ishlab chiqarib bo‘lmaydigan chiqindilar yerga ko‘miladi. Birgina shpritslarni olaylik, bular, odatda, plastmassa va rezinadan tayyorlanadi. Bu esa ularni tabiiy ravishda, 500–1000 yil davomi­da degradatsiyaga uchratadi. Uzoq vaqt davomida yer ostida turgan chiqindilar erib, o‘zidan gaz ishlab chiqarishni boshlaydi. Rivojlangan davlatlar esa bundan ham samarali foydalanish yo‘lini topishgan, ya’ni issiqlik ishlab chiqarish uchun chiqindilardan ajralib chiqadigan gazlardan foydalanishadi hamda yuqori darajali texnikalarga ega bo‘lganligi sababli, chirish jarayonini tezlashtirishadi. Rivojlanayotgan davlatlarda esa hali bu usul yo‘lga qo‘yilmagan. Bu shuni ko‘rsatadiki, yerga ko‘milgan chiqindilar faqatgina tuproq unumdorligi­ni kamaytirishga xizmat qilmoqda.


Muzeyga borganimizda, qazishma ishlari orqali arxeologlar tomonidan topilgan qadimiy buyumlar, uy-ro‘zg‘or idishlari, qurol-aslahalarni ko‘rib, tarix haqida ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Bular chirish jarayoni uzoq davom etganligi sababli asrlar mobaynida bizgacha saqlanib qolganlaridir. Endi tasavvur qiling, biz ham qayta ishlab chiqarib bo‘lmaydigan chiqindilar muammosini bartaraf etishni boshqa yo‘lini topmasak, 500 yildan keyin arxeologlar yer ostidan nimalarni qazib olishar ekan?!


Vaqt o‘tgan sari hamma narsaning qiymati oshadi. Besh asrdan keyin muzey eksponatlari shprits va batare­yalardan iborat bo‘lishini o‘ylab ko‘ring. Kelajak avlod ham bunga hayrat ila boqadi. Yoki bir dehqon tasodifiy yer ag‘darayotib topib olgan bir quti yaroqlilik muddati tugaganligi uchun yerga ko‘milgan dori tufayli multimillionerga aylanadi. Balki biz ham ehtiyotsizlik sababli kimningdir qo‘lidan tushib ketib, singan ko‘za va laganlarni tomosha qilayotgandirmiz. Tarix, albatta, takrorlanadi.


Javohir NE’MATOV,

O‘zDJTU talabasi

Maqola muallifi

Muxbirlarimiz

Muxbirlarimiz

"Ma'rifat" muxbiri

Teglar

  • #Talaba
  • #Og‘riq
  • #Экология

Ulashish