“ULUG‘ AMIR VA DONNA MARIYA” filmidan olgan taassurotlarim

Talqin “ULUG‘ AMIR VA DONNA MARIYA” filmidan olgan taassurotlarim
71



San’atning vazifasi insoniyatga o‘zligini anglatish, uni tarixning unutilmas saboqlari bilan yuzlashtirish va kelajakka ishonch tuyg‘usini mustahkamlashdan iborat. Ayniqsa, kino san’ati ta’sirchan va jozibali kuchi bilan millionlab qalblarga kirib borish, ularda ezgu tuyg‘ularni uyg‘otishdek beqiyos qudratga ega. Yaqinda poytaxtimizning muhtasham “Renessans” kinosaroyida bo‘lib o‘tgan “Ulug‘ amir va donna Mariya” badiiy filmining jamoatchilik ko‘rigida ishtirok etar ekanman, ana shu fikrlarning amaliy isbotiga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Bu shunchaki navbatdagi kino taqdimoti emas, balki milliy o‘zligimizni anglash yo‘lidagi ahamiyatli bir hodisa, ma’naviy hayotimizdagi yorqin va unutilmas voqea sifatida yodimizda saqlanib qoladi.


Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizning shonli o‘tmishini xolis va atroflicha o‘rganish, buyuk ajdodlarimizning bebaho merosini keng ommalash­tirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada 2024-yil 5-iyundagi tarixiy qaror asosida hayotga tatbiq etilayotgan “Ti­rik tarix” loyihasi milliy kinematografiya rivojida yangi davrni boshlab berdi. Mazkur loyiha doirasida yaratilgan “Ulug‘ amir va donna Mariya” filmi ana shu ezgu ishlar yuksak badiiy-g‘oyaviy saviyada bajarilayotganining yaqqol namunasi bo‘ldi.


Ushbu filmga chet ellik tomoshabin nazari bilan qarashga harakat qildim. Bu film xorijlikda uch jihatdan chuqur taassurot qoldiradi. Birinchisi, Amir Temur siymosi haqida dunyoda mavjud turli salbiy qarashlarni rad etadi. Ikkinchisi, Amir Temurning Boyazid Yildirim bilan harbiy to‘qnashuvi, Sohibqironning unga va o‘g‘illariga munosabati haqidagi tarixiy fakt kino orqali millionlab tomoshabinga ma’lum bo‘ladi. Uchinchidan, bu film O‘zbekistonning bugungi xalqi, uning bag‘rikengligini yana bir karra namoyish etadi. 




Asarning eng katta yutug‘i va o‘ziga xosligi noan’anaviy badiiy yechi­mida namoyon bo‘ladi. Ijodiy guruh Sohibqiron siymosini solnomachilik uslubida ketma-ket tasvirlashdan ongli ravishda voz kechib, Amir Temur­ning buyukligi, jahon tarixidagi beqiyos o‘rnini mutlaqo o‘zgacha bir nuqtadan – yevropalik aslzoda donna Mariya­ning (braziliyalik aktrisa Jessika Mey) taqdiri, kechinmalari va xotiralari orqali ochib berishdek murakkab vazifani yuksak mahorat bilan uddalagan. Donna Mariya turk sultoni haramida asira bo‘lsa-da, qalbidagi erkinlik olovi bir lahza ham so‘nmagan, o‘z qadr-qimmatini har qanday vaziyatda saqlab qolishga intilgan mag‘rur ayol sifatida gavdalanadi. Uning obrazi orqali filmda Sharq va G‘arb tamaddunlari o‘rtasidagi munosabatlar nozik did bilan tasvirlanadi.


Film syujeti biryo‘la ikki parallel yo‘nalishda rivojlanib boradi. Biz voqealarni bugungi zamonda, okeanolog Mariyaning mavhum xotiralar bosimidan sarosimaga tushishi orqali kuzatamiz. Uning goho o‘zini unutishi, o‘tgan zamondagi donna Mariya ruhining xayolida jilvalanishi bilan bog‘liq lavhalar g‘oyat ta’sirli chiqqan. Bu badiiy usul tomoshabinga tarix shunchaki o‘tib ketgan voqealar yig‘indisi emasligini, aksincha, uning aks sadosi bugun ham insonlar taqdirida, qalbida yashashda davom etishini chuqur his ettiradi. Asar shu tariqa olis o‘tmish va zamonamiz o‘rtasida mustahkam ma’naviy ko‘prik o‘rnata olgan.




Kartinada personajlar o‘rtasidagi muloqotlar­ning puxta ishlangani alohida e’tirofga loyiq. Ayniqsa, donna Mariya va Sohibqironning elchisi Xoja Muhammad Keshiy o‘rtasidagi falsafiy ruh bilan sug‘orilgan lavhalar filmning g‘oyaviy mazmunini oshirishga xizmat qiladi. Muhammad Keshiyning aslzoda nasroniy xonim bilan muloqot qilishida islomiy odob, donishmandlik va yuksak diplomatiya madaniyati mujassam. Donna Mariyaning hissiy holatiga sabr va zakovat bilan munosabatda bo‘lishi, ispan tilida ravon so‘zlashi, nutqining ma’no teranligi elchining o‘z davridagi yetuk, bilimdon va dunyoqarashi keng shaxs bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu obraz orqali biz Amir Temur saltanatida nafaqat jasur sarkardalar, balki har tomonlama salohiyatli, xorijiy, xususan, yevropa tillarini puxta biladigan zakovatli insonlar jamlanganiga amin bo‘lamiz.


Bu kabi mukammal obrazlar, chuqur falsafiy mushohadalar, shubhasiz, film­ning adabiy poydevori mustahkamligidan dalolat beradi. Taniqli adib, tarixni qalbdan his etadigan so‘z san’atkori Xayriddin Sulton qalamiga mansub senariy asarning badiiy muvaffaqiyatini ta’minlagan asosiy omillardan biridir. Muallif tarixiy voqealarni quruq bayon qilishdan chekinib, ularga badiiy hayot bag‘ishlagan, qahramonlarning ichki dunyosini, ruhiy kechinmalarini yuksak mahorat bilan tasvirlagan. Asardagi har bir dialog, har bir badiiy tafsilot tarixni qay­ta tiklash yo‘lidagi ulkan mehnat mahsuli ekani yaq­qol sezilib turadi.


Filmning kulminatsion nuqtasi Anqara yaqinidagi Chubuk vodiysida kechgan jang manzarasi bilan bog‘liq sahnalardir. “O‘zbekfilm” kinokonserni va Turkiya­ning “Kanguru” kinokompaniyasi hamkorligida suratga olingan bu lavhalar o‘zining ko‘lami, haqqoniyligi va dramatizmi bilan tomoshabinni hayratga soladi. Jang maydoni, askarlarning turmush tarzi, urf-odatlari g‘oyat ishonarli tasvirlangan. O‘zingizni o‘sha tarixiy voqealarning bevosita guvohidek his etasiz. Ana shu urush alangasi ichida temir niqob taqib jangga kirgan donna Mariyaning jasorati qizning erk uchun kurashi­ning yorqin timsoli o‘laroq namoyon bo‘ladi.


Jang tugagach, uning qo‘shin safidan ajralib, Amir Temur sari intilishi va Sohibqiron tomonidan unga marhamat ko‘rsatilishi yuraklarni qaysidir ma’noda larzaga soladi. Bu lavha Amir Temurning nafaqat yengilmas sarkarda, balki yuksak insoniy fazilatlar egasi, tanti va bag‘rikeng hukmdor ekanini yana bir karra isbotlaydi. Samarqand hukmdorining donna Mariya va uning ikki qismatdosh dugonasini  Ispani­yaga elchi sifatida yuborilayotgan Muhammad Keshiy kuzatuvida  o‘z yurtiga qaytarishi – Sohibqiron bobomizning davlatlararo munosabatlarda ham adolat va insonparvarlik tamoyiliga amal qilganidan dalolat beradi.




Asarning badiiy qimmatini oshirgan yana bir muhim jihat bu – uning yaratilishida ishtirok etgan katta ijodiy guruhning yuksak mahorati va o‘zaro hamjihatligidir. Filmning muvaffaqiyati faqat senariy va rejissura bilan cheklanmaydi. O‘z ishining ustasi bo‘lgan operator Rustam Murodovning kamerasi goh keng ko‘lamli jang maydonlarini epik tarzda tasvirlasa, goh qahramonlar­ning yuz-ko‘zidagi eng nozik hissiy o‘zgarishlarni ham ilg‘ab oladi. Rassom Shamshetdin Ibraymov tomonidan tiklangan tarixiy muhit, liboslar va saroylarning hashamati o‘sha davr ruhini to‘laqonli his etish imkonini beradi. Kompozitor Qosim Muinovning yurak torlarini chertuvchi, voqealarning dramatizmini kuchaytiruvchi musiqasi esa filmning badiiy jozibasini yanada kuchaytirgan. Bu ulkan ijodiy loyihani ro‘yobga chiqarishda taj­ribali kinorejissyor Jahongir Qosimovning badiiy rahbar sifatidagi faoliyatini ham e’tirof etish joiz. Bularning barchasi o‘zbek kinosining ijodiy va texnik salohiyati jahon andozalari darajasiga chiqayotganini ko‘rsatadi.


Bunday yuksak saviyadagi san’at asarining yara­tilishi, shubhasiz, mamlakatimizning xalqaro maydondagi madaniy nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Film nafaqat ichki auditoriyaga, balki dunyo jamoatchiligiga O‘zbekistonning boy tarixi va buyuk ajdodlari, betakror qadriyatlari haqida hikoya qiluvchi o‘ziga xos “madaniyat elchisi” vazifasini ham o‘taydi. Tarixni san’at tili bilan so‘zlatish bugun eng samarali targ‘ibot vositalaridan biri bo‘lib, “Ulug‘ amir va donna Mariya” bu vazifani sharaf bilan ado etishiga ishonchim komil.


Jang tugagach, Sohibqironning Rum eli va o‘z qo‘shiniga qarata “Biz Yildirim Boyazid bilan birodarmiz, bir qavmdanmiz, dinimiz bir”, degan mazmunda murojaat qilishi, sulton va uning farzandlariga shafqat va muruvvat ko‘rsatishi ul zotning naqadar dono siyosatchi va insonparvar shaxs bo‘lganini ko‘rsatuvchi eng yorqin lavhalardan biridir. U buyuk g‘alabadan sarmast bo‘lish o‘rniga urushning fojiaviy oqibatlarini anglagan holda, ikki davlat a’yonlari va lashkarini, shu asosda bugungi avlodlarni ham adolatga chaqiradi. Ixcham bu monolog orqali filmda “Kuch – adolatda” degan hayotiy tamoyil Ulug‘ amir faoliyatining bosh mezoni bo‘lgani ishonarli tarzda ochib berilgan.


Bunday murakkab va ko‘p qirrali asarni ekranga olib chiqishda mashhur rejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Yolqin To‘ychiyevning beqiyos xizmatini alohida ta’kidlash zarur. U tarix va bugunning dolzarb hayotiy falsafasini, qahramonlarning nozik ruhiy kechinmalarini yagona g‘oya, yaxlit badiiy kinoasar zamirida birlashtira olgan. O‘zbekiston, Turkiya, Braziliya, Buyuk Britaniya, AQSH, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Niderlandiya kabi mamlakatlarning mahoratli aktyorlaridan iborat baynalmilal ijodiy jamoa­ni muvaffaqiyatli bosh­qarib, ularning har biri timsolida yorqin obrazlar yarata olgani rejissyorning yuksak professional salohiyatidan dalolat beradi.


Mamlakatimiz mustaqilligining 34 yillik bayramiga munosib tuhfa sifatida yaratilgan “Ulug‘ amir va donna Mariya” badiiy filmi milliy kinosan’atimizning yangi, yuqori bosqichga ko‘tarilganini  namoyon etdi. Bu asar tariximiz bilan cheksiz faxr­lanish tuyg‘usini baxsh etish barobarida yosh avlod qalbida gumanizm, vatanparvarlik, adolat va bag‘rikenglik kabi ezgu fazilatlarni kamol toptirishga xizmat qilishi bilan ayniqsa ahamiyatlidir.

Shuhrat SIROJIDDINOV,

akademik

Maqola muallifi

Shuhrat SIROJIDDINOV

Shuhrat SIROJIDDINOV

Akademik

Teglar

  • #Ta'lim
  • #Yoshlar
  • #Talaba

Ulashish